December 3, 2024

Uvol...

Muallif: Tilsim (Farzona Kayumova)

Har doimgidek tong. Bir xil, umuman o'zgarmagan. Nimadir o'zgarish bo'lishi mumkin, lekin ahamiyatli emas. Shunchaki, asossiz va ortiqcha e'tiborsiz. Juda katta o'zgarish hayotimda hozircha, avtobus bekatiga o'z vaqtida shoshilmasdan yetib borish bo'lsa kerak.
Universitet. Hayotimdagi dastlabki eng ahamiyatsiz davr. Bittirishimga 2 yil qolgan bo'lsa ham, dastlabki davrda ishonch bilan qo'yilgan qadamlardan darak umuman qolmagan. Majburlikdan kelishimni bildirmaslik uchun, o'rta me'yona o'qishga harakat qilaman doim.
"Doim" - degan so'zdan nafratlanaman, lekin har kuni ishlatish uchun mo'ljallangan asab tizimini ko'tarib yurganimni sezish juda qiyin. Hammasi biran yoqimsiz.
Kursdoshlar bilan ham gaplashadigan gap qolmagan, hammasini kamida bitta bolasi va boshida "tog'dek" qaynonasi bor. Nafas olishga vaqti yo'q insonlardek ko'rinadi ko'zimga. Men o'la-o'la oladigan bahoyimni, qaynonasini qanday ekanligini aytib bemalol qo'ydirib olishadi. O'lay agar, o'sha vaqtda xo'rligim keladi. Lekin orzular borda, shunaqa mashmashalarga aralashishdan oldin bajaradigan. Hali universitetni bitirib, ishlaydigan joy topishim kerak, kim aytibdi, erni ishi doim kelishib, boyib yashash haqida. Yashash -pul, meni o'zim bilan yashash - bu ikki karra pul degani. Nimalarni o'ylayapman o'zi... Dars boshlanadi hozir.

Bu tekislikda uyga qaytishimni o'ylab siqilib turgan vaqtimda, boshqa fakultetdagi tanishim ataylab oldimga kelib bir taklifni aytdi:

-Bizni komandani qo'llab-quvvatlashga keling!

Boshida bu taklif yoqdi, axir bu komandani o'zim bir zamonlar tuzganman, endi o'lib-tirilib Respublika bosqichiga chiqishdi. O'tgan yili 2nchi o'rinni olganimizda, sahna ortida ancha yig'lagandim. Ayting, arxitekturada o'qiydiganlarga teatrda nima berib qo'yibdi?! Men o'zim universitetni rahbariyatini bir ahvol bilan shu tanlovda qatnashishga ko'ndirganman, va nihoyat qatnashdik. Hali ham esimda 2nchi o'rinni olganimizda, ularni bizga ishonmagan yuzlarida xursandchilik paydo bo'lib, sahnada bizni maqtashganlarini, bizga berilgan pulni universitetni 5 yildan beri bitmayotgan labaratoriya loyihasini qo'llab quvvatlashga yo'naltirishlari haqida aytishganlari....

Aslida, bu yil qatnashmasligimni sababi bu emas. Sababi bu o'sha siyqalanib ketgan sevgi-yu muhabbat. Guruhdoshimizda menga nisbatan paydo bo'lgan ishq qissasi-yu va men uni rad etganim. Hali ham odamlarni og'zida yurgan gaplar. Shu uchun bu yil komandani a'zosi bo'lmadim, ochig'i, bo'lgim kelmadi.

-Xa, boraman, mayli. - ichimda nimadir uzilgan bo'lsa ham, shu bir yillik yo'qolib ketgan salom-alikni tiklash uchun borishni reja qildim. Axir, Xudo odamlarni qanday vaziyat bo'lmasin kechiradi-ku, banda nega kechirmasin?!

Dars tugadi. Og'ir sumkamni va qoralangan albomlarimni oldimda, avtobus bekati tomon shoshib ketdim, axir bugun tanlov, bugun biz birinchi o'rinni olishimiz kerak. Bekatga yaqinlashar ekanman, yuragimda qandaydir og'riq paydo bo'lishni boshladi. Qo'rquvmi bilmadim, balki shunchaki hayajondir... qanday uzur so'rashni bilmayotganim uchundir... balki bu shunchaki o'y-hayollar jilvasi. Negadir oyog'im tortmayabdi, negadir u yerga borishni xohlamayapdi bu jon. Bormasammikan?!

Uzoq o'ylovdan keyin bormasligim to'g'risida xabar berdim va ancha oldin sevgi izhorni rad etgan tanishimga xabar yozib qo'ydim:
-Kechiring, shu vaqtga qadar sizga qilgan adolatsizligim va beparvoligim uchun. Bilaman, sevgiyingiz uvoliga qolib ketishim aniq, lekin sizni aldab menda yo'q tuyg'uni bor ko'rsata olmayman, sevgiyingiz ikkimiz uchun tatimaydi! Juda ham baxtli bo'lishingizni xohlardim, shunday bo'ladi ham.
Oradan 5 daqiqa o'tmasdan, javob xabari keldi:
-Unutganimda, yana yodimga solishing kerak emasdi. Baxtli bo'l!.

Bekatda tushunarsiz holatda o'ylanib bir necha soatlarni soniyalardek o'tkazib yuboribman. Kun ketib, tun qolibdi ishonsangiz. Shu vaqti o'sha uyimgacha eltadigan avtobusni eshiklari ochildi. Qarasam, odam kam. Qulog'imga quloqchinni taqdim va pleylistimdagi qo'shiqlarni eshita boshladim. Boshimni sovuq muzga aylangan oynaga qo'yib, unga qo'llarim bilan nimadirlar chiza boshladim... atrofga e'tibor bersam qahraton qish ham kelibdi. Havo shunchalik izg'irinlashibdi-ki, daraxtlarda bir dona ham barg qolmabdi... qanday qilib kuzni o'tkazib yubordim axir?!

Tushadigan bekatimga yaqin qolganda o'rnimdan turdim va haydovchi tomonga yaqinlashdim. Bir ikki odam turganakan, yonimdagi odamni so'roqqa tutdim:
-Tushasizmi?
Jiddiy ohangda sokim bir ovoz javob sifatida keldi:
-Tushaman.
Oynaga tikilib aksimni kuzatayotganimda, o'sha yonimdagi shaxsni menga har on bir bir nigoh tashlab qo'yayotganini sezib qoldim. Men ham behos unga qaradim. Juda kelishgan edi. Bo'y basti mendan ozgina uzun, men yoqqan to'q ko'k rangdagi palto kiyib olgan. Yuzlarida jiddiylik bor, lekin mehr undan ufurib turibdi, ko'zlari g'amgin, lekin ilinj istayotgan, harakatlaridan u juda band, hatto nafas olishga vaqti yo'qdek.

Bir ozdan so'ng bizni nigohlar to'qnashdi va avtobus eshiklari ochildi. Unga ergashib bekatga tushib qoldim-da, jiringlayotgan telefonimni qidira boshladim. Hayolim unda, u ham to'xtab huddi nimanidir yo'qotgandek jim turibdi. Javob berdim, yurdim, u ham yurdi, ergashdik bir-birimizga. Ichimda yo'l tugab qolmasligini hech bo'lmasa nimanidir suhbatlashimizni kutib umid qildim. Bo'lmadi. Suhbatlashmadik. Ajraldik. U yo'lida davom etdi-yu, bir ozdan keyin yo'qoldi. Men esa uyimni eshiklarini oldida uni yo'llariga qarab qoldim.

Ertangi kun, yana o'sha tong. Yo'q, o'shamas. Bugun tong boshqacha. Havo shunchalik yaxshi, quyosh chiqibdi, qo'shnimizni kuchugi bolalabdi. Universitetga borishim kerak. Bugun darsimiz ko'p emas, lekin men qolmoqchiman, kelayotgan rasmlar tanloviga qatnashish uchun. Aslida, sabab o'sha nigoh egasi. Bu kech albatta unga o'zim haqimda aytib beraman!

Dars tugadi, o'sha vaqtgacha tinmay yangi sur'atlar chizdim, hatto ustozim kelib meni maqtab ketdi. Hayolimda o'sha avtobus, o'sha musiqa va o'sha nigoh. Endi "doim" degan so'z o'rniga hayotimga "o'sha" degan tushuncha keldi. Men o'zgardim chog'i...

Avtobus keldi, uni qidirishni boshladim. Topa olmadim, keyin bo'sh o'rindiqqa boshimni qo'yib, tinmay Xudodan uni so'rashni boshladim. Keyin ko'zim ilinibdi, bekatimga yaqin oldimda o'tirgan odam meni turta boshladi, tushishim haqida aytib, uyg'ondim. Yerda yoyilib yotgan ramkalarimni yig'dimda, haydovchi tomonga o'zimni otdim. Avtobusni eshiklari ochilishiga yaqin, bir bola menga savol berdi:
-Tushasizmi? - deb. Yuziga tikilganimni bilaman, u! O'sha, o'sha men bilmagan ertak qahramoni! Menga qarab jilmayib turardi. Avtobusdan tushdik. Uzoq vaqt jim ketdik. Yana uyimgacha kelganimda, u ortiga bir qaradi-da, jilmayib yana yo'lida davom etdi. Qalbim tinchlandi. Endi hammasi o'zgacha.

Tong... bugun ham o'zgacha. Bu gapni aytayotganimda mana 5 kun bo'ldi. U mening hayotimga baxt olib keldi. Musobaqaga ham hujjatlarimni yubordim. Juda baxtliman. Bugun aniq u bilan suhbatlashaman. Bugun aniq unga bor narsani aytib beraman... Lekin, bugun dars yo'q. Universitetga borganim bilan kunduzidan kechgacha o'tirib qiladigan ishni o'zi mavjud emas. Menimcha, uyda qolganim ma'qul. O'sha vaqtga yaqin bekatga chiqsam bo'lgani.

Aytgancha, uyimizga ketar yo'lda, uzun ko'prik bor. Shu ko'prikdan o'tganimizdan keyin u bilan ajralamiz, shu ko'prikni oldida kutsammikan?!

Soat o'tishi shunchalik qiyin edi, huddi havo yetishmayotgan qushdek, osmonga sapchishga harakat qilardimku, lekin ucha olmasdim. Tinmay uni o'ylayverardim, kim ekan, qayerda ishlar ekan?! Bir qancha taxminlarni qurib bo'lgandim. Allaqachon.

Vaqt keldi, o'sha vaqt. Ko'prikni oldiga yugurib chiqqanimni bilaman, u kelayotgan ekan. Qo'llari to'la narsalar, o'sha men sevgan ko'k paltoni bugun kiyib chiqibdi. U ko'prik boshida to'xtadi. Men unga qarab jilmaya boshladim. Yuragimdagi g'ulg'ula va unga har qaraganda qo'llarimning titrashi hoynahoy unga ham bilingan bo'lsa kerak. Doimgidek unga bir boshdan razm sola boshladim. O'sha soch turmak, o'sha jiddiy yuz, o'sha ko'k palto, faqat bugun sharf ham taqibdi, yana bir dunyo bozorlik qilgan menimcha, yana... yana uzuk. Tilla uzuk. Nikoh uzugi.

Xa, men sevgini uvoliga qoldim. Va men uchun atalgan sevgi ertagi faqat hayollarimda baxtli yakun topdi.

Tong. Yana doimgidek...