#yangilik #новости #news
⚖️ Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.
🏛 Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan saylov jarayoni va qonunchiligini yoritishga qaratilgan maqolalar chop etilmoqda.
🔸 Jumladan texnikum psixologi Agzamova Barnoxon Axunovnaning “Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolatlari muddati” mavzusida maqolasi chop etildi.
Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolatlari muddati
Yurtimizda 2024-yil 26 iyun kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi parlamentining Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar o‘tkazilishi uchun start berilgan. Bugungi kunda deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari bilan uchrashuvlar, siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari bilan tanishtiruv targ‘ibot kampaniyalari, saylov okruglari hamda uchastkalarida saylov o‘tkazishning tashkiliy masalalarini muxtasar darajaga yetkazish bilan bog‘liq ishlar avj pallasiga kirgan.
Bizlar ham mazkur saylov jarayonida xalqimizning saylov qonunchiligi normalarining mazmun-mohiyatini chuqurroq tushunib yetishlari hamda saylov jarayonida faol ishtirok etib, mamlakatimiz istiqboli uchun ovoz berishlari uchun maqolalar tayyorlab o‘z hissamizni qo‘shishni joiz bildik.
Bilamizki, saylov jarayonidagi muhim masalalardan biri saylov komissiyalarining ishini tashkil etish hisoblanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, bu borada Konstitutsiyaning 129-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuzilishi, ushbu komissiya saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qilishi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshirishi va ayni chog‘da o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qilishi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasida Saylov o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi,- deya ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur modda talablari O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining mazmun-mohiyatida o‘z ifodasini topgan.
Jumladan, maqola mavzusini talqin qilgan normalar Saylov kodeksining 26-moddasi bilan tartibga solingan. Tabiiyki, saylov komissiyalari o‘zlarining qonun bilan belgilangan vazifalarini majlislar o‘tkazish orqali hal qilib boradi.
Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis o‘tkazilayotgan kundagi komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli bo‘ladi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya aʼzolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi bo‘lmagan komissiya aʼzolari alohida fikrini bayon etishga haqli bo‘lib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi
Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra saylov jarayoni ishtirokchilari tomonidan saylov komissiyalariga hujjatlarni taqdim etish, saylov komissiyalarining qarorlarini qabul qilish, shuningdek saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa jarayonlar elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Qonunchilikka muvofiq hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarida ish yuritish tartibi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir.
Saylov komissiyasining jamoatchilik asosida ishlovchi aʼzosi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylov komissiyasining qaroriga binoan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.
Hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi aʼzolari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda tegishli guvohnomaga ega bo‘ladi.
Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi, ularning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etishi, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shartiligi saylov qonunchiligida qatʼiy taʼkidlangan.
Bunda saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular qo‘yilgan masalani ko‘pi bilan uch kunlik muddatda ko‘rib chiqishi va saylov komissiyasiga javob qaytarishi shart.
Okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari chiqarilganidan, tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi.
So‘zimiz yakunida mamlakatimizda saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar, xalqimizning siyosiy-huquqiy ongining oshishi, siyosiy partiyalarning davlat taraqqiyoti yo‘lidagi intilishlarining kuchayishi bizning yurtimizda ham rivojlangan davlatlarda amal qiladigan demokratik siyosiy jozibaning kuchayishiga turtki bo‘lishini taʼkidilash o‘rinlidir.