#yangilik #новости #news
⚖️ Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.
🏛 Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan saylov jarayoni va qonunchiligini yoritishga qaratilgan maqolalar chop etilmoqda.
🔸 O‘quv-metodik bo‘limi uslubchisi Abduraximova Moxiraxon Numonjonovnaning “Saylovchilarning imzolarini to‘plash tartibi” mavzusida maqolasi chop etildi.
Saylovchilarning imzolarini to‘plash tartibi
Yangi O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligi va amaliyotining tizimli ravishda demokratik andozalarga hamohang tarzda takomillashtirib kelinayotgani fuqarolarning saylov huquqini keng va to‘la taʼminlash borasida sifat o‘zgarishlarini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning 2 iyul kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartib-qoidalar ham ayni maqsadga yo‘naltirilgan.
O‘tkaziladigan saylovlarning muhim jarayonlaridan biri – siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchilar imzolarini to‘plash masalasidir.
Saylov kodeksining 68-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiya saylovda o‘z ishtirokini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming vakilning imzosini to‘plagan taqdirda deputatlikka nomzod ko‘rsatishi mumkin.
Saylov qonunchiligida imzolarni to‘plash tartibini o‘zida aks ettirgan normalar mavjud bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha siyosiy partiya o‘zining saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyingina saylovchilarning imzosini to‘plashga haqli. Bu sanaga qadar to‘plangan imzolar hisobga olinmaydi
Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli. Bunda saylovchi o‘z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, yashash joyi manzilini, pasportining yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek imzo qo‘yilgan sanani ko‘rsatadi. Mazkur maʼlumotlar qo‘lda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga o‘z imzosini qo‘yadigan saylovchi to‘g‘risidagi maʼlumotlar saylovchining iltimosiga ko‘ra imzo to‘plashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi mumkin.
Imzo varaqasi imzoni to‘plagan shaxs tomonidan o‘z familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.
Saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Imzo to‘plash tamomlanganidan so‘ng siyosiy partiyaning vakolatli vakili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida-alohida qilib tikilgan imzo varaqalarini Markaziy saylov komissiyasiga topshiradi.
Saylov kodeksining 39-moddasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish bilan bog‘liq masalalarning huquqiy tartibi belgilangan. Mazkur moddaga muvofiq, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli maʼlumotlar tekshirilishi lozim.
Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinadi.
Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.
Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan ko‘prog‘ini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi. Agar qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo‘lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to‘lig‘icha haqiqiy emas deb topiladi. Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni yoki Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etish huquqini rad etadi.
Joriy yilning 27-oktyabr kuni o‘tkaziladigan parlamentning Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlardagi imzo to‘plashda besh partiya – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi ishtirok etdi.
Korxonalar va tashkilotlar, istirohat bog‘lar-u bozorlar, shuningdek, odam gavjum bo‘lgan boshqa jamoat joylarida imzolar to‘plandi. Bu safar tanlangan joylar yana-da ko‘proq odamlar saylovning ushbu bosqichi haqida xabardor bo‘lishi va bevosita imzo to‘plash jarayonlarida o‘zlari ishtirok etishlari uchun imkoniyatlar yaratib berildi.
Aholi gavjum joylarda axborot stendlari va plakatlar o‘rnatilgan hamda xohlovchilarga vizual tarzda tayyorlangan tarqatma materiallarni ham olish imkoniyati taqdim etildi hamda fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari, u yoki bu partiya uchun o‘z imzosini qoldirishlari uchun qulayliklar yaratildi.
So‘zimiz intihosida aytish lozimki, fuqarolarning imzo to‘plashdagi faol ishtiroki siyosiy jarayonlarga qiziqishning ortganligi va jamiyat o‘zgarishlarining bir qismi bo‘lishga tayyorligidan dalolat beradi.
Abduraximova Moxiraxon Numonjonovna