December 2, 2022

Soʻnggi 5 yilda Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmati turlari soni 37 tadan 253 taga yetkazildi. 2022-yilning oʻzida 78 ta yangi davlat xizmatlari ishga tushirildi.

Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan maqsadli koʻrsatgichlarda joriy yil oxirigacha xizmatlar sonini 172 dan 200 taga yetkazish belgilangan edi. Bugungi sanaga, kelib koʻrsatgichlarni 147 foizga bajarishga erishildi.

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-6044-son Farmoni asosida “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilgan boʻlib, bugungi kunda mazkur tizimda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilishga doir 93 ta davlat xizmati ishga tushirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 487-son qaroriga muvofiq bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash xizmatlari ishga tushirildi.
Mazkur xizmatlar:

Bojxona ombori faoliyatini litsenziyalash;

Erkin ombor faoliyatini litsenziyalash;

Boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalash.

Endilikda ushbu xizmatlardan Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimi (license.gov.uz) yohud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali foydalanishingiz mumkin.

Bojxona ombori faoliyatini, erkin ombor faoliyatini, boj olinmaydigan savdo doʻkoni faoliyatini litsenziyalashdagi yangicha tartib tadbirkorlarga qanday yengilliklar beradi?

Endilikda:

- litsenziyalash jarayoni onlayn tartibda “Litsenziya” avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshiriladi;

- litsenziya berish rad etilganda arizani qayta koʻrib chiqish muddati 10 kundan 5 kunga qisqarmoqda;

- litsenziyalarni davlat xizmatlari markazlari tomonidan muhr bosilgan holda qogʻoz shaklda berish bekor qilinmoqda;

- litsenziat, uning nomi, manzili oʻzgarganda qayta rasmiylashtirish uchun murojaat etishi lozim boʻlgan muddat bir oydan 5 ish kuniga qisqarmoqda;

- litsenziya talablariga rioya etilishi “xavf-tahlil” tizimi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik talablari buzilgan toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida amalga oshiriladi;

- bojxona ombori, erkin omborda bojxona nazorati ostidagi va boj olinmaydigan savdo doʻkonidagi mahsulotlar boʻyicha bojxona nazorati shakllarini qoʻllashda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishish talab etilmaydi;

- litsenziyalovchi organ litsenziyani amal qilishini tugatish huquqidan mahrum etilmoqda. Ushbu vakolat faqat sudda saqlab qolinadi;

- litsenziyani qayta rasmiylashtirishda dastlabki litsenziyani olish uchun berilgan arizani koʻrib chiqish uchun undirilgan yigʻimning 50 foizi undiriladi;