#yangilik #новости #news
⚖️ Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.
🏛 Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan saylov jarayoni va qonunchiligini yoritishga qaratilgan maqolalar chop etilmoqda.
🔸 “Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Mirjavharova Feruzaxon Usmonjonovnaning “Saylov jarayonlari” mavzusida maqolasi chop etildi.
Dunyo mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotidagi xilma-xillik ularning saylov tizimlarida ham namoyon bo‘lib, bu holat proporsional, majoritar va aralash saylov tizimlarining shakllanishiga sabab bo‘ldi. Majoritar saylov tizimda aniq bir nomzod saylov okrugida saylovchilarning ko‘pchilik ovozini olishi zarur bo‘lsa, proporsional saylov tizimi vakillik organiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatgan partiyalar o‘rtasida mandatlarni taqsimlash ular olgan ovozlar soniga muvofiq amalga oshirilishini anglatadi. Biroq majoritar va proporsional saylov tizimlarining har ikkalasida ham kamchiliklar mavjud bo’lib. Masalan, majoritar saylovda parlamentni shakllantirishda saylovchilar tomonidan berilgan har bir ovoz emas, balki saylovda g‘olib bo‘lgan nomzodga berilgan ovozlar inobatga olinadi. Bundan tashqari, saylovda asosiy e’tibor nomzodlarga qaratilgani sababli, ushbu tizim patiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat rivojlanishiga yetarlicha sharoit yaratilmasligiga sabab bo‘lib qolmoqda.
Proporsional saylov tizimi ham kamchilikdan holi emas. Jumladan, hech bir partiya saylovchilarning mutlaq ko‘pchilik ovozini to‘play olmasa, hukumatni shakllantirish uchun u boshqa siyosiy partiyalar bilan koalitsiya tuzishga majbur bo‘ladi. Bu esa tuzilajak parlament ko‘pchiligi va hukumatning barqaror faoliyat yuritishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qilishi mumkin.
Aralash saylov tizimi esa majoritar va proporsional saylov tizimlaridagi kamchiliklarni bartaraf etib, qolaversa ularning afzal jihatlarini mujassamlashtiradi. Bunda parlament deputatlarining bir qismi partiyalarning nomzodlar ro‘yxatiga ovoz bersa, qolgan qismi majoritar tartibda alohida nomzodlarga ovoz berish orqali saylanadi. Ushbu tizim mamlakatdagi siyosiy vaziyatning haqiqiy manzarasini aniqroq aks ettirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda aralash saylov tizimidan dunyo mamlakatlarining ko‘pchiligi foydalanayotganini ko‘rishimiz mumkin. Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi yillarda majoritar va proporsional saylov tizimlarining eng yaxshi jihatlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish maqsadida Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bir qator davlatlarda aralash saylov tizimini joriy qilish tendensiyasi kuchaymoqda.
Aralash saylov tizimi hozirda Germaniya, Ispaniya, Yaponiya, Vengriya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Gvineya, Albaniya, Janubiy Koreya, Litva, Somali, Meksika kabi mamlakatlarda va Tayvanda, MDH doirasida esa Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya - jami 40 ga yaqin davlatlarda amal qilmoqda.
Aralash saylov tizimida, eng avvalo, saylovchilar ovozlarini maksimal inobatga olish ta’minlanadi. Mojaritar saylov tizimi asosida muvaffaqiyat qozona olmagan partiyalarga o‘zlari olgan ovozlarga mutanosib ravishda deputatlik o‘rinlarini olishga imkoniyat yaratadi hamda jamiyatda haqiqiy ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi
Aralash saylov tizimida bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari saylovlarda taqdim etilgan siyosiy partiyalarning ro‘yxatidagi nomzodlar hisobidan to‘ldirilishi saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq davlat budjeti xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.
Bu yilgi saylovda O‘zbekistonda ham ushbu aralash saylov tizimidan foydalanish ko‘zda tutilgan. Biroq aralash saylov tizimini hayotga tadbiq qilish jarayoni yangi jarayon bo‘lganligi sababli Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlarining 50 foizi majoritar tizim asosida, qolgan 50 foizi esa proporsional, ya’ni partiyaga ovoz berish orqali saylanishi nazarda tutilmoqda.Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar, 75 nafari esa, proporsional tizim boʻyicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi. Saylov jarayonlari birinchi marotaba “E-saylov” axborot tizimi orqali tashkil etilmoqda.
Markziy Saylov komissiyasi esa saylovda ishtirok etuvchi nomzodlarning roʻyxatini 2024-yil 22-sentyabr kuni eʼlon qiladi hamda shu kundan targʻibot jarayonlari boshlanib, 2024-yil 25-oktyabr kuniga qadar davom etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mimkinki, aralash saylov tizimi siyosiy jarayonlar uzviyligini va siyosiy an’analar bardavomligini ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, siyosiy institutlarning bir maromda, barqaror faoliyat yuritishiga, siyosiy tizimda demokratik tamoyillar va qadriyatlarning ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mirjavharova Feruzaxon Usmonjonovna
Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi