Raqamli hukumat siyosatining asoslari bo’yicha seminar bo’lib o’tdi
Joriy yilning 24-27-oktyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar namoyishi ICTWEEK 2022 oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbirning “Raqamli hukumat siyosatining asoslari” seminarida Adliya vaziri oʻrinbosari X.Meliyev hamda vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Raqamli hukumat iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy asoslar negizida shakllantirilishi, davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonida tor idoraviy manfaatlardan emas, balki foydalanuvchi manfaatlaridan kelib chiqqan holda “loyihalashtirish” talab etilishi taʼkidlandi. Har bir davlat xizmatining huquqiy asosini ishlab chiqish va joriy etishda eng avvalo avtomatlashtirilgan tizimlarda shakllangan maʼlumotlar asosida qarorlar qabul qilinishiga eʼtibor qaratilayotganligi bildirildi. Shuningdek, Adliya vazirligida davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida erishilgan yutuqlar, jumladan Mobile-ID identifikatsiya tizimi, “Litsenziya” va “Apostil” axborot tizimlari hamda “FHDY yagona elektron arxivi” maʼlumotlari blokcheyn texnologiyasi asosida joriy qilinganligi taʼkidlanib oʻtildi.
Seminar davomida davlat xizmatlarini raqamlashtirishda jarayonlarini BPR asosida optimallashtirish, davlat boshqaruvi sohasida davlat xizmatchilarini innovatsion texnologiyalar yordamida salohiyatini oshirish, bilim va tajriba almashish, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari fuqarolarining hayot sifatini raqamli texnologiyalar yordamida rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) “Raqamli hukumat siyosatining asoslari” taqdimoti bilan tanishildi. Jumladan, hukumat toʻliq raqamlashtirilishi uchun 6 ta oʻlchov mavjudligi, xususan: raqamlashtirish uchun loyihalash, davlat sektorida maʼlumotlar yuritish, davlat boshqaruvi platformada, foydalanuvchilar diqqat markazida, proaktiv xizmatlar mavzulari keng muhokama qilindi.