#yangilik #новости #news
⚖️ Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.
🏛 Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan saylov jarayoni va qonunchiligini yoritishga qaratilgan maqolalar chop etilmoqda.
🔸 “Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Jiyanova Shohida Mahsumovnaning “Saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish dolzarb masala” mavzusida maqolasi chop etildi.
Saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish dolzarb masala
Yangi O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligi va amaliyotining demokratik standartlarga mutanosib ravishda takomillashtirib kelinayotgani fuqarolarning saylov huquqini keng va to‘la taʼminlash borasida ijobiy sifat o‘zgarishlarini amalga oshirishga xizmat qilayotgani eʼtiborga loyiq. Saylovlar jarayonida eʼtibor markazidagi eng muhim shaxs – bu saylovchidir. Butun bir saylov jarayoni uning manfaatlarini ko‘zlab tashkil etiladi. Qonunlar, tartib-qoidalar, eng avvalo, saylovchiga qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.
Saylov jarayonidagi muhim masalalardan biri saylovchilarning ro‘yxatini shakllantirish, ularni hisobini olish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasida saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin deb ko‘rsatilgan.
Saylovchilarga oid normalar bevosita O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 27-moddasida o‘z aksini topgan bo‘lib, unga ko‘ra saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Bunda har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatigagina kiritilishi lozim. Albatta, saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.
Bugungi kunda axborot kommunikatsion texnologiyalari taraqqiyoti samarasi o‘laroq, saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi maʼlumotlari asosida tuziladi.
Qonunchiligimizga muvofiq baʼzi soha vakillarining xizmat xususiyatlari yoki ularning sog‘lig‘i yoxud boshqa ijtimoiy jihat va holatlardan kelib chiqib, ularga qulaylik yaratish maqsadida tegishli sharoitlar ham yaratiladi. Xususan, harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan maʼlumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilad
Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tuziladi.
Maʼlumki, ushbu saylov jarayonlarini o‘tkazish vaqtda xorijda vaqtincha yashab o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan fuqarolarimiz ham ko‘pchilikni tashkil qiladi va ularning ovozlari o‘zlarining siyosiy huquqlarini amalga oshirishlari uchun ham hamda saylanayotgan nomzodlar yoki siyosiy partiyalar uchun ham juda muhimdir. Saylov kodeksining 271-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxatlari mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.
Chet davlatlarda turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan o‘n besh kun oldin yozma shaklda yoki O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarning ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatida ko‘rsatilgan shaxsga doir maʼlumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga darhol taqdim etadi. O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun darhol taqdim etadi.
Bugungi kunda saylov jarayonlari uchun dolzarb ahamiyat kasb etadigan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati bu – vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursi hisoblanadi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, shuningdek saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi. Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini oladi.
Qonunchiligimiz talablaridan kelib chiqib, uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘rishi, saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish bo‘yicha, zarurat bo‘lganda, ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishlari, tumanlar va shaharlar hokimliklari esa saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashishiga oid qoidalar belgilanganligini ko‘rish mumkin.
Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari bo‘yicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin. Saylovchilarning ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi hamda saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan olingan saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalaniladi.
So‘zimiz so‘ngida basharti saylovchilar ro‘yxatini tuzishda har bir fuqaro saylovchilarning ro‘yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkinligini, uchastka saylov komissiyasi esa mazkur masalani 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shartligini eslatib o‘tish o‘rinlidir.
Farg‘ona viloyat yuridik texnikumi