Filmlar ro'yhati
October 4, 2023

Kuz Atmosferasida Ko'rish Uchun TOP 10 Filmlar | TO'RTINCHI DEVOR

Fantastic Mr. Fox

Daraxt barglari sarg'ayib, yer qizg'ish rangga burkanishni, kunlar sovishni boshlagan payt uyda, iliq adyol qo'yniga burkanib, issiq qavha ila shunday yoqimli damlarni yanada go'zalroq his qilishga yordam beradigan film tomosha qilishga nima yetsin-a!? Quyida sizga kuz tarovatini baxshida eta oladigan TOP 10 filmlar ro'yhatini qoldirmoqdamiz:

1. Garri Sallini Uchratganida (1989)

Rejissyor: Rob Reyner

When Harry Met Sally

Garri va Salli hayotining bir necha yillik hikoyasidan so'zlovchi klassik romantik komediya. Markaziy Hiyobonning ajoyib iliq kafelaridagi yig'inlardan tortib, do'stlik-u sevgining baland-pastlarini ham o'z ichiga olgan film bizga Nyu-Yorkning fasllar aro jozibasining qanday o'zgarishini ham ko'rsatib beradi.

2. Zakovatli Uill Xanting (1997)

Rejissyor: Gus Van Sant

Good Will Hunting

Ushbu yurakni quvontiradigan drama Bostondagi hayot qiyinchiliklariga qarshi tinmay harakat qilayotgan yosh daho Uill Xanting haqida hikoya qiladi. Filmning Massachusets shtatidagi kuz sahnalari mavsumning go'zalligini va o'z-o'zini kashf etishning g'aroyib qudratini o'zida maftunkor akslantirgan.

3. Kichik Xonimlar (2019)

Rejissyor: Greta Gervig

Little Women

Gervigning Luiza Mey Alkott tomonidan yozilgan sevimli roman ekranizatsiyasi to'rt opa-sigillarni fusnkor Yangi Angliya muhitida jonlantiradi. Filmning kuz sahnalari sodda go'zallikka to'ldirilgan bo'lib, 19-asr kuz muhitiga sho'ng'ishni istaganlar uchun mukammal tanlov, desak adashmaymiz.

4. Ayol Ifori (1992)

Rejissyor: Martin Brest

Scent of a Women

Al Pachinoning jizzaki iste'fodagi armiya ofitseri haqidagi bu hikoyada unutilmas ijrosi bilan Yangi Angliyadagi go'zal kuz mavsumi fonida sharaf, do'stlik va lahza qadriga yetish mavzularini o'ziga rom qilarli darajada ko'rsatib bera olgan.

5. Oktyabr Osmoni (1999)

Rejissyor: Jo Jonston

October Sky

Real voqealar asosida suratga olingan "Oktyabr Osmoni" filmi g'arbiy Virjiniyadagi ko'mir qazuvchi shaharcha fonida yosh yigitning orzulariga intilishi haqidagi ilhomlantiruvchi hikoyani bizga so'zlab beradi. Filmning kuzgi manzaralari qahramonimiz duch keladigan qiyinchiliklarga chiroyli kontrast beradi.

6. O'lik Shoirlar Jamiyati (1989)

Rejissyor: Piter Vayr

Dead Poets Society

Faqat o'g'il bolalar uchun mo'ljallangan elitalarni voyaga yetkazib beradigan qat'iy maktabda o'z fikri, qarashlari adabiyotga bo'lgan mehrlarini ulug'lovchi bir guruh yoshlar haqida hikoya qiluvchi shedevr. Kampus atrofida jamiyat faoliyati yuritiladigan o'rmonlar kuzgi qiyofasi filmga o'zgacha kayfiyat bag'ishlaydi.

7. Qoyilmaqom Janob Foks (2009)

Rejissyor: Ues Anderson

Fantastic Mr. Fox

Ayyor tulkining tovuqxonalarga doimiy hujumlaridan charchagan g'azabnok fermerlar dushmanlarini va uning "ayyor" oilasini yo'q qilishga tayyorlanmoqda. Ues Andersonning eng go'zal filmlaridan biri bo'lgan ushbu stop-moushn animatsiya balki ro'yhatga eng ko'p mos tushdigan nomzod bo'lsa kerak.

8. Nyu-Yorkda Kuz (2000)

Rejissyor: Joan Chen

Autumn in New York

Uchiga chiqqan xotinboz o'lim tashxisi qo'yilgan qizni sevib qoladi. Vinona Rayder va Richard Gir ishtirokidagi nozik drama. Sevgi, yoq'tish va ikkinchi imkoniyat haqidagi ajoyib film.

9. Qinidan Chiqqan Pichoqlar (2019)

Rejissyor: Rian Jonson

Knives Out

Xususiy detektiv taniqli yozuvchining o'limi bilan bog'liq murakkab ishni ochishga kirishgan. Daniel Kreyg ishtirokidagi kriminal komediya. Filmning kuzgi atmosferasi syujetga qo'shimcha sirlar va intriga qatlamini qo'shgan desak ham bo'ladi.

10. Garri Potter Filmlari (2001-2011)

Harry Potter Film Collection

Bu mo'jizaviy kinoolam haqida nimadir deyish shart emas, uni shunchaki qayta tomosha qilish kerak xolos. 8ta filmli marafon boshlashning ayni vaqti.

Ro'yhatdan tashqarida ham juda ko'p filmlar qolib ketgan. Sizda ro'yhatga qo'sharli qanday variantlar bor? Izohlarda qoldiring. Shunday qilib, sevimli adyolingiz va yeyishga nimadir olib kelib olingda, bugundan kuzgi kino marafoningizni boshlayvering!

Tayyorladi: Jamshidbek Toshpo'latov



TO'RTINCHI DEVOR TELEGRAM KANALI UCHUN MAXSUS

A Enigma Uz Project