September 25, 2024

#yangilik #новости #news 


⚖️ Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.

🏛 Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan saylov jarayoni va qonunchiligini yoritishga qaratilgan maqolalar chop etilmoqda.

🔸 “Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi etakchi mutaxassisi N.Elchiboyevaning “Mahalliy Kengashlarga saylovning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida maqolasi chop etildi.


Mahalliy Kengashlarga saylovning o‘ziga xos xususiyatlari

Bu yilgi saylovlar O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi bilan mustahkamgan kuchli parlamentarizm va mahalliy vakillik organlarining vakolatlari salmoqli darajada kuchaytirilgan sharoitlarda o‘tishi tabiiy. Zero, parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi.

Hokimlarning esa xalq deputatlari kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Mamlakatimizda amalga oshirlayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida hokimlar vakolatida bo‘lgan o‘ttiz uchta vakolat mahalliy kengashlarga o‘tkazildi. Bu esa, o‘z navbatida, siyosiy partiyalar va nomzodlar o‘rtasida faol raqobat muhitining shakllanishiga olib keladi.

Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yana-da takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasining barcha normativ-huquqiy hujjatlari to‘la xatlovdan o‘tkazildi, bir qator nizom, yo‘riqnoma va boshqa hujjatlar yangidan ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Ushbu saylovlarda markaziy o‘rinni parlamentning Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovlar egallasa-da, lekin davlatimizning qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar mohiyati va mazmunidan, amalga oshirilgan islohotlar natijasidan kelib chiqib,aytish mumkinki, mahalliy vakillik organlariga saylovlarning ham ahamiyati juda muhidir.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksida saylovlarning umumiy jihatlaridan tashqari aynan qaysi vakillik organlariga o‘tkazilayotgan saylovlarning alohida xususiyatlari ham tegishli normalar bilan belgilab berilgan. Jumladan, kodeksning 88-moddasida mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylovlarga oid normalar o‘z ifodasini topganligi ko‘rishimiz mumkin.

Bunda mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga o‘tkazilishi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan belgilanishi, binobarin:

- aholi soni ikki million nafargacha bo‘lgan hududlarda – o‘ttiztadan qirqtagacha;

- aholi soni ikki milliondan uch million nafargacha bo‘lgan hududlarda – qirqtadan elliktagacha;

- aholi soni uch million nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda – elliktadan oltmishtagacha bo‘lishi, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanishi: yaʼni,

- aholi soni o‘ttiz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – o‘ntadan o‘n beshtagacha;

- aholi soni o‘ttiz mingdan yuz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – o‘n beshtadan yigirmatagacha;

- aholi soni yuz mingdan uch yuz ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – yigirmatadan yigirma beshtagacha;

- aholi soni uch yuz ming nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda – yigirma beshtadan o‘ttiztagacha bo‘lishi eʼtirof etilgan.

Saylov okrugining hududi boshqa maʼmuriy-hududiy birlik tarkibiga o‘tkazilganda yoki uning hududida yangi maʼmuriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda, ushbu saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatlari saqlab qolinadi. Bunda deputat saylov okrugining hududi joylashgan xalq deputatlari Kengashi yoxud yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birlikda shakllantirilgan xalq deputatlari Kengashi tarkibiga kiradi, deputatning vakolatlari muddati esa mazkur xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga muvofiq bo‘ladi.

Yangidan tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlarga saylov xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga navbatdagi umumiy saylovlarga qadar qolgan davrdan oshmaydigan muddatga o‘tkaziladi.

Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarga ham bir qator talablar qo‘yilgan bo‘lib, saylov kuni yigirma bir yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega bo‘ladi.

Mazkur jarayonda quyidagi shaxslar: yaʼni, sodir etgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar; saylov kuniga qadar so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan fuqarolar; O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyasining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari; diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Agar sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylanadigan bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

Mahalliy Kengashlarning deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugallanadi. Deputatlikka nomzod ko‘rsatish siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan amalga oshiriladi va bunda siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy Kengashlar deputatligiga bittadan nomzod ko‘rsatishga vakolatli hisoblanadi.

Bir shaxs tegishli mahalliy Kengashga saylov o‘tkazish bo‘yicha faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin. Qonunchilikda deputatlikka nomzodlar tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanishi, siyosiy partiyalar faqat o‘z partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarnigina deputatlikka nomzod etib ko‘rsatishi hamda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuzilishi belgilab qo‘yilgan.

Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlarga oid normalar ham mavjud bo‘lib, unga ko‘ra siyosiy partiya tegishli organining rahbari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi.

O‘z navbatida arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

Birinchi, siyosiy partiya tegishli organining deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;

Ikkinchi, siyosiy partiya tegishli organi majlisining mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda deputatlikka nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaga mansubligi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, shuningdek bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov okrugining nomi va raqami ko‘rsatiladi;

Uchinchi, mahalliy Kengash deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan shaxsning o‘z nomzodi tegishli bir mandatli saylov okrugidan ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi, agar sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari, basharti ular mahalliy Kengashlar deputatlari etib saylangudek bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasi.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt ko‘rsatilgan maʼlumotnoma beradi hamda hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni ro‘yxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi, ro‘yxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari to‘g‘risida tegishli siyosiy partiyalar rahbarlariga maʼlum qiladi. Siyosiy partiya esa hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni tegishli saylov komissiyasiga taqdim etadi.

Elchibayeva Nilufarxon Xakimdjanovna

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi

“Ta’lim sifatini nazorat qilish”

bo‘limi yetakchi mutaxassisi