#yangilik #новости #news
⚖️ Barchamizga maʼlumki, ayni vaqtda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonlardan biri, yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlarining viloyat va tuman (shahar) kengashlari deputatligiga saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar o‘zining qizg‘in pallasiga kirgan.
🏛 Shu munosabat bilan Farg‘ona viloyati yuridik texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan saylov jarayoni va qonunchiligini yoritishga qaratilgan maqolalar chop etilmoqda.
🔸 “Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Usmonova Odinaxon Habibjonovnaning “ Saylov qonunchiligida Markaziy saylov komissiyasini tuzish tartibi” mavzusida maqolasi chop etildi.
Saylov qonunchiligida Markaziy saylov komissiyasini tuzish tartibi
“Demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir”. Bugungi kunda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish, uni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar bilan uyg‘unlashtirish, mamlakatimizning siyosiy nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish, xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yaxshilash ustuvor vazifalardan hisoblanadi, darhaqiqat taniqli huquqshunos olim prof. A.Saidovning saylov qonunchiligini takomillashtirilishi borasida bildirgan mazkur fikrlari o‘ziga xos eʼtirofga sazovordir.
O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 18-dekabrdagi O‘RQ-883-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yana-da takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuniga muvofiq o‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Avvalgi, 2019-yilda parlamentga o‘tkazilgan saylovlar mamlakatimizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun zarur bo‘lgan yangi siyosiy muhit vujudga kelganini yaqqol namoyon qildi. Shu bilan birga, birinchi bor O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tkazilgan saylovlar davomida to‘plangan tajriba, saylov qonunchiligi va amaliyotimizda yuzaga kelgan baʼzi bir bo‘shliqlar va yechimini kutayotgan vazifalarni ham ko‘rsatib berdi. So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan bu borada bir qator islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida saylov jarayonlarining tashkil etilishi, shaffof va adolatli, qonun talablariga muvofiq o‘tkazilishi hamda natijalarining eʼlon qilinishi bilan bog‘liq barcha jarayonlarga masʼul bo‘lgan Markaziy saylov komissiyasini tuzish, unga aʼzolik bilan kabi masalalarning tartibi borasida so‘z yuritish joiz topdik.
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 12-moddasida Markaziy saylov komissiyasini tuzish tartibini belgilab bergan normalar o‘z aksini topgan.
Ushbu moddaga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan to‘qqiz nafar aʼzodan iborat tarkibda tuziladi hamda doimiy asosda faoliyat yuritadi va albatta, Markaziy saylov komissiyasining bir nafar aʼzosi Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘lishi belgilangan.
O‘z navbatida, Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasiga ko‘ra Qonunchilik palatasi hamda Senat tomonidan saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasining Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan komissiya aʼzolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari va komissiya kotibi komissiya aʼzolari orasidan komissiya majlisida saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi tegishli guvohnomaga ega bo‘ladi.
Markaziy saylov komissiyasi Raisining va uning o‘rinbosarining guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Markaziy saylov komissiyasi boshqa aʼzolarining guvohnomasi esa Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi tomonidan imzolanadi.
Yigirma besh yoshga to‘lgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, jamoatchilik o‘rtasida obro‘-eʼtibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaro o‘zbekiston Respublikasining saylov qonunchiligiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi bo‘lishi mumkin.
Saylov kodeksining 13-moddasida og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalarning xodimlari, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatib qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boshqa saylov komissiyasining yoki siyosiy partiyaning aʼzosi bo‘lishi mumkin emas.
Taʼkidlash lozimki, Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatligiga nomzod etib, Senat aʼzoligiga nomzod etib, ishonchli vakil etib ro‘yxatga olingan aʼzosi komissiya tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan bevosita yoki uni aʼzolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
Birinchidan, o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risida yozma ariza berganda;
Ikkinchidan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
Uchinchidan, unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
To‘rtinchidan, o‘z vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelganda;
Beshinchidan, qonunga ko‘ra u Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlarini amalga oshirish bilan bir vaqtda shug‘ullanib bo‘lmaydigan lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda;
Oltinchidan, sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilganda yoki vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
Yettinchidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqanda;
Sakkizinchidan, vafot etganda.
Markaziy saylov komissiyasining yangi aʼzosi Saylov kodeksda belgilangan tartibda saylanadi. Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzolariga Qonunchilik palatasi deputatlariga, Senat aʼzolariga nisbatan qo‘llaniladigan daxlsizlik to‘g‘risidagi qoidalar tatbiq etiladi.
So‘zimiz yakunida aytish mumkinki, saylov qonunchiligi normalarini turli maqola, risola yoki boshqa shakllarda yoritib, tushuntirib borish xalqimizning saylov jarayonlari bo‘yicha huquqiy ongini o‘stirib, o‘z huquq va burchlarini chuqur his qilgan holda saylovlarda faol ishtirok etishlari uchun xizmat qiladi.
Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi
“Mutaxassislik fanlari” kafedrasi