April 18, 2020

#Kun_Hikoyasi Yolg’izlik. Frans Kafka

Bu noyabr` oyining izg’irinli kunida yuz berdi. Men xuddi yuguriladigan yo’lakchadan yugurgandek, to’shalgan gilam uzra u yerdan bu yerga borib kelardim. Ko’chadan xonamga tushayotgan yorug’likka qarashga qo’rqardim. O’lik sukunat yuragimni siqardi. Hech qanday ovoz eshitilmasligini bilsam-da, qarshimdagi oynaga qarab, ovozim boricha baqirdim. Birdan devorda eshik paydo bo’ldi va u tezda ochildi.

– Sal sekinroq, namuncha baqirasiz? – dedi birov.

Ko’chadan ot tuyoqlarining dupur-dupuri eshitildi. Aftidan ular qaergadir oshiqayotgandi.

– Siz shunday kulgili va qo’pol tarzda baqirdingiz-ki, devorlar ko’chib tushishiga ozgina qoldi.

– Xona ham, uning devorlari ham meniki! Xohlasam baqiraman, xohlasam kulaman, xohlasam jim turaman! O’zingiz ham men bilan andisha qilmay gaplashyapsiz. Xonaning egasi ekanligimni faromush qildingiz chog’i? Menikida turganligingizni hisobga olib, muloyimroq so’zlashsangiz bo’larmidi? Qo’lingizdan keladimi?

– Oldin shunday edim.

– Balki, yana o’zgararsiz?

– Bilmayman!

Yozuv stoliga yaqinlashdim-da, suhbatdoshimni ko’rish maqsadida shamni yoqdim. Uyda na elekr va na issiqlik bor edi. Xonada mendan bo’lak tirik jon ko’rinmasdi. Demak, o’zim bilan o’zim gaplashibman. Bir muddat stol yonida o’tirdim. Bekorchilik jonimga tegdi. Bu qorong’i va sovuq xonada aqldan ozish hech gap emasdi. Nima qilarimni bilmay, pal`tomni kiyib, tashqariga chiqmoqchi bo’ldim. Zinada men bilan bir qavatda turadigan yon qo’shnimni uchratib qoldim.

– Nima yov quvdimi? