December 5, 2018

Omadli insonlar sizga nisbatan 5 karra ko‘proq ulgurishining 12 sababi

Ba'zida ayrim kishilar hayotini o‘rganish jarayonida kam vaqt ichida ko‘p narsaga ulgurganiga duch kelinadi. Bu esa kishini o‘yga toldiradi: buning siri nimada bo‘lishi mumkin? O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning aksariyati bajarishi kerak bo‘lgan ishlarning ro‘yxatini tuzib, unga og‘ishmay amal qilish barobarida o‘z bilimini oshirib borishga ham yaxshigina sarmoya sarflashgan.

Ehtimol siz ham hayotida sermahsullikka erishgan, bir-ikki soatda oddiy insonlar kunbo‘yi qiladigan ishlarni bajarib tashlaydigan kamida bir kishi bilan tanishdirsiz. Aynan u hayotdagi omadli insonlardan biridir, balki. E'tiboringizga havola etilayotgan maqolada bir nechta odatlarni mujassam etgan va o‘zlashtirgan holda siz ham shunday omadli insonga aylanish imkoni haqida so‘z yuritiladi. Albatta, ular sizga bir lahzada omma ko‘z o‘ngidagi kishiga aylanishni kafolatlamaydi, biroq qaysidir ma'noda olg‘a siljishga yordam beradi. Business Insider omadli insonlarning ko‘proq ulgurishiga doir 12 sababni keltiradi.

1. Ular ishlarni aniqlab belgilab olishadi

Aksariyat kishilarning kunlik ish ro‘yxati shunchaki eslatmalardan iborat. U yerda birinchi galda bajariladigan ishlar va vaqtinchalik chegaralar yo‘q. Ro‘yxatingizda tuzilma bo‘lishi kerak, aks holda ularning bari qog‘ozda qolib ketadi. Bunda eng yaxshi usul kartochkalarni olib, ularga aynan bugun bajarish shart bo‘lgan ishlardan beshtadan yozib chiqing. Bunda albatta, qog‘ozdan foydalanish shart emas, smartfoningizdagi ilova ham sizga qo‘l keladi. Ulgurdingizmi, ajoyib, ammo yodda tuting, 5 ta vazifa eng kam chegaradir.

2. Ular velosipedni qayta kashf qilish shart emasligini bilishadi

Ko‘pchilik ish va vaqtini boshqara oladigan umuman yangi va mukammal texnika ixtiro qilish orqaligina muvaffaqiyatga erishish mumkin, deb hisoblaydi. Ammo omadli insonlarning aksariyati mavjud usullarning birini tanlashadi — bunda ularga mobil ilovalar yoki boshqa dasturlar yordam berishi mumkin.

3. Ular katta maqsadlarni alohida vazifalarga bo‘lib chiqishadi

Omadli insonlar eng ulkan maqsadlariga olib boradigan ishlarni kichik guruhlarga bo‘lib chiqishadi. Shunda ularni uddalash oson bo‘ladi. Shu bilan birga, har bir qadam aniq bo‘lgach, umumiy jarayonni tushunish qulay bo‘ladi. Siz har kuni bir nechta kichik vazifalarni bajarar ekansiz, sizda uddalash hissiyoti paydo bo‘ladi.

4. Ular chalg‘ituvchi omillarni yo‘q qilishadi va diqqatni yo‘qotishmaydi

Atrofimizda chalg‘ituvchi omillar keragidan ortiqcha. Ammo sizdan talab qilinadigan narsa bitta, u ham bo‘lsa maqsadga diqqatni jamlash. Asosiy vazifani belgilab olgandan so‘ng, siz uni hammasini birdaniga bajarishga uringandan ko‘ra, tezroq uddalaysiz.

5. Ular samaradorlikka intilishadi, bandlikka emas

Omadli insonlar faqatgina ish bilan band emaslar, ular to‘g‘ri tanlangan ish bilan bandlar. Bunda eng murakkabi ishning o‘zi emas, balki sizning barchasini o‘z nazoratingizga olishga urinishingizdir. Mayda-chuyda ishlar va yuzaki mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmay, muhim ishlar bilan shug‘ullaning. Aks holda dolzarb vazifalar ertaga qolaveradi.

6. Ular kelajakka boqishadi

Serquvvat insonlar o‘tmishga boqishmaydiyu. Ular olg‘a qadam tashlab, kelajaklarini barpo etishni xohlashadi. Ha ortga qarash mumkin, ammo qanday natijalarga erishganingizni anglash uchun. Taraqqiyotga erishish, demakki, to‘xtovsiz oldinga intilishdir.

7. Ular qat'iyat bahosini bilishadi

Omadli insonlar muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lsang, kerakli natijaga erishmaguncha, qat'iyat namoyish etib, taslim bo‘lmaslik kerakligini yaxshi tushunishadi. Bunda o‘ziga ham, boshqalarga ham talabchan bo‘lish juda muhimdir.

8. Ular qat'iyatlilik bor joyda taraqqiyot bo‘lishini yaxshi anglaydi

Eng omadli insonlar hech narsa qilmasdan natijagaham erishib bo‘lmasligini tushunishadi. Ular turli xil variantlarni ko‘rib chiqish, muhokama qilish o‘rniga aniq harakatlarga diqqatni qaratishadi.

9. Ular o‘zlarini taraqqiy ettirishga ham sarmoya sarflashadi

Samarador insonlar o‘z iqtidorlari, qobiliyat hamda manfaatlarini yuzaga chiqarish, tarbiyalash uchun ham vaqt va mablag‘larini ayashmaydi. Eng yaxshi hissa bu o‘zingizga sarflangan sarmoyadir.

10. Ular xatolarini tan olib, undan xulosa chiqarishadi

Agar xatomizni yashirishga urinsak yoki e'tiborsiz qoldirsak, u yana takrorlanadi. Xatongizni tan olish bilan siz hammasini tuzatish uchun ilk qadamni tashlaysiz va kelgusi safar yaxshiroq natijaga erishasiz. Ko‘plab insonlar shu yo‘l bilan o‘z xatolaridan o‘rganishlari mumkin edi, ammo ular xatolarini tan olishni inkor etishadi.

11. Ular muvaffaqiyat kaliti o‘zlarida ekanini bilishadi

Mas'uliyatni o‘z zimmangizga olar ekansiz, o‘yinni o‘z qoidalaringiz asosida o‘tkazasiz. Xatolaringiz uchun javob berishingizni unutmang, natijani qo‘lga kiriting va o‘zingizga nisbatan rostgo‘y bo‘ling — axir o‘z muvaffaqiyatini aniqlab, baholay oladigan ham o‘zingiz.

12. Ular boshqalarga chin ko‘ngildan yordam berishadi

Va nihoyat, hayotda muvaffaqiyat qozonuvchi insonlar ko‘p narsa atrofdagilar bilan qanday muomala qilishga bog‘liq ekanini yaxshi anglashadi. Boshqalarga yordam berar ekansiz,biz o‘zimizga yordam beramiz. Eng katta qadriyat — bu yorqin aql emas, balki yordam berishga oshiqadigan qalbdir. Yaxshi tinglovchi bo‘lishga hamda yordam qo‘lini cho‘zuvchi bo‘lishga tayyor turing. Boshqalarga orzularini ro‘yobga chiqarishga yordam berar ekansiz, o‘zingizning orzungizga yaqinlashasiz.