Romanlar
October 18, 2021

Graf Monte-Kristo

Elektron shaklda o‘qish

Audio shaklda tinglash

Graf Monte-Kristo

Graf Monte-Kristo (frans. Le comte de Monte Cristo) - Aleksandr Dyumaning sarguzasht romani, 1844-45 yillarda yozilgan, fransuz adabiyotining klassik asari. Muallif Oʻrtayer dengizi boʻylab sayohat qilayotganida, Montekristo orolini koʻrgan va u yerda koʻmilgan xazinalar haqida afsonani eshitgan. Bundan keyin qahramon ismini oʻylab topgan. Muallif orol nomini oʻzgartirgan xolos. Romandagi voqealar 1815-29 va 1838 yillarda boʻlib oʻtadi.

Tavsif

Asarning bosh qahramoni, dengizchi Edmon Dantes, kema kapitanining oʻlim oldi vasiyatini bajarish maqsadida Parijga xat bilan keladi. Portga kelganidan soʻng Dantes, qoʻshni qishloqdagi Mersedes ismli qizga uylanishni niyat qiladi. Lekin dushmanlarining harakatlari sababli u If qasriga qamaladi. U yerda Dantes Faria ismli abbat bilan tanishadi. Faria gʻoyat katta xazina koʻmilgan joyni biladi va oʻlimidan oldin bu sirni Dantesga ochadi. Dantes qamoqdan qochadi, xazinani topadi va dushmanlaridan qasos oladi.

Roman qahramonlari

  • Edmon Dantes-asarning bosh qahramoni, dengizchi. Adolatsizlik bilan qamaladi. Keyinchalik Graf Monte-Kristo nomi ostida taniladi.
  • Abbat Faria-Edmon Dantesning doʻsti. Olim va rohib. Dantesga xazina sirini ochadi.
  • Fernan Montego-Mersedesning qarindoshi. Baliqchi, Mersedes bilan turmush qurmoqchi boʻladi. Keyinchalik general-leytenant, Graf Morser va Fransiya peri unvonlariga sazovor boʻladi.
  • Mersedes Errera-Dantesning kelini, keyinchalik Fernanning hotini.
  • Alber de Morser-Fernan va Mersedeslarning oʻgʻli
  • Danglar-"Faraon"da ishlaydigan muhosib. Dantesga qanday xoinlik qilish haqidagi gʻoyani olgʻa suradi. Keyinchalik baron va davlatmand bankirga aylanadi.
  • Ermina Danglar-Danglarning hotini
  • Ejeni Danglar-Danglarning qizi. Kelajakda aktrisa boʻlishni orzu qiladi.
  • Jerar de Vilfor-Marsel prokurori yordamchisi. Keyinchalik Parijda qirol prokurori.
  • Rene de Sen-Meran-Vilforning birinchi hotini
  • Eloiza de Vilfor-Vilforning ikkinchi hotini, oʻgʻli Eduar uchun hamma narsaga tayyor.
  • Nuartye de Vilfor-Vilforning otasi, sobiq yakobinets va Napoleon senatori, bonapartlik klubi raisi. Keyinchalik shol kasalligiga duchor boʻladi."Bunga qaramasdan, u fikr yuritadi, u istaydi, u xarakat qiladi"
  • Valentina de Vilfor-Vilforning toʻngʻich qizi, boy merosxoʻr.
  • Eduar de Vilfor-qirol prokurorining oʻgʻli. Erka va tantiq.
  • Gaspar Kadruss-Dantesning qoʻshnisi.
  • Djovanni Bertuchcho-graf Monte-Kristo ishlarining boshqaruvchisi. Benedettoning oʻgay otasi.
  • Benedetto- surgʻun qilingan, qochgan. Qirol prokurori va baronessa Danglarning nikohsiz tugʻilgan oʻgʻli. Parij jamiyatida vikont Andrea Kavalkanti ismi bilan taniq.
  • Pyer Morrel-Marsel savdogari, "Faraon" nomli kema egasi.
  • Maksimilian Morrel-Pyer Morrelning oʻgʻli.
  • Djuli Morrel (Erbo)-Pyer Morrelning qizi.
  • Emmanyuel Erbo-Djulining eri.
  • doktor dʼAvrinyi-Vilforlar oilasi shifokori. Birinchi boʻlib bu oilaning siri haqida bilib qoladi.
  • Frans dʼEpine-Valentina de Vilforning kuyovi, Alber de Morserning doʻsti,
  • Lyusyen Debre-Fransiya Tashqi ishlar vazirligi qotibi.
  • Boshan-"Xolis ovoz" roʻznomasining muharriri, Alber de Morserning doʻsti.
  • Raul de Shato-Reno- Fransuz zodagoni, baron, vikont de Morserning doʻsti.
  • Gayde- Yaninlik pash Ali-Tebelinning qizi.
  • Luidji Vampa-yosh choʻpon, Rima atroflaridagi qaroqchilar toʻdasining boshchisi. Graf Monte-Kristoga hayoti va ozodligi bilan Buning evaziga u graf va uning doʻstlarini hech qachon tegmaslikka qasam ichgan.
  • Djakopo- korsikalik "Yosh Ameliya" tartanining motrosi."Yosh Ameliya" If qasridan qochayotgan Dantesni qutqaradi. Keyinchalik-graf kemasining kapitani.
  • Batisten- graf Monte-Kristoning kamerdineri.
  • Ali- qul, graf Monte-Kristoning hizmatkori.

Aleksandr Dyuma Graf Monte Kristo obrazini kimdan olgan?

Yozuvchi Aleksandr Dyuma eng sermahsul ijodkorlardan biri sanaladi. Uning romanlari haligacha butun dunyo kitobxonlari qo‘lidan tushmay keladi. Qiziq, yozuvchi roman syujetini qayerdan olgan? Aslida Dyuma roman qahramonlarini o‘ylab topmagan. Ularni tarixiy hujjatlar, memuar, maktub hamda arxivlarni titkilash orqali qo‘lga kiritgan. Va shundan so‘ng o‘zining boy tasavvurini ishga solib, oddiy syujetni qiziqarli asarga aylantirgan.

“Graf Monte Kristo” romani bilan ham xuddi shu hol sodir bo‘lgan. Dyuma politsiya qaydnomalarini ko‘zdan kechirayotganida bir kriminal voqeaga ko‘zi tushadi. Va uni romanining asosiga aylantiradi. Monte Kristo nomi – O‘rta Yer dengizidagi orollardan biri. Dyuma ayni shu tomonlarga sayohat qilganida mahalliy xalq vakillaridan mazkur orolda katta xazina yashirilgani haqida eshitib qoladi. Shu tariqa orolning nomi va undagi xazina bir syujetga birlashadi.

“Graf Monte Kristo” asari Dyuma ijodining gultojiga aylandi. Uni bir necha marta ekranlashtirishdi, teatr hamda televizion spektakllar olindi, hatto davomini yozib, e’lon qilganlar ham bo‘ldi.

Graf Monte Kristoning haqiqiy tarixi xuddi romandagi kabi yorqin va boy emas.
Fransua Piko o‘rtahol bir etikdo‘z bo‘ladi. Uning go‘zal qaylig‘i ham bo‘lgan. Biroq bechora Pikoning omadi kelmadi. Tanishi – Luppian ismli traktorchi ham bu qizga oshiq edi. Traktorchi va uning uch nafar o‘rtog‘i birlashib, Piko ustidan Napoleonga qarshi ayg‘oqchilik qilayapti, degan mazmunda chaquv xati uyushtirishadi. Yosh yigit 7 yil hibsxonada saqlanadi. O‘sha yerda u bir abbat bilan birga o‘tiradi. Abbat unga barcha boyligini vasiyat qilib, zindonda vafot etadi. Napoleon taxtdan ag‘darilgach, Pikoni shunchaki ozod qilib yuborishadi.

Romandagi Grafdan farqli o‘laroq Piko hibsdan aqlli va ziyoli odam bo‘lib chiqmadi. Qasos o‘tida yonayotgan haqiqiy zolimga aylandi. O‘ziga vasiyat qilingan pullarni olgan Piko o‘zining eski do‘sti Allyuni qidirib topadi. O‘z qiyofasini o‘zgartirib, do‘stining yoniga boradi va qimmatbaho uzuk va’da qilib, hibsga olinish sababini surishtiradi. Allyu sobiq do‘stini tanimasdan chaquv xati haqidagi barcha ma’lumotlarni unga oshkor qilgan.

Piko bu gaplarni eshitib, hozirda Luppian ochib olgan qimmatbaho restoranga boradi. Pikoning sobiq qallig‘i uni ikki yil kutib, Luppianga turmushga chiqqandi. Tez orada bir xiyonatkorni pichoqlangan holda topishadi, ikkinchisi esa zaharlanadi. Restoranga o‘t ketib, Luppianning qizi badnom qilinadi. O‘g‘li esa qaroqchilar to‘dasiga qo‘shilib, uzoq yillar qamalib ketadi. Sobiq qalliq g‘amdan ado bo‘ladi, Luppianning o‘zi esa pichoqlanadi.

Bu bilan voqea yakunlanmaydi. Allyu uzukni sotib, xaridorni o‘ldiradi va uzuk hamda pullarni olib, qochib ketadi. Yo‘l-yo‘lakay Pikoning o‘lmagani va barcha xiyonatkorlardan qasos olganidan xabar topgach, Allyu do‘stining ortiga tushadi. Uni bir yerto‘laga olib kirib, xazinasi qayerda yashirilganini so‘raydi. Biroq Piko hech narsa aytmagach, uni o‘ldiradi.

Bir qator jinoyatlardan keyin Allyu Angliyaga qochib qolgan. O‘limi oldidan esa barcha qilmishlarini rohibga aytib beradi. Rohib bularning barchasini yozib olib, Fransiyaga jo‘natgan. Tarixchi Jak Pyoshe keyinchalik bu hujjatni qo‘lga kiritib, politsiya qaydnomalariga kiritib qo‘yadi. Shu tariqa bu voqea Dyumaning romaniga asos bo‘lib xizmat qildi.

Dyuma asarida jinoyatchilar hech bo‘lmasa afsuslanishga ulgurib qolgan. O‘limga esa faqat eng yirik jinoyatchilargina mahkum qilingan. Qolganlar – xiyonatkorning qiz va o‘g‘illari tirik va erkinlikda qoladi. Graf Monte Kristo ularga shafqat qiladi. Sobiq qalliq ham o‘limga mahkum qilinmaydi. Grafning o‘zi esa osiyolik malika bilan umrini davom ettiradi.

Roman ekranlashtirilishi

Roman boʻyicha koʻp filmlar olingan.

  • Graf Monte-Kristo - 1908, AQSH. Rejissyorlar Frensis Boggs, Tomas Persons.
  • Graf Monte-Kristo - 1908, Italiya. Rejissyorlar Luidji Madji va Arturo Ambrozio.
  • Le Prisonnier du Château d’If (Une évasion manquée) - 1910, Fransiya. Rejissyor Viktoren Jasse.
  • Graf Monte-Kristo - 1910, AQSH.
  • Monte-Kristo - 1911, AQSH.
  • Monte-Kristo - 1912, AQSH. Rejissyor Kolin Kembill.
  • Graf Monte-Kristo - 1913, AQSH. Rejissyorlar Djozef Golden, Edvin Porter.
  • Zamonaviy Monte-Kristo - 1917, AQSH.Rejissyor Yudjin Mur.
  • Graf Monte-Kristo - 1918, Fransiya. Rejissyor Anri Pouktal, bosh rolda Leon Mato.
  • Monte-Kristo - 1922, AQSH. Rejissyor Emmet J. Flinn, bosh rolda Djon Gilbert.
  • Monte-Kristo - 1929, Fransiya. Rejissyor Genri Feskur. Bosh rollarda - Jan Anjello, Lil Dagover, Gaston Modo, Bernxard Gyoʻske.
  • Graf Monte-Kristoning topishmogʻi - 1934, AQSH. Rejissyor Roulend V. Li, bosh rollarda - Robert Donat, Elissa Landi, Sindi Blekmer.
  • Graf Monte-Kristo - 1942, Meksika. Rejissyorlar Roberto Gavaldon, Chano Urueta, bosh rolda Arturo de Kordova.
  • Graf Monte-Kristo - 1942, Fransiya, Italiya. Rejissyor Rober Verne, bosh rolda Pyer Rishar-Vilm.
  • Monte-Kristoning hotini - 1946, AQSH. Rejissyor Edgar J. Ulmer.
  • Graf Monte-Kristo - 1953, Italiya, Fransiya. Rejissyor Rober Verne, bosh rolda Jan Mare.
  • Graf Monte-Kristo - 1954, Meksika, Argentina. Rejissyor Leon Klimovskiy, bosh rolda Xorxe Mistral.
  • Graf Monte-Kristo - 1961, Italiya, Fransiya. Rejissyor Klod Otan-Lara, bosh rolda Lui Jurdan.
  • Monte-Kristoning qaytishi - 1968, Fransiya. Rejissyor Andre Yunebel.
  • Graf Monte-Kristo - 1973, Avstraliya (Multfilm). Rejissyorlar Jozef Barbera, Uillyam Xanna.
  • Graf Monte-Kristo - 1975, Buyuk Britaniya, Italiya, telefilm. Rejissyor Devid Grin, bosh rolda Richard Chemberlen.
  • Graf Monte-Kristo - 1979, Fransiya, Italiya, Olmoniya, teleserial. Rejissyor Deni de La Patelyer, bosh rolda Jak Veber.
  • If qasri mahbusi - 1988, SSRI, Fransiya. Rejissyor Georgiy Yungvald-Xilkevich, bosh rollarda Viktor Avilov, Mixail Boyarskiy.
  • Graf Monte-Kristo - 1998, serial, Olmoniya, Fransiya, Italiya. Rejissyor Jozef Dayan, bosh rollarda Jerar Depardye, Ornella Muti.
  • Graf Monte-Kristo - 2002, AQSH, Buyuk Britaniya, Irlandiya. Rejissyor Kevin Reynolds, bosh rolda Jeyms Kevizel.
  • Gankusuo-Graf Monte-Kristo (gʻor hokimi), 2005-2006 - anime-film, Yaponiya.
  • Montekristo - 2006, Argentina, teleserial.
  • Montekristo - 2008, Rossiya, teleserial.

Muallif haqida

Fransuz yozuvchisi Aleksandr Dyuma 1802-yil 24-iyul kuni Viller-Kotre (En departamenti) shahrida dunyoga kelgan. Adabiy faoliyatini 1825-yil dramaturg sifatida boshlagan uning “Ov va muhabbat” kichik pyesasidir. 1829-yilda yaratgan “Genrix III va uning saroyi” dramasi yozuvchiga muvaffaqiyat keltirdi. Dyumaning 1831-yil “Antoni”, 1832-yil “Nel minorasi” va boshqa pyesalari romantik teatr tarixidagi muhim voqeadir. 1835-yilda Dyuma birinchi tarixiy romani “Izabella Bavarskaya”ni e’lon qildi. 19-asrning 40-yilarida ketma-ket “Uch mushketor” 1844-yil, “Yigirma yildan so’ng” 1845-yil, “Vikont de Brajelon” 1848-1850-yillar tarixiy-sarguzasht romanlari paydo bo’ldi. Trilogiya tashkil etgan bu romanlarning qahramonlari umumiy – asrdan-asrga o’tib yuradi. “Qirolicha Margo” 1845-yil, “Monsoro xonim” 1846-yil, “ Qirq besh” 1847-1848-yillar - Genrix Navarrskiy haqidagi trilogiyadir. “Graf Monte-Kristo” 1945-1846-yillar zamonaviy hayot haqidagi sarguzasht roman. Dyuma romanlari va pyesalaridan tashqari esdaliklar, yo’l ocherklari va boshqa asarlar yozgan. 1858-yil yozgan “Parijdan Astraxongacha” kitobi Rossiyaga sayohati haqidadir. Yozuvchining romanlari qiziqarli, ularda hayotga faol munosabat sezilib turadi, voqealar tez rivojlanadi, qahramonlari jasur, hushchaqchaq, topqir, qiyinchiliklarni oson bartaraf qiladi va hamisha g’olib chiqadi. Yozuvchining bir qator asarlari dunyoning turli mamlakatlarida ekranlashtirilgan. “Graf Monte-Kristo”, “Uch mushketor” romanlari o’zbek tilida nashr etilgan. “Nel minorasi” pyesasi “Ajal minorasi” nomi bilan 1972-yil o’zbek tilida sahnalashtirilgan.

Ma'lumot: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi.

Mutolaada bo‘ling: