September 24, 2024

#yangilik #новости #news 


⚖️ Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.

🏛 Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan saylov jarayoni va qonunchiligini yoritishga qaratilgan maqolalar chop etilmoqda.

🔸 “Umumta’lim fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Abdullayeva Muyassarxon Salohiddinovnaning “Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari nimalardan iborat” mavzusida maqolasi chop etildi.


Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari nimalardan iborat

Yurtimizda katta siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti quyi palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari besh yil muddatga saylanadi. Amaldagi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga deputatlar saylovi 2019 yili o‘tkazilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Oliy Majlis qo‘yi palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi 2024 yil 27 oktyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, 2024 yilning 26 iyul kunidan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga ruxsat berildi.

Markaziy saylov komissiyasi umuman o‘tkaziladigan butun saylov jarayoniga rahbarlikni amalga oshirishi sababli ham uning vakolatlari nimalardan iborat ekanligi xususida saylov qonunchilik normalariga murojaat qilishni lozim topdik.

O‘zbekiston Repsublikasi Konstitutsiyasi 129-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi. 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 14-moddasida aynan Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belilab berilgan. Mazkur modda talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etadi, bu jarayonda u barcha saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda uning bir xil tarzda qo‘llanilishini taʼminlaydi.

O‘z navbatida, saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlashni amalga oshiradi, saylovni tashkil etish masalalari yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, yo‘riqnomalar hamda nizomlarni tasdiqlaydi, tushuntirishlar beradi, saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish hamda O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatidan foydalanish faoliyati bo‘yicha umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun saylov okruglarini tuzadi, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarini tegishli hududga biriktirish to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi. Shu bilan birga, hududiy saylov komissiyalarini ham tuzadi va ularga tegishli hududni (okrugni) biriktiradi hamda hududiy saylov komissiyalarining tarkibi va joylashgan manzili to‘g‘risidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi.

Saylov jarayonlarini muvaffaqiyatli, qonunchilik normalari talablariga muvofiq tashkil etish hamda o‘tkazish uchun albatta, komissiya aʼzolari o‘zlari saylov qonunchiligi bilan mukammal tanishtirilgan bo‘lishi lozim. Shu sababli ham saylov komissiyalarining aʼzolari va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari uchun o‘qishlarni tashkil etadi,

chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning saylovdagi kuzatuvchilariga mandatlar beradi.

Qonunda komissiyaning saylov jarayoni bilan bog‘liq moliyaviy hamda moddiy-texnik taʼminlash yuzasidan ham bir qator vakolatlar o‘z aksini topgan. Jumladan, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, pul mablag‘larini saylov komissiyalariga taqsimlaydi, shu jumladan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga doir boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.

Siyosiy partiyalarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilaydi, taqdim etilgan hujjatlar asosida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

Tayyorgarlik ko‘rilayotgan saylov jarayonlari aynan Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga deputatlarni saylash uchun o‘tkazilaligiga bois ham Markaziy saylov komissiyasining ayni shu yo‘nalishdagi vakolatlariga eʼtibor qaratdik.

Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi, Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni, shuningdek partiya ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga oladi va ular haqidagi maʼlumotlar matbuotda eʼlon qilinishini tashkil etadi, ro‘yxatga olingan nomzodlarga, shu jumladan partiya ro‘yxati asosida nomzodlarga guvohnomalar berad

Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga, shuningdek siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi.

Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar ro‘yxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalari hamda shakllarini, ularni saqlash tartibini belgilaydi.

Saylov byulletenlarini tayyorlash va saylov uchastkalariga yetkazish tartibini belgilaydi, saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat organlari hamda jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi, saylovning yakunlarini chiqaradi, O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha ovoz berishning umumiy natijalarini aniqlaydi hamda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar soni, har bir nomzod va siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlar soni to‘g‘risidagi xabarni matbuotda eʼlon qiladi.

Ushbu moddada Markaziy saylov komissiyasining saylov o‘tkazilgandan so‘ng ham quyidagi vakolatlarini nazarda tutuvchi normalari mavjud: xususan, saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarini hamda Senat aʼzolarini ro‘yxatga oladi, shuningdek ularning ro‘yxatini matbuotda va boshqa manbalarda eʼlon qiladi, saylovdan keyin Qonunchilik palatasining, Senatning birinchi majlisini chaqiradi, saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, albatta, bundan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno.

Qolaversa, ushbu Kodeks talablari buzilganligi to‘g‘risidagi materiallarni sudga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi, boshqa mamlakatlarning saylov organlari, xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning vakillari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, uchrashuvlar tashkil etadi, bitimlar va memorandumlar tuzadi, xorijiy mamlakatlardagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etadi, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning missiyalari tarkibida ishtirok etadi hamda xalqaro tashkilotlarni, chet davlatlarning saylov organlarini va vakillarini saylovlarni kuzatish uchun taklif etadi.

Saylov Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Albatta, birgina maqolada ushbu mavzu bilan bog‘liq masalalarni to‘laligicha va batafsil yoritish mumkin emas.

Biroq aytish mumkinki, Markaziy saylov komissiyasi qonun bilan belgilagan o‘z vakolatlaridan samarali foydalanishni tashkil qilsalar, mamlakatimizda saylovlarning shaffof hamda adolatli o‘tkazish uchun zamin yaratilgan bo‘ladi.

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi

“Umumta’lim fanlari” kafedrasi

o‘qituvchisi, 3-darajali yurist.

Abdullayeva Muyassarxon Saloxiddinovna