March 14

Lev Tolstoyning "Tirilish" asariga taqriz

Umrining so‘nggi yillarida Tolstoy axloqiy, siyosiy va diniy mavzularda yoza boshlagan. U har qanday cherkov yoki hukumat tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga emas, balki Xudoni sevish, uning amrini bajarish orqali shaxiy kamolotga intilish hayotning eng yaxshi yo‘li ekanligiga qat’iy ishonch hosil qildi. 1901-yilga kelib, Tolstoyning radikal qarashlari uning rus pravoslav cherkovidan chetlatilishiga olib keldi. Tolstoy dunyoqarashida tobora kuchayib borayotgan ziddiyatlar uning so‘nggi yirik asarlaridan biri “Tirilish” romani (1889-1899) da o‘z aksini topdi.
Dastlab asar nomi “Konevskaya hikoyasi” bo‘lgan. 1887-yil iyun oyida huquqshunos Anatoliy Fyodorovich Koni so‘zlab bergan bir sud jarayoni haqidagi hikoya asar yaratilishiga turtki bo‘lgan. 1889-yil 6-dekabr kuni Tolstoy kundaligiga “Koni aytgan hikoya tobora butun fikr-u zikrimni egallab bormoqda”, deb yozadi.
Shundan so‘ng adib hayotiy vaziyatni badiiylashtirib, qog’ozga tushira boshlaydi va bu jarayon bir necha yillarni talab etadi. Tolstoy roman ustida ish olib borayotgan chog’ida Butirka qamoqxonasi mudiri I. M. Vinogradovnikiga tashrif buyurib, qamoqxona hayoti haqida so‘raydi. 1899-yil aprelda adib Sibirga Nikolayevskiy temiryo‘l stansiyasiga yuborilgan mahkumlar bilan birga ketish uchun qamoqxonaga keldi va bu holat asarda jonli tarzda o‘z aksini topdi. Roman chop etila boshlaganda, Tolstoy uni qayta ko‘rib chiqishni boshladi va keyingi bobning nashr etilishidan bir kun oldin “u tinchlanmadi, yozishni boshlaganida to‘xtata olmadi, u qancha ko‘p yozgan bo‘lsa, shunchalik uzoqlashdi, ko‘pincha yozganlarini o‘zgartirdi, o‘chirib tashladi”, deb xotirlaydi Sofya Tolstaya kundaliklarida.
Romanning birinchi tugallanmagan eskizida bosh qahramonning ismi Valerian Yushkov, keyingi tuzatilgan qismida Yushkin edi. Nexlyudov obrazi ko‘pgina olimlar tomonidan avtobiografik xarakterga ega, deb tan olingan, 80-yillardagi Tolstoy qarashlarini aks ettiradi. Adibning boshqa asarlarida Dmitriy Nexlyudov obrazining adabiy salaflari mavjud. Ilk marta Tolstoyning asarlarida 1854-yil yozilgan “Bolalik” qissasida shunday nomli qahramon bor edi. “Yoshlik” qissasida u trilogiyaning bosh qahramoni Nikolenkaning yaqin do‘sti sifatida tasvirlanadi. Bu yerda yosh knyaz Nexlyudov eng yorqin qahramonlardan biridir: aqlli, ma’lumotli, xushmuomala. U Nikolenkaga yordam beradi, uni bema’ni ishlarni qilishdan qaytaradi. Shuningdek, Dmitriy Nexlyudov Tolstoyning “Bodring” va “Yer egasi tongi” qissalarining ham bosh qahramonidir. “Kazaklar” qissasidagi markaziy qahramon Nexlyudovning familiyasi muallif tomonidan Olenin deb o‘zgartirilgan.
Asar epigrafdanoq Injildan iqtibos keltirish bilan boshlanib, Injilga murojaat qilish bilan yakunlanadi. Epigrafda muallif 21-oyatni keltiradi: “Shunda Pyotr unga yuzlanib dediki: Yo Rabbim! Menga qarshi gunoh qilgan birodarimni necha bor afv etsam bo‘ladi? Yetti martagachami? Hazrati Iso unga dedi: yetti martagacha demayman senga, yetti karra yetmish martagacha”. “Nima uchun birodaring ko‘zidagi cho‘pni ko‘rasan-u, o‘z ko‘zingdagi xodani payqamaysan? “(3-oyat)
Muallif oyatlar orqali asar mazmunidagi voqealarga ishora qilib, bu masalaga shaxsiy qaydlarida o‘z munosabatini bildiradi: “Boshqalarni muhokama qilish har doim noto‘g’ri. Chunki muhokama qilayotgan insonimizning qalbida nima kechgani va nima kechayotganini hech qachon bilolmaymiz”.
Hayotda bo‘lib o‘tgan oddiy voqea – bir sud jarayoni asosida yaratilgan bu asarda Tolstoy ijtimoiy adolatsizlikka asoslangan jamiyatning ichki, ma’naviy asoslarini ochib tashlaydi. Mazkur asardagi kishilar taqdiri bilan voqealarning o‘zaro chambarchas bog’liqligi masalasi “Hojimurod” qissasining ham asosini tashkil etgan.
F. Namozovning yozishicha, Tolstoy “Tirilish”, “Sergiy ota” asarlarini “duxobar” deb nomlangan mazhab kishilariga yordam berish uchun chop ettirgan. Hukumat tomonidan quvg’inga uchragan mazhabdagilarga yordam tariqasida adib “Tirilish” dan oladigan qalam haqqini ularga berishga qaror qiladi.

“Niva” jurnali asarni rus, ingliz, nemis hamda fransuz tillarida bosib chiqaradi va barcha qalam haqqi duxobarlarga o‘tkaziladi.
Adibning boshida bu asaridan ko‘ngli to‘lmaydi. 1897-yil 5-yanvar kuni kundaligiga: “Tirilish” ni qayta o‘qiy boshladim va uning uylanishga qaror bergan joyiga kelganda uloqtirib yubordim. Hammasi yolg’on, to‘qib chiqarilgan, zaif. Buzilgan narsani tuzatish qiyin. Tuzatish uchun uning his-tuyg’ulari va hayotini navbatma-navbat tasvirlash zarur. Ijobiy tomonlarini jiddiylik bilan; salbiy jihatlarini istehzoli kulgi bilan ko‘rsatish lozim”, deb yozadi. Hattoki T. L. Tolstayaga yozgan xatlarida “Tirilish” dan bezor bo‘ldim”, degan o‘rinlar ham uchraydi.
Nasab jihatdan dvoryanlardan bo‘lgan Tolstoy o‘z asarlarida, asosan, oliy tabaqa vakillarining hashamdor, ko‘zni qamashtiradigan jimjimali hayotini tasvirlaydi. “Tirilish” da esa bu an’anadan chekingan holda oddiy rus xalqining kulrang bo‘yoqli hayoti ham ochib berilgan. Roman knyaz Dmitriy Ivanovich Nexlyudovning o‘zi uchun hayot haqiqatini kashf etishi to‘g’risida.
Knyaz oliy doiraga mansub, bugungi kunda “oltin yosh” deb ataladigan qatlam vakili. Hech qachon quyi sinflarning hayoti, ishi va boshqa muammolarini bilmagan yigit. Oliy doiraning barcha xislatlari – manmanlik, xudbinlik, molparastlik va hashamat uni doimiy ta’qib etsa-da, undagi insoniylik, hayotning chin ma’nosini izlashga intilish butunlay jon bermagan. Agar undan nega o‘zingni ko‘p kishilardan baland hisoblaysan, deb so‘ralsa, u bunga javob bera olmas edi, chunki umrida biror arzigulik ish qilmagan edi. O‘zini anglashga, umrining asl motivini axtarishga bo‘lgan intilish unda uyg’onib turadi, qamoqxona hayoti bilan tanishgandan keyin bu jarayon yanada kuchayadi. Ammo oliy hayotga o‘rgangan odam uchun oddiy hayotga o‘tish oson bo‘lmaydi. Buni Tolstoy quyidagicha tasvirlaydi: “…uyquga to‘yib uyg’ongan odam o‘zini kutib turgan muhim va quvonchli ishni bajarish uchun allaqachon turishi lozimligini bilsa-da, uyqusi kelmayotganiga qaramay, to‘shakda rohatlanib yana yotgisi keladi…” Muallif biografiyasiga e’tibor qaratsak, Tolstoy ham zodagon oilaning farzandi edi. Nexlyudov kabi hayotining mazmunini anglashga bo‘lgan intilish yozuvchini bir umr tark etmadi.
Knyaz boyvachcha ammalarining qo‘lida “yarim oqsoch, yarim asrandi” bo‘lib katta bo‘lgan Katerina Maslovani uchratib qoladi. Katyusha xulqi haminqadar bo‘lgan onadan va tayini yo‘q lo‘li otadan dunyoga kelgan. Ular avvaliga bir-biriga ma’naviy ehtiyoj, pok muhabbat bilan bog’lanadi. “Erkak bilan ayol kishi o‘rtasidagi muhabbatda shunday bir daqiqa bo‘ladiki, unda muhabbat o‘z kamolot cho‘qqisiga erishadi va pok bo‘ladi”, deb yozadi Tolstoy. Nexlyudov bunday daqiqani Isoning tirilish bayrami kechasi boshidan kechiradi. Muallifning yozishicha, odamlarning bir-birini sevishi insoniyat dunyosining asosiy qonunidir. Inson o‘zini ishlashga majbur eta oladi, ammo o‘zini sevishga majbur qilolmaydi.
O‘zining ruhiy dunyosini haqiqiy “men” deb hisoblaydigan yigit harbiy xizmatdan mutlaqo boshqacha fe’l-atvorga ega bo‘lib, ya’ni sog’lom tanasi va hayvoniy nafsini “men” deb hisoblaydigan xudbin kimsaga aylanib qaytadi va achchiq, umidsizlikka to‘la, tanazzulga uchragan hayotning boshlang’ich nuqtasi bo‘lgan o‘sha kechada Katyushani yo‘ldan uradi. Bu aybini esa qizning qo‘liga 100 so‘m tutqazish bilan yuvmoqchi bo‘ladi, chunki uning nazdida, “hamma shunday qiladi, bu tabiiy…”
Shundan so‘ng, knyaz qizni yolg’iz tashlab, o‘z hayotiga g’arq bo‘ladi. “Insonning shahvoniy hirsi naqadar jirkanch. Bu hirs sof ekan, ma’naviy hayotingning yuqori pog’onasidan qarab turib, undan jirkanasan, tuban tushgudek bo‘lsang ham o‘zligingcha qolasan. Bu hirs sendan sajda qilishni talab etsa, u taqdirda, uni muqaddas sanab, yaxshidan yomonni farq qila olmay, butunlay uning qa’riga botib ketasan. Shunisi juda mudhish”, deb yozadi Tolstoy.

Shundan keyin Katyushaning oldida ikkita yo‘l bor edi: yo xizmatkor bo‘lib, xo‘rlanib, erkaklar tomonidan ta’qib etilib, kishi bilmas o‘qtin-o‘qtin buzuqilik qilish yoki yegani oldida, yemagani ortida, tinch, xotirjam, davlat tomonidan yo‘l qo‘yilgan foxishalik bilan ochiqchasiga shug’ullanish. U keyingisini tanlaydi. Shu bilan o‘zini yo‘ldan ozdirgan kishilardan o‘ch olmoqchi bo‘ladi. “Yomon harakatlar yomon ishga yo‘l ochadi, yomon fikrlar esa insonni shu yo‘lga sudraydi” deganlaridek, uning keyingi hayoti islovotxonalarda o‘ta boshlaydi.
Nexlyudov esa fohisha ayollarni tashnaligi zo‘r odamlarga taklif qilinadigan qo‘lansa, loyqa suvga mengzaydi. Shu sababdan Maslovani bu yo‘ldan olib chiqishga va uylanishga ahd qiladi. Agar Nexlyudov qilgan gunohini yuvmoqchi bo‘lmaganda, o‘sha qilmishlari naqadar katta jinoyat ekanligini anglamagan bo‘lardi, Maslova ham o‘ziga o‘tkazilgan jabrni his etmagan bo‘lardi. Qizning bu yo‘lga kirib ketishiga o‘zini aybdor deb bilgan Nexlyudov aybini yuvish imkoni bo‘lgan holatda Maslova orqali qayta tirilishi kerakligini his qiladi va hatto unga uylanmoqchi bo’ladi. Nexlyudovning bu qarorga kelishiga sababi opasi Natalya Ivanovna bilan bo’lgan suhbatida ochiladi: “Men uni emas, o‘zimni tuzatmoqchiman. Uylanish eng yaxshi chora deb o‘ylayman, undan tashqari bu meni foydali bo‘lishim mumkin bo‘lgan muhitga olib kiradi”.
U har kuni topinar, Xudodan tavfiq berishini tilardi, vaholanki, u tilagan narsa allaqachon ro‘yobga chiqqan edi. Uning dilidan joy olgan Rahmon ongini uyg’otib bo‘lgan edi. Bunday axloqiy tafakkur, ma’naviy yuksalish va tavba qilish istagida yurgan Nexlyudov qamoqxonaga kelganida, Katyushani ko‘rib hayrat va dahshat ichida qoladi. “Axir, bu o‘lik ayol”, deb o‘ylaydi, qalbida bir ovoz bu ayol uchun hech narsa qilmasligini, shunchaki pul berib, uni tark etishi lozimligini aytadi.
Odatda, o‘g’ri, qotil, josus, fohisha va hokazolar kasblaridan orlanish o‘rniga, buning tamomila aksi kuzatiladi. Taqdir va xatolari tufayli shunday alfozga tushib qolgan kimsalar tutayotgan ishlari qanchalik noto‘g’ri bo‘lmasin, turmush haqida shunday bir xulosaga kelgan bo‘ladilarki, hozirgi tutgan o‘rinlari va qilayotgan ishlari yaxshi va e’tiborli bo‘lib tuyuladi. Boylarning o‘z boyligi, lashkarboshilarning qonxo‘rliklari, hokimlarning zo‘ravonliklari bilan maqtangani shu hodisaning xuddi o‘zginasi emasmi? “Bu odamlarning hayotida o‘z mavqelarini oqlash uchun ezgulik va yovuzlik haqidagi tushunchani buzayotganliklarini ko‘rmasligimizning sababi shundaki, bunday kishilar doirasi katta, buning ustiga o‘zimiz ham xuddi shu toifa odamlardanmiz”, deya iqror bo‘ladi Tolstoy.
Maslova ham hayotga va o‘zining mavqeiga nisbatan xuddi shunday fikrda edi. U o‘zini keraksiz deb emas, balki zarur odam, deb hisoblardi. Nexlyudov uni tamomila boshqa bir olamga olib chiqmoqchi bo‘layotganini his qilgach esa unga qarshilik ko‘rsatdi, chunki bu olamda o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘yishi mumkinligini sezardi, bu hayoti o‘ziga ishonch va hurmat baxsh etardi. Yoshlik chog’idagi xotiralarni va Nexlyudov ikkovining o‘rtasidagi ilk munosabatlarni eslamaslikka harakat qilishining sababi ham shunda edi.
Maslova kunlarning birida anglashilmovchilik tufayli savdogarning o‘limida ayblanib, sud qilinadi. Charxi kajraftorning ishi bilan, bu suddagi maslahatchilar tarkibida Nexlyudov ham bor edi. U shu paytgacha qizni sira esga olmagan edi, chunki bu xotiralar unga juda azob berar va uning aybini fosh qilardi. o‘zini nihoyatda vijdonli, insofli deb biluvchi Nexlyudov uchun esa bu hol qora dog’ kabi edi va bu voqeani unutib yuborgandi. Maslovani ko‘rganda ham dastavval vijdon azobi emas, aybi ochilib, atrofdagilarning oldida sharmanda bo‘lishdan vahima hissi uni qamrab oladi. O‘z navbatida Maslova ham uni hech qachon eslamas, o‘sha stansiyadan qaytgan tundan boshlab unda keskin ruhiy o‘zgarish yuz bergan, yaxshilikka ishonmaydigan bo‘lib qolgan edi. Qolaversa, u xotirotlar Maslovaning hozirgi dunyoqarashiga tamomila zid bo‘lgani uchun ham butunlay yodidan ko‘tarilib ketgan edi.

Nexlyudov unga uylanish niyatida ekanini har safar eslatganda har gal qat’iy rad javobi berishining sababi shu ediki, Maslova o‘sha mag’rurligini yo‘qotishni istamas, eng muhimi, unga uylansa, Nexlyudovning bebaxt bo‘lishini bilardi.
Asarda o‘quvchi e’tibori ikki parallel jarayonga qaratiladi: inson nafsi va ichki “men” o‘rtasidagi kurash hamda jamiyatdagi adolatsizliklar, jinoyatchilikning urchishi sabablari. “Jinoyatchilarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan sharoitni yo‘qotish uchun hakat qilish o‘rniga bundaylarni yetishtiradigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bular fabrika va zavodlar, qovoqxona va fohishaxonalardir”. Jamiyat ularni yo‘qotmayotgani, aksincha ularga ehtiyoj sezishi Katyusha Maslovaning taqdiri misolida ko‘rsatiladi.
“Odamlar daryodek gap: hammasining suvi bir xil, hamma joyda o‘sha suvi, lekin daryo goh keng bo‘ladi, goh tor, goh tez oqadi, goh sekin, suv gohi tiniq bo‘ladi, goh loyqa, goh sovuq, goh iliq bo‘ladi. Odam shu xususiyatlarning goh birini, goh boshqasini namoyon qiladi. Ba’zi odamlarda shu o‘zgarishlar juda keskin namoyon bo‘ladi”. Nexlyudov ana shu toifa kishilardan edi: ham jismoniy, ham ma’naviy sabablarga ko‘ra, unda o‘zgarish ro‘y berardi.
Nexlyudov boshqa rus zodagonlaridan farqli o‘laroq yoshligidan xususiy mulkka boshqa tomondan nazar tashlaydi. Shu bo‘yicha ilmiy ish yozadi. Genre Jorj asarlarini o‘qiydi va Kuzminskoy qishlog’idagi dehqonlarga o‘zining shaxsiy mulkidagi yerlarni bo‘lib beradi. Ushbu holat muallifning hayotida ham bo‘lgan. 1847-yilda Tolstoy ota-onasidan qolgan mulkni ukasi bilan bo‘lishib oladi. 1200 desyatina yer, 330 dehqon va Yasnaya Polyana qishlog’i Tolstoyga tegadi. U esa o‘ziga ajratilgan yerni dehqonlarga bo’lib beradi.
Tolstoy T. M. Bondaryovga yozgan xatida bu masalaga munosabatini bildiradi: “Faqat yovvoyi, ma’rifatsiz odamlargina yer Xudoning mulki deb hisoblaydilar va yerga aloqasi yo‘q odamlar unga xo‘jayinlik qiladilar. Ular hamon yerga egalik qilib, uni sotish va sotib olishda davom etarkanlar, ularning majusiy va qaroqchilardan hech qanday farqi qolmaydi”.
Nexlyudov ham yerlarini dehqonlarga bermoqchi bo‘lganida ko‘nglida ikkilanish tug’iladi. Ilgari u mana shularning hammasidan osongina voz kechaman deb o‘ylardi, lekin hozir faqat shulargagina emas, yerga ham, endilikda juda zarur bo‘lgan daromadning yarmiga ham juda achinardi. Yerni dehqonlarga berish va xo‘jalikni tarqatib yuborish noto‘g’ri va notayin ish edi. “Shu qilayotgan ishingni vijdonan to‘g’ri qilyapman deb o‘ylaysanmi yoki odamlar ko‘zini bo‘yash, ular oldida maqtanish uchun qilyapsanmi?” deb so‘rardi Nexlyudov o‘zidan. Demak, u o‘zini o‘zi aldab yurgan ekan. Qalbida yerga egalik qilishga haqi yo‘qligini bila turib, nafsi ammorasining xohishi bilan ko‘r-ko‘rona ish qilmoqchi ekan.
Nexlyudov amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlari naqadar qiyin va yangi bo‘lmasin, uning uchun birdan-bir hayot yo‘li ekanini, avvalgi holatga qaytish naqadar oson va yengil bo‘lmasin, o‘limga olib borishini yaxshi bilardi. Xo‘jalik va yer uchun achingani o‘ziga g’alati tuyulgan Nexlyudov bir qarorga keladi: yerning hammasini dehqonlarga hadya qiladi. Shundan so‘ng, ozodlikka chiqqandek sevinib, o‘zini yangi yerlarni kashf etgan sayyohdek his qiladi. Tolstoy “Anna Karenina” keltirgan haqiqat bu o‘rinda ham yaqqol ko‘rinadi: “Qachonki inson o‘zini unutsa-yu, boshqalarga mehr qo‘ysa, shunda uning darrov orom topishi, baxtli va dilovar bo‘lishi mumkinligi isbotlanadi”.
Tolstoy ochko‘z, faqat o‘z manfaatlarini o‘ylaydigan ba’zi odamlarni ko‘pgina asarlarida tanqid qiladi. “Insonga qancha yer kerak?” nomli hikoyasida juda o‘rinli fikr o‘rtaga tashlanadi. Hikoya qahramoni Paxomning orzusi - iloji boricha ko‘proq yer-mulkning egasi bo‘lish. U shu maqsadda boshqirdlardan yer sotib olmoqchi bo‘ladi. Unga bir kunda qancha joyni egallay olsa, o‘sha yer berilishi aytiladi. Paxom yugurib-yelib, odimlab, kun bo‘yi yer o‘lchaydi. Oxiri ochlik va charchaganidan yiqiladi-yu, o‘sha joyning o‘zida jon beradi.

Hikoya shunday yakunlanadi: “Xizmatchi Paxomga qabr qazidi, uning boshidan oyog’igacha qancha yerni egallasa, shuncha qazidi: uch arshin. Va uni shu yerga ko‘mdi”. Bu bilan muallif inson nafs domiga berilib, o‘zining haddini unutib qo‘ydi. Aslida, hammaga ikki metr yer kifoya, demoqchi.
Tolstoyning mazkur “Tirilish” asari yuzasidan muallifga ko‘p ijobiy fikrlar, e’tiroflar bildirilibgina qolmasdan, tanqidlarga ham uchradi. Ingliz tanqidchisi Ernest Simmons “Tolstoy yozuvlari bilan tanishish” maqolasida asarga baho berib, “Tirilish” bir o‘lchovli va umuman asarda Tolstoyning avvalgi tafsilotlarga e’tiborini jalb qilmaydigan belgilar mavjud. Shu paytgacha Tolstoy estetik sifatdan ko‘ra ma’noni afzal ko‘rgan uslubda yozgan”, deydi.
Asarda o‘quvchi e’tibori ikki parallel jarayonga qaratiladi: inson nafsi va ichki “men” o‘rtasidagi kurash hamda jamiyatdagi adolatsizliklar, jinoyatchilikning urchishi sabablari. Jamiyatdagi ijtimoiy muammolar qamoqxonalarda chiriyotgan umrlar va bunga odatiy holdek qaraydigan “qora frak kiyib, tilla hoshiyali pensne taqib olgan” sudyalar va ularning xudbinligi tufayli yuzaga keladi. Asarda inson insonlar ustidan hukmronlik qilishi emas, balki birgalikda harakat qilishi lozimligi g’oyasi ilgari suriladi. Asarda qo‘yilgan asosiy savol: Asl aybdor kim? Sudlanuvchimi yoki sudyalarmi?
Asarda juda ko‘p va xilma-xil personajlar aks etgan bo‘lib, ularning muallif obrazini ochishda o‘z o‘rni bor. Masalan, Katerina Maslova, Vera Bogoduxovskaya, Ignatiy Nikiforovich va boshqalar. Asar voqealari sud jarayoni – aybdorlarni jazolashdan boshlanadi. Biroq Nexlyudov aksariyat voqealar ichiga kirib borar ekan, aslida sud ham nazariy tomondan sudligi, amaliy jihatdan sudning maqsadi jamiyatning hozirgi ahvolini saqlash ekanligi, shuning uchun ham jamiyat saviyasidan yuqori turgan va uni ko‘tarishga uringan siyosiy jinoyatchilarni va jamiyat saviyasidan past bo‘lgan jinoiy shaxs deb ataluvchilarni ta’qib etishi, qatl qildirishini mukammal tarzda o‘z fikrlari, qarashlari bilan isbotlab bergan.
Tolstoy hayotda olgan tajribalariga tayanib, o‘g’liga maktubida “Men faqat tafakkur va falsafa bilangina yashab bo‘lmasligini chuqur his qildim, tadbirkor, ya’ni amaliyot odami bo‘lish kerak. Bu xulosa men uchun katta saboq, hayotimdagi katta burilish hisoblanadi, bunday holat menda ilgari hech qachon bo‘lmagandi”, deb yozadi. Qamoqxonadagi ahvol - sudya, prokuror, tergovchilarning inson taqdiriga befarqligi, ularga bir matohdek munosabatda bo‘lishi, nochor kishilarning umri shu yerda behuda chirib ketayotgani Nexlyudov hayotida tub burilish yasaydi, muallif ta’biri bilan aytganda, “amaliyot odami bo‘lishga intiladi, uning ruhiyatida “tirilish” – jismoniy ehtiyojlarga qurilgan, tizgini nafs qo‘liga tutqazilgan ma’naviy poklik, insoniy oliyjanoblikka o‘tish jarayoni boshlanadi.
Bu esa Shenbokka o‘xshagan burungi oshnalaridan uzoqlashgan bo‘lishiga qaramay, o‘zini advokatdan ham, uning doirasidagi odamlardan ham battar uzoq his etishiga sabab bo‘ladi. Jamiyatda bunday hol yuzaga kelishiga turtki bo‘lgan sabablar va aybdorlarni izlaydi, buning barobarida o‘z shaxsiyatida ham katarsis jarayoni kechadi. Bu, ayniqsa, Kizeveterning najot topish, Isoning qurbon bo‘lgani haqidagi va’zini eshitganida yaqqol namoyon bo‘ladi.

“Bularning hammasi Nexlyudovga shu qadar jirkanch va yaramas ko‘rindiki, u ohista o‘rnidan turdi-da, yuzini bujmaytirib, xijolat tortganidan ixrab yubormaslikka harakat qilib, oyoq uchida yurib chiqib ketdi”.
Tolstoy hibsxonalarda umri chiriyotgan jinoyatchilarning bu ahvolga kelishiga sabab bo‘lgan jamiyat, ularni qamoqqa tiqqan sudya, prokuror, tergovchilarning o‘zi ham jinoyatchilikda ulardan kam emasligi yorqin ochib beriladi. To‘rga tushgan baliqlarga qanday munosabatda bo‘lsalar, mahbuslarga nisbatan ham shunday muomalada bo‘lardilar: to‘r qirg’oqqa tortib chiqarilib, yaroqlilari, tiriklari terib olinadi, maydalariga parvo qilinmaydi, ular qirg’oqda qolib, o‘lib ketaveradi. Sitseron aytganidek, inson jinoyat qilsa, uni sud jazolaydi. Lekin sudya jinoyat qilsachi, unga kim jazo beradi? Agar jamiyatda mana shunaqa “odil sud va sudyalar ko‘payaversa, jamiyat halokatga yuz tutadi, demoqchi bo‘ladi muallif.
Maslova bilan bo‘lgan voqea davomida Nexlyudov boshqa mahbuslarga ham yordam berishga harakat qiladi: kampir va uning o‘g’li Menshov, asossiz ravishda o‘t qo‘yishda ayblanganlar, muddati o‘tgan pasporti tufayli qamalganlar, siyosiy mahbuslar, xususan inqilobchi Vera Yefremovna va uning do‘sti Shustova. “Agar asalariga ehtiyot bo‘lmay qarasang, ularga ham, o‘zingga ham ziyon yetkazasan. Asalarilar bilan beparvo munosabatda o‘lish mumkin bo‘lmaganidek, odamlarga ham mehrsiz munosabatda bo‘lish mumkin emas”, degan tamoyil Nexlyudovni ruhlantiradi, oliy maqsadlarga, insonlarga yaxshilik qilishdek sharafli ishga yo‘naltiradi.
Nohaq qamalgan Menshov odamlarning toshko‘ngilligini ko‘rib, ezgulik va Xudodan noumid bo‘lishi mudhish hodisa bo‘lsa, qog’ozda boshqacha yozilib ketganligi tufayli shuncha begunoh odamni bu qadar sharmandalikka mahkum etib, o‘z og’aynilarini azoblab, yana yaxshi va muhim ishni bajaryapmiz deb ishongan nazoratchilar undan-da dahshatli edi. Bu o‘rinda muallif Toro degan bir amerikalik yozuvchining “Amerikada quldorlik hukm surgan paytda vijdonli odamga munosib bo‘lgan birdan bir joy – turma”, degan gapini keltiradi.
Nexlyudovga hammasidan ham ta’sir qilgani onani boladan, otani qizidan judo qilishga majbur bo‘lgan keksa, bedarmon va ko‘ngilchan mutasaddi edi. U mahbuslarni insonlarning allaqanday eng yomon navi deb bilar va hech qachon ularning iltimoslariga quloq tutmasdi. Sholcha o‘g’irlab qo‘lga tushgan bolakay Nexlyudovning birgina so‘zi bilan ozod etiladi. Gap Nexlyudovning obro‘si, qo‘li uzunligida emas, balki bu sholcha o‘g’risining aslida aybdor emasligini hamma bilib turgani, lekin uning himoyasiga hafsala qilmagani bilan izohlanadi. “Haqiqiy jinoyat, odamxo‘rliklar taygalarda, surgunlarda, avaxtalarda emas, balki ministrliklar, departamentlarda, komitetlarda ro‘y beradi”, deb yozadi Tolstoy.
Asarda Nexlyudovning do‘sti, Senat kotibi Selenin misolida ichki uyg’oqlik ko‘rsatiladi. U so‘zdagina emas, amalda ham hayotning maqsadi insonlarga xizmat qilishdan iborat, deb tushunardi. Shuning uchun insonlarga eng ko‘p naf keltiradigan kasb egasi bo‘lishni xohlardi. Uylanganida ham kibor oiladan chiqqan aslzoda qizni tanladi. Lekin uning oilaviy hayotidan ham, ishidan ham, hattoki e’tiqod qiladigan dinidan ham ko‘ngli to‘lmas edi. Bu qoniqmaslik hissi aslida noshukrlik yoki noshudlik emas. Balki, aksincha, o‘zidagi kamchiliklarni ko‘ra olish, ulardan ko‘z yummaslikdir. Odatiylik, o‘zi ko‘nikkan qobiqda yashash, hayotdan qoniqish his qilib yoxud qoniqayotgandek o‘zini ko‘rsatib yashash oson, lekin bu insonni ruhiy tanazzulga olib boradi.
Yoshlik, talabalik chog’ida va Nexlyudov bilan do‘st bo‘lgan paytida u jiddiy va vijdonli odam bo‘lgani uchun rasmiy din mavhumotlaridan ozod bo‘lganini yashirmas edi. Tarixdan, dinning kelib chiqishidan hamda inqirozidan ozgina bo‘lsa-da xabardor bo‘lgan kishi o‘zining haqligiga ishonchi komil bo‘lganidek, Selenin ham o‘zining haqligiga qattiq ishongan edi. Noma’qul narsaning noma’qulligini tasdiqlash uchun, dastavval, ana shu noma’qul narsani o‘rganish kerak, degan fikrga kelgan Selenin xatoga yo‘l qo‘ydi.

U pravoslav dinida tarbiya topgan bo‘lishiga qaramasdan, bu dinning mohiyatini yaxshi tushunmasdi. Shu sababli turli diniy asarlarni o‘qiy boshladi va “Haqiqatni anglashning yagona sharti bashoratda, u esa cherkovdagina bo‘ladi”, degan ahmoqona xulosaga keldi. Selenin o‘zini dindorman deb o‘ylasa-da, dinga bo‘lgan ishonchi boshqa narsalardan ham ko‘ra ko‘ngilga o‘tirishmaganini butun borlig’i bilan his qilardi. Shuning uchun ham uning ko‘zlari hammavaqt g’amgin edi.
Nexlyudovning shikoyati natijasiz qoldirilishiga sud maslahatchisi, senator Skovorodnikov sabab bo‘ladi. Axloq talabiga ko‘ra, Nexlyudovning Maslovaga uylanmoqchi bo‘lgani uning g’ashiga tekkani uchun so‘nggi rad javobi berish tarafdori bo‘ladi. Skovorodnikov materialist, darvinchilik tarafdori bo‘lib, axloq qoidalari yoki diniy masalalarda taassub ko‘rsatishni aqlsizlik debgina emas, o‘zi uchun shaxsiy haqorat deb bilardi. Bir fohisha tufayli vujudga kelgan bu dahmaza, Nexlyudovning bu ishga kirishishi unga jirkanch bo‘lib tuyulardi.
Sektantlar ishiga mutasaddi bo‘lgan Toporovning ta’biriga ko‘ra, uning asosiy vazifasi Xudoning o‘zi tomonidan barpo etilgan, do‘zax olovida yonmaydigan, inson kuchi larzaga keltira oladigan cherkovni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish edi. Tovuq boquvchi tovuqlarga beradigan o‘laksaga qanday qarasa, u ham dinga shunday qarardi: o‘laksa juda qo‘lansa bo‘ladi, lekin tovuqlar uni yaxshi ko‘rib yeyishadi, shuning ham ularni o‘laksa bilan boqish kerak. U xalqni o‘zidan ko‘ra tamomila boshqa maxluq deb hisoblar, o‘ziga tamomila kerak bo‘lmagan narsani xalq uchun g’oyat muhim, deb hisoblardi.
Marya Pavlovna badavlat general oilasidan chiqqanligiga qaramay, nihoyatda kamtar, boylar hayotidan nafratlanadigan, oddiy odamlarning turmushini afzal biladigan inqilobchi edi. U haqida “xayrli ish qilishni o‘ziga hunar qilib olgan”, deyishardi. Marya va Maslovani yaqinlashtirgan narsa ularning muhabbatni hayvoniy nafs deb biladiganlarga nisbatan nafrat edi. Ularning biri shu muhabbatning butun dahshatlarini boshidan kechirgani uchun undan nafratlanardi, ikkinchisi esa, uni boshidan kechirmagani holda, unga dahshatli va insonlik sharafiga isnod keltiradigan narsa, deb qarardi.
Ba’zi odamlar o‘z aql-idroklarini butun faoliyatlarini vujudga keltiruvchi asosiy kuch deb hisoblab, boshqalarning fikrini ahamiyatsiz hisoblaydi. Vladimir Simonson ham shunday toifadan edi. U jamiki tirik jonni qirishni jinoyat deb hisoblar, urushga, qatl etish va faqat odamnigina emas, hatto hayvonlarni ham o‘ldirishga qarshi edi. Nikoh to‘g’risida ham uning o‘z nazariyasi bor edi, bunga ko‘ra, ko‘payish insonning eng keyingi vazifasi, asosiy vazifasi esa hozir mavjud bo‘lgan tirik jonlarga xizmat qilishdan iborat edi. Simonson yigitlik chog’ida fohishabozlikka berilgan bo‘lsa-da, keyinchalik Nexlyudov kabi fikrlari o‘zgarib, boshqacha hayot kechira boshladi. Avaxtada ko‘rib, “ko‘p jabr-jafo ko‘rgan, ajoyib, topilmaydigan ayol” - Maslovani ko‘rib sevib qoldi va qolgan hayotini u bilan bog’lamoqchi bo‘ldi. Nexlyudovning irodasi bo‘shlik qilgan paytlarda Katyushaga uylanish majburiyati unga og’ir va g’alati tuyulardi, Simonson esa bu qarori bilan uni shu majburiyatdan qutqarardi go‘yo.
Nexlyudov oliyjanoblik qilib va o‘tgan ishlar tufayli Maslovaga uylanmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, Simonson hozir uni qanday bo‘lsa, shundayligicha, ko‘ngliga yoqqani uchun sevardi: “U ko‘p jabr-jafo ko‘rgan, ajoyib, topilmaydigan odam bo‘lgani uchun yaxshi ko‘raman. Undan menga hech narsa kerak emas. Lekin jon-dilim bilan unga yordam bergim, ahvolini yengillatgim keladi”.
Shu tariqa Nexlyudov, Maslova va Simonson uchligi vujudga keldi. Buni Krilsov hazil aralash “uch jism muammosi” deb atardi. Noyob tafakkurga ega Simonson Maslovani Nexlyudov kabi qurbonlik yoxud saxovat uchun emas, dildan yoqtirib qoldi. Katyusha esa Nexlyudovni yaxshi ko‘rardi, shuning uchun u bilan taqdirini bog’lasa, uning hayotini barbod qilgan, Simonson bilan ketgan taqdirda unga erk bergan bo‘lardi. Shu sababdan, Nexlyudovdan voz kechib, Simonson bilan qolishni afzal bildi.

Muhimi, Nexlyudov maqsadiga erishdi: bir ayolning botqoqlikdan chiqib, to‘g’ri yo‘lga chiqib olishiga ko‘maklashdi va bu yo‘lda o‘zi ham tuban illatlaridan xalos bo‘lib, qayta “tirildi”.
Nexlyudovning qarashlariga ta’sir o‘tkazuvchi sifatida asarga g’alati tabiatli chol obrazi kiritilgan. Tolstoy kundaligida: “Saroy yepiskopi yordamchisining diniy iqrori” ni o‘qidim. Undan olgan asosiy sabog’im – ruhning o‘lmasligidir”, deb yozadi. Muallif chol obraziga o‘zining qarashlarini singdirib yuboradi. Nexlyudov unga dastlab solda, so‘ng qamoqxonada ro‘baro‘ bo‘ladi. Chol hech qaysi dinga e’tiqod qilmas, faqat o‘zigagina ishonar, dinlar ko‘p, ruh esa bitta, deb ta’kidlardi. “Mendan “Oting nima?” deb so‘rashadi. Men hamma narsadan kechganman: mening otim ham, turarjoyim ham, vatanim ham, - hech nimam yo‘q. Bir o‘zimman. Otimmi? Odam! Kimni jazolashni, kimni kechirishni Xudoning o‘zi biladi, biz emas. O‘zingga O‘zing boshliq bo‘l, shunda boshliqlar kerak bo‘lmaydi”, deydi u.
Tolstoyning “Ossuriya shohi Asarxadon” hikoyasida ham xuddi shu masala ko‘tarilgan. Daho ijodkorning inson konsepsiyasiga ko‘ra, odam tana va ruhdan iborat: tana har bir kishi uchun boshqa-boshqa, ruh esa barcha uchun bitta, yagonadir. Aksar kishilar hayot mohiyatini tanada, deb biladi va o‘z huzur-halovatini ko‘zlaydi. Taassufki, bu halokat yo‘li bo‘lib, bizni azob-uqubatga olib boradi. Aslida, hayot mohiyati – ruhda, ruh esa barcha uchun bitta, yagona ekan, demak, jami odamzodning huzur- halovatini ko‘zlamoq darkor. Asl saodatga eltuvchi tanho najot yo‘li – shu. Tolstoy deydiki, ruh izmida yashashning bosh vazifasi – kimki o‘zgaga yomonlik qilsa, o‘ziga yomonlik qilgan bo‘ladi. Yoki, aksincha, kimdir o‘zgaga yaxshilik qilsa, o‘ziga yaxshilik qilgan bo‘ladi. Barchaga birdek ezgulik sog’inish, Tolstoy nazdida, eng to‘g’ri yo‘ldir.
Avaxtada begunoh yosh bolalarni osishmoqchi bo‘lishganida hech qanday qarshilik ko‘rsata olmaganidan so‘ng inqilobchi bo‘lib ketgan Krilsovning boshdan kechirganlari va u bilan yaqinlashish Nexlyudovga ilgari tushunmagan narsalarni anglatib berdi. Uning o‘limini ko‘rib hayot ma’nisi nima, inson hayotga nega keladi, nega shuncha azob chekadi, nega yashaydi? degan savollarga javob izlay boshladi. Nexlyudovning fikricha, odamlarni azob-uqubatga solib qo‘ygan mudhish yomonlikdan qutulishning birdan bir to‘g‘ri yo‘li – ular o‘zlarini Xudo oldida gunohkor deb bilishlari, shuning uchun ham boshqa odamlarni jazolash va tuzatishdan ojiz ekanliklarini tan olishlari lozim.
Uch oy mobaynida ko‘rganlaridan Nexlyudov quyidagicha tushuncha hosil qilgan edi: begunoh odamlar orasidan eng asabiy, qiziqqon, iste’dodlilari sud va ma’muriyat tomonidan tanlab olinib, ruhan va jisman halok qilinardi. Insonning tabiiy va ma’naviy hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlardan, ezgu hayotga targ’ib etuvchi kuchdan – odamlarning fikr-mulohazasi haqidagi tashvishdan, sharm-hayodan, o‘z qadr-qimmatini sezishdan mahrum etilardi. Bunday sharoitda yumshoq ko‘ngilli, axloqli odam ham o‘zini himoya qilish maqsadida dahshatli va rahmsizlarcha ish qilishga majbur bo‘ladi yoki shunday qilganlarni kechiradi. Yaxshi odamlarni yovuz, yaramas, qotillarga qo‘shib qo‘yishardiki, bu buzilgan odamlar buzilib ulgurmaganlarga bir achitqi kabi ta’sir etardi. Muassasalar jinoyatning oldini olish o‘rniga uni batamom yoyar edilar. Turmalar va avaxtalarda Nexlyudov o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan dahshatli ahvol va shu yovuzlikni qilayotgan odamlardagi bepisandlik ular imkonsiz narsaga urinayotganliklari uchun kelib chiqadi, deb hisoblaydi.
Nexlyudovning hayotga qarashlari o‘zgarishida pochchasi Ignatiy Nikiforovich bilan bo‘lgan suhbatlar muhim o‘rin tutadi. Pochchasi Nexlyudovning Maslovaga uylanmoqchi bo‘lganini uchiga chiqqan yengiltaklik va manmanlik deb hisoblar, bu boshqalardan ajralib turish, maqtanish uchun qilingan ish deb hisoblardi. Shuningdek, shaxsiy tasarrufidagi yerlarini dehqonlarga berishi masalasiga ham qarshi edi.

Ignatiy Nikiforovich sotsializm nazariyasi butun yerni baravar taqsimlashdan iborat deb hisoblar, bunday taqsimotni ma’nosiz deb bilar va buni osongina isbot qila olaman deb ishonardi. “Xususiy mulkchilik inson uchun tug’ma xususiyat. Xususiy egalik huquqi bo‘lmasa, yerni ishlashga qiziqish qolmaydi va biz yovvoyi holga qaytamiz”, deydi u. Nexlyudovning surishtiruvlari orqali qamoqdagilarning yarmi begunoh sifatida qurbon bo‘lganliklari, yerni taqsimlashda dehqon manfaatlarini hisobga olishi, sudning adolatsizligi haqidagi fikrlari pochchasini zarracha qiziqtirmaganidan so‘ng, baribir menda hali o‘zgarish oz, deya o‘z maqsadini shiddat bilan davom ettiradi.
Buyuk qalb egasi Mahatma Gandining Gujarotdagi Hridiya Kunj uy-muzeyida dunyoning buyuk insonlari qatorida rus adibi Tolstoy ham tasvirlangan. Zero, bu ikki dahoning g’oyasi yagona bo‘lgan: ular zo‘ravonlikni ezgulik bilan mahv etish mumkin, deb hisoblashgan. U Gandi bilan zo‘ravonlikning amaliy va nazariy qo‘llanilishi to‘g’risida bir yil davomida yozishmalar olib borgan. “Olov olovni o‘chirmagani kabi yovuzlik bilan yovuzlikni yo‘qotib bo‘lmaydi”, deb yozgan edi adib “Iqrornoma” sida.
Tolstoy nazdida insoniyat ma’naviy tanazzulini bartaraf etishi va chirkdan qutqarishi lozim deb topilgan Injilning ta’limoti yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslikka asoslangan edi. Adib shu ta’limotni asar oxirida bir ajnabiyning hayotiy maslagi sifatida keltiradi. U qamoqdagilarga Injil ulashadi va “Isoning qonuni bo‘yicha, bir betingga shapaloq urishsa, ikkinchi betingni ham tutib ber!” deydi. Lekin, bu so‘zlar mahbuslar tomonidan kulgi va masxaralar bilan qarshi olinadi. Tolstoy “Anna Karenina” asarida ham shu fikrni keltirib o‘tadi: “Kimki bir betingga shapati ursa, unga ikkinchi betingni ham tutib ber. agar ustingdan choponingni yechib olishsa, ichingdagi ko‘ylagingni ham yechib ber”.
Birinchi o‘zbek advokati Ubaydulla Xo‘jayev 1909-yil Saratovda yashagan paytida Tolstoyning yovuzlikka yovuzlik bilan javob bermaslik haqidagi ta’limotiga muxolif o‘laroq xat yozib, o‘sha yilning 5-iyunida javob xati olgan. Bu haqida Sirojiddin Ahmad maxsus maqola ham yozgan. Xuddi shu masala bo‘yicha yozuvchi Sherzod Ortiqov ham “Yuzning chap va o‘ng tomoni” deb nomlangan essesida “Yovuzlikka qarshi kuch ishlatmaslik kerak. Shunda yovuzlik yo‘qoladi”, degan ta’limotga o‘z munosabatini bildiradi. N. V. Shelgunov “Rus hayoti manzaralari” maqolasida Tolstoyning zulmga qarshilik ko‘rsatmaslik haqidagi qarashlarini tanqid qilgan edi.
Muallif “Tirilish” da diniy-falsafiy qarashlarini Maslovalar borgan cherkovdagi dinga xilof xatti-harakatlar tasviri bilan ifodalaydi. Bu o‘rinda u M. Baxtin o‘rgangan telba transformatsiyasiga doir “angrovsirash” shaklidan foydalanadi. Ya’ni, cherkovdagi odamlar nima uchun ibodat qilayotganlarini o‘zlari ham anglamagan holda, bema’ni mashg’ulotlar bilan band edilar. Bu yerda Iso nomidan o‘tkazilgan marosim aslida Isoni tahqirlash ekanligi cherkovda hozir bo‘lganlarning hech birining esiga ham kelmas edi. Maslova esa bu marosimlar bu dunyoda bo‘lmasa, u dunyo uchun zarur va muhim, deb ishonardi.
“Iqrornoma” da adib nasroniylarning bayramlari – Me’roj, Xudoning jamol ko‘rsatishi, cho‘qintirish, xususan tirilish hodisasi haqida so‘z yuritadi. “Asosiy bayram qayta tirilish hodisalarini eslash ediki, men uning chinligini sira tasavvur qila olmas edim. Xuddi shu kuni sirli Yevxaristiya marosimi sodir bo‘lar ediki, buni men mutlaqo tushuna olmasdim”. Asarda tirilish ikki xil ma’noda keladi:
1. Dmitriy Nexlyudovning Maslovani to‘g’ri yo‘lga qaytarish asnosida o‘zi ham ma’naviy jihatdan poklanishi masalasi;
2. Iso bilan bog‘liq marosim nomi. Nexlyudovning ko‘nglida Maslovaga nisbatan ilk muhabbat shu kuni tug’iladi. Muallif bu bilan ular o‘rtasidagi sevgining dastlab pok bo‘lganiga ishora qiladi. Asarning yana boshqa o‘rinlarida ham tirilish marosimi bilan bog’liq voqealar uchraydi.

Romanni Lev Nikolayevich o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda “tolstoycha” uslubda yakunlaydi. Yana dinga murojaat qiladi. Nexlyudov hayotidagi barcha adolatsizlik, yo‘ldan ozishlarning zamiri nimadaligiga dindan javob topadi. Oldinlari o‘ziga allaqanday erish, kulgili, hatto hazilday tuyulgan fikrlarning to‘g’rili hayotda o‘z tasdig’ini topib, oxiri hech qanday shubha tug’dirmaydigan eng sodda haqiqatga aylanadi. Shu tariqa u “Odamlar har doim o‘zlarini Xudo oldida gunohkor deb bilishlari, shuning uchun ham boshqalarni jazolash va tuzatishga ojiz ekanliklariga iqror bo‘lmoqlari kerak. Hammani kechiraverish kerak, zero dunyoda gunohdan pok odamning o‘zi yo‘qki, u boshqaga jazo bera olsin va uni tuzata olsin”, degan xulosaga keladi va shu kundan boshlab Nexlyudov uchun butunlay yangi hayot boshlanadi.
Muxtasar aytganda, muallif biografiyasi hamda qahramon ruhiyatidan kelib chiqqan holda Tolstoy va Nexlyudovning mushtarak jihatlari sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin:
1.Nexlyudov uchun uylanish masalasi tinch oilaviy hayot bag’ishlardi. Oila hozirgi tuturiqsiz hayotimga ma’no beradi, deb hisoblardi. Lekin undagi Yoshi ulg’ayib qolgan bo‘ydoqlarga xos qo‘rquv - xotin kishidek sirli zotdan ongsiz ravishda qo‘rqish hissi uylanishiga to‘sqinlik qilardi. Uylanishni yoqlab va uylanishga qarshi bo‘lgan dalillar baravar edi. Tolstoy janoblari ham “Iqrornoma” da uylanish hayotimga ma’no beradi, deb hisoblaganini, shu sababdan 34 yoshga yetganida 18 yoshli Sofya Andreyeevnaga uylanganini yozadi.
2. Tolstoy poliglot edi. Nexlyudov ham xuddi Tolstoy kabi ingliz, fransuz, nemis tilini bilardi.
3. Nexlyudov o‘zining shahardagi turmushi bilan qishloqdagi odamlarning hayotini taqqoslaganda, yer bilan osmondek farqni ko‘rdi. Ularning ahvolini ko‘ra turib, o‘zining tasarrufidagi yerlarga ega bo‘lishni shafqatsizlik va adolatsizlik deb bildi. Shu tariqa otasidan meros qolgan yerni dehqonlarga bo‘lib berdi. Xuddi shu holat muallifning biografiyasida ham aynan takrorlangan.
4. Tolstoy Dostoyevskiy va Turgenev asarlarini sevib o‘qigan holda Nexlyudov ham shu mualliflarni o‘qir edi.
5. Nexlyudovni vijdonli yigitdan xudbin kimsaga aylanishiga sabab u o‘zining shaxsiy fikri bilan emas, atrofdagilarining fikri bilan ish tutardi. U haqiqat, Xudoga e’tiqod, qashshoqlik haqida gapirganda kulgiga qolardi. Aksincha, tuban ishlar bilan shug’ullanganda, obro‘si oshib ketardi. Bu holat Tolstoyning ham yoshligida yuz bergan bo‘lib, “Iqrornoma” hamda kundaliklarida bu haqida yozib o‘tgan.
6. Nexlyudov bir necha bor qalbini “pokizalab” olardi. Kundalik daftar tutar va umrining oxirigacha shunday yashashga ahd qilib, yangicha hayot boshlardi. Lekin har safar dunyoning hoy-u havaslari tufayli tubanlashib ketaverardi. Benjamin Franklindan ilhomlangan Lev Tolstoy ham 18 yoshidan to umrining oxiriga qadar kundalik tutgan va unga kunni qanday o‘tkazganini batafsil yozibgina qolmay, balki keyingi kun uchun aniq reja ham tuzgan. Lev Tolstoyning kundaliklari uning ajoyib shaxsiyati, ichki mustaqilligi, ijodiy fikrning intensivligi, ijtimoiy va mafkuraviy hayot hodisalariga munosabatining keskinligi, o‘ziga qo‘ygan talablarining yuqoriligi bilan ahamiyatlidir.
7.Nexlyudovning ko‘nglida boshqa odamlarning ko‘nglida bo‘lgani kabi ikkita odam yashardi. Biri boshqalar uchun baxt-saodat tilovchi ma’naviy odam, ikkinchisi yolg’iz o‘zining manfaatini ko‘zlovchi hayvoniy odam. Tolstoy ham kundaliklarida shunday yozadi: “Men razil odamman, biroq qalbimning tubida bir yaxshi odam ham borki, u ba’zan uxlab qoladi”. Adibning turmush o‘rtog’i Sofya Tolstaya kundaliklarida: “Agar inson rostmana inson bo‘lish uchun dastlab iblis bo‘lishi kerak bo‘lsa, bilmadim. Erimning shunday odamlar toifasiga kirishi men uchun og’ir, darhaqiqat, og’ir”, deb yozgan.
8. Tolstoy ham qahramoni Nexlyudov kabi leytenant unvoniga ega edi. Qrim urushi paytida Tolstoy artilleriya zobiti bo‘lgan va 11 oylik qamalda Sevastopolda xizmat qilgan. Urushdagi dahshatli zo‘ravonlik va og’ir o‘limlar soni uni dahshatga soldi va u urush tugaganidan keyin imkon qadar tezroq armiyani tark etdi. 9. Asarda Krilsov “uch jism muammosi” deb atagan Nexlyudov-Maslova-Simonson ziddiyati keltiriladi. Tolstoyning o‘zi uchun maxfiy kundalik tutgan va unda 1897-yil 19-may kuni rafiqasiga jo‘natilmagan maktubda shunday qaydlar uchraydi: “Sening Taneev bilan munosabatlaring menga noqulayligidan tashqari dahshatli darajada azoblidir. Men buni senga achchiqlanib ham, iltimos qilib ham aytdim, so‘nggi paytlarda esa butunlay indamay qo‘ydim. Sendan ajralish nechog’li qiyin bo‘lmasin, uydan chiqib ketishga qaror qildim va shunda xotirjam yashashga muyassar bo‘laman, degan qarorga keldim”. Demak, Tolstoyning hayotida ham uchinchi odam bo‘lgan va u bundan azoblanib yashagan, deyish mumkin.

EʼZOZ