#yangilik #новости #news
⚖️ Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.
🏛 Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan saylov jarayoni va qonunchiligini yoritishga qaratilgan maqolalar chop etilmoqda.
🔸 “Umumta’lim fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Rahmonova Zulfiya Bahromovnaning “ Saylov qonunchiligiga muvofiq hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish tartibi” mavzusida maqolasi chop etildi.
Saylov qonunchiligiga muvofiq hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish tartibi
Maʼlumki, saylovlarni har tomonlama demokratik ruhda o‘tishida saylov komissiyalari, ularning aʼzolari o‘rni va roli nihoyatda muhimdir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarni belgilangan talablar darajasida tashkil etish va o‘tkazishda tegishli tizimlashgan saylov komissiyalarining faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 129-moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qilishi belgilab qo‘yilgan. Markaziy saylov komissiyasi alohida konstitutsiyaviy organ bo‘lib, u doimiy tarzda faoliyat olib boradi. Ayrim xorijiy davlatlar amaliyotiga murojaat qiladigan bo‘lsak, Germaniya, Avstriya, Fransiyada Ichki ishlar vazirligi, Finlyandiyada Adliya vazirligi saylovlar bilan shug‘ullanadi. Ushbu organlar faqatgina saylovlar o‘tkazish davridagina jarayonga eʼtibor qaratadilar.
Mamlakatimizda ushbu saylov komissiyalarini shakllantirish va faoliyatini tashkil etishda foydalaniladigan bir qancha qonunchilik hujjatlari mavjud. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Tuman, shahar saylov komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2024 yil 5 iyundagi 1335-son qarori shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 19-moddasi mazkur masalalarni aks ettirgan normalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unga ko‘ra hududiy saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Markaziy saylov komissiyasi saylovga kamida sakson kun qolganida hududiy saylov komissiyalarini komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning o‘n ikki – o‘n sakkiz nafar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda tuzadi.
Tuman, shahar saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Bunda yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-eʼtibor qozongan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzosi bo‘lishi mumkin.
Quyidagi shaxslar tuman, shahar saylov komissiyasining aʼzosi bo‘lishi mumkin emas:
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi;
- boshqa saylov komissiyasining aʼzolari;
- siyosiy partiyalarning aʼzolari va vakolatli vakillari;
- viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari;
- prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari;
- nomzodlar, nomzodlarning yaqin qarindoshlari (yaʼni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka, opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka, opa-singillari) va ishonchli vakillari;
- nomzodlarga bevosita bo‘ysunuvchi shaxslar;
- og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar.
Hududiy saylov komissiyasi saylovga kamida yetmish besh kun qolganida tuman, shahar saylov komissiyalarini komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz – o‘n sakkiz nafar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda tuzadi.
Yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda hududiy saylov komissiyasi Senatning tavsiyasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, tuman, shahar saylov komissiyalari esa tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashining tavsiyasiga binoan hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida oltmish kun qolganida tuziladi hamda o‘z vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilinguniga qadar amalga oshiradi.
Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari rasmiy veb-saytlarida va matbuot nashrlarida o‘z tarkibi, manzili va komissiyaning telefon raqamlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi.
Agar komissiya yetti nafargacha aʼzodan iborat tarkibda tuzilsa, rais va kotib tasdiqlanadi.
Zarur bo‘lgan hollarda, uchastka saylov komissiyasining son tarkibi belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘zgartirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida uchastka saylov komissiyasi raisining vazifalarini ushbu vakolatxonalarning rahbari amalga oshiradi.
Uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli hududiy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Alohida taʼkidlash lozimki, tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzolarining tarkibini shakllantirishda yuqorida nomi zikr etilgan Nizomda belgilangan talablarni inobatga olgan holda komissiyalar aʼzoligiga nomzodlar nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari; huquqiy bilim va malakaga ega, shuningdek xorijiy tillarni biladigan mutaxassislar; Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan, raqamli texnologiyalar sohasida bilim va amaliy ko‘nikmaga ega fuqarolar orasidan bo‘lishi maqsadga muvofiq sanaladi.
Bugungi kunda Respublikada davlat va jamiyat hayotida ayollarning faoligini oshirish hamda ularga keng imkoniyatlar yaratish borasidagi islohotlardan kelib chiqib, tuman, shahar saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni, shuningdek yoshlar hamda nogironligi bo‘lgan ijtimoiy faol fuqarolarning ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor beriladi. Bunda tuman, shahar saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlardagi xotin-qizlarning ulushi kamida o‘ttiz foiz bo‘lishi tavsiya etiladi.
Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi