January 27, 2019

1968-1969 yillar Namangan shahrida meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng sovuq qish fasli bo'lgan.

Namangan meteorologik stansiyasi - Namangan shahrida o'z faoliyatini 1878-yilda boshlagan bo'lib, stansiyada shu kundan boshlab, 140 yil davomida muntazam meteo kuzatuvlar amalga oshirilmoqda.

Kuzatuvlar tarixidagi eng sovuq qish fasli 1968-1969 yildagi qish mavsumiga to'g'ri kelib, bunda, qish faslining uch oyi - dekabr, yanvar va fevral oylari birdek sovuq kelgan. Namangan shaxri uchun kuzatuvlar tarixidagi eng sovuq kun ham xuddi shu qish mavsumiga to'g'ri kelgan bo'lib, yanvar oyida havo harorati selsiy bo'yicha -25,8 darajaga pasaygan.

1968-1969 yil qish mavsumi juda sovuq kelganligi bilan bir qatorda, ushbu qish mavsumi yog'ingarchilik miqdorining me'yordan 2,5 barobar ko'p miqdorda yog'ganligi bilan ham ajralib turadi. Mavsumning yanvar oyida qor shu qadar ko'p yog'ganki, yerda 3-yanvar kuni shakllangan qor qoplami 1969-yilning 11-mart kuniga qadar erimasdan turgan. 67 kun davomida yerda muntazam ravishda oppoq qor qoplami erimagan ekan.

Undan tashqari, ushbu qish mavsumida Namangan shahri kuzatuvlar tarixidagi eng baland qor qoplami shakllangan davr ham bo'lgan ekan. 1969-yil 2-fevral kuni Namangan meteorologik stansiyasi meteorologik maydonchasida qor qoplami balandligi maksimum 48 sm(qariyib yarim metr)ni tashkil etgan.

Meteorolog: Abdulahatov E.I