Sofiyada o‘zbek tili va madaniyati uyg‘unligi
Ayni kunlarda Bolgariyaning poytaxti Sofiya shahrida o‘zbek ilm-fani va madaniyatining yorqin nafasi sezilmoqda. Buxoro davlat universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilaridan tashkil topgan delegatsiya a'zolari Sofiya universiteti da bo‘lib, talabalarga mazmunli va dolzarb mavzularda darslar o‘tmoqdalar. Delegatsiyaga a'zosi Filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori (DSc), professor G.I. Toirova “Raqamli muhitda savodxonlikni ta’minlash vositalari: veb-platformalar va botlar tahlili” mavzusini yoritib, bugungi axborot asrida to‘g‘ri va samarali fikrlash ko‘nikmalarining ahamiyatini talabalarga yetkazdi. Tasviriy san’at va musiqa ijrochiligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori (DSc) T.I. Rajabov esa “Milliy kuylar va maqomlarda xalqning ma’naviy-estetik qarashlari ifodasi” mavzusida dars o‘tib, o‘zbek xalqining boy musiqiy merosi orqali milliy ruh va estetik tafakkurni namoyon etdi. O‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) N.N. Hamroyeva tomonidan o‘tilgan “Salomlashish nutqiy akti va uning milliy-madaniy kommunikativ xususiyatlari” mavzusi esa til va madaniyatning uzviy bog‘liqligini ochib berdi. Oddiy salomlashuv ortida xalqning dunyoqarashi va qadriyatlari mujassam ekanligi talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Dotsent, filologiya fanlari doktori (DSc) M.G‘. Navruzova esa “Tibbiy terminologiyada polisemiya va omonimiya: lingvistik yondashuv” mavzusida dars o‘tib, tilshunoslikning ilmiy va amaliy jihatlarini chuqur tahlil qildi. E’tiborlisi shundaki, ushbu mashg‘ulotlar Turkologiya fakultetining ikki yo‘nalishi: ozarbayjon va qozoq tili hamda madaniyati yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun tashkil etildi. Bu esa turkiy xalqlar tillari va madaniyatlari o‘rtasidagi yaqinlikni yana bir bor namoyon etdi. Darslar davomida talabalar nafaqat yangi bilimlarga ega bo‘ldilar, balki o‘zbek tili va madaniyatiga nisbatan yanada chuqur qiziqish bildirdilar. Sofiya universiteti auditoriyalarida o‘tayotgan bu darslar — oddiy mashg‘ulot emas. Bu — turkiy xalqlarni birlashtiruvchi ma’naviy ko‘prik, ilmiy tafakkur va madaniyatlar uyg‘unligining yorqin ifodasidir. Bugun bu auditoriyalarda yangragan o‘zbekcha saboqlar ertaga yanada keng maydonlarda davom etishi shubhasiz.