#yangilik #новости #news
♻️ Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizga yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda texnikumning 1- bosqich "Sud-huquqiy faoliyat" yoʻnalishi, 24-22 guruh oʻquvchisi Sherqo‘ziyev Nasimxon Nodirbek o‘g‘li oʻzining iqtidori, serqirra faoliyati bilan turli sohalarda oʻtkazilgan konfirensiyalarda koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.
🔹 Jumladan, Netherlands,Amsterdam INTELLECTUAL EDUCATION TECHNOLOGICAL SOLUTIONS AND INNOVATIVE DIGITAL TOOLS, International scientific-online conference elektron-onlayn jurnalining 2022 yil 3-dekabr 11-sonida OʻZ TILIMIZDAN FOYDALANYAPMIZMI? mavzusidagi maqolasi chop etildi.
OʻZ TILIMIZDAN FOYDALANYAPMIZMI?
Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi 1-bosqich “Sud-huquqiy faoliyati” yo‘nalishi 24-22 guruh o‘quvchisi Sherqo‘ziyev Nasimxon Nodirbek o‘g‘li
Afsus,nadomat-la aytay ohimni:
Tildan mehrimizni sugʻurib qoʻydik!
Bir soʻzni oʻrnida topib aytolmay,
Ajnabiy soʻzlarni besamar yoʻydik
Til - millat bor ekanligining, uning bashariyat zamonida yashayotganligining isbot va dalili. Modomiki til yashamas, tamaddun etmas ekan, eʼtibor susayib, millat ham yo‘q bo‘lib boradi, tarix maydonidan o‘chib ketadi.
Insonning ona tili uning ma’daniyati, tarixi, oʻtmishi haqida xabar beruvchi ilk belgi hisoblanadi. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida oʻz atrofida birlashtiradi va dunyoda mavjudlikni ta’minlaydi. Har bir millatning oʻz vatani, oilasi boʻlgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham boʻladi. Inson uchun uning vatani, oilasi qanchalik qadrli boʻlsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddasdir.
Inson kundalik hayoti davomida axborot olish, uni yetkazishda tilda mavjud bo‘lgan so’zlardan foydalanadi. Tilning yashayotganligi ham ana shunga bog‘liq hodisa. Yaʼni inson o‘sha tildagi so‘zni nutq jarayonida ishlatadi, uni borliqqa chiqaradi. To‘g‘ri, tilning ijtimoiyligini, uning inson ongiga bog‘liqligini inobatga olgan holda fikrlash lozim. Kanadalik adabiyotshunos va tilshunos Marshall McLuhan aytganidek, dunyoda eng katta targʻibot bizning ona tilimizdir, biz bolaligimizda o’rganadigan va ongsiz ravishda oʻrganadigan narsadir. Oʻzgaruvchanlik xususiyati va boshqa tildan yangi tushuncha olish har bir tilda mavjud. Lekin har narsada meʼyor bo‘lgani kabi bu jarayonda ham chegara bo‘lishi kerak. Faqat so‘zning muqobil varianti bo‘lmagandagina yangi atama olishni maʼqul deb topishimiz kerak. Ajnabiy tildan so‘z olish ko‘pincha so‘zlashuv tilida ro‘y berayotgani maʼlum. Chunki adabiy til meʼyorlaridan to‘laqonli foydalanish oddiy so‘zlashuv nutqida uchramaydi. Hozirgi kunda sof o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan so‘zlar o‘rnida Ovro‘pa va shu kabi chet so‘zlarini qo‘llash holatlari uchramoqda. Natijada muomalamizdagi so‘zlarning o‘rin bo‘shatishi, kam qo‘llanishi yoki deyarli foydalanmay qolayotganligi uchraydi.
