February 18, 2022

Mehnat qonunchiligi bo'yicha ayollarga beriladigan qo'shimcha kafolatlar

Ish beruvchi va xodimlarning huquqlarini himoya qilish va ular uchun kafolatlar belgilash, mehnatga oid munosabatlar subyektlari o'rtasidagi nizolarni qonuniy va adolatli hal qilish masalalari mehnat qonunchiligining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi bu boradagi eng muhim qonun hujjati hisoblanadi. O'zR MKning 16-17-moddalarida ish beruvchi va xodimning asosiy mehnatga oid huquqlari mustahkamlab qo'yilgan. Ushbu huquqlar barcha toifadagi ish beruvchi va xodimlar uchun taalluqli bo'lgani holda, alohida toifadagi xodimlar uchun ham qo'shimcha huquq va imtiyozlar kafolatlanadi. Xususan, amaldagi mehnat qonunchiligi ayollar uchun ishga qabul qilish, ish vaqti va dam olish vaqti, mehnat ta'tili, mehnat shartnomasini bekor qilishga oid munosabatlarda qo'shimcha kafolatlar belgilaydi.


Quyida mehnat qonunchiligi bo'yicha ayollarga beriladigan qo'shimcha kafolatlar:

Ishga qabul qilishga oid

Mehnat kodeksining 224-moddasiga muvofiq, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador yoki uch yoshga to'lmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda ma'lum qilish shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.


Ayollar mehnati qo'llanilishi taqiqlanadigan ishlarga

Mehnat kodeksining 225-moddasiga muvofiq, mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yerosti ishlarida ayollar mehnatini qo‘llanish taqiqlanadi, yerostidagi ba’zi ishlar (jismoniy bo‘lmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat ko‘rsatish ishlari) bundan mustasnodir. Ayollarning ular uchun mumkin bo‘lgan normadan ortiq yukni ko‘tarishlari va tashishlari man etiladi.


Homilador ayollarni yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkazishga

Mehnat kodeksining 226-moddasiga muvofiq, tibbiy xulosaga asosan homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko‘rsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi. Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.


Ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkazish

Mehnat kodeksining 227-moddasiga muvofiq, ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkaziladi.


Ayollarga yillik ta’tillarni berish navbatini belgilashdagi imtiyozlar

Mehnat kodeksining 231-moddasiga muvofiq, Homilador ayollarga va bola tuqqan ayollarga yillik ta’tillar, ularning xohishiga ko‘ra, tegishlicha homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin yoxud bolani parvarishlash ta’tilidan keyin beriladi.

O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bitta va undan ortiq bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolg‘iz ota, yolg‘iz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolg‘iz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik ta’tillar, ularning xohishiga ko‘ra yoz vaqtida yoki ular uchun qulay bo‘lgan boshqa vaqtda beriladi.


Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari

Mehnat kodeksining 233-moddasiga muvofiq, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga to‘liq beriladi.


Bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar

Mehnat kodeksining 234-moddasiga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi.

Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi.

Bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillardan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham to‘liq yoki uni qismlarga bo‘lib foydalanishlari mumkin.

Ayol yoki Mehnat kodeksi 234-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar o‘z xohishlariga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tili davrida to‘liq bo‘lmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashlari mumkin. Bunda ularning nafaqa olish huquqlari saqlanib qoladi.

Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.

Bolani parvarishlash ta’tillarining vaqti, basharti jamoa shartnomasida, korxonaning boshqa lokal hujjatida yoxud mehnat shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, keyingi haq to‘lanadigan yillik ta’til olish huquqini beradigan ish stajiga qo‘shilmaydi.


Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar

Mehnat kodeksining 236-moddasiga muvofiq, ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta har biri o‘ttiz minutdan kam bo‘lmagan muddat bilan beriladi.

Ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi. Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha oylik ish haqi hisobi bo‘yicha haq to‘lanadi.

Bolasi bor ayolning xohishiga ko‘ra, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo‘shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining (ish smenasining) boshiga yoki oxiriga ko‘chirilib, ish kuni (ish smenasi) shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.

Bu tanaffuslarning aniq muddati va ularni berish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilab qo‘yiladi.

Parkent tumani yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskonsulti E.E.Baxshilloyev