Abdulla Qodiriy qaytmagan hovli
Toshkentning markazida Parijning 13-kvartaliga qiyoslash mumkin boʻlgan bir mahalla bor...
Oʻsha koʻchada oq tunukalar bilan oʻralgan Samarqand darvoza mahallasining ichkarisida millatimizning buyuk adibi, qahramoni Abdulla Qodiriyning hovlisi bor.
Bilasiz, bir qator koʻchalar, bogʻlar, maktablar, kutubxona, mahalla va oliy bilimgohlar uning tabarruk nomi bilan yuritiladi.
Ammo, uning uyi hali ham muzeyga aylantirilmagan, xuddi Qodiriyning oʻzidek sodda va kamtar.
Hovlida Qodiriyning ilhom avjida yozgan asarlariyu, millat gʻamida yonib, iztirobda oʻtkazgan kunlariga guvoh buyumlar saqlanadi.
Uyda meni buyuk adibimizning nevaralari yuz- koʻzlari Qodiriyga oʻxshab ketuvchi Irfon aka kutib oldilar.
Aniqrogʻi, band boʻlsalar ham ishlarini tashlab "ekskursiya" qildirishga erinmadilar.
Uy tomon kirarkanmiz Irfon aka eshikni ochib, "Mana shu eshikdan 1937 yil 31 dekabr buvamni olib chiqib ketishgan va u shu boʻyi qaytmagan. Toʻqqiz oylik qamoqdagi soʻroq-tergov, qiynoq, xoʻrlikdan soʻng u qatl ettirilgan", - deydi.
Irfon akaning aytishicha, Habibullox Qodiriy otasini otgan askar bilan uchrashganlar.
Askarda adovatlari boʻlmagan, deydi Irfon aka axir u ham oʻz vazifasini bajargan.
Ammo Abdulla Qodiriy otilgan joy esa, uning nevarasi soʻzlariga koʻra aniq emas.
Qodiriy oʻtirib ijod qilgan tut daraxtidan yasalgan tancha (sandal), qoʻl yuvgan oftoba, hujjatlar saqlangan temir sandiq, uning rafiqasi Rahbarnisa aya kelinlikda olib kelgan sarpo sandigʻi avlodlari tomonidan tabarruk xazinadek asrab qolingan.
Irfon aka Qodiriyning suratini qoʻlga olarkan, "mana bu surat bobomni 1926 yilda qamalgan vaqtlardagi suratlari. Ular "Mushtum"da bosilgan "Yigʻindi gaplar" hikoyasidagi tanqidiy mulohazalari uchun "aksilinqilobiy harakat qilganlik"da ayblanib, qamoqqa olinganlar, turli boʻhtonlar bilan sudlanganlar. Sudda oʻzlarini mardonavor himoya qilganlar. Keyin ozodlikka chiqib ham yana haqiqatparvar boʻlib, yozishda davom etganlar. Bobom qoʻrqmas va mard odam boʻlganlar", deydi.
Qoʻrqmas va mard oʻzbekning qahramoniga tegishli yoʻl chemodanlari, soyabon va garderoblarga razm solaman.
Katta garderob, shkaflar oʻsha davrdagi yozuvchilar uyushmasidan esdalik ekan. Avval yozuvchi sifatida oʻziga aʼzo qilgan tuzum keyin uni koʻkragidan otib tashlagan...
Eskizlarini Peterburgdan keltirib, oʻzlari bosh-qosh boʻlib, qurdirgan shiypon ham bugungi mustaqillik kunlarigacha yetib kelgan.
Aytishlaricha Qodiriy shu shiyponda oʻtirib ijod qilishni yoqtirgan.
Shiypondan katta xovlining bogʻlari xuddi kaftdek koʻrinadi.
Adibdan qolgan asarlar bilan birga unga tegishli barcha buyumlar ham qadrli...
Qodiriyga dastyor boʻlgan uy buyumlarini qoʻlga olib ham faxrlanadi odam, oʻzbekning shunday buyuk mard oʻgʻloni qachondir shu oftobada qoʻl yuvgan, shu kerosin lampa yorugʻida ijod qilgan...
Irfon aka otalarining Habibulloh Qodiriy suratini olib koʻzlarida yosh bilan yana tarixga qaytadi...
"1988 yil men 17 yoshda edim otamni koʻmib, uyga qaytdik. Onam menga "bolam, otangni qabrga yuzini yerga qaratib qoʻydilaringmi? Otang shuni vasiyat qilgan edi. Yerga yuztuban qarab yotsam, zora ichiga yigʻilgan dard-alamlarim zardobi ogʻzimdan chiqib ketsa, degandi, uning ichi toʻla dardu, alam edi. Oʻzi bilan koʻp gaplarni, haqiqatlarni olib ketdi, birovga aytmadi", degandilar onam..."
"Otam koʻp haqiqatlarni aytmay oʻzlari bilan qabrga olib ketganlar. Bobom Abdulla Qodiriy "xalq dushmani" boʻlgach, otamni ham tinch qoʻyishmagan. 1945 yil 25 may kuni otamni "Xalq dushmanining oʻgʻli" sifatida olib ketishadi. Uzoq-qiynoq va soʻroqlardan keyin uni Sibirga surgun qilishadi. 1953 yil Stalin vafotidan keyin, otam ozod qilinadi. Biroq, hamon Toshkentga qaytishga ruxsat yoʻq edi. U 2 yil Qaragʻandada (Qozogʻiston) yurib, 1955 yilda 37 yoshida nihoyat uyga qaytib, oila qurgan..."
"Oʻtgan kunlar"dan ham ziyoda asar
Uy burchagidagi temir sandiqda Qodiriyning tugallanmagan asarlari saqlangan ekan.
Sandiq keyinchalik qoʻlyozmalari bilan koʻmib tashlangan.
Irfon akaning aytishicha, sandiqda Abdulla Qodiriyning nashr etilmagan "Amir Umarxonning kanizi" nomli asarining homaki varianti boʻlgan.
"Kunlardan bir kun otam, qoʻlyozmalar qay axvolda ekanligini tekshirib koʻrish maqsadida sandiqni kovlab oladi. Taqdirni qarangki, aynan oʻsha kuni uyimizga bostirib kirib, otamni qoʻlga oladilar. Otam bilan birga bobomni qoʻlyozmalarini ham olib ketishgan. Bilsangiz oʻsha vaqtlarda qogʻoz tanqis boʻlgan, shundanmi yoki boshqa sababmi otamni qiynoqlar bilan soʻroq qilishganda uning har bir soʻzlarini bobom qoʻlyozmalarining orqa boʻsh oq tarafiga qayd qilganlar. Yana soʻroq qilish chogʻida askar oʻsha qoʻlyozmalarga maxorka oʻrab chekkan va otamga ham uzatgan. Azobli bir yil davom etgan qiynoqlarda butun qoʻlyozmalar shu zayl maxorka boʻlib kul boʻlgan. Agar, birov "Abdulla Qodiriyning chop etilmagan asarini topdim," desa ishonmang. Soʻnggi qoʻlyozmalar taqdiri shunday kechgan ular saqlanib qolinmagan", deydi afsus bilan Irfon aka.
Maxorka qilib chekilgan qoʻlyozmalarda Irfon akaning aytishicha Qodiriyning yana bir durdona asari boʻlgan.
U tarixiyligi va voqealarining qiziqligi hamda bayon qilish sanʼati bilan avvalgi "Oʻtgan kunlar", "Mehrobdan chayon" asarlaridan ham ziyoda boʻlgan.
Bobom "Agar "Amir Umarxonning kanizi" asarlari bitib, eʼlon qilinsa, odamlar "Oʻtgan kunlar", "Mehrobdan chayon"ni oʻqimay qoʻyadi", degan ekanlar.
Asar haqida otam 1985 yilda "Toshkent oqshomi" gazetasida maqola chop ettirganlar.
Unda Xudoyorxonning kanizining taʼrifini eshitib, oshiq boʻlib, qoʻshin tortib borgan Xon haqida hikoya qilinadi..."
Oʻsha mashʼum kun Julqunboyning koʻkragiga oʻq qadalgan kecha, Irfon akaning tasdigʻicha bobosi Qodiriy uni otishga shaylangan askardan soʻnggi iltijo sifatida uning tunuka idishdagi suvini soʻraydi.
Askarni hayron qoldirib, Qodiriy suvni ichmaydi. U oʻsha bir kaft suv bilan tahorat oladi va ikki rakat nafl namozini oʻqib keyin uni otaverishi mumkinligini aytadi.
Askarning aytishicha Qodiriy oʻlimdan qoʻrqmagan, kiprik ham qoqmagan.
Mardlarcha oʻlimning yuziga tik boqib halok boʻlgan. Uning oʻzi yozgan quyidagi soʻzlari naqadar haqiqatligini isbotlagandi.
"Men haqiqat yoʻlida hech qanday jazodan, qiynoqdan qoʻrqmayman, agar otmoqchi boʻlsalar koʻkragimni kerib turaman".
Qodiriy qaytmagan uyning eshiklari uni ziyorat qilib keluvchilar uchun doim ochiq.
Xonadon egalari mehmondoʻst, Qodiriydan esdalik boʻlib qolgan tabarruk buyumlarni qizgʻonmay koʻrsatishadi va ular bilan bogʻliq kichik tarixlarni erinmay soʻzlab berishadi.
Maʼnaviyat va maʼrifat tadbirlaridan zerikkan chogʻingizda, vatanparvarlik haqidagi balandparvoz gaplaringiz sayozlashganda, shu tuproq uchun jonini bergan Qodiriyni yoʻqlab qoʻying...
Manba: BBC Oʻzbek xizmati