1914-yil “Oyna” jurnalining 31-sonidagi “Har millat o'zi tili ila faxr etar” nomli maqolada shunday deyilgan: “Agar til va adabiyotimizni muhofaza qilmay, anga ajnabiy lugʻat va soʻzlarni qoʻsha bersak, biz oz zamonada til va millatimizni yoʻqoturmiz. Millatimizni yoʻqotganda diyonatimiz oʻz-oʻzi ila, albatta, yoʻqolur. Bas, bizga tilimizni ajnabiy soʻzlardan muhofaza qilmoqlik eng birinchi muhim bir vazifadir”. O‘sha davrdan beri maʼlum bir sabablarga ko‘ra bir qancha so‘zlar muomalamizga kirib keldi, isteʼmolga kiritildi, umumturkiy so‘zlarimiz ishlatilmaydigan o‘rinlarni egalladi. Biz hozirgi kunimizdan ertamiz uchun qayg‘urmasak, bu jarayonning ishtirokchisiga aylanib qolamiz, yaʼni qorishiq tilga o‘rganamiz, o‘zligimizdan o‘zsizlikka o‘tib boramiz.
Buyuk mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiyning o‘sha davr (fors-tojik tiliga bo‘lgan nazarning kuchliligi, turkiy til o‘zi bir katta daraxt bo‘la turib, o‘zga daraxtning soyasida qolib ketayotganligi, baʼzi turkiy shoirlarning fors-tojik tilida ijod qilayotganligi) turkiy tilning obro‘sini ko‘tarish, boshqa tillardan (fors-tojik) turkiy tilning imkoniyatlari va xususiyatlari keng ekanligini isbotlab berdi. Alloma adib, o‘z tili bilan aytganda «nazm gulistonining andalibi nag‘masaroyi» sifatida eski o‘zbek tilini, uning badiiy uslubini ilmiy-nazariy jihatdan har tomonlama asosladi, turkiy til imkoniyatlarini amaliy jihatdan isbotlab ko‘rsata oldi. Alisher Navoiy tilning ijtimoiy hodisa ekanligiga alohida e’tibor qaratadi. O‘zbek tilidagi ifoda imkoniyatlarining boyligini namoyish qiladi. Har bir so‘zdagi ma’no nozikliklarini juda ishonchli tarzda, mantiqiy dalillar bilan ko‘rsatib beradi. U arab, fors, hindiy tillari qatorida o‘zbek tilining ham eng qadimiy tillardan biri ekanligini alohida ta’kidlaydi. Fikrlarini qiyoslash usulidan foydalangan holda bayon etadi. Buning uchun u fors-tojik tilini jalb etadi. Biroq biror o‘rinda ham u xolislikdan chekinmaydi. Adib turkiy tildagi yuzta fe’lni keltirib, ularning ma’nosini anglatadigan so‘zlarning fors tilida mavjud emasligini ko‘rsatadi. Yoki so‘z ma’nolari orasidagi tafovutlarga alohida urg‘u beradi.
Alisher Navoiy ona tilidagi so‘zlarning barcha imkoniyatlaridan imkoni boricha to‘liqroq foydalanishga harakat qildi. Zamondoshlari tilidagi faol va nofaol so‘zlarni o‘z asarlariga kiritib, ularning bizning zamonamizgacha yetib kelishini ta’minladi. O‘zi ko‘plab yangi so‘zlarni yaratdi, oldindan qo‘llanib kelayotgan so‘zlarning yangicha ma’no tovlanishlarini kashf qildi, tilning ifoda imkoniyatlarini amaliy jihatdan ham juda kengaytirdi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich BMT bosh assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so’zlaganligi xalqimiz uchun quvonarli voqea bo‘lgan. Tarixda yana bir bor o‘zbek tiliga eʼtibor qaratilishiga, uning jahon minbarida baralla eshittirilishiga sabab bo‘ldi. Assambleyada ishtirok etgan qator davlat rahbarlari esa maxsus tarjimon quloqchinlardan foydalangan holda o‘zbek tilidagi so‘zlarni o‘z ona tillarida tingladilar. Ular ham tilimizning purma’no so‘zlaridan bahramand bo‘lishdi. Ushbu tarixiy voqealar ona tilimiz uchun e’tibor, uning ravnaqiga qaratilgan harakatlar bo‘lsa, uning oddiy hayotimizda e’tiborsiz qolishi, hurmatsizlikka uchrashi unga o‘z qo‘limiz bilan berilgan zarbadir. Aynan shunday “zarba”larni quyidagi o‘rinlarda ko‘rib o‘tamiz. Toponimik birliklarni chet so’zlari bilan nomlash juda achinarli holat. Ayniqsa, bugungi kunda qad rostlagan inshoot nomlarining aksariyari chet so‘zlari bilan to‘lgan. Shahar ko‘chalari bo‘ylab ketar ekansiz, ruscha, inglizcha, hatto aralash tilli birikmalarni ko‘rib afsuslanasiz. “Milliy tilga eʼtibor shumi, hurmat shunday bo‘ladimi, ajabo!” – deysiz. O‘z tilimizda mavjud muqobil variant bo‘ladigan so‘zlar bo‘la turib ajnabiy nomlar berish milliylikdan, oʻzlikdan kechish demakdir. Bunday holatlar “o‘zbekman” degan har bir insonning tabini xira qilishi mubolag‘a emas. Bugungi kunda niqob tutmagan, biror jamoat qoidalarni buzganlarga jarimalar belgilangan, lekin o‘z tiliga hurmatsizlik qilgan shaxslarga biror jiddiy chora ko‘rilmagan. Xohlardimki, til qoidalarni buzilishiga qarshi turadigan masʼullar shakllantirilsa, shunday vakolatli tashkilot tuzilsa...
Ham o‘zbekcha, ham chet tilidagi o‘zlashmagan so‘zlarni yonma-yon kelgan holatlari ora-orada qatorlicha uchrab turibdi. “Tantana hotel”, “Hotel ziyorat” - bu nimasi, o'zbek tilida “mehmonxona” so‘zi yo‘qmi?! Yoki boʻlmasa, joylarimizni “unday city”, “bunday city”lar bilan toʻldirib tashlaganmiz. “Shahar” obro‘siz so‘zga aylanib qoldimi?! Ular o‘rniga mentalitetimizga xos bo‘lmagan, nomilliy so‘zlar ishlatib jumlalar yaratsak, taajjub! Bunday misollarni qatorlicha keltirish mumkin. Diqqat bilan qaralsa, atrofimiz shunday holatlarni ko‘rsatyapti. Ular o‘rniga mentalitetga xos bo‘lmagan, nomilliy so‘zlar ishlatib, birikmali jumlalar yaratsak, taajjub! Yo‘l yoqalab ketayotsam, shunday holatga ko‘zim tushdi: mashina ehtiyot qismlari sotiladigan va taʼmirlanadigan bino tepasida “Avto zapchas” deb yozib qo‘yilgan edi. “Avto” so‘zining qo‘llanishiga eʼtirozim yo‘q (“avto” – yunoncha “autos” – o‘zim maʼnosini bildiradi, qo‘shma so‘z bo‘lagining bir qismi sifatida qo‘llaniladi). “Zapchast” so‘zi aslida rus tilidan o‘zbek tiliga tarjimasi “qism” hisoblanadi. Uning o‘rniga “ehtiyot qism” birikmasi ishlatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar.
Jamiki ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg’u, mehr-muhabbat alanga oladi. Hattoki, go’dak ham o’z vatanini, ota-onasini, dunyoni o’z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o’rni beqiyos bo’lganidek, insonning hayotda o’z o’rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o’rni ulkan ahamiyatga ega. Pedogogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev aytganidek: “O‘zbek tili bayram qilinadigan ish emas, uning maqomini joyiga qo‘yish kerak!” Uni ko‘klarga ko‘tarib, obro-mavqeyini qaytarish kerak!
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2006-2008
2. To‘xtaliyev B., Karimov B., Usmonova K. // 10-sinf adabiyot darslik. T- 2017, 1-nashr.
4. https://www.xabar.uz/jamiyat/sessiyadagi-nutq
5. https://youtu.be/02y3Rm1V4Lg