July 27, 2022

MUROJAATLARNING “KALITI” QAYERDA?

Samarqandda vakolatli organlar davlat xizmatlari koʻrsatishda oʻtgan 6 oyda 5 mingdan ortiq murojaatga masʼuliyatsizlik bilan yondoshgan

Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurayotgan har bir fuqaro muammosiga yechim, murojaatiga kalit izlab keladi. Afsuski, koʻp hollarda oʻsha umid qilingan “kalit” vaqtida egasini borib topmaydi. Biz bilamizki, davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ularning sifat va samaradorligini oshirish, belgilangan muddatlarda taqdim etilishi uchun davlat idoralari va tashkilotlari vakolatli organ hisoblanadi. Markazlar orqali yuborilgan fuqarolarning har bir soʻrovlari oʻz vaqtida koʻrib chiqilib, tegishli javob qaytarilishi lozim. Murojaatni assossiz rad etishga ham, vaqtida koʻrib chiqmaslikka ham, ortiqcha hujjat talab qilishga ham haqqimiz yoʻq. Biroq ana shu tamoyilni masʼullar unutib qoʻymoqda. Oqibatda xizmat haqini toʻlab qoʻygan isteʼmolchining qonuniy manfaatlari qoʻpol ravishda buzilmoqda.

Jumladan, joriy yilning oʻtgan 6 oyida tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlaridan yuborilgan maxsus xabarlarning koʻpi vakolatli idoralar tomonidan qonunda belgilangan tartibda hal etilmagan. Oʻtkazilgan tekshirish va monitoringlar natijasida bu oʻz tasdigʻini topib, vakolatli idoralar tomonidan 5 117 ta qonun buzilishi holatlari sodir etilganligi aniqlandi.

Tahlillarga koʻra, 4 234 ta holatda davlat xizmatlari koʻrsatish muddatlari buzilgan, 821 ta holatda toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmatlari koʻrsatilgan, 56 ta holatda murojaatlar asossiz rad etilib, 6 ta holatda boshqa qonun buzilishlari sodir etilgan.

Afsuski, koʻrilayotgan taʼsir choralariga qaramasdan tegishli xulosa chiqarmayotgan davlat idoralari va tashkilotlari soni kamayyotgani yoʻq. Masalan, kadastr idoralari (1750 ta), gaz taʼminoti korxonalari (1584 ta), suv taʼminoti korxonalari (594 ta), elektr taʼminoti korxonalari (127 ta), qurilish idoralari (83 ta), tuman (shahar) hokimliklari (204 ta), sogʻliqni saqlash muassasalari (240 ta), davlat soliq inspeksiyalari (378 ta) hali hanuz mazkur roʻyxatda “yetak”chilik qilishmoqda. Nahotki, ushbu idoralarda fuqarolar murojaatlariga panja orasidan qaralsa? Ular uchun isteʼmolchi manfaatlarining bir chaqalik qadri yoʻqmi? Ota-bobolarimiz bizni birovning mushkulini oson qilishga undab kelgan. Lekin bu yerda kimgadir yordam berish haqida emas, xizmat haqini toʻlab qoʻygan isteʼmolchi va bir murojaat ortidagi taqdirlar haqida gap ketmoqda.

Birgina misol, “Graver Menedjment” MCHJning Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi orqali shu yil 15 mayda yuborilgan obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma olish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasi ijro uchun Oqdaryo tuman qurilish boʻlimiga yuborilgan. Biroq mazkur soʻrovnoma vakolatli idora tomonidan joriy yil 17 may kuni “Ijaraga beruvchi yerning foydalanish maqsadini boshqa faoliyat turiga oʻzgartirish va qoʻshimcha qurilishga berilgandan soʻng ruxsat berilishini taʼminlaymiz...”, degan vaj bilan rad etilgan.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Bino va inshootlarning ixtisoslashishini oʻzgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda oʻz hududida qoʻshimcha bino va inshootlarni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ning 18-bandida vakolatli organga soʻrovnoma tushganidan soʻng, 7 ish kunida obyektni joyiga borib bino va inshootlarning ixtisoslashishini oʻzgartirish, qayta qurish, rektonstruksiya qilish hamda oʻz hudida qoʻshimcha bino va inshootlar qurish imkoniyatlari mavjudligini oʻrganishi va QR-kod qoʻyilgan ruxsatnomani berish yoki rad etishning aniq sabablarini koʻrsatgan holda ruxsatnoma berishni rad etishi belgilangan. Yaʼni, Oqdaryo tuman qurilish boʻlimining mazkur holatdagi xatti-harakatlari qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari, kelgusida ularning oldini olish maqsadida murojaatlarni koʻrib chiqishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygani uchun vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 19 ta taqdimnoma va 772 ta ogohnomalar kiritildi. Shuningdek, 54 nafar aybdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qoʻllanilgan taʼsir choralari natijasida vakolatli organlarning 18 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilib,  54 nafar aybdor rahbar va xodimlar maʼmuriy javobgarlikka tortilishi taʼminlandi.

Sherzod AZIZOV,

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi

Davlat xizmatlari koʻrsatilishi ustidan nazorat qilish

boʻlimi boshligʻi.