March 4, 2025

"Qalbi singanlarga" kitobidan iqtibos

Ezop o‘zining masallaridan birida shunday deydi:
«Eman daraxti qamishga aytdi:
– Namuncha zaifsan?! Bitta chumchuq ustingga qo‘nsa, egilib ketasan. Yengil shabada essa, boshing qiyshayadi. Mana, menga qara, qanday mustahkam turaman. Quyosh nuri bilan kurashaman. Shamolni yengaman. Sen uchun bo‘rondek bo‘lgan shamol men uchun yengil shabadadir. Menga hech kimning kuchi yetmaydi!
Qamish Emanga dedi:
– Men shamoldan sendek qo‘rqmayman. Shamol esganida o‘tib ketishi uchun egilib turaman. Sen tik turganing uchun shoxlaring sinib ketadi!
Qamish gapini tugatar-tugatmas bir shamol keldi. U yana boshini egdi. Emanning esa shoxlari birma-bir sinib tusha boshladi».
 
Bu hikoyani o‘qishim bilan xotiramga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning:
مَن يُحرَمِ الرِّفقَ يُحرَمِ الخيرَ كلَّه
«Kim muloyimlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, yaxshilikning hammasidan mahrum qilinibdi» degan gaplari va yana:


ما كان الرِّفقُ في شَيءٍ قَطُّ إلَّا زانَه، ولا كان الخُرْقُ في شَيءٍ إلَّا شانَه
«Yumshoqlik nima narsada bo‘lsa, uni ziynatlaydi, nima narsadan tortib olinsa, uni aybli qilib qo‘yadi», degan gaplari keldi.
 
Hayot turli hodisalarga to‘la. Kuchli bo‘ron kelganida inson boshini past qilib uni o‘tkazib yuborishi kerak. Bu husni xulqdan, hayot odobidan, aslning tozaligidandir!
Hamma uyda er-xotin o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Bunday holatlarda burunni ko‘tarib takabburlik qilish oilalarni barbod qiladi, qalblarni parchalaydi, o‘rtada nafrat paydo qiladi. Qay birimizdir o‘zini eshitmaganga yoki bilmaganga olishi bilan turmush davomiy bo‘ladi. Zero, bunaqangi holatlarda g‘olib bo‘lishga intilish ikkinchi tomonni sindirish va oilaning aybini ochishdir.
Jamiyatdagi oilalar orasidagi kelishmovchiliklarda ham g‘oliblikka intilish silai rahmning uzilishiga olib keladi. Bu xuddi insonning o‘ziga nayza sanchishi va o‘zi bilan kurashishiga o‘xshaydi!
Ammo aqiyda, din va asoslarga bog‘liq masalalarda shoxlarimiz sinib tugasa ham, eman daraxti kabi sabot bilan turishimiz lozim.
Oilada, do‘stlar davrasida, qo‘shnilar va hamkasblar bilan bog‘liq masalalarda xuddi qamish singari yumshoq bo‘lishimiz kerak. Yumshoq o‘simlikning shoxi ko‘payadi. Alloh taolo yumshoq insonlarga boshqalarga bermagan narsalarni beradi.

🚗 Oʻzbekiston boʻylab yetkazib berish xizmati mavjud!

✉️ • Xarid qilish uchun:
✍🏻 @Falaq_nashr_admin
+998771919131 | +998771919141