Taqriz: Ahmad A'zam. "Soyasini yo‘qotgan odam"
6-fevral kuni Kitobxonlar klubida bo‘lib o‘tgan Ahmad A'zamning "Soyasini yo‘qotgan odam" hikoyasi uchun yozilgan taqrizlar.
Elektron shaklini bu yerda yuklab oling
Taqriz 1
Ahmad A‘zamning "Soyasini yo‘qotgan odam" hikoyasi qahramoni o‘z xayollari ichida yuruvchi inson. Xayollari girdobiga shu qadar sho‘ng‘ib ketganki, real hayotdan uzilib qolgandek,go‘yo. Xayolparast insonlarning do‘sti kam bo‘ladi. Hikoya qahramonining ham do‘sti deyarli yo‘q. O‘z ichki kechinmalarini, ruhiyatidagi qarama-qarshiliklarni, hissiyotlarini bo‘lishgani, to‘kib solgani bir yupanch, bir do‘st topolmaydi.
Xayolan bunday insonni soyasi(do‘sti) yo‘q insonga qiyoslash mumkindir, ammo real hayotda-chi? Real hayotda soyasini yo‘qotgan odam ishonilishi mumkin bo‘lgan hodisa emas, lekin hikoya qahramoni hayotida bu chindan ro‘y beradi.
Endi nima bo‘larkin? Jamiyat,undagi odamlar bunday g‘ayritabiiy insonni qanday qabul qiladi? Ahmad A‘zam hikoyada shu savollarga javob izlaydi.
Ahmad A‘zam deyarli ko‘pchilik asarlarida romantik kinoyaviy unsurdan ustalik bilan foydalanadi.
Yuqorida tilga olingan hikoyada ham bu unsurdan mahorat bilan qo‘llanilganiga amin bo‘lamiz. Yozuvchi badiiy to‘qimasiga kitobxonni chindan ham ishontiradi. Aslida esa bu hayotda ro‘y berishi mumkin bo‘lmagan hodisa bo‘ladi.
Ishonilishi qiyin bo‘lgan bunday badiiy to‘qima orqali yozuvchi jamiyatda bunga bo‘lgan munosabatni ko‘rsatadi.
Bu munosabatlar ortida Ahmad A’zamning yumori va kinoyasini ko‘rishimiz mumkin. Bunday yumor Said Ahmad ijodida ham uchraydi. "Sobiq" hikoyasida buni yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Hikoya qahramoni soyasi bilan birga maqsadini ham yo‘qotgandek, tushunarsiz xayollarga g‘arq bo‘lgandek,go‘yo.
Tushim bo‘lganda, tushuntirib berardim. Tushunmayapman ham, tushuntirib ham berolmayman. Soyam yo‘q, lekin yashab kelyapman soyamni yo‘qotgan bo‘lsam-da...
Saidova Gulchehra
Taqriz 2
Bu hikoyani katta qiziqishlar bilan o'qidim, lekin juda ham tushuna olmadim. Turli xil fikrlarga keldim.
Ramziy ma'noda oladigan bo'lsak, soyasini yo'qotgan inson maqsadlarini yo'qotgan insondek go'yo. Maqsadini yo'qotgan inson ham shunga o'xshash ahvolga, hayollar og'ushiga tushadi. Inson o'z oldiga aniq bir maqsadlarni qo'ymog'i lozim kabi xulosaga kelish mumkin.
Shunday oladigan bo'lsak, inson qanday bo'lsa ham o'zini boricha qabul qilishi kerak, shukur qilishi kerak degan fikr keladi. Insonning nuqsoni bo'lsa ham hayotda borligiga shukr qilib yashashi kerak, odamlar ham uni boricha qabul qilishi lozim deb xulosalashimiz mumkin
Bularning hammasiga ko'p kitob o'qiganlikdan degan fikr ham mavjud hikoyada. Bu to'g'ri fikr emas deb hisoblayman. Agar fikr to'g'ri bo'lsa, boshlig'i ham xuddi shu ahvolga tushgan bo'lar edi, chunki boshlig'i ham shu kitoblarni o'qiganligini aytib o'tadi.
Yana bir xulosali joyi shundaki, bolaning qiz nuqsonini bilsa ham u bunga ko'nadi. Bu ham yaxshi.
Balkim asarda jamiyatdagi nuqsonlar tasvirlangandur, chunki jamiyat haqida ham gap ketadi hikoyada. Men shunga o'xshash ko'olab xulosalarga keldim, lekin asarning aniq g'oyasini anglay olmadim.
Nazarova Jasmina
Taqriz 3
Rostini aytsam, Ahmad A‘zamning bu hikoyasida biror ibratli voqea, g‘oyaviy fikr bo‘lmagani uchun tushunmay ancha qiynaldim. Keyinchalik, hikoyadan ramziylik qidira boshladim. Hikoyadagi ramziylik sifatida bugungi turmushdagi g‘alati holatni ko‘rishga harakat qildim. Bu holat odamlarning arzimagan narsalar tufayli o‘z oldidagi maqsadlarini unutib qo‘yib, boshqa insonlarning shaxsiy hayotiga e‘tiborli bo‘lishi emasmikan deb o‘yladim.
Hikoyadan ma‘lum bo‘ladiki, qahramonimiz soyasini yo‘qotib qo‘yishidan avval hamma unga bee‘tibor, o‘z ishlari bilan band bo‘lishadi. Ammo, arzimagan holat tufayli uning hamkasblari o‘z ishlariga mehr qo‘ygandek har kun ishiga erta kelib, kech ketishga odatlanadi. Hatto, yuqoridagi mansabdor shaxslar ham o‘z ishlari qolib, soyasi yo‘qolgan odamni ko‘rgani kelib-ketishlari kitobxonni o‘yga toldirib qo‘yadi. Eng g‘ayritabiiy holat qahramonning soyasini yo‘qolishiga uni ko‘p kitob o‘qishini sabab qilib ko‘rsatishadi.
Hikoyada biz e‘tibor berishimiz kerak bo‘lgan yana bir holat - bu muhabbat deb o‘ylayman. Hamma unga boshqacha ko‘z bilan qaraganda Mashxura ham ularga ergashmaydi. Haqiqiy sevishgan qalblargina hech qachon o‘zgarmaydi. Xoh soyasi bor bo‘lsin, xoh yo‘q...
Hikoyani qo‘limdan kelgancha tahlil qilishga harakat qildim. Barcha o‘qigan asarimizni oqlashga majbur emasmiz. Bu hikoyadan hech qanday ibrat ololmadim, asarni yozishda maqsad ko‘rmadim (balki, mag‘zini yaxshi chaqa olmagandirman).
Gulzina Ikromovna
Taqriz 4
SOYASINI YO‘QOTGAN ODAM YOKI MAQSADSIZ ODAM.
(Ahmad Azamning Soyasini yo‘qotgan odam hikoyasiga bildirlgan fikrim.)
Uyqudan turib hovliga chiqadi nimaga chiqanini yodidan chiqaradi. Doim o‘zgarishsiz holat, bir xillik.
Muallif soyasi yo‘q odam deganda maqsadi yo‘q nima ish qilishni bilmaydigan insoni nazarda tutgan.
Mirqosim aytdi-ku Heminguy, Folkiner degan Amerkalik odamni kitobini o‘qigani uchun soyasi yo‘qolgan deydi. Aslida bu yerda boshqa narsa nazarda tutilga yonimizdagi narsalar bilan cheklanib qolmasligimiz tashqi muhit bilan birgalikda nafas olish balki ularni doimiy kuzatishdan qo‘ldan chiqarmaslikimiz lozim. Yana bir narsa shu-ki Jahon adabiyoti ham o‘zligimizni anglab yetishimizda katta yo‘l.
Botir yig‘ilishda o‘z fikrini aytadi-ku bu yigitni ko‘nglida kiri yo‘q, faqat ko‘p kitob o‘qiydi deydi.
Inson maqsadsiz ham yashash mumkin, ammo o‘zi o‘ylagan narsalarga erisholmaydi.
Musurmonqul Suvonqulov
Taqriz 5
Ahmad Aʼzam asarlarining har biri hozirgi oʻzbek adabiyotining nodir asarlari xazinasidan munosib oʻrin olgan. Yozuvchi oʻz asarlarida xalq tili goʻzalliklarini mahorat bilan qoʻllagan, shuningdek, oʻzbek xalqining ijtimoiy va maʼnaviy-axloqiy hayotini haqqoniy, nihoyatda teran fikrlar asosida yoritib bergan betakror yozuvchilarimizdan biri hisoblanadi. Ahmad Aʼzam qahramonlari oʻz hayotini va atrofdagilarining hayotini, faoliyatini tahlil etadi, ularga tanqidiy kinoyaviy munosabatda boʻladi. Yozuvchi oʻzi bilan oʻzi gaplashayotgan, oʻzi bilan oʻzi kurashayotgan, fikrlayotgan, muhokama-mulohaza yuritayotgan kishilar ruhiyatidagi ziddiyatlarni koʻrsatib berish orqali chuqur psixologik tahlilga erishadi.
Ahmad Aʼzamning "Soyasini yoʻqotgan odam" hikoyasi qahramoni ham "oʻzi bilan oʻzi gaplashuvchi" qahramonlardan biri. Hikoya qahramoni soyasini yoʻqotib qoʻyadi. Aslida, jism borki, albatta, uning soyasi ham boʻladi. Yozuvchi hikoyada soyasini yoʻqotib qoʻygan qahramon sarguzashtlarini batafsil hikoya qiladi. Uning bu nuqsoni butun boshli tashkilotni oyoqqa turgʻizadi. Avvaliga qahramonning oʻzi bu mudhish voqeani anglamay yuraveradi. Nihoyat, hamkasbi Barot uni bu mudhish falokatdan xabardor qiladi. Ana shundan keyin qahramonimiz hayotidagi butun oʻzgarish va sarguzashtlar boshlanadi. U boshiga tushgan koʻrgulikni katta gʻalva ekanini anglab, avvaliga, xayolida boʻlajak voqealarni jonlantiradi. Uning xayolida kechgan voqelik kun kelib reallashadi. Kutilmaganda qahramonimiz barchaning diqqat-e'tiborini tortadi, uning soyasi yoʻqligini kazo-kazo amaldorlar ham kelib tomosha qilib ketishadi.
Hikoyaning mazmun-mohiyatiga kelsak, yozuvchi tasavvurga sigʻmaydigan illuziya yaratish orqali jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarga kinoyaviy tanqidiy nigoh tashlaydi. Deylik, byurokratizm, oʻz vaqtini, umrini behuda ishlarga sarf etayotgan kishilar, hamkasblarining qahramonimizning holatiga siyosiy tus berishlari, ahmoqona mulohazalar, fikrlash, siyosat, ijtimoiy tuzum ustidan yozuvchining ayyorona va aqlli kulgusini koʻrishimiz mumkin.
Sevara Oʻrinboyeva.
Taqriz 6
Мен бу асарда келтирган "Соя" сўзини икки ҳил маънода тушиндим, бири мақсадсиз одам ва иккинчиси ҳаммадан ажарлиб турувчи камчмчилиги кам одамдек.
Нега у ҳамкасбларидан, бошқа одамлардан ажралиб туради, нимага? Унинг дунё қараши анчайин кенг бўлганлиги учундир? Унинг дунёқараши кенглигини асардан қандай билиш мумкин эди? Дунё қараши кенглигини унинг уйидаги 4 мингдан ошиқ китоблари борлигидан ва кўп китоб ўқиганидан хаттоки уларнинг номи эсида қолмаганлигидан англаш қийин эмас эди. Демак, у ҳамма ҳамкасбларидан ажралиб туради.
Асарда позитив ва негатив фикрловчи инсонларни кўриш мумкин. Шу жойда "Дафтар Ҳошиясидаги битиклар" асаридан бир иқтибос эсимга тушди "Одам боласи электр сими эмаски, бирини мусбат бирини манфий десанг..."
Асарда "катталарга" (катта мансабда ишлайдиганларга) алоҳида эхтиром кўсатилиши ҳам такидланган.
Яна ўша даврдаги сиёсатни ҳам асар муаллифи китобхонларга кўрсата яққол олган.
Мен бу асардан шундай хулоса қилдим, яъни инсон ўзгалардан ажралиб турсагина унга этибор қаратади, унгача ҳеч ким сизга эътибор қаратмайди.
Hamidova Shahzoda
Taqriz 7
Ushbu hikoyani o'qishim jarayonida hikoyaning asosiy maqsadi nima ? Yozuvchi nimani tushuntirmoqchi , nima demoqchi ? shu savollarga javob izlash bo'ldi. Chunki bosh qahramonning ruhiy holati o'zgacharoq, nima qilayotganini , nima sababdan shu ishni qilayotganini tushunmaydi. Fikrimcha, bu inson o'zning maqsadi , yashashidan maqsadi ni unutgan yoki bilmaydi. Go'yoki Yo'lini unutgan yo'lovchiga o'xshaydi. Uning ko'zlagan marrasi yoki aniq bir maqsadi yo'qligi sababli qalbida va hayolida bo'shliqlar paydo bo'ldi. Nima uchun yashayotganini , yashashdan maqsadi nima ekanligini bilmaydi.Balki biz, hammamiz ham bilmasmiz ?! Balki muallif shuni nazarda tutgandir. Jamiyatdagi kamchiliklar ham to'xtalib o'tgan. Masalan, atrofidagilarni unga boshqacha nazarda qarashi yoki be'etibor munosabat bildirishi unda g'alati his larni paydo qiladi. Yozuvchi bu hikoyasida aynan nima demoqchiligini, qaysi g'oyani ochib bermoqchi bo'lganini to'liq tushunmadim. Biroq hikoyada biz ilg'amagan jihat va g'oya menimcha yana bor.
Abdusamatova Maftuna
Mutolaada bo‘ling: