#yangilik #новости #news
“O‘zbekistonda milliy tadqiqotlar. Davriy anjumanlar” onlayn jurnalining 40-sonida texnikumning “Sud huquqiy faoliyati” yoʻnlishi, 1-bosqich 17-21 guruh oʻquvchisi Jo‘rayev Diyorbek Dilmurod o‘g‘li “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish” nomli maqolasi chop etildi.
YOSHLAR O‘RTASIDA JINOYATCHILIKNI OLDINI OLISH
Jo‘rayev Diyorbek Dilmurod o‘g‘li Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi o'quvchisi
Annotatsiya: ushbu maqolada yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning kelib chiqishi hamda jinoyatchilikni oldini olishning nazariy jihatlari yoritilgan.
Kalit so‘zlari: yoshlar, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, voyaga yetmaganlar.
Yuksak ma’naviyatli, zamonaviy bilim va oʻz mustaqil fikriga ega boʻlgan yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash oldimizda turgan eng muhim va dolzarb masalalardan biri sanaladi. Ayniqsa, voyaga yetmaganlar, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga chek qoʻyish, shuningdek, ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish boʻyicha
chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi.
Yoshlarning jinoyatchiligining sodir etilishiga olib keladigan sabab va shart-sharoitlarni oʻrganmasdan turib jinoyatchilik muammosini atroflicha tahlil qilib boʻlmaydi. Chunki ushbu muammoni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlar davlat va jamiyat hayotida oʻrin tutib kelayotgan mavjud muammolar bilan bevosita aloqador boʻladi.
Jinoyatchilikning sabablari, jamiyatda jinoyatchilikni ijtimoiy hodisa sifatida muayyan jinoyatni sodir etilishi uchun sharoit yaratuvchi ijtimoiy hodisalar va jarayonlar yigʻindisidir. Masalan, yoshlarning bezoriligining sababi ichkilikbozlik va nazoratsizlik deb hisoblansa-da, yuzaki qaraganda oʻsmirning alohida bir jinoyat sodir etishining sababi boʻlishi mumkin, lekin ular jinoyatning sababi boʻla olmaydi, balki sharoit yaratadi, xolos.
Oʻzbekistonda yoshlar oʻrtasida turli xil illatlarni oldini olish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mustaqillikka erishganimizdan soʻng, 1991-yil 20-noyabrda “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul
qilindi. 2016–yilga kelib “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Bundan tashqari, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi hamda qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi.
Mazkur hujjatlar yuzasidan mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan:
– huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar tashkil etilmoqda;
– huquqbuzarlik profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi idora va muassasalar faoliyatiga huquqbuzarliklar nisbatan koʻp sodir etilayotgan joylar (hududlar) va sohalar koʻrsatilgan holda interaktiv xaritalarni joriy etishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda;
– huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha davlat tashkilotlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligining yangilangan Konsepsiyasi ishlab chiqilib, dolzarb masalalarga oid sud majlislari televideniya orqali namoyish etilmoqda, amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarning mohiyati va ahamiyati, qonuniylik ahvoli, sodir etilayotgan huquqbuzarliklar hamda ularni koʻrib chiqish jarayoni haqidagi tezkor ma’lumotlar televideniya orqali jamoatchilikka yetkazilmoqda
va boshqalar.
Mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha olib borilayotgan tizimli islohotlar xalqimizning tinch va osoyishtaligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganimizda, barcha ta’lim muassasalarida, huquqiy ta’lim-tarbiya hamda targʻibot ishlarida mas’ul xodim va mutaxasislar oʻz vazifalarini toʻliq va kreativ yondoshgan holda bajarishlarini zamirida islohotlarimiz samarasi turganini his qilmogʻimiz lozim.
Shu bilan birga talabalar huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ta’lim muassasalari bilan fuqarolik jamiyati institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ommaviy axborot vositalarining samarali ijtimoiy hamkorlik mexanizmini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqdir.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarlikla profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada ta komillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5153-sonli qarori. www.uza.uz
2. Sattorova M. Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligini oldini olish. – T.: 2006