💻“@tezkor_murojaat_bot”ga murojaat – masalaga tezkor yechim.
“@tezkor_murojaat_bot”ga murojaat – masalaga tezkor yechim
Davlat xizmatlari sohasida, xususan, xodimlarning muomala madaniyati, xizmat ko‘rsatish sifati, elektron tizimlarda yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash, yechimini topishda aholi va tadbirkorlik subyeklari bilan samarali aloqani ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tizimida murojaatlarni sayyor va shaxsiy qabullar, elektron pochtalar orqali, “Ishonch telefoni” hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, vazirlik tomonidan aholi va tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish, davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida yuzaga kelgan muammolariga tezkor yechim topish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida @tezkor_murojaat_bot telegram boti ishga tushirildi.
Ma’lumot uchun: Mazkur @tezkor_murojaat_botga Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDY organlari faoliyati bilan bog‘liq e’tirozlar yoki davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yuzasidan takliflarni audio, video va boshqa formatlarda yo‘llash mumkin. Botga yuborilgan murojaatlar real vaqt rejimida ko‘rib chiqilib, ularga mutaxassislar tomonidan tezkorlik bilan javob beriladi.
Mazkur botga 2022-yil davomida davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid jami 2 954 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularga Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti hamda Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi mas’ul xodimlari tomonidan javoblar berilishi ta’minlab kelinmoqda.
Kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinganda, ularning asosiy qismini, Davlat xizmatlari markazlari faoliyati yuzasidan 406 ta (14 %), FHDY organlari tomonidan ko‘rsatiluvchi davlat xizmatlari bo‘yicha 262 ta (8,9%), ijtimoiy himoyalash masalasida 367 ta (12,4 %), tadbirkorlik sohasida 120 ta (4%), ta’lim sohasida 97 ta (3,2%), uy-joy kommunal xizmat koʻrsatishga doir 80 ta (3 %), ma’lumotnomalar olish yuzasidan 83 ta (3%), kadastr sohasida 251 ta (8,4%), ipoteka kreditiga Davlat subsidiyasini olishga ariza berish yuzasidan 263 ta (9%), ichki ishlar sohasida koʻrsatiladigan davlat xizmatlari yuzasidan 124 ta (4,1%), litsenziya va ruxsatnomalar olish yuzasidan 65 ta (2,2%), bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilishga doir 43 ta (1,4%), elektron raqamli imzo olish yuzasidan 32 ta (1%), id.egov.uz tizimida identifikatsiya qilishdagi texnik muammolarga doir 24 ta (1%), to’lov tizimi yuzasidan 11 ta (0,3%) yo‘llangan murojaatlar tashkil etadi. Qolgan 726 ta (25%) murojaatlar davlat xizmatlari koʻrsatilishiga oid boʻlmagan murojaatlardir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Adliya vazirligi oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri aholi va tadbirkorlik subyektlariga tezkor, qulay hamda professional davlat xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat.