Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa… yoxud Malika Diana hayotidan yarim-to'qima film "Spenser" haqida.
Maqolada spoyler deb atashga arzimaydigan film syujeti elementlaridan foydalanilgan. Umid qilamanki, bu sizning filmga bo‘lgan qiziqishingizni susayishiga emas, aksincha, tomosha jarayonini bir qadar maroqli va iloji boricha ko‘proq detallarga e’tibor berishga undash yo‘lida xizmat qiladi.
Pablo Lerrainning Spenser filmi Malika Diananing 1991-yil Rojdestvo arafasidagi 3 kunlik hayoti haqida hikoya qilib, turmush o‘rtog‘i Shahzoda Charlzning (Yelizaveta II dan so‘ng hozirda Qirol Charlz III) boshqa ayol bilan munosabatda ekanini sezib qolishi va qirollik oilasi ko‘zga ko‘rinmas bosimi ostida boshdan kechirgan ruhiy tushkunlik davrini ochib berishga harakat qiladi.
Umuman olib qaralganda, hujjatli film sanalmaydigan ushbu filmni Lerrainning erkin xayolot mahsuli desak adashmaymiz. Chunki film haqiqatdan bo‘lgan va bo‘lmagan voqealar qorishmasidan tashkil topgan.
Rejissyorning filmni yaratishdan asosiy maqsadi, Malika Diananing boshdan kechirgan turli ruhiy holatlarini ommaga yetkazish bo‘lgan va buni qoyil qolarli darajada eplay olgan ham. Millionlab insonlarning hayotidagi idol-kumiri bo‘lgan persona, nafaqat Buyuk Britaniya, balki butun dunyo tarixiga kuchli ta’sir qila olgan tragedik shaxsiyatni xayolot bilan birlashtirib, tomoshabinlar e’tiboriga sazovor bo‘lish hammaga ham emas albatta.
Spenser - bu Malika Diananing Britan qirollik oilasiga bog‘lanmasidan avvalgi, qizlik familiyasi bo‘lib, qaysidir ma’noda filmning mohiyatini ham anglashda yordam beradi va uning qirolichalik unvoniga bo‘lgan sust istaklarini va doimo qirollik oilasi tomonidan doimiy bolalik xotiralari va oilasiga taqiqlariga qarshilikni ifodalash maqsadida o‘ylangan mukammal nom desak ham bo‘ladi.
Kristen Styuart Diananing ham ichki, ham tashqi hissiyotlari-yu odatlarini shu darajada ajoyib tasvirlay olgan-ki, hatto u haqida Malika Diananing hayotdagi tansoqchilaridan biri: “O‘tgan 10 yillik ichida bir necha marotaba Malikani ekranda jonlantirishgan bo‘lsa, Styuartning ijrosi ular ichida eng yaqin kela olgani edi” - deya ta’kidlaydi - “U Diananing xulq-atvorini mukammal darajada o‘zlashtirgan va aks ettira olgan.”
Kinotanqidchilar tomonidan yaxshi kutib olingan film Styuartning ijrosi uchun unga birinchi Oskar nominatsiyasini olib kelgan.
Bunga qaramay tarmoqlarda filmning reytinglari o‘zi aslichalik emas va nisbatan past. Bunga sabab qilib esa shunchaki jamoatning Kristenga allergiyasi borligini ayta olaman. Ha, uning ba'zi tarixdagi noma'qul xulq-atvori uchun omma xurmatidan mosuvo bo'lgan. Lekin, so'nggi yillarda aktrisa rol o'ynagan filmlari uning biroz bo'lsada ulg'ayganini ko'rsatishini hisobga olsak, Styuart ham o'z yo'nalishidagi maxoratli aktrisalardan biri deyishga uyalmasak ham bo'ladi.
Darren Aronofskiy-cha uslubda yaratilgan va o‘zida psixologik drama va xorror janri elementlarini mujassamlashtirgan film tomoshabinning ruhiyatiga sezilarli darajada ta’sir qila oladi. Nafaqat aktyorlar ijrosi balki texnik jihatlardan ham qoyilmaqom daraja ishlangan filmga kinematograf Kler Maton va kompozitor Jonni Grinvudning qo‘shgan hissasini ta’kidlab o‘tish albatta joiz.
Kler Maton, fransuz, sanoqli ayol kinematograflardan biri, siz uni “A Portrait of a Lady on Fire” va "Petit Maman" filmlari orqali taniysiz. Odatiy hujjatli filmlar, biografiyalarda tasvirlanilganidek “o‘tkirlik” yo‘q ekranda, balki tushdagidek, goh nostalgik, goh qo‘rqinchli taassurot uyg‘ota oladigan kinematografiya filmni Diananing ichki dunyosidan olib tomoshabinning ko‘ziga solib qo‘yadigandek bo‘ladi. Hozirgi kunda urfda bo‘lishiga qaramasdan, Maton filmni Kodak Super 16mm va Super 35mm kinotasmali kameralar yordamida suratga olgan. Filming o‘zi xos ko‘rinishiga erishish uchun rejissyor Lerrain bilan birgalikda Stenli Kubrikning tarixiy janrdagi Barri Lindon (1975) va Murvatli Apelsin (1971) filmlarining operatorlik jihatidan tahlil qilib chiqishgan.
Film saundtrek musiqalariga keladigan bo‘lsak, bu haqida ko‘p gapirishni hojati yo‘q. Kompozitor - Radiohead guruhi a’zosi, pianist va gitaristi - Jonni Grinvud bo‘lib, u dastavval rejissyor Pol Tomas Anderson bilan ko‘p yillik hamkorligi bilan kino olamida mashhurlikka erishgan. U Andersonning There Will Be Blood (2007), Likoris Pitsa(2021) Phantom Thread (2017), The Master (2012)filmlariga, bundan tashqari 2021-yili Oskar nominatsiyasini olib kelgan “The Power of the Dog” filmiga musiqa bastalagan. Grinvudning nozik Jaz elementlari-yu og‘ir barokko uslubi aralashmasidan hosil bo‘lgan klassik ko‘rinishdagi musiqalari ekranda nima bo‘layotganini ko‘r odamga ham yetkazib bera oladi deb o‘ylayman.
Xo‘sh, endi maqola nega Alisher Navoiyning misralarini sarlavha qilib tanlaganim haqida biroz to‘xtalib o‘tsam:
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Uels malikasi bo‘lgan Diana Britaniya qirollik oilasiga kelin bo‘lib kelgach, butun turmushi davomida atrofdagilar unga begonadek muomalada bo‘lishgan, Turmush o‘rtog‘I Charlz bilan ham to‘ydan keyingi dastlabki yillardayoq sovuqchilik tusha boshlagandi.
Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulg‘a tikondek oshyon bo‘lmas emish.
Bamisoli bulbul sifatida oltin qafas(qirollik oilasi)ga qamalgan Diana, qafas ichidan unib chiqayotgan - bir kun kelib qirolicha bo‘lish lavozimidek tikanli gul uni azobga duchor qilgan edi.
Diananing hayoti yechilmagan jumboqlarga to‘la bir kitobdek bo‘lsa kerak, u haqida to‘liqroq bilmoqchi bo‘lsangiz sizga “The Crown” serialini tavsiya qilib qolaman.
Pablo Lerrain 216-yilgi “Jeki” filmi muvaffaqiyatidan so‘ng o‘z karyerasini yana bir dokudrama bilan boyita olgan desak adashmaymiz. Rejissyorning o‘tgan yili premyera qilingan “El Conde” filmi ham kinotanqidchilar orasida anchayin mashhurlikka erishgani ta’kidlab o‘tishga arziydi.
Xulosa qilib aytganda," Spenser " tarixiy fantastika va psixologik drama janrlarini mohirona aralashmasi bo‘lib, Malika Diananing ruhiyatini chuqur yoritib berilgan asar sifatida yuqori o‘rinlarda turadi. Kristen Styuartning Diana obrazi ham hayajonli, ham hamdardlikka chaqiruvchan bo‘lib, uning ichki "meni" bilan bo‘lgan kurashini ochib beradi. Film kinematografiyasi va atmosferali musiqalari uning hikoyasini yanada ishonarliroq qiladi. Pablo Lerrain Diananing hayotidagi qisqa, ammo eng muhim davrlardan biriga e’tibor qaratib, tomoshabinda unutilmas taassurot qoldiradi, o‘ziga xos, ozodlik va bardosh tuyg‘ulariga kuchli yo‘g‘rilgan ajoyib hikoyasini yaratadi.