July 17, 2023

"Ikkimiz"

Tilsim

I QISM

Turibman.
Qo'llarim muzlagan.
Yolg'izman.
Men kirishim mumkin bo'lmagan joyda yolg'izman.
U uchun kelganman, ikkimiz uchun.

Har doimgi bir xil tongni otaverishi ham bezdirgan holatda uyqudan uyg'ondim va derazadan tashqariga qarab osmonni kuzata boshladim. Uyimiz oldida katta ikkita terak bor, shu ikkisini kuzatib o'tirishga oshno bo'lganman. Buvim aytganlari bo'yicha ularni ekilishiga rahmatli bobom sababchi bo'lgan, bir-biriga halaqit bermasin deb ikki terakni uzoqroqqa chamalashgan bo'lsa ham, oshiqlik ikkisini ortasidagi masofaga ham qaramasdan ularni birlashtirgan. Ular birlashgan...huddi insonlar kabi. Ertalabki badantarbiyam shu ikki sevishganlarga ularni ruhsatisiz termulishim. Shunchaki emas...hasad bilan. Sevmagan inson sevgangan havas qilarkanmi?! Kim aytdi? Men hasaddaman, to bu mavzu insonlarni miyyasigacha yetib, ularni shu so'zni tilga olmaslik holatiga solib qo'ygan bo'lsa ham.

-Qizim,- onam eshikni ochib menga tikilib - turganmiding? Namuncha , chaqirsam ham eshitmaysan?! Tur, ovqatlan, maktabga ketish kerak.
-Oyi, bugun majlis bor ekan.
-Qanaqa majlis? - onam hayron yuzlari bilan.
-Anavi-da, yutganim-ku "Bilimlar bellashuvi"da. Esizdami?
-Xa, hop, nima bo'larkan? - deb so'roqqa tutishni boshladilar.
-Oyi... endi borib bilib kelaman, bo'ldi ovqatlanishga chiqmasam hozir darsga kech qolaman.

Ertalabki nonushtani o'lgudek yomon ko'raman, majburman, unda mana bu yelkamdagi og'irlik charchab qoladi. Otam doimgidek erta ketadi, ba'zida ularni hatto ko'ra olmayman. Ular bilan suhbatlashga vaqt ham topa olmayman ba'zida. Shunaqa zerikarli hayot. Maktab-uy-maktab. Ertakni boshi bor oyog'i yo'q. Huddi matematika faniga o'xshab....A'lochi bo'lsam ham, matematikaga bo'lgan nafratimni hech kim yo'qota olmasdi. Hayronman, qanday qilib onam va otam matematika o'qituvchilari? Qanaqasiga shu oilani bir qismiman?
Maktabga yo'l olganimda, mahalladagi g'iybatchi opalarning suqilgan nigohlaridan zo'rg'a sirpanib o'tardim. Ular uchun shunchalik "mavzu" edimki, har safar nima qilmoqchi ekanligimga, nimalarga qatnashayotganligimga qiziqaverib, meni o'qishdan bezdirishardi. Xa, bu rost! O'qishni juda yomon ko'rardim. Qiziqishim men tanlagan va tanlovda qatnashgan fan emas edi. Fizikani yaxshi ko'rardim, astronom bo'lmoqchi edim, NASA qalbimda edi o'sha vaqt. Onam esa bu fanni o'zlashtirish qiyinligini aytib, meni boshimga tarixni olib kelgandilar. Hozir 6-sinfman, tarixdan "Bilimlar bellashuvi"ning maktab bosqichida yutgan oddiy fizikani sevuvchi insonman xolos. Agar shu yoshimda meni inson deb aytib bo'lsa...

Majlisga yig'ildik, direktorimiz yangi. Eskisi yaxshi edi. Xushmuomala, pulni ta'limdan ham ko'proq yaxshi ko'rsa-da, o'quvchilariga bag'rini ochgan edi. Qanday grand bo'lmasin, pul berib bo'lsa ham yutib olib chiqardi. Bilim bo'yicha hatto tumanda eng oxirgi bo'lsak ham, tanish-bilish bo'yicha birinchida edik. Lekin yangi direktor keldi, pul mavzusi yopildi. O'ta halol inson edi. O'ta... Aslida, o'sha vaqtda pul hech nima emasligini , bilim esa o'lsam ham kerak bo'lishini tushungandim. Yetmaganiga yangi bo'lsa ham talabchan edi, 1 haftada 6 ta o'qituvchi bo'shab ketdi. Joylar bo'sh qoldi, endi musobaqadan tuman bosqichiga chiqqanlar, birin ketin o'z fanlari bo'yicha o'quvchilarga yangi pedagoglar topilguncha kirib dars o'tishardi.

Majlis boshlandi.

-Kelinglar ketma-ketlikda tanishib olamiz,- deb Nargiza opa (yangi direktorimiz) gap boshladi. - Men Nargiza Rustamovna, yangi direktor. Nima bo'lsa ham endi, yutish kerak.
Eshitishimcha, yangi direktorimizni eri Oliy Majlisda deputat ekan, shunga direktor bo'lganligiga ishonchimiz komil edi. Uni boshidanoq hech kim qabul qilmay qo'ygandi, hamma oq'ituvchi unga yaxshi ko'rinishga harakat qilar, atrofida girdi kapalak bo'lardi. Meni esa bundan ko'nglim behuzurlanardi. Shunchalik tanamda jirkanchlik paydo bo'lardiki, nega shu insonni ko'ziga yaxshi ko'rinishim kerak ekanligini tushunmasdim. U ketma-ket tuman bosqichiga chiqqanlarni o'qiy boshladi. Men 6-sinflarni ro'yahtida eng so'nggisi ekanman.
-Saodat Nabiyeva?
-Men - deb o'rnimdan turdim, - Saodatman.
-Tarixni yaxshi ko'rasanmi? - deb behosdan so'rab qoldi. Tarixni yomon ko'raman, hammasini yomon ko'raman, ayniqsa sanalarni. Har ovqat qultumini tomog'imdan o'tkazayotganimda ko'zimni oldida tosh asri gavdalanadi, ildizni yeyotgandek har chaynashimda bir tiqilaman, tushimda alla-balo narsalar kiradi. Otamni aytishicha, tushimda ham neandertallarni eslar ekanman. Ulardan nafratlanaman. Hammasidan.
-Xa, juda yaxshi ko'raman , - deb javob berdim. Nima derdim yana?
Keyingi navbatdagi odamlar 7-sinflar, ularni bo'tako'z degan o'simlikka o'xshatardim, tushunarsiz turishardi, bir-biriga yopishib.
-Abror Sodiqov ... Abror?
-Men...
Kimdir turdi, turdi-yu fikrlarimni buzdi, butunlay yo'q qilib yubordi. Unga tikilib qoldim. O'rnidan turgan vaqt u yopib turgan quyosh ko'zimni qamashtirdi, shunchalik ko'zlarim qamashgan edi, unga na to'liq qaray olardim, u shunchalik viqorli, shunchalik o'zgacha...unga qiziqib qolgandim.