March 16, 2023

#yangilik #новости #news


MAMLAKATIMIZDA ADOLAT VA QONUN USTUVORLIGI

Sobirova Gulhayo Mo‘minjon qizi. Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi o‘quvchisi.

Annotatsiya: Qonun ustuvorligi xalq hokimiyati va inson huquqlari tushunchalari bilan bevosita bog‘liq tamoyil bo‘lib, inson huquq va erkinliklari qonunlar vositasida hayotga joriy etiladi, aslida qonunlarning pirovard maqsadi ham inson, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir.

Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi yo‘lida olib borilayotgan amaliy ishlar fikrimizning yaqqol dalilidir.

Kalit so‘zlar: qonun, qonun ustuvorligi, demokratiya, konstitutsiya, davlat, davlat organlari, mansabdor shaxs, jamoat birlashmalari, fuqaro, huquqiy munosabat, javobgarlik, qonun chiqaruvchi organlar, ijro etuvchi organlar, sud hokimiyati

Davlatchilikda qonunlarning ustuvorligi mamlakat taraqqiyoti, el-yurt farovonligini belgilovchi asosiy tamoyil hisoblanadi. Shunday ekan, avvalo, qonun ustuvorligi tushunchasiga oydinlik kiritaylik. Qonun ustuvorligi - barcha davlat hokimiyati organlari faoliyatida konstitutsiya, qonunlar oliy yuridik kuchga ega boʻlib, ularning hokimiyat chiqaradigan boshqa hamma meʼyoriy hujjatlar va yoʻriqnomalardan ustun turishi hisoblanadi. Qonun ustuvorligi jamiyatda demokratiya va qonunchilik taʼminlanishiga xizmat qiluvchi tamoyildir. Bu tamoyil Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida:

“Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradilar”, deya mustahkamlab qo'yilgan. Qonun ustuvorligi tamoyili ustun bo'lgan mamalakatlarda birinchidan, jamiyat hayotining barcha jabhalarida qonunlarning qatʼiy hukmronligi o'rnatilgan bo'ladi, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar konstitutsiya va qonunlarga soʻzsiz itoat etadilar; ikkinchidan, ijtimoiy munosabatlar jamiyat, fuqaro va davlat manfaatlariga mos tarzda tartibga solinadi, mamlakat miqyosida barqarorlik, batartiblik va qonuniy tartibot muhiti oʻrnatiladi; uchinchidan, huquq buzilishi hollarining oldini olish, shuningdek, huquqiy munosabat ishtirokchilari qonunni buzgan taqdirda qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun qonunlar huquqiy asos vazifasini bajaradi.

Mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlar ustunligini taʼminlashning muhim kafolati hokimiyatlar boʻlinishi prinsipining real joriy etilganligidir. Unga koʻra, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati boʻgʻinlari oʻzlarining konstitutsiyada, qonunda belgilangan vakolatlari doirasida faoliyat yuritadilar. Ular oʻrtasidagi munosabatlarni uygʻunlashtirishda eng oliy hakam qonun hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakat prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etilishining kafilidir (93-modda). Prezidentning bu boradagi faoliyati muhim siyosiy-yuridik ahamiyatga ega bo'lib, u oʻz farmonlari, qarorlari bilan konstitutsiyaviy tamoyillarning, qonunlarda mustahkamlangan qoidalarning

hayotga toʻla joriy etilishini ta‟minlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar meʼyoriy hujjatlarining qonuniyligini taʼminlash choratadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida (1997-yil 9 oktabr) umummajburiy tusdagi idoraviy normativ hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga mosligini taʼminlash vazifasi Adliya vazirligiga yuklatilgan. Shuningdek, konstitutsiya va qonunlarning ustunligini taʼminlashda prokuror nazoratining roli kattadir. Mazkur vazifa doirasida prokuratura idoralari muayyan qonunlar ijrosini bevosita bajaruvchi vazirliklar, idoralar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasa va tashkilotlarning masʼuliyatini oshirish, qonun buzilishining oldini olish, uning sabablari va shartsharoitlarini oʻz vaqtida bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻradilar. Qonunni qoʻpol buzish hollari aniqlanganda maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari qoʻllaniladi.

Konstitutsiyamizda jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini davlatimizda adolat va qonun ustuvorligiga naqadar katta eʼtibor beriliishini ko„rsatadi. Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham

Konstitutsiya va qonun ustuvorligi taʼminlanishi bilan bevosita bogʻliq.

Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat

Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq boʻlishi shart, deganidir.

Ikkinchidan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq. Buyuk yunon olimi Aflotun shunday degan edi: “Xalq qonunlarga ehtiyoj sezib, ularni puxta oʻrgansa, bu faqat uning oʻziga foyda keltiradi. Aks holda qonundan koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi”.

Zero, Prezident Sh.Mirziyoyev ta'kidlaganidek, “bugun jamoatchiligimiz tom maʼnoda uygʻondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, oʻz fikrini erkin ifoda etishga oʻrganmoqda. Ayni vaqtda jamoatchilik nazorati “bir tomonlama vosit”ga aylanib qolmasligi kerak. Konstitutsiyaga asosan sudlar oʻz faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq boʻlishi kerak”.

Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni koʻrsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir. Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni oʻz ishini qonuniy asosda toʻgʻri tashkil etishga undamoqda.

Uchinchidan, qabul qilinayotgan qonunlar olib borilayotgan islohotlar bilan uygʻun boʻlgan taqdirdagina ishlaydi. Shu bois qonunlarni ijro etish mexanizmlarini aniq tizim asosida yaratish – dolzarb vazifa sifatida belgilangan.

Bu ham qonun ustuvorligini ta‟minlashning asosiy shartlaridan biridir.

To„rtnchidan, davlat tomonidan qanchalik mukammal qonunlar yaratilmasin, qanday islohotlar oʻtkazilmasin, agar fuqarolarning huquqiy bilimi, ongi va madaniyati yetarli boʻlmasa, kutilgan natijalarga erishish mushkul boʻladi. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyat har bir fuqaroning, har bir mansabdor shaxsning hayot va faoliyat tarziga aylanmogʻi kerak. Shundagina davlatda adolat qaror topadi, qonunlar ustuvor bo'ladi. O'zbekistonda ushbu sohada bir qator islohotlarning amalga oshirilayotganligi fikrimizning yaqqol dalilidir.

Adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashning asosiy mezonlaridan biri sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlashdir. Bu borada yurtimizda olib borilayotgan islohotlar tahsinga sazovor. Misol tariqasida sud biron-bir mansabdor shaxsning qoʻli yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik, sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim oʻtkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish masalalariga alohida e‟tibor qaratilayotganligini ko„rishimiz mumkin.

Umuman olganda, mamlakatimizda barcha jabhalarida konstitutsiyaviy nazoratni kuchaytirish e'tiborga olingan. Bu esa pirovard natijada inson huquq va erkinliklarini, uning shaʼni, qadr-qimmati, mol-mulkining daxlsizligini saqlash, fuqarolarning mehnat qilish, taʼlim olish, tibbiy yordamdan foydalanish kabi eng asosiy huquqlarini toʻla taʼminlash imkonini beradi. Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yoʻqoladi”, deb taʼkidlagan edilar. Shu nuqtayi nazardan, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1.  O'zbеkistоn Rеspublikаsining Kоnstitutsiyasi. T.:O'zbеkistоn, 2012.

2. Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasi

3. Ahmedshayeva M. Davlat mexanizmi va hokimiyatlar bo„linishi. O'quv qo'llanma. - T.: TDYI, 2005.

4. Islomov Z.M. Davlat va huquq nazariyasi. - Т.: Adolat, 2007.

5. Odilqoriyev X. Davlat va huquq nazariyasi. Darslik. - Т.: Adolat, 2018.

6. Saburov N. Davlat va huquq nazariyasi. O'quv-uslubiy qo'llanma. - Т.: TDYI, 2008.