Xususiy_psxiatriya_narkomaniya_va_taksikomaniya
April 27, 2020

Narkomaniya. Stimullovchi moddalar giyohvandligi.

Matn muallifi: Dotsent Sharipova F.K.
Muharrir: Rahmatullayev A.I.
M-13

Psixostimulyatorlar – bu markaziy asab tizimiga qo‘zg‘atuvchi taʼsir ko‘rsatadigan preparatlardir. Sog‘lom insonlarda bu preparatlar charchoqlik holatini bartaraf qiluvchi faollikka undovchi, subyektiv tetiklikni, aql tiniqligi va hushyorligi, harakatlar yengilligi va o‘z kuchiga, qobiliyatiga ishonch hissini ko‘paytiradi.

Narkogen xususiyatga ega bo‘lgan Stimullovchi preparatlarga: amfetamin, efedrinning qo‘lbola tayyorlangan preparatlari, kokain, kofein kiradi.

Taʼsir qilish mexanizmi. Psixostimulyatorni suiisteʼmol qilish natijasida shakllanadigan narkomaniyalarning patogenetik taʼsir qilish mexanizmlari asosida bosh miyaning neyrokimyoviy tizimi funksiyalari: dofaminergik, norepinefriyergik va serotoninergik o‘zgarishi tashkil qiladi. Psixostimulyatorlar neyronlardagi dofamin va noradrenalinni qayta tutishni to‘sadi (bloklaydi). Psixostimulyatorlar yana biologik suyuqliklardagi serotonin va uning metabolitlari miqdorini (konsentratsiyasini) kamaytiradi.

Amfetamin narkomaniyasi.

Fenamin (amfetamin sulfati) 1887-yili sunʼiy yo‘l bilan olingan. 1937-yili fenamin narkolepsiya, ensefalitdan keyingi parkinsonizm va astenik, astenoapatik holatlarni davolashda qo‘llanilgan. Suiisteʼmol qilish 40-yillar oxiri 50yillar boshlarida ayniqsa o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida kuzatilgan. Bu zararli odat juda keng tarqalib epidemiya tusiga kirgan avval Yaponiyada keyinchalik AQSHda, so‘ng Yevropa davlatlarida tarqalgan. 70-yillarda bu holat ancha kamaya borgan lekin 80-90-yillarda yana ko‘payish kuzatilgan.

amfetamin qabul qilish yo‘llari: ichiladi va/yoki tomirga yuboriladi.
  • Epizodik va kam holatlarda amfetaminlarni terapevtik dozada qabul qilinganda qaramlik shakllanmasligi mumkin. Ammo qayta qayta va ayniqsa tomir orqali amfetamin yuborilganda ruhiy qaramlik juda tez shakllanadi. Stimullovchi taʼsirining o‘rnini egallaydigan keyingi intoksikatsiya belgilari narkotikni yana qabul qilishga majbur qiladi. Uzoq muddat doimiy Amfetaminni qabul qilish jismoniy qaramlik shakllanishiga olib keladi. To‘satdan narkotikni qabul qilishni to‘xtatish abstinent sindromga olib keladi. Uning belgilari: charchoqlik, kuchli lanjlik, kunduzi uyquchanlik kechasi uyqusizlik, arterial qon bosimining pasayishi va o‘zgaruvchanligi. Ayrim holatlarda astenik (asabiylik, jahldorlik, autoagressiyaga moyil harakatlar bilan isterik reaksiyalar) va astenodepressiv (o‘zini ayblash vasvasa fikrlar va suitsidal urinishlar) sindromlar. Abstinent sindrom 2-3 hafta davom etadi. Abstinent sindromda hatto deliriy ong buzilishi bilan kechuvchi o‘tkir Amfetaminli psixozlar bo‘lishi mumkin. Yana 2-3 haftadan bir necha oy davom etadigan surunkali Amfetaminli psixozlar ham kuzatilgan.
  • Amfetamin ishtahani va uyquni keskin so‘ndiradi. Bu ayniqsa narkotikni uzoq muddat qabul qilganda namoyon bo‘ladi. Surunkali intoksikatsiya tana vaznini keskin kamayishiga, vegetotomirli (vegetososudistiye) buzilishlarga va shaxsning patologik o‘zgarishiga olib keladi.

Qo‘lbola efedrin va tarkibida efedrin bo‘lgan preparatlarni suiisteʼmol qilish.

Efedrin efedra o‘tining tarkibida bo‘lgan alkaloid bo‘lib markaziy nerv tizimiga qo‘zg‘atuvchi taʼsir ko‘rsatadi. Tibbiyotda efedrin gidroxloridtabletka, 1-5% eritmasi ko‘z tomchilari, 2-3% eritmasi burun tomchilari ko‘rinishida ishlatiladi. Undan tashqari quyida keltirilgan tibbiy kompozit preparatlar tarkibiga kiradi: “solutan” eritmasi, “sunaref” surtmasi, “bronxolitin” eritmasi, “teofedrin”, “antasman” tabletkalari. 30 yil avval efedrinni surunkali qabul qilganda toksikomaniyaga olib kelish ehtimoli yuqoriligi ko‘rsatilgan. Avval toza efedrin isteʼmol qilingan - ko‘proq 2-3% burun tomchilari va tabletkalari. 70-80 yillar oxirida qo‘lbola tayyorlangan efedrin va tarkibida efedrin bor aralashmalar narkotik sifatida ishlatila boshlandi, chunki efedrinni kaliy permanganat va sirka angidridi orqali ishlov berilganining Narkogen taʼsiri toza eferinga nisbatan kuchliroq. XX asr boshlarida ishlab chiqarilgan efedronga bu qo‘lbola ishlov berilgan efedrin tarkibi bo‘yicha juda yaqin edi. 1985 yili qo‘lbola ishlab chiqilgan bu preparat efedron (Narkomanlar tilida “djef”, “mulʼka”, « marsefalʼ») nomi bilan narkotiklar ro‘yxatiga kiritildi. Tibbiy efedrin preparatlaridan (solutan, sunaref, bronxolitin) qo‘lbola kuchli narkotik –metamfetamin (Narkomanlar tilida-“vint”, »shirka») tayyorlanadi. metamfetamin kimyoviy tarkibi bo‘yicha pervitinga yaqin. Maʼlumki asl pervitin 1938 yilda kashf qilingan va ko‘p yillar davomida depressiyani, narkolepsiyani davolashda, jismoniy va aqliy faoliyatni quvvatni oshirishda qo‘llanilgan. 1972 yili toksik va narkotik xususiyatlari aniqlangandan keyin taqiqlangan. Qo‘lbola pervitin va efedron simpatomimetik aminlar guruhiga mansub bo‘lib kuchli psixostimulyatorlardir. efedron ichiladi va tomirga yuboriladi. efedron odatda 5-7 va undan ortiq narkomanlardan tashkil topgan guruhda qabul qilinadi. pervitin esa yolg‘izlikda yoki kichik guruhlarda qabul qilinadi va qabul qilgandan keyin darrov yolg‘iz qolishga harakat qilishadi.

Klinikasi. Efedron ichilganda 10-15 minutdan keyin o‘ziga xos psixosensor o‘zgvrishlar: tana yengilligi, bo‘yi o‘sgandek tuyulishi, boshida sochlarini qimirlashini sezgandek va soch tarash juda yoqimliligini his etishi bilan kechadigan eyforiya holati bo‘ladi. Kayfiyat ko‘tarinki, sergaplik kuzatiladi. Efedron mastligi og‘iz qurishi, yurak urishining tezlashishi, ishtaha yo‘qolishi, uyqusizlik, siydik ajralishining qiyinlashishi bilan kechadi. Intoksikatsiya 6-8 soat davom etadi.

Efedron va pervitinni tomirga yuborilganda intoksikatsiya 2ta ketma-ket bosqichda (fazada) kechadi. 1-faza –(“prixod” narkomanlar tilida) bemorlarning aytishicha oyoq va qo‘llardan yuqoriga qarab bo‘shashtiruvchi to‘lqinlar ko‘tariladi. Depersonalizatsiya buzilishlardan: o‘z vaznini his qilishni yo‘qolishi, juda yengil bo‘lib qolishini his qilishadi. Keyinchalik kayfiyat ko‘tariladi, bemorlar xushchaqchaq, quvnoq bo‘lib qolishadi, nafas olish yengillashadi, narkotik qabul qilishdan oldin mavjud bo‘lgan muammolar ikkinchi darajali, ahamiyatsiz bo‘lib koladi. Faqat ijobiy emotsiyalar ustunlik qiladi. O‘ziga va o‘z kuchiga ishonch oshadi. Efedron intoksikatsiyaning 1-fazasi 5-10 minut, ayrim holatlarda 15-20 minut davom etadi.

Pervitinni tomirga yuborilganda intoksikatsiyaning 1chi fazasida depersonalizatsiya buzilishlari juda yaqqol namoyon bo‘ladi. Tomirga yuborib ulgurmasdan «nina uchida»yoq ketma-ket bir nechta to‘lqinlar ko‘tarilishini bemorlar his qilishadi. Bu to‘lqinlarni bemorlar spiralsimon ko‘tarilishini his qilishini tushuntirishadi. Va shu bilan birgalikda «toza hidni (olma, binafsha hidini) sezishganini aytib berishadi. Tanani vaznsiz juda yengil bo‘lib kolganini, tevarak atrofga singib ketganini his qilishadi. Har bir keskin harakat qilish, o‘tirgan joyidan turish, o‘girilish yangi to‘lqinlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ijobiy emotsiyalar yuqori darajada bo‘ladi, bemorlar o‘zini o‘ta baxtli, shodon his qilishadi. Pervitin qabul qilganda intoksikatsiyani 1chi fazasi 2-2, 5 soatgacha davom etadi. Efedronli va pervitinli intoksikatsiyaning 1 fazasida bemorlar iloji boricha sokin va korong‘u xonada bo‘lishga intilishadi: eshiklarni yopib, pardalarni tushirib, televizorni va radioni ovozini o‘chirib, bo‘shashgan holatda o‘tirishadi yoki yotishadi. Bemorlarning butun diqqat-eʼtibori o‘zida kechayotgan sezgi va hissiyotlarga qaratilgan. Ko‘pincha bemorlar past jaranglaydigan mungli kuylarni eshitishni istab qolishadi.

Ikkinchi bosqichda narkotikni kutilayotgan stimullovchi taʼsiri boshlanadi (narkomanlar tilida “kayf”). Efendron mastligida harakat va nutq ko‘zg‘aluvchanligi kuzatiladi. Bemorlar faollikni, g‘ayratini oshib ketishini his qilishadi. Ular hamma ishga qodir ekanliklariga, har kanday to‘siqlarni bartaraf qila olishlariga ishonishadi, fikrlash tezlashadi. Bu maniakal sindromga o‘xshash holat. Diqqat o‘ta chalg‘uvchan, fikrlar oqimi tezlashib, atrofdagilarni gapini eshitmasdan tinmay gapirishadi. Pervitin qabul qilganda fikrlash tezlashishi bilan bir qatorda, abstrakt mulohazalarga, falsafiy mavzularni muhokama qilishga moyil bo‘lib qolishadi. O‘z fikrlarini aniq va lo‘nda izxor qilishlaridan mamnun bo‘lishadi. Diqqatni tarqoqligi intoksikatsiyaning 2chi fazasiga xos bo‘lib, suxbat mavzusini juda tez o‘zgartirishda, hamsuhbatining javobini oxirigacha eshitmasligida namoyon bo‘ladi. Bemorlar bezovta, serharakat, bir joyda o‘tira olmaydilar. Efedron mastligidagi bemorlarning faolligini oshishi ro‘zg‘ordagi maishiy ishlarni bajarishga urinishi; kir yuvish, yig‘ishtirish, biror maishiiy texnikani sozlash bilan kechadi. Ayrim hollarda bemorlar soatlab musiqa asboblarni chalishlari mumkin. Pervitinnli mastlikda esa bemorlar “ijod” bilan shug‘ullanishadi; sheʼr yozishadi, musiqa bastalashadi, rasm chizishadi. Texnik ijodga moyil bemorlar esa «ajoyib mashina yoki uskuna» yig‘ishadi. Bu “ijod” ko‘tarinki ruxda, baxtiyorlik holatida kechadi. Aslida bemorlarning bu jo‘shqin faoliyati unumsiz, bir xil tarzdagi «yolg‘on ijod»dir. barcha ijod maxsuli chala, tugallanmagan holda qolib ketadi. Vasvasasimon o‘zini ulug‘lash g‘oyalari kuzatilishi mumkin, bemorlar bashorat qila olish qobiliyatiga egaliklariga ishonishadi. Bundan tashqari seksual ko‘zg‘alish ham kuzatiladi. Ko‘pchilik bemorlarning fikricha qo‘lbola pervitin ilohiy taʼsir ko‘rsatib ularni oddiy insonlardan yuqoriroq darajaga olib chiqadi. Efedron intokikatsiyaning 2chi fazasi (6-8 soat), pervitin intoksikatsiyasi 2chi fazasi (12-16 soat) o‘tgandan keyin kechishi buyicha o‘xshash postintoksikatsion holat kuzatiladi; disforiya bilan kechuvchi tushkun kayfiyat, uyquchanlik, lanjlik, bo‘shashish kuzatiladi. Uzoq davom etgan uyqudan keyin bemorning holati yaxshilanadi. Qo‘lbola psixostimulyatorlarni suiisteʼmol qilgan 1/3 bemorlarda dozani ko‘paytirganda va/yoki mastlikni cho‘qqisida intoksikatsion psixozlar kuzatiladi. Bu xil psixozlarning davomiyligi efedron qabul qilganda 3-4 soat, pervitin qabul qilganda 8-10soatni tashkml qiladi. Davosiz o‘zi o‘tib ketadi. Ayrim holatlarda 1 oy va undan ko‘proq muddat davom etuchi cho‘zilgan psixozlar kuzatilishi mumkin va shuning uchun davolashni talab qiladi.

Psixotik buzilishlar ko‘pincha o‘tkir yoki rudimentar paranoid shaklida bo‘ladi. Paranoid sindrom strukturasida taʼqib qilish, maxsus maʼnoga egalik vasvasa g‘oyalari va ko‘rish, eshitish gallyutsinatsiyalari tashkil qiladi. Psixozlar odatda ko‘p kun davom etgan narkotizatsiyadan va uyqusizlikdan, qabul qilayotgan narkotik dozasi maksimal tolerantlikka yetgandan so‘ng kuzatiladi. Navbatdagi narkotik inyeksiyasidan keyin kutilayotgan eyforiya holati o‘rniga sababsiz qo‘rquv, vahima, atrofda nimadir sodir bo‘layotgandek, kuchayib boruvchi zo‘riqish (narkomanlar tilida bu holat-«izmena katit» xiyonat yakinlashmokda) kuzatiladi.

Psixotik kechinmalarning mazmuni 2 xil bo‘ladi: birinchisi-yaqinlaridan xavfsirash (narkoman og‘aynilari, tasodif tanishlardan); ikkinchisi asosli real xavf - militsiya xodimlari narkotikni qabul qilgani uchun taʼqib qilishlaridan qo‘rquv paydo bo‘ladi.

Qo‘lbola tayyorlangan psixostimulyatorlarni qabul qilingandagi o‘tkir intoksikatsiyada arterial qon bosimining ko‘tarilishi, akrogipergidroz, ko‘ngil aynishi, qusish, siydik ajralishini qiyinlashishi, ishtaha yo‘qolishi, terining oqarishi, shillik pardalarning quruqligi, taxikardiya, sinus aritmiya, ekstrasistoliya, gipertermik reaksiyalar kuzatiladi.

Nevrologik statusida midriaz, qizil turg‘un dermografizm, ko‘z qorachiqlarini yorug‘likka reaksiyasini susayishi yoki yo‘qolishi, konvergensiya kamayishi, gorizontal nistagm, mushaklarning diffo‘z gipotoniyasi, pay va periostal reflekslarni pasayishi yoki yo‘qolishi, statik ataksiya, intension tremor bo‘ladi.

Efedron va pervitin narkomaniyalar ko‘pincha yoshlarda kuzatiladi.

  • 1) psixostimulyator birinchi va yagona narkotik;
  • 2) shakllangan opiyli narkomaniyada bemorlar yana qo‘lbola psixostimulyatorlarni qabul qila boshlashadi;
  • 3) avvalari konoplya va boshka psixofaol moddalarni qabul qilib ko‘rgan shaxslar efedron yoki pervitinni muntazam qabul qilishni boshlashadi.

Efedron epizodik qabul qilish muddati-1-2 xaftadan 6 oygacha(odatda 3-4 oy), ruhiy qaramlikning shakllanish muddati esa 3-4 xafta. Pervitinni qabul qilganda ruhiy qaramlikning shakllanish muddati-3-4 kun. Efedronga tolerantlik boshida 2-5 ml(o‘rtacha 4 ml tomirga yuborilganda). Narkotizatsiya jarayonida tolerantlik (bir martalik qabul qilayotgan narkotik dozasini oshirib borish va sutka davomida qabul qilish sonini ko‘payishi hisobiga )juda tez ko‘tarilib boradi. Boshida efedron sutkada 5-6 marta qabul qiladi, keyinchalik qabul qilish orasidagi vaqti 1-2 soat hatto 30-40 minutgacha bo‘ladi. Sutkalik tolerantlik 100-200 mlgacha ko‘tariladi. Qo‘lbola pervitinni qabul qilganda tolerantlik sekin-asta ko‘tariladi. Boshlang‘ich dozasi 0,7ml sutkasiga 2 marta. Keyinchalik bir martalik dozasi 3 mldan sutkasiga 2-3 marta, ayrim hollarda 5marta. Pervitinni sutkalik dozasi7 ml.

Qo‘lbola psixostimulyatorlarni suiisteʼmol qiligandagi narkomaniyalarni 2 xil kechishi kuzatiladi 1)davriy (siklik) va 2)uzluksiz. Davriy kechishi narkotizatsiyani darrov boshlanishining bir necha kundan keyin shakllanadi. Bemorlar narkotikni bir necha kun davomida to‘xtovsiz qabul qilishadi, keyin «dam olishadi», so‘ng yana qabul qilishni davom ettirishadi. Narkotizatsiya siklida bemorlarda ishtaha butunlay yo‘qoladi, uyqu buziladi, siydik ajralishi qiyinlashadi. Narkotikni qabul qilishva va dam olish kunlarining soni individual. O‘rtacha narkotizatsiya sikli efedronni tomirga yuborganda 2-7 kun, ayrim hollarda 10 kun, tanaffus 5-7 kun. Sikl oxirida jismoniy va ruhiy tolikish kuzatiladi va narkotikka nisbatan ijirg‘anish (otvraщyeniye) kuzatiladi.

Narkotikni qabul qilishni to‘xtatgandan keyin intoksikatsiyadan keyingi holat boshlanadi (narkomanlar tilida-“otxod”). Bu holatni yengillashtirish va uyquni yaxshilash maksadida bemorlar kichik dozada tinchlantiruvchi-uyqu dorilarni qabul qilishadi(2-3 tabletka diazepam, 40-50 tomchi valokordin, 4-6 ml diazepam tomirga, 1-2 tabletka fenobarbital) yoki alkogol ichadilar. «Dam olish» fazasi 3-4 kun davom etadi. Bu fazada bemorlar uyquchan, ishtahasi oshgan bo‘ladi (hatto kechasi ham ovqat yeyish uchun uyqudan turishadi). Yakinlari bemor bilan muloqot qilishga uringanda kuchli disforik reaksiya ko‘rsatishadi.

Narkomaniyalarni uzluksiz kechishida narkotiklarni har kuni kunduzi qabul qilishadi. Uzluksiz kechishi ko‘proq pervitinli narkomaniyalarda kuzatiladi. Boshida ishtaha va uyqu yo‘qoladi Lekin keyinchalik ishtaha va tungi uyqu yaxshilanadi. Pervitinni qabul qilganda tolerantlik juda sekin oshib boradi.

Efedronga jismoniy qaramlik narkotikni muntazam 6-12 xafta qabul qilgandan keyin shakllanadi. Qo‘lbola pervitinni muntazam 2-3 xafta qabul qilganda jismoniy qaramlik shakllanadi. Efedron intoksikatsiyachsidan 6-12 soat o‘tib, pervitin intoksikatsiyasidan esa 18-20 soat o‘tib abstinent sindromning birinchi belgilari boshlanadi. Narkomaniyaning siklik kechishidagi abstinent sindrom 3 guruhga bo‘linishi kuzatiladi- 1) uyqu buzilishi, 2) affektiv buzilishlar va 3)astenik o‘zgarishlar. Boshida charchoqlik hissi, bo‘shashish, mushaklar toliqishi, kayfiyat pastligi, jismoniy va ruhiy noxushlik, kunduzi uyquchanlik, kechasi uyqusizlik, keskin bo‘shashish, qon bosimining tushib ketishi, ortostatik kollaps kuzatiladi. Bemorlar ko‘p vaqtni yotgan holda o‘tkazishadi, fikrlashi sustlashadi, savollarga javob berishga qiynalishadi hatto javob bera turib uyquga ketib qolishadi. Affektiv buzilishlar asosan pervitin narkomaniyalarda kuzatiladi va o‘z-o‘zini ayblash, tushkunlik va suitsidal fikrlar bilan kechadi. Suitsidal harakatlar ham kuzatilishi mumkin. Efedron narkomaniyasida o‘tkir abstinent sindrom 4-5 sutka, pervitin narkomaniyada 5-7 sutka davom etadi. Narkomaniyalarning uzluksiz kechishida yuqorida kayd etilgan buzilishlarga algik (og‘rik) simptomlar; umurtqa pog‘onasida, yirik bo‘g‘inlarda kuchli og‘riq (ko‘proq tizza va boldirda) va vegetativ o‘zgarishlar (ko‘z yosh oqishi, burun oqishi, tumov, bosh og‘rishi, bosh aylanishi) qo‘shiladi.

Uzluksiz kechishida abstinent sindrom efedron narkomaniyada 7 kun, pervitin narkomaniyada 21 kun davom etadi. O‘tkir abstinent sindrom belgilari kamaygandan keyin affektiv buzilishlardan birinchi o‘ringa apatik depressiya yoki yaqqol disforiya chiqadi. Uyqu buzilishlaridan-uyqusizlik, yuzaki uyqu tez tez uyg‘onishlar bilan kuzatiladi. Vaqt o‘tishi bilan efedron ham, pervitin ham eyforiya keltirib chiqarish uchun emas, balki, bo‘shashishni, lanjlikni va tushkin kayfiyatni bartaraf etish uchun qabul qilinadi.

Qo‘lbola psixostimulyatorlarni uzoq muddat qabul qilish asoratlari. Uzoq muddat qo‘lbola psixostimulyatorlarni suiisteʼmol qilgan bemorlarda shaxs o‘zgarishlari vaqtli kuzatiladi, bularda psixopatsimon buzilishlar, oliy insoniy xususiyatlarning tubanlashishi, emotsional dag‘alashish, mehnat qobiliyatining keskin pasayishi; ish joyidan bo‘shab ketishi, oliygog‘da tahsil olayotgan bo‘lsa o‘qishni to‘xtatishi, qiziqishlar doirasining torayishi kabi holatlar kelib chiqadi. Keyinchalik intellektual-mnestik faoliyatni susayadi. Bemorlar ozib ketadilar, kuo‘lari ichiga kirgan, rangpar bo‘ladi, inyeksiya joyida koraygan “yullar” kuzatiladi.

Kokain narkomaniyasi.

Kokain alkaloid, kimyoviy tarkibi buyicha benzoy kislotasining efiri, farmakologik xususiyati bo'yicha markaziy asab tizimining kuchli stimulyatori hisoblanad. Birinchi marta kokain Janubiy Amerikadagi asosan Boliviya va Peruda o‘sadigan Erythroxylon Coca o‘simligining barglaridan olingan. Lotin Amerikasidagi mamlakatlar aholisi qadimdan kayfiyatni ko'tarish va charchoqni bartaraf qilish maqsadida yengil stimullovchi xususiyatga ega bo‘lgan koka o‘simligining barglarini chaynab yoki choy sifatida damlab isteʼmol qilishgan. Koka o‘simligining barglarida toza alkaloid miqdori nisbatan kam bo‘lib chaynash jarayonida faol modda juda sekin va oz ozdan so‘rilishi sababli to‘liq ekstraksiyaga uchramaydi va jigarda tez parchalanadi. Shu sababli yuqorida qayd etilgan shaklda kokani isteʼmol qilish Lotin Amerikasining sog‘likni saqlash tizimining jiddiy muammolaridan bo‘lmagan.

Kokainni suiisteʼmol qilish yaʼni kokainizm tarixi XIX asrning 2chi yarmidan boshlanadi. 1859-1860 yillarda nemis olimi A. Niemann koka o‘simligi barglaridan toza alkaloid ajratib unga “kokain” nomi bergan. Keyinchalik 30 yil davomida kokain gidroxloridi tibbiyotda keng qo‘llanilgan. Turli somatik va psixik kasalliklarda kuchli simptomatik taʼsir ko‘rsatgani tufayli ishlatilgan. Z. Freyd kokainni chegaradosh ruhiy-asab kasalliklarni davolashda ishlatgan. Undan tashqari kokain o‘sha davrdagi birinchi samarali mahalliy anestetik bo‘lgan. XX asrning oxirlarida kokainni tibbiyotda keng ishlatilishi qaramlikka va sog‘lik uchun zararli oqibatlarga olib kelishini tasdiklaydigan maʼlumotlar yetarlicha yigilgani sababli 1914 yili qonuniy aktlar bo'yicha kokain - morfin va geroin qatorida rasmiy narkotiklar guruhiga kiritildi. Kokain narkomaniyasi ko‘p mamlakatlarda jiddiy tibbiy va ijtimoiy muammodir.

Kokain keng tarkalishining sabablari: kokani yetishtirishni ko‘paytirish, mamlakatlararo kokainni transport qilishni faollashishi va kokainni qabul qilishni yangi usullarini paydo bo‘lishidir. Isteʼmol qilishni yangi usullaridan biri bu kokainni chekishdir. Chekish uchun kokain gidroxlorididan tayyorlangan preparat nomi “krek”. Chekish uchun mo‘ljallangan yana bir preparat koka-pasta; kokain gidroxloridi tayyorlash jarayonida hosil bo‘ladigan oraliq modda. Preparat xususiyatlari va isteʼmol qilish usullari kokain narkomaniyasining klinik ko‘rinishlari turlicha bo‘lishiga olib keladi.

Kokain gidroxloridi. Eng keng isteʼmol qilinadigan preparatdir. Oq hidsiz kukun bo‘lib, oppoq tiniq qor parchalariga o‘xshaydi. Asosiy isteʼmol qilish yullari-hidlash va burunga tortish bo‘lib burun shillik pardasi orqali juda tezlik bilan qon oqimi orqali miyaga yetib boradi. Qora bozorda sotiladigan «ko‘cha kokaini»ning tarkibida 12%dan-75%gacha kokain gidroxloridi bor. Undan tashqari «ko‘cha kokaini» tarkibiga fensiklidin, geroin, anestetiklar (novokain, lidokain), markaziy asab tizimi stimulyatorlari (kofein, amfetamin) yoki laktoza, mannitol tashkil qiladi. Kokain gidroxloridi tomirga yuborish yuli bilan ham qabul qilinadi, lekin taʼsir qilish muddati juda qisqa. Kokain gidroxloridi geroin bilan birgalikda ham tomirga yuboriladi.

Alkaloidli kokain. («ozod asos», »asos», “krek”). Kokain alkaloidi bo‘lib-benzoilmetilengonindir. Kokain gidroxlorididan tayyorlanadi va undan erish nuqtasi bilan ajralib turadi va shu tufayli xavoga uchish yengilligi uchun chekishda hidlash imkoniyati borligi uchun isteʼmol qilinadi. Ingalyatsiya jarayonida narkotik o‘pka kapillyarlarida absorbsiyalanadi va zudlik bilan konga va bosh miya to‘qimalariga yetib boradi.

Koka-pasta. kukunga o‘xshash rangi oqdan jigarrangacha bo‘lishi mumkin. Koka-pasta gidroxlorid kokainni koka barglaridan olish jarayonida xosil buluvchi moddadir. Tarkibida 40%dan-91%gacha sulʼfat kokain va koka barglarida bor boshka bir qator alkaloidlar va moddalar (nikotin, metanol) tashkil qiladi. Koka–pasta tamaki va ko‘knori preparatlari bilan odatda chekish uchun aralashtiriladi.

Koka barglari. Koka barglarida 0,5-1,5% kokain alkaloidi bor. Isteʼmol qilish yuli-chaynash. Koka barglari oxak bilan aralashtirilib bemorlar lunjiga solib isteʼmol qilinadi. Og‘iz shillik pardasi va kisman oshkozon-ichak trakti orqali sekin suriladi. Shu sababli konda narkotikni miqdori past bo‘lib qaramlik va negativ tibbiy-ijtimoiy oqibatlari xafvi juda past.

Klinikasi. Kokain tomirga yuborilganda 2 daqiqa o‘tgandan keyin fiziologik va xulq atvor o‘zgarishlari boshlanadi (eyforiya, arterial qon bosimining oshishi va hokazo) va o‘zgarishlar avji 5-10 minutda kuzatiladi. Intranazal isteʼmol qilinganda taʼsiri 5-10 minutda boshlanadi va avj olishi 15-20minutda kuzatiladi. 30 minut davomida buzilishlar sekin-asta yo‘qoladi.

Nazorat savollari:

1. « Psixostimulyator» guruhiga kiruvchi moddalarga taʼrif bering.

2. Amfetamin narkomaniyasi tayanch simptomlarini ajrating.

3. Efedrin narkomaniyasi tayanch simptomlarini ajrating

4. Kokain narkomaniyasi klinikasi.

4. Pervitin suiisteʼmol qilganda klinikasi.