Muqaddas Ramazon oyi fazilatlari
Ko‘kni qizartirgan so‘nggi shafaqlar.
Ufq ortiga nihon bo‘lgan bu zamon.
Sog‘inch ko‘zlaridan to‘kilgan yoshlar
Bir-la bezalganda gardishi osmon.
Rahmat xazinasin ochqichi bo‘lib,
Ko‘kka ko‘tarildi misoli kamon.
Feruza gumbazli osmon toqiga,
Chiqibdur muborak mohi Ramazon!
Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, o‘n bir oyga cho‘zilgan sog‘inch va ishtiyoqdan so‘ng nihoyat oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur'on oyi bo‘lmish muborak mohi Ramazon o‘zining tarovati, saxovati va barakoti bilan olamga tashrif buyurib, boshimiz uzra rahmat soyaboni bo‘lib turibdi.
Jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning eng ulug‘i va eng fazilatlisi bo‘lmish bu oyni bir olam shodligu quvonch bilan kutib olmoqdalar. Hamma bir-biridan shirin, bir-biridan ezgu orzu umidlar og‘ushida. Kimdir Ramazon ro‘zasini bu yil to‘liq tutib, o‘ttiz kun mobaynida tarovehlarda Qur'on xatmiga some' bo‘lib, ko‘plab savob orttirish niyatida bo‘lsa, kimdir bu sanoqli kunlar mobaynida Qur'oni karimni to‘liq o‘qib tushirish ilinjida. Kimdir, bu bebaho va betakror toat mavsumida o‘zini har tomonlama isloh etib, xatolarini tuzatish, hasad, ginayu kudurat, xusumat kabi ma'naviy illatlardan qalbini musaffo etib, o‘zi uchun pokiza hayot sahifasini ochishni qasd qilgan bo‘lsa, yana kimdir xayrli ishlar uchun boshqa vaqtlardagidan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar beriladigan bu qimmatli fursatlarni g‘animat bilib, mehru muruvvat, saxovat va silai rahm kabi olijanob ishlardan imkon qadar ko‘proq zaxira to‘plash maqsadida Ramazonning kelishiga intiq.
Ha, azizlar, Ramazon mana shunday o‘xshashi yo‘q, fazilatda tengi yo‘q muborak oy. U ezgulik sayli, toat mavsumi, yaxshiliklar musobaqasidir. O‘tgan ulug‘larimiz Ramazonga shunday intiq bo‘lishar ediki, hatto oylar davomida “Ey Alloh, bizlarni Ramazonga eson-omon yetkaz!”, deya Yaratganga iltijolar qilardilar. Ramazon kelib, uning har lahzasini ezgu amallar uchun zaxira qilishgach, yana bir necha oylar davomida “Ey Alloh, bizdan Ramazondagi amallarimizni qabul et!”, deya tinmay duoda bo‘lardilar.
Solih salaflarimizning Ramazonga munosabatlari ana shunday edi. U zotlar butunboshli yilga Ramazon orqali nazar solganlar. Ramazonni yilning asosi va mehvari deb bilganlar. Shu bois ham yarim yil davomida Parvardigordan Ramazondagi ibodatlarini qabul qilishni so‘rasalar, qolgan oylarni “Ramazonga yetkaz!” degan iltijo tillaridan tushmagan.
Zero, Alloh taolo O‘zining buyuk irodasi va cheksiz hikmati taqozosi bilan o‘zi yaratgan maxluqotlarini fazl va ustunlikda bir-biridan farqli va tafovut qiladigan qilib yaratgan. Ba'zi makonlarni boshqasidan, ayrim zamonlarni o‘zgasidan ortiq va afzal qilib qo‘ygan. Oyu-kunlar orasidan ba'zilarini tanlab olib, ularni ezgulik mavsumlari, toat va ibodat kunlari, qurbat hosil qilish vaqtlari qilib belgilagan. Bular yil mobaynida hadya tariqasida berilgan rahmat nafhalaridir. Kim ularga e'tibor berib, yaxshiliklaridan bahramand bo‘lib qolsa, o‘sha haqiqiy baxtiyor kishidir.
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilib dedilar: "Butun umringiz davomida yaxshilik talabgori bo‘lib, Alloh azza va jallaning rahmat shabadalariga yo‘liqing! Zero, Allohning rahmati jumlasidan bo‘lgan shabadalari borki, ularni bandalaridan xohlaganiga nasib qiladi" (Tabaroniy, Bayhaqiy, Ibn Abdul-Barr, Abu Nuaym, Ibn Asokir va boshqalar rivoyati).
Ana shunday rahmat nafhalaridan biri Ramazon oyidir. Bu oy boshqa oylarga nisbatan fazilatu ustunlikda bamisoli quyoshning boshqa sayyoralarga nisbatan ustunligi kabidir. Alloh taolo Ramazon oyini boshqa barcha oylardan oliy va mufazzal qildi. Uni ko‘plab buyuk fazilatlar va ulug‘ imtiyozlar bilan xosladi. Imom Tabaroniy Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar.
Ramazon oyining fazilatlarini sanab tugatib bo‘lmaydi. Islomning bosh manbai, insoniyatning qiyomatgacha hayot dasturi Qur'oni karim shu oyda nozil bo‘lgandir. Ushbu oyda Islom tarixiga zarhal harflar bilan yozilgan juda ko‘p olamshumul voqealar sodir bo‘lgan. Shu bois butun dunyo musulmonlari ushbu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi.
Ramazon Qur'on oyidir. Qur'on bilan ro‘za oyi orasidagi mustahkam aloqa va bog‘liqlikni Ramazonning ilk kuni kirishi bilanoq har bir musulmon kishi o‘z qalbining tub-tubidan his etadi. Va o‘ta kuchli muhabbat va qiziqish bilan Rabbisining Kitobini mutolaa qilishga kirishadi. Uning oyatlari borasida tafakkur yuritadi, Unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat oladi. Masjidlar namozxonlar va Qur'on tilovat qiluvchilar bilan to‘lib ketadi. Dunyodagi bor masjidlarda Qur'oni karim xatmi boshlanadi. Va bu holat o‘zining lisoni holi ila butun olamga bu oy Qur'on oyi ekanligini baralla e'lon qiladi.
Alloh taolo dedi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir” (Baqara surasi, 185-oyat).
Tafsir kitoblarida kelishicha, Qur'oni karim Ramazon oyining Qadr kechasida Lavhi mahfuzdan dunyo osmoniga tushirilgan. So‘ngra, yigirma uch yil davomida voqea hodisalar rivojiga muvofiq ravishda bo‘lib-bo‘lib Payg‘ambarimizga indirilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Qur'onni Jabroil alayhissalom nazoratlaridan to‘liq o‘tkazib olar edilar. Bu ulug‘ farishta bilan birgalikda Qur'oni karimni dars qilardilar. Vafot topadigan yillarida esa, Qur'onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar.
Salafi solihlarimiz ham bu muborak oyda Qur'oni karim uchun alohida e'tibor va vaqt ajratganlar. Faqih olimlar ham bu oyda ilm bilan shug‘ullanishni butunlay yig‘ishtirib yoki kamaytirib, Qur'on mutolaasiga iqbol etganlar. Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) Qur'oni karimni har kuni o‘qib tushirar edilar. Boshqa ba'zilar Qur'oni karim qiroatini uch kunda nihoyasiga yetkazar edilar. Yana birlari bir haftada xatm qilsalar, boshqalar o‘n kunda o‘qib bitirar edilar. Qatoda (rahimahulloh) Qur'onni doimo har yetti kunda xatm qilsalar, Ramazon kelganda har uch kunda o‘qib tushirar, oxirgi o‘n kunlik kirganda esa har kechada xatm qilardilar. Imom Shofeiy (rahimahulloh) Qur'oni karimni Ramazonda oltmish marta xatm qilardilar. Imom Molik (rahmatullohi alayh) Ramazon oyi kirganda hadis ilmi va ulamolar bilan bo‘lgan ilm majlislarini to‘xtatib, Qur'on qiroatiga yuzlanar edilar. Sufyon Savriy esa Ramazon kirib kelganda hamma qo‘shimcha ibodatlarni yig‘ishtirib, o‘zini Qur'on tilovatiga bag‘ishlardi.
Ramazon xayr-saxovat oyidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lib ketardilar.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadilar: "Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Ul zotga Qur'onni ta'lim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda – ayniqsa cho‘qqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga yaxshilik bilan muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq bo‘lishga odatlanganlar. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand bo‘lib, mo‘minlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayru ehsonlari bilan bir qatorda zakotlarini ham shu oyda chiqaradilar.
Bu oy tunggi namozlar va nafl ibodatlar oyi hamdir. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a'zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar. (Imom Muslim rivoyati)
Ramazon oyidagi tunggi namozlar fiqh istilohida “taroveh” deyiladi. Bu namozni o‘qish barcha musulmonlar uchun sunnat hisoblanadi. Musulmonlar g‘ofil qolib, bu namozni o‘tkazib yubormasliklari kerak. Chunki Ramazondagi nafl namozlar uchun beriladigan ulug‘ savoblar boshqa oylarda berilmaydi.
Bu oyda jin-shaytonlarning eng yomonlari zanjirband qilinadi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) sahobalariga xushxabar berib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, ko‘p yaxshilikdan mahrum bo‘libdi” (Ahmad ibn Hanbal, Nasoiy, Bayhaqiy, Ibn Abu Shayba va Ishoq ibn Rohavayhlar rivoyati, isnodi sahih).
Ramazon rahmat oyidir. Ramazonda Alloh taoloning rahmati jo‘sh uradi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Ramazon bo‘lganda rahmat eshiklari ochiladi», deyilgan. Ramazonning avvalgi o‘n kunligi nafaqat oyning, balki yilning «rahmat kunlari» hisoblanadi.
Ramazon mag‘firat oyi. Uning o‘rtadagi o‘n kuni nafaqat oyning, balki yilning «mag‘firat kunlari» hisoblanadi. Ramazon fazilati haqida Salmon (roziyallohu anhu) qilgan rivoyatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir», deganlar.
Ramazonning oxirgi kechasi mag‘firat kechasidir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Ramazon do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Ramazon oyida jannat darvozalari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi. Chunki, bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘lgan gunoh-ma'siyatlar va yaramas, jirkanch, uyatli ishlar kamroq sodir etiladi. Jannat darvozalari musulmonlarni xayrli ishlarga shoshilishga targ‘ib qilib ham ochiladi. Do‘zax eshiklari esa, gunohlardan qaytgan, istig‘for aytgan, afsus-nadomat chekkan, qayta qilmaslikka niyat qilgan holda tavba qilishga targ‘ib qilib yopiladi. Natijada, bu oyda vafot etgan va ruhi do‘zaxga mahkum qilingan kimsalar, bu oyning sharofati ila shu oyning oxirigacha do‘zaxga kiritilmay turadi. Jannatning barcha darvozalari ochilishi Ramazon oyida yer yuziga Allohning rahmati ko‘p nozil bo‘lishiga ham ishoradir. Uning oxirgi o‘n kunligi «do‘zaxdan ozod bo‘lish» kunlari sanaladi. Shu bilan birga, Ramazonda har kecha son-sanoqsiz kishilar do‘zaxdan ozod qilinadi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazonda har kecha Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor», deganlar.
Ramazon duo oyi. Ramazon oyining har kunida qabul bo‘ladigan bir duo bor. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilib dedilar: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor” (Imom Ahmad, Bazzor va boshqalar rivoyati).
Agar bu duo ro‘za paytida, ayniqsa, iftordan salgina oldin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi” (Ibn Moja, Termiziy, Ahmad ibn Hanbal, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, Tayolisiy, Ibn Xuzayma va Ishoq ibn Rohavayhlar rivoyati).
Bu zikr qilinganlar Ramazon oyining barcha fazilatlarini to‘la qamrab ololmaydi, balki, mazkur fazilatlar oldida daryodan ayrim tomchilar xolos. Yo‘qsa, uning fazilatu xususiyatlarini sanab adog‘iga yetkazish mushkuldir. Alloh taolodan yolborib so‘raymizki, bu muborak oyni, rahmat va mag‘firat oyini, do‘zaxdan najot beriladigan, duolar ijobat qilinadigan Ramazon oyini barchamizga xayrli va barakotli qilsin! Uni taqvo ne'matiga erishishimiz uchun vasila qilsin! Omin!
Rahmatulloh Sayfuddinov
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi