April 22

Germaniya va Turkiya olimlari Nishon Otamurodov uy muzeyida

Yaqinda Germaniya va Turkiyadan tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilar delegatsiyasi taniqli ijodkor va jamoat arbobi Nishon Otamurodovning uy muzeyiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif ilmiy-madaniy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zbek adabiy merosi bilan yaqindan tanishish hamda xalqaro ilmiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim voqea bo‘ldi.

Mehmonlar muzey eksponatlari bilan tanishar ekan, Nishon Otamurodovning hayoti, ijodi va jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ayniqsa, yozuvchining qo‘lyozmalari, shaxsiy buyumlari hamda tarixiy hujjatlar xorijlik olimlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif davomida mehmonlar o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va adabiy an’analari haqida iliq taassurotlarini bildirdilar. Ular bunday maskanlar yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlashdi.