December 11, 2025

O‘ZBEK TILSHUNOSLARI -  XALQARO TA’LIM MAYDONIDA

Bugungi globallashuv jarayonida milliy tillarni xalqaro miqyosda o‘qitish, ularning ilmiy va amaliy nufuzini oshirish dolzarb vazifalardan biridir. O‘zbek tili ham jahon tillari qatorida o‘rganilayotgan, ilmiy tadqiqotlar obyekti sifatida qiziqish uyg‘otayotgan sohalardan biri bo‘lib bormoqda. Shu jarayonda o‘zbek tilshunoslarining xalqaro ta’lim hamkorliklarida ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi.
Turkiyaning Hajattepe universiteti Adabiyot fakulteti Zamonaviy turk lahjalari va adabiyoti bo‘limi professori Melike Үzyum taklifiga asosan joriy yilning 2-12 dekabr kunlari “Zamonaviy turkiy tillarga kirish” fani doirasida talabalar uchun onlayn dars mashg‘ulotlari olib borildi. Ushbu onlayn dars mashg‘ulotlarini Buxoro davlat universiteti O‘zbek tilishunosligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari — filologiya fanlari doktori (DSc), professor G.I. Toirova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dots. N.N.Hamroyeva, hamda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dots. Sh.Rahmatullayev va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dots. N.Qodirovalar  tomonidan olib borildi. Buxoro davlat universiteti tilshunoslarining Turkiya talabalariga onlayn dars o‘tishi BuxDU va dunyoning eng nufuzli 100 taligiga kirgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir bosqichi bo‘ldi. Darslar masofaviy formatda tashkil etilgani ilmiy-pedagogik metodikalarning zamonaviy talablarga mos ravishda qo‘llanilishiga imkon yaratdi.
Onlayn mashg‘ulotlar jarayonida talabalarga o‘zbek tilining fonetika va morfologik tizimi, leksik-semantik xususiyatlari, o‘zbek tilining turkiy tillar oilasidagi o‘rni, zamonaviy lingvistik yondashuvlar va tadqiqot metodlari
keng yoritib berildi. Bu esa nafaqat o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqishni kuchaytirdi, balki turkiy tillararo qiyosiy tadqiqotlarga bo‘lgan ehtiyoj va ilmiy motivatsiyani ham oshirdi.
Turkiyalik talabalar tomonidan o‘zbek tili va madaniyatiga qiziqishning yuqoriligi tarixiy-madaniy mushtaraklik, umumiy turkiy ildizlar, O‘zbekistonning mintaqaviy siyosiy-iqtisodiy mavqeining ortib borishi va, albatta, til o‘rgatish jarayonida qo‘llangan zamonaviy pedagogik yondashuvlar bir necha omillar bilan izohlanadi: Mazkur xalqaro ta’lim faoliyati o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshiradi, Turkiya–O‘zbekiston ilmiy hamkorligini mustahkamlaydi, yangi avlod tilshunoslari uchun o‘quv-uslubiy platforma bo‘lib xizmat qiladi, talabalar o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni rivojlantiradi.
O‘zbek tilshunosligining xalqaro ta’lim maydonida targ‘ib qilinishi nafaqat tilning o‘zi, balki o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, ilmiy salohiyati va tarixiy qadriyatlarini jahon miqyosida tanitishga xizmat qiladi. Dunyodagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilidan dars berilishi esa ushbu jarayonning muhim bosqichi bo‘lib, kelgusida yanada keng ko‘lamli ilmiy-ta’limiy hamkorliklar uchun mustahkam zamin yaratadi.