February 15, 2024

#yangilik #новости #news  


♻️ Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizga yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda texnikumning 1-bosqich “Davlat-huquqiy faoliyati” yoʻnalishi, 30-23 guruh oʻquvchisi Kenjayeva Muharramxon Do‘ltaboy qizi oʻzining iqtidori, serqirra faoliyati bilan turli sohalarda oʻtkazilgan konfirensiyalarda koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

🔹 Jumladan, "Zamonaviy ilm-fan va taʼlim istiqbollari“ koʻp tarmoqli ilmiy-amaliy konferensiyalar xalqoro ilmiy elektron jurnalining 2024–yil yanvar oyi 1-tom 3-sonida “DAVLAT FUNKSIYALARI TUSHUNCHASI VA MOHIYATI” mavzusidagi maqolasi chop etildi.


DAVLAT FUNKSIYALARI TUSHUNCHASI VA MOHIYATI
Kenjayeva Muxarramxon Do‘ltaboy qizi

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi “Davlat-huquqiy faoliyat” yo‘nalishi
1-bosqich 30-23-guruh o‘quvchisi

Annotatsiya. Ushbu maqolada davlat funksiyalari tushunchasi, turlari,ularning mohiyatihaqida so‘z yuritiladi.

Kalit so‘zlar: davlat funksiyasi, ichki funksiyalar, iqtisodiy funksiya, ijtimoiy funksiya,siyosiy funksiya, huquqiy tartibotni muhofaza qilish, tinchlikni taʼminlash, ekologik funksiyasi,tashqi funksiyalari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik, mudofaa funksiyasi.

Keyingi yillarda davlat qurilishi va boshqaruvi sohalarida juda katta ijobiy islohotlar amalga oshirilib, Yangi O‘zbekistonni jahonning taraqqiy etgan davlatlari qatoridan munosib o‘rin olishi uchun beqiyos o‘zgarishlar va yutuqlarga erishilmoqda.
Mustaqillikning dastlabki yillarida davlatimiz oldida o‘z davlatchiligini barpo etishdek
yuksak vazifa turganligi borasida Birinchi Prezident I. A. Karimovning: “Mustaqillikka erishgan har bir mamlakat o‘z tarakkiyot yo‘lini izlaydi, yangi jamiyat barpo etishda o‘z andozasini ishlab chiqishga intiladi. Ijtimoiy – iqtisodiy va siyosiy vaziyat, odamlar o‘rtasida tarkib topgan munosabatlar, ularning dunyoqarashi, jumladan diniy eʼtiqodi, ruhiyati va xulq – atvor normalari shuni taqozo etadi”1,- degan fikrlari yodga olish mumkin.
Davlat – siyosiy hokimiyat tashkiloti bo‘lib, muayyan hududda turli sinfiy, umuminsoniy,
diniy, milliy va boshqa manfaatlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Tarixdan maʼlumki, davlat paydo bo‘lganidan buyon jamiyat taraqqiyotining turli
bosqichlarida rivojlanib bordi va davlat funksiyalarining mazmuni va tizimi ham o‘zgarib borgan. Misol uchun, ilk bor davlat kelib chiqqan paytdagi funksiyalardan ularning tizimi o‘z mazmuni va hajmi jihatdan ancha farq qiladi. Bu hol birinchi navbatda jamiyat rivojlanishining mazkur bosqichdagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy muammolari va vazifalari bilan bog‘liqdir. Yaʼni masalan, davlatning hozirgi davrda tan olinayotgan tabiat boyliklari va atrof muhitni muhofaza qilish funksiyasi Quldorlik davlatida bo‘lmaganligini ko‘rish mumkin, sababi bunga hali ehtiyoj ham bo‘lmagan. U paytda insonning hayot kechirishi uchun tabiiy shart-sharoitlar yetarli va zararsiz bo‘lgan.
Davlatga uning funksional faoliyati tomonidan yondoshuv birinchidan, davlat tushunchasini chuqurroq bilib olishga, uni jamiyat hayotidagi tarixiy ahamiyati va rolini ko‘rishga yordam beradi.
Ikkinchidan, davlat faoliyati mohiyatini, uning mexanizmini konkret tarixiy sharoitlarda
ilmiy nuqtai nazardan chizib berishga imkoniyat tug‘dirdi.
Uchinchidan, sifatli davlat boshqaruvini amalga oshirish uchun davlatning tashkiliy
tizimlarini mukammallashtirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Davlat funksiyalari bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish uning mazmun-mohiyati, jamiyatda tutgan o‘rni va ijtimoiy vazifasini yana-da chuqurroq anglab olishga xizmat qiladi. Har qanday davlatning mohiyati, eng avvalo, uning faoliyatida, funksiyalarida o‘z ifodasini topadi. Davlatning faoliyat sohalari xilma-xil bo‘lganligi bois, uning faoliyati bosh yo‘nalishlarini alohida ajratish zarurati kelib chiqqan. Ana shu bosh yo‘nalishlar bo‘yicha olib boriladigan faoliyatda davlatning mohiyati mujassam bo‘ladi, amalga oshiriladi va rivoj topadi hamda ular davlatning mavjud bo‘lish tarzini ifoda etadi.
Davlat funksiyalari - bu davlatning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan
davlat faoliyatining asosiy (bosh) yo‘nalishlaridir. Davlat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishishi uchun maʼlum bir vazifalarni hal qilishi lozim, bu esa o‘z navbatida, ushbu vazifalarni bajarishga qaratilgan tegishli funksiyalarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Falsafada funksiya deganda biron-bir obyekt xususiyatlarini maʼlum munosabatlar
tizimidagi tashqi ifodasi tushuniladi. Funksiya – vakolat doirasidan kelib chiquvchi faoliyatdir.
Chunki “funksiya” lotin tilidan olingan bo‘lib, “faoliyat” degan maʼnoni anglatadi.
Davlat funksiyalari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, bular davlat funksiyalarida
mamlakat ichki va xalqaro maydondagi amaliy faoliyati namoyon bo‘ladi; davlat funksiyalari uning tarixiy taraqqiyotidagi maqsad va vazifalariga mos ravishda yuzaga keladi va rivojlanib boradi; davlat funksiyalarida jamiyat hayotida ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy sohalardagi o‘zgarishlar va islohotlar aks etadi.
Tabiiyki, davlat funksiyasini uning alohida organlari funksiyalaridan farqlash lozim.
Davlat mexanizmiga kiruvchi barcha davlat organlari va tashkilotlarining har biri o‘z vakolatlari doirasida davlat faoliyatining muayyan sohalarida o‘z funksiyalarini amalga oshiradi.
Ko‘ramizki, ilmiy yuridik adabiyotlarda davlat funksiyalarini tasniflashda bir xil
yondashuv mavjud emas. Buning sababi taraqqiyotning turli bosqichlarida turgan davlatlar mavjud obyektiv sharoitdan kelib chiqqan holda o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarning mohiyatiga mos ravishda faoliyat yuritishidan kelib chiqishidadir.
Davlatning ichki funksiyalar davlatning ichki vazifalarini yechishga yo‘naltirilgan bo‘lib,
davlatning jamiyat hayoti ustidan rahbarligini amalga oshirishga qaratilgan faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini namoyon qiladi.
Tashqi funksiyalar esa xalqaro-huquqiy munosabatlarning subyekti sifatida ishtirok
etayotgan davlatning davlatlararo miqyosdagi vazifalarni hal qilishi bilan bog‘liqdir.
Davlatning asosiy ichki funksiyalari sifatida iqtisodiy funksiya, ijtimoiy funksiya, siyosiy
funksiya, huquqiy tartibotni muhofaza qilish, tinchlikni taʼminlash, ekologik funksiyasi kabilarni sanab o‘tish mumkin:
Davlatning asosiy tashqi funksiyalari qatoriga boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar
bilan hamkorlik hamda mudofaa funksiyasi kiritish o‘rinli.
Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi4 ning 1-moddasida O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb belgilab qo‘yildi. Demak, bu jumlalar davlatimizning funksiyalarini ko‘rsatib beradi.
Suveren davlat – o‘z hududida to‘la-to‘kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiksiyaga
ega bo‘lish demakdir. Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va o‘z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki taʼminlanishini ko‘zda tutadi.
Huquqiy davlatda barcha jarayonlar qonuniy asoslar asosiga quriladi va davlat
xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini taʼminlaydi.
O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb eʼlon qilishi bilan, har bir fuqarosiga munosib
turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olmoqda. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli taʼlim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dasturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llabquvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi.
Boshqacha aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalarida ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi taʼlim olib, farovonlikka erishish imkoniyati bo‘lishi kerak.
Dunyoviy davlatda davlat va din bir-biridan ajratilgan bo‘ladi. Davlat diniy eʼtiqodidan
qatʼi nazar barchaga bir xil munosabatda bo‘ladi, dinga oid masalalarda neytral pozitsiyani egallaydi.
So‘zimiz yakunida aytish mumkinki, uning funksiyalari ham davlatning mohiyatida kelib
chiqish belgilanadi.

REFERENCES

1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. –T.: “O‘zbekiston”, 2023 y.
2. Karimov I.A. O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosiy, mafkura. 1-tom, T., “O‘zbekiston”, 1996, 44-bet.
3. https://fayllar.org/nurmat-saburov-shazod-sajdullaev.html?page=22.
4. Davlat va huquq nazariyasi / Masʼul muharrir M.Axmedshayeva. Darslik. –Toshkent: TDYUU, 2019. – 46 b.
5. Najimov M., Saydullayev Sh. Davlat funksiyalari: O‘quv qo‘llanma –T.:TDYUI, 2004. -37 b.