Lev Tolstoyning "Avliyo Sergiy" asariga taqriz
Yozuvchida bu asarni yaratish fikri 1889-1890-yillarda paydo bo‘lgan. Bu davrda Rossiyaning eng taniqli shaxslaridan biri bo‘lgan Tolstoy badiiy ijod qatorida ko‘plab jamoatchilik yumushlari bilan ham band edi. Shundanmi yoki ijodiy muvozanat talabi bilanmi, “Avliyo Sergiy” borasidagi ishlar ancha cho‘zilgan. Dastlab hammasi jadal ketgan: O‘zining yaqin do‘sti va noshiri Vladimir Chertkovga yozgan xatlarida (qissani ham unga bag’ishlamoqchi edi), kundaligidagi qaydlarida Sergiy otani bot-bot eslatib turgan. 1990-yilning 8-iyunida kundaligida “Sergiy otani boshladim, uning ifodasi haqida chuqur o‘ylab oldim, barcha e’tibor – u kechiradigan ruhiy holatlar tadrijida”, degan qayd uchrasa, sentabrda yozgan xatida ijodiy ish, xususan, syujet rivoji unga yoqayotganligi, barcha o‘ylaganlarini to‘la aks ettirishga urinayotganligini bildirgan. 16-fevraldagi xatida esa “Sergiy ota ko‘ngildagidek chiqmayotgani, o‘ziga qadrli bo‘lgan bu mavzu haqida bosh qotirish malol kelayotganini, undagi bosh g’oya sifatida shahvoniy hirsga yoki takabburlikka qarshi kurashni talqin etishda o‘ylanib qolganini yozgan. Asar yozuvchining vafotidan keyin – 1911-yilda V. Chertkov tomonidan nashr etilgan.
Tolstoy qo‘l urgan mazkur mavzuda Sharqda ancha oldin asarlar bitilgan bo‘lib, Farididdin Attorning “Mantiq ut tayr” asaridagi “Shayx San’on va tarso qiz qissasi”, Hazrat Navoiyning “Lison ut tayr” asaridagi “Shayx San’on” hikoyatlaridir. Bu asarda bosh qahramon qismati orqali o‘z ichki mayllarini yenga olmaslik, imkoniyatlariga ortiqcha baho berish, hayot zarbalariga qasdma-qasd unga qarshi zarba berishga urinish odamni qay ko‘yga solishi o‘z badiiy ifodasini topgan. Tolstoy bu asarni yozishni o‘ylab yurgan chog’ asar mazmunini Maksim Gorkiyga so‘zlab beradi. Gorkiy undan juda ta’sirlanganini, ifodasi sodda va go‘zal, biroq g’oyasi yuksak darajadagi asar ekanini e’tirof etadi.
Asar avtobiografik unsurlarga ega bo‘lib, baayni Tolstoyning o‘zini eslatib yuboradi. Kasatskiyning yashash a’moli, fikr-o‘ylari, hayot va Xudoni tushunishi, bu boradagi qarashlari muallif bilan o‘xshash. Lekin Kasatskiy - badiiy asar qahramoni va uni yozuvchi bilan mutlaq aynanlashtirib bo‘lmaydi.
“Avliyo Sergiy” asarining bosh qahramoni Stepan Kasatskiy o‘ziga to‘q, obro‘li, kelajagi porloq leyb-eskador komandiri edi. U yoshligida ichkilikdan yiroq, buzuqilikdan xoli, g’oyatda rostgo‘y edi. Tabiatidagi yagona qusuri – jahli chiqqanida g’azabini tizginlay olmas, hovuri bosilmaguncha ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas, benuqson insondan bir lahzada butunlay vahshiy hayvonga aylanib qolishi mumkin edi. Zohiran qaraganda, Kasatskiy porloq istiqbol sari intilayotgan oddiygina yosh gvardiyachiday tuyular, biroq uning botinida o‘ta murakkab va murosasiz tuyg’ular jo‘sh urardi. Uning yoshlik chog’laridan buyon bardavom bu hislar yo‘lida uchragan har qanday ishda odamlarning havs-u hayratiga sazovor kamol-u iqbolga yetishmoqlikdan iborat edi. Atrofdagilardan ajralib turishga intilish va bu borada muddaosiga erishish uning hayotini to‘ldirib turar, hayotining mazmuni shundan iboratdek edi.
Iqtidorli kadet Stepanning o‘sha paytdayoq shuhratparastligi ko‘rinib turardi. Keyinroq u boshqalardan o‘zib ketish va ustunligini isbotlash uchun turli bilimlarni egallaydi, hatto shahmat va raqsda unga teng keladigani topilmaydi. Hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaganidek, Kasatskiy bu yo‘lni sababsiz tanlamagandi. Kasatskiy hozirda uchratish dargumon bo‘lgan qirqinchi yillarning odamlari toifasiga mansub edi, ya’ni u o‘zi kabi erkaklarning ayollarga nisbatan g’ayriaxloqiy munosabatlarini ongli ravishda qoralamasa-da, lekin ayolidan benuqson samoviy poklikni talab etar, boz ustiga o‘z doirasidagi har bir qizni xuddi shunday qabul qilar va o‘shanday pok munosabatda bo‘lardi. Bunaqangi izzat-ikrom, ilohiy va iliq muhabbatga javoban qizlar ham pokdomon hurlar kabi bo‘lmasalar-da, har nechuk, o‘zlarini sipo sanamlardek tutishga intilishardi. U to‘satdan barchasini tashlab rohiblikni ixtiyor etganiga ko‘plar hayron qolib, yoqa ushlaydilar. Unashtirilgan qizi Meri imperator Nikolayning ma’shuqasi ekanligini bilgach, muallif ta’biri bilan aytganda, “o‘zini undan yuqori sanaydiganlardan-da balandroqligini isbotlash niyatida” rohiblik yo‘lini tanlaydi. Lekin unga noma’lum bo‘lgan yana bir tuyg’u ham bor ediki, bu oriyat-u sarvarlik tuyg’ulari ila qorishiq chin xudojo‘ylik hissi bo‘lib, yigitning butun ong-u shuurini qamrab olgan edi.
Meridan ixlosi qaytgan Kasatskiy o‘zini shu qadar tahqirlangan sezardiki, undagi tushkunlik, umidsizlik Haq yo‘liga, uni shu choqqacha zavol topmay, boricha saqlanib kelinayotgan bolalikdek beg’ubor e’tiqodi tomon boshladi. Xotiralardan qochish va taskin topish uchun u, dastlab, monastirni tanlaydi. U yerda ham boshqalardan o‘zib ketishga urinish hissi uni tark etmagandi. Aslida, odamning birinchi bo‘lishga intilishi yaxshi, ammo doimiy ravishda bunga urinish va ko‘p hollarda bunga erishish odamdagi manmanlik, kibr hissini kuchaytirib yuboradi.
Keyin esa muallif Sergiyning ko‘plab diniy bilimlarga ega bo‘lgani va butun hayotini cherkovga bag’ishlaganini aytadi. Ammo, 7 yildan so‘ng bu ishlardan Sergiyning zerikishi buning aksini ko‘rsatadi. Kishi aslida istalgan ilmni qancha egallagani sari hali o‘rganmaganlari ko‘pligini tushunib yetadi. Donishmand Suqrot ham “Shuncha ko‘p o‘rganganim sari, hech narsani bilmasligimni his qildim”, deganida haq edi. Demak, Sergiyning ilm yo‘lidagi harakatlari shaffof emas, balki odamlar oldida shuhrat topish, obro‘ qozonish uchun edi. Muallif ayni “Sergiy ota” ni yozayotgan vaqtlarida o‘zi haqida kundaligiga shunday yozadi: “Men shuhratparastlik mayliga berilgan edim. Hozirgi maqtovlar va muvaffaqiyat bularning hammasi betayin ish ekanini ko‘rsatib berdi. Hozir men ma’naviy jihatdan bir qadar uyg’ongandayman. Bu uyg’onish bundan ikki kun avval yuz berdi”. Demak, Sergiy otaning ahvol-ruhiyati, holatini ochishda muallif o‘zidan kelib chiqib yondashgan.
Kasatskiy yolg’ondan, xiyonatdan bezib, faqatgina Xudo uchun yashamoqlikka ahd qilgandi. O‘zi hurmat qilgan, ixlos qo‘ygan odamlarining unga nisbatan qilgan ikkiyuzlamachiliklariga javoban zarda qilib Xudo tomon bo‘lgan yo‘lni tanladi va yolg’onchilardan yuqoriroqda yashashni istadi. Ammo bu qarorga kelgan on bir narsani hisobga olmadi: Kasatskiy yo‘lga chiqish uchun ruhan tayyormidi? Shu savolni o‘ziga bermadi. U dastlab buni yaxshi uddalay oldi. Tabiatiga erinchoqlik yot Kasatskiy bor bisotini beta’ma, o‘z inon-ixtiyori bilan ibodatxonaga in’om qildi. Hirsni yengdi, nafsini tiydi.
Igumen uning diniy mavqeidan Parvardigor uchun emas, balki tizginsiz g’azabini mag’lub etolmagani, izzat-nafsini qondirish uchungina voz kechayotgani, zohiran toat-ibodat bilan mashg’ul bo‘lsa-da, botinan takabburligi, izzattalabligini qoralagandan so‘ng, Kasatskiy ibodatxonani tark etib, zohidlik sari yuzlandi. Yolg’izlikni takabburlikning kafforati, deb bildi. Zohidlik, tarkidunyochilikda Sergiy ota shuni anglaydiki, Xudoga yaqinlashish uchun inson xonanishin bo‘lib, uzlatga ketishi emas, odamlar orasida odamdek yashashi kerak. Bu Sharqdagi Naqshbandiya tariqati maslagi – “Diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin” degan tamoyilga monanddir.
Zohidlikda yashagan yillarida ham avliyoning hayoti uqubatga to‘la edi. U betinim ibodat yoki ro‘zadorlik mashaqqatlaridan emas, botiniy kurashdan aziyat chekardi. U ikki narsa bilan kurashardi: biri – shubha, ikkinchisi – shahvoniy nafs. Zero, muallifning hayotdagi maslagi ham tinimsiz kurashib yashamoq edi: “Doimiy tashvish, mehnat, kurash, yo‘qchilik – bular zaruriy shart-sharoitlardir. Halol yashamoq uchun intilmoq, adashmoq, urinmoq, yanglishmoq, nimanidir boshlamoq va tashlab qo‘ymoq va yana boshlab, yana tashlab qo‘ymoq, doimo kurashmoq va yo‘qchilikka chidamoq kerak”. Kasatskiy tarixdagi ko‘plab avliyolar singari axloqsiz ayolni rohibaga aylanishida sababchi bo‘ldi. Bir buzuq juvon qalbida iymon o‘zining ochilishi, hidoyat yo‘lini ixtiyor etib, to‘g’ri hayot kechirishga o‘tgani, avliyo duo o‘qigandan so‘ng, Yaratganning qudrati bilan sog’ayib ketgan bola voqeasi sabab, uning ilohiy tabiblik xususiyati haqidagi ovozalar to‘rt tomonga yoyildi. Taassufki, uning duolari boshqalar uchun osongina mustajob bo‘lardi, o‘ziga kelganda esa necha bor ixlos ila istig’for qilmasin, zinhor hirs-u hissiyot domidan xalos bo‘lolmasdi.
Shundan so‘ng, uning ruhiy olami yemirila boshladi. O‘zini ibodatxonaga keluvchilarni jalb etish uchun qo‘llaniladigan vositadek sezdi, vaholanki u tarkidunyochilikni ixtiyor etgan zohid edi. Huzuriga najot istab kelganlarga rad javobi berishni o‘ziga ep ko‘rmay, shu taxlit hayotga g’arq bo‘lgandiki, o‘zini go‘yo odamlar qalbini, yo‘lini yoritadigan mayoq kabi his qilar, sha’niga aytilgan hamd-u sanolardan mamnunlik hissini tuyar, biroq bu tuyg’u kuchayishi bilan qalbidagi haqiqiy ilohiy nur shunchalik so‘nib borayotganini ham fahmlardi. “Men go‘yo eshigi tashqaridan qulflangan xonadonga kirmoqchi bo‘layotgan musofirga o‘xshayman. Qulflangan eshik, osilgan qulfni nahotki sezmadim?” iqror bo‘lardi ba’zan Kasatskiy.
Kundan-kunga huzuriga keluvchilar ko‘payganidan uning ruhiy takomilga erishuvga imkoni, ibodat qilishga esa vaqti qolmasdi. “Tangri uchun yashayapmanmi yo odamlar uchun? Savob amallarim chindanam Xudo yo‘ligami yo odamlarga xizmat qilyaptimi?” Bu fikr muallifning ham hayolida mudom aylanardi. Shu bois rafiqasi S.A. Tolstayaga yozgan xatida: “Ko‘pdan beri hayotim bilan e’tiqodim o‘rtasidagi nomutanoslik meni azoblab keladi”, deydi.
Kasatskiy ham mana shu savolga javob topishga qiynalar, qalbidagi Xudoga xizmat qilishdek sharafli faoliyatni iblis deganlari allaqachon bandalariga xizmat qilishdek ishga almashtirib qo‘yganligini ich-ichidan his qilardi. U buni, ayniqsa, ruh va vujud birlashgan mahal – ibodatini ado etish o‘rniga, tashqi dunyoga berilib ketgan paytida teranroq anglardi. Garchi uning o‘zi buni inkor etsa-da, qalbining tubida o‘zini haqiqatdan ham avliyo hisoblardi.
Tolstoy shu o‘rinda ajoyib obrazli ifoda keltiradi: “Sahro o‘rtasidan otilib chiqqan bir obi hayot chashmasi bor edi. Chashma bo‘yiga keluvchilar bir-birini turtib, itarib, chanqog’ini qondirishni istar edi. Ular chashma tubiga qadar yetib, suvni oxirigacha simirib olar edilar. Oxirida zilol suv o‘rnida faqat loyqalangan quyqa, to‘g’rirog’i balchiq qolar edi, xolos”. Avliyoning holati ham shu suvga o‘xshab, ifloslanib borardi. Endi unda na mehr, na pokizalik va na mo‘minlik bor, hech biridan asar qolmagandi. Xudo yo‘lida xizmat qilishdek oliy maqsadi odamlarga xos takabburlik, shon-sharaf bilan bulg’anib, o‘zgarib ketdi.
Stepan Kasatskiyga karomatlar ko‘rsatishdek g’ayritabiiy xislatlarning ato etilishi g’oyatda hayratlanarli, zero, uning duosi tufayli tuzalib ketgan dardmand boladan tortib, ko‘zlariga nur qaytgan so‘qir kampir bilan yuz bergan g’ayritabiiy voqeadan so‘ng, Sergiyning o‘zi ham Yaratgan unga bergan bu iqtidorga ishona boshlagan edi. Agar u qizni ham darddan forig’ etolsa, g’ayrishuuriy xislatini yana bir karra namoyon etar va shuhratini yanada yuksaltirardi.
Tolstoy vasiyatnomasida shunday yozadi: “Xudoning irodasini targ’ib etayotganimni qalbdan his etgan daqiqalarim ko‘p bo‘lgan. Ba’zan manfurlik qilib, o‘z xohish-istaklarimga qul bo‘lgan kezlarimda o‘zimdagi jaholat tufayli ana shu hayot nuri xiralashdi, ammo bu haqiqat nuri vujudimni doim yoritib turdi, bu umrimdagi eng baxtiyor damlardir…” Kasatskiyning e’tiqodi susaygan payt aynan muallifning o‘zidan kechirib yozgan holatiga to‘g’ri keladi.
U doimiy bir hayot va ibodat bilan umrini o‘tkazsa-da, oxiratga shubha qilishi aslida uning e’tiqodi sof bo‘lmaganini ko‘rsatar edi. Dinga berilish unga shunchaki chalg’ish edi. Tolstoy bilan bir davrda yashagan Zigmund Freydning jinsiy ehtiyojlar eng birlamchi, degan nazariyasiga Sergiyning hayoti isbot edi. U bundan ilk daf’a barmog’ini kesib chalg’idi, ammo yakunda baribir mayl qurboniga aylandi.
Sergiyning halokatiga jism-u suratida qusur yo‘q, ammo aqlan zaif bo‘lgan qiz sabab bo‘ldi. Tolstoy bu hodisani quyidagacha tasvirlaydi: “U o‘tkinchi dunyo lazzatlaridan yuz burishga da’vat qiluvchi oyatlarni o‘qir ekan, dilida tezroq ibodatni tugatishni, savdogar va uning qiziga odam yuborib, yangi chehrani ko‘rish ishtiyoqi bilan yonardi”. Tolstoy bu o‘rinda bejizga telba obrazidan foydalanmagan. Chunki, aynan telba obrazi yordamida kundalik odamlar qila olmaydigan ishlarni, ayta olmaydigan gaplarni aytish mumkin. Shayx San’on ham “Telbadurman, telbaga yo‘qtur qalam…” degan edi. Ya’ni, ilohiy qonuniyatlar telbalarga kor qilmaydi.
Rus adabiy tanqidchisi Nikolay Chernishevskiy maqolalar to‘plamida Tolstoyning ruh dialektikasini yaratish mahorati haqida so‘z yuritib: “Tolstoy psixik hayotdagi yashirin harakatlarni shunday payqab olishga mohir yozuvchidir. Bizning fikrimizcha, uning talantidagi original xususiyat shundan iborat bo‘lsa kerak”, deb yozadi.
Yevropa romanining keyingi taraqqiyotida uch figura katta ahamiyat kasb etdi. Bulardan biri telba funksiyasidir. Uning asl xossasi – bu dunyoga begonaligi. Hayotda mavjud holatlarning birortasi bilan u kelisha olmaydi. Turmushdagi hech narsa ularni qoniqtirmaydi. Ular har qanday turmush nishonining teskari tomonini, yolg’onini ko‘rib, anglab turadilar. Zotan, ushbu siymolarning mazmun-mohiyati, tub-tubiga qadar oshkor etishga qaratilgan. Ular hamma narsani maydonga olib chiqadilar. U eng avval, muallifning o‘ziga, uning nuqtai nazariga ta’sir o‘tkazadi. Mualliflik masalasi bu o‘rinda muallifning tasvir etilayotgan voqelikka munosabatini, pozitsiyasini belgilovchi, qandaydir jiddiy o‘ylab topilgan niqobga ega bo‘lish zarurati tufayli murakkablashadi. Chin insonga nisbatan barcha noxushliklar va tengsizliklarga qarshi kurashda, ularning turmushdagi xususiy qiyofalarida ushbu figura muhim ahamiyat kasb etadi.
Telba transformatsiyasiga doir ikkinchi yo‘nalish uning muhim qahramon sifatida roman mundarijasiga kiritilishidir. “Angrovsirash” shakli XVIII asrda keng qo‘llanildi. Ushbu shakldan Tolstoy ham keng foydalangan. Misol sifatida, urush nima ekanini tushunmaydigan Pyer nuqtai nazaridan (Stendal ta’siri) Borodino jangining tasvirlanishi, Levin tilidan uning aqli bovar qilmaydigan Moskva dumasidagi dvoryanlar saylovining bayon qilinishi, shuningdek, maxsus tomoshalar, sud, mashhur ibodat marosimlari tasviri (“Tirilish”) ni ko‘rsatish mumkin”.
Nafsiga yengilgan Kasatkiy qo‘lini yuqoriga ko‘tarib, Xudoga yolvorib, ibodat qilishga tutinadi. Ammo o‘sha tavallo qiladigani muqaddas zot qani? Xudo yo‘q edi. Lev Tolstoyning mashhur bir iborasi bor: “Sizga xiyonat qilishsa, bu sizning qo‘llaringiz singani bilan teng. Siz kechirasiz, ammo endi quchoqlay olmaysiz”. Bu vaziyatda xiyonatkor Stepanning o‘zi edi. U o‘ziga, o‘zligiga xiyonat qildi.
Shu onda unga bir ilohiy karomat bo‘lib, tush ko‘ra boshlaydi. Tushida bir farishta kelib: “Bor, Pashenkadan bu yog’iga nima qilishni-yu, qanday yashashni, gunohing nima-yu, uning yukidan qanday xalos bo‘lmoqni so‘ra!” deydi. Shunda bolaligidagi do‘sti Pashenkani xotirlaydi. Sergiy bu baxtiqaro qizni mudom xarob, parishonxotir, g’arib-u faqir, xo‘rlangan-u ozurda holda ko‘rardi. Tushini Xudodan kelgan vahiy, deb qabul qilgan Sergiy Pashenkani izlab ketadi. “Shuncha vaqtgacha boshqalarni yashashga o‘rgatib yashagan odam, alaloqibat, angladimki, aslida, johil ekanman”, deydi Kasatskiy.
Xalq uni e’tirof etdi, farishta darajasida ko‘rdi. Hatto Avliyo Sergiy nomini berdi. Lekin nima bo‘lganda ham u inson edi! U Avliyo Sergiy emas, Kasatskiy edi. Insonda esa nafs, hirs bor. Shu sababdan ham inson farishta bo‘lolmaydi. Sergiy otani xalq ko‘kka ko‘targani sari u beixtiyor kibrlana boshladi. Kibr ham insonga xos edi. Avliyo Sergiy kibr bilan ham, hirs bilan ham, ishonchsizlik bilan ham mardonavor kurashdi. Biroq alaloqibat insonligiga bordi. Yutqazdi! Yana Kasatskiyga aylandi. Xudo yo‘q ekan degan xulosaga keldi va e’tiqodsizlikka yuz burgan payt unga Yaratgandan ishora keldi. Bir zumda dinga, Xudoga bo‘lgan ishonchi o‘ziga qaytdi. Inson gunoh qilmasdan turib, gunoh nima ekanini anglamaydi. Qachonki gunoh qilsa, vijdoni azoblansa, unga Xudodan mag’firat so‘raydi. Qachonki odamning barcha umidlari tugab, hech qanday ilinjsiz qolgan taqdirda Xudoga ehtiyoji borligini his etadi. Umidsizlik insonni Xudoga yetaklaydi. Tolstoyning umidsizlikka qarshi insonning eng oxirgi chorasi Xudoga e’tiqod qilish, najot Xudodandir, degan maslagi aks etadi.
Asar so‘ngida uning Pashenka sabab anglab yetgan xulosasi shu bo‘ldi: Avliyo Sergiy shu paytgacha Yaratgan uchun yashayapman deb, o‘ziga taskin berib kelibdi. Aslida umri odamlarga sarf bo‘libdi. Do‘sti Pashenka esa odamlar uchun, odamlarga yaxshilik qilish uchun yashayotgandi, ammo amallarning ajri Xudo yo‘liga yozilayotgan edi. Odam qanchalik oddiy hayot tarzida yashasa, shunchalik hokisor bo‘lishi, shunchalik kibrga berilmasdan, gunohdan asralishini Pashenkaning hayoti misolida ko‘rsatib beriladi. “Qalbda haqiqiy e’tiqod-u ishonch yo‘q ekan, boz ustiga barcha yaramas ishlaringni, gunohlaringni bilib turib ibodat qilmoqlikdan ne foyda?” deydi u. Inson e’tiqodga mukkasidan ketishi shartmas, shunchaki Yaratganga muhabbat uning yuragida bo‘lsin. Shu muhabbat bilan insonlarga qilgan yaxshiligi Xudo yo‘lida qilingan yaxshilik bo‘ladi. Bu o‘rinda muallif obrazi yaqqol namoyon bo‘ladi. Tolstoy ham kundaligida “Nimani xohlayman o‘zi? Odamlar yo‘ldan ozmasligi va azob chekmasliginimi? Shuning o‘zi hayotdagi xatolarni anglash va tuzatish vositalaridan biri emasmi? Birovlar o‘zini-o‘zi, boshqalar ikkinchisini tuzatadi. Hamma xohlaydimi, yo‘qmi, Xudoning xohishini bajaradi. Hayotdagi yagona haqiqiy baxt – bu boshqalar uchun yashash. Mening hayotimning asl maqsadi va baxt manbai esa odamlarga bo‘lgan muhabbatda”, deb yozgan.
Kasatskiyning taqdirini German Gessening “Siddhartha” asaridagi Siddharthaning o‘zi bilan taqqoslasak bo‘ladi. U o‘zini Siddhartha kabi aqliy jihatdan mukammallashtirishga harakat qildi – qo‘lidan kelgan hamma narsani, hayot uni ro‘para qilganlarning barini o‘rganishga intildi. Irodasini chiniqtirdi – o‘z-o‘ziga qoidalar yaratib, ularga amal qilishga urindi. Jismonan tanasini mukammallashtirishga kirishdi – har xil mashqlar bilan kuchini o‘stirdi, sabr-toqatga o‘rgatdi. Oxiri insonlarga yaxshilik qilish, hokisor bo‘lib yashash hayotning mazmuni ekanligini, haqiqiy, chin e’tiqod qalbda bo‘lishi lozimligini tushunib yetadi. Kasatskiy ham izlaganini Avliyo Sergiy bo‘lib emas, balki oddiygina, darvesh Stepan Kasatskiy bo‘lib topdi.
Xulosa sifatida aytganda, Tolstoyni yaxlit olib qarasak, uning kishini hayajonga soladigan bir jumboq ekanligini ko‘ramiz. Bitta odam shaxsiyatida san’atkor va islohotchi birikib ketgan yana boshqa biror odamni topish amrimahol. U bir jang maydoniga o‘xshaydi – unda doimiy ravishda kurash boradi, ulkan ziddiyatlarning ayovsiz to‘qnashuvlari ro‘y beradi, bu to‘qnashuvlar to‘lqini bir ko‘tarilib, bir pasayib turadi. Tolstoy “Avliyo Sergiy” asarida umumlashtiruvchi yig’ma metoddan foydalanadi, u hodisalar va tasviriy detallarni berish asnosida badiiy maqsadini yuzaga chiqaradi. Kasatskiyning taqdiri, fikrlari-yu a’moli vositasida diniy-falsafiy qarashlarini aks ettiradi.