Suv ichish formulasi: isroillik shifokorlar kun davomida qancha suv ichish kerakligini aniqladi
Sutkasiga qancha suv ichish kerak va suvsizlanishning eng birinchi belgilarini qanday payqash mumkin?
Suvsizlanish belgilari
Yengil suvsizlanish holatlarida kishi chanqoqni his qiladi, ishtahasi yo‘qoladi, teri esa qurib ketadi. O‘rta darajadagi suvsizlanish kuchli chanqoq, nimjonlik, og‘izning qurishi, bosh og‘rig‘i va bosh aylanishini keltirib chiqaradi. O‘tirgan holatdan tik holatga o‘tish qon bosimining pasayib ketishi va hushni yo‘qotishga olib kelishi mumkin.
Bolalar va chaqaloqlarning suvsizlanish belgilari: ko‘z yoshsiz yig‘lash, peshob chiqarishning kamayishi.
Organizm suyuqligining besh foizi yo‘qotilgan kuchli suvsizlanish yurak urishining tezlashishi, nafas siqishi, arterial qon bosimining pasayishi, uyquchanlik, hushsizlik, talvasa va hushdan ketishga olib kelishi mumkin. Tana 15 foiz suyuqlik yo‘qotishi hayot uchun xavfli hisoblanadi.
Peshob rangini kuzatib borish muhim sanaladi: uning rangi och sariq rangda bo‘lishi lozim. To‘q sariq yoki jigarrang peshob suvsizlanish belgisidir.
Suvni chanqoq hissi paydo bo‘lmasdan ichish kerak. Chanqoq hissi suvsizlanish allaqachon boshlanganligini bildiradi.
Suvsizlanish nima uchun xavfli?
Suvsizlanish organizmdagi natriy va kaliy tuzlari muvozanatini o‘zgartiradi, bu esa buyrak va yurak funksiyalarini izdan chiqaradi. Bundan tashqari, suyuqlik yo‘qotish miya va boshqa organlarga qon kelishini kamaytiradi.
Agar harorat organizm o‘z-o‘zini sovuta olmaydigan darajaga yetsa, oqsillarning quyilishi boshlanadi (tuxum qaynatilganda kabi), bu esa organizmga hayot uchun xavfli zarba beradi.
Tavsiya: qancha suv ichish lozim?
Bu savolga turli xil javoblar mavjud. Bir formulaga ko‘ra sog‘lom odam uchun bir sutkalik suyuqlik miqdori quyidagicha aniqlanadi: vazn (kilogrammlarda) 30 ga ko‘paytiriladi va 1000 ga bo‘linadi.
Masalan, vazni 70 kilogramm bo‘lgan odam 70 x 30 : 1000=2,1 litr suv ichishi kerak. Bu kuniga taxminan 9 stakanga to‘g‘ri keladi.
Mazkur formulaga muvofiq, vazni 30 kilogramm bo‘lgan bola kuniga 0,9 litr yoki taxminan 4 stakan suv ichishi lozim.
Biroq bu formulaning muammoli jihati u faqat sog‘lom kishilarga mo‘ljallangan. Jismoniy harakatlar, atrof-muhit shart-sharoitlari (ob-havo, namlik) va shaxsiy belgilar: yosh, jins kabilarni hisobga olmaydi.
Sportchi chanqoq hissini suvsizlanish bosqichida his qiladi. Xalqaro tavsiyalar quyidagicha: mashg‘ulotdan oldingi uch yoki to‘rt soat davomida tananing har bir kilogrammi uchun 5—7 ml suv ichish. Ya’ni vazni 70 kilogramm bo‘lgan odam mashg‘ulotga qadar 450 ml (2—3 stakan) suv ichishi lozim.
Agar kishi peshob chiqarmasa yoki peshob to‘q rangda bo‘lsa, mashg‘ulotdan bir soat avval har bir kilogramm uchun yana 3—5 ml suv ichish kerak bo‘ladi.
Peshob hajmi katta kishilarda kuniga 0,5 dan 2 litrgacha, bolalarda vaznning har bir kilogrammiga 12 ml, juda kichik bolalarda esa 24 ml ni tashkil etishi lozim.
Nima ichish tavsiya qilinadi?
Ichish uchun eng yaxshi suyuqlik suv hisoblanadi. Semirishga olib keluvchi shirin ichimliklar ichish tavsiya etilmaydi. Tarkibida kofein bo‘lgan ichimliklarni ham cheklash lozim. Ularning peshob haydash xususiyati organizmning suyuqlik yo‘qotishini ko‘paytiradi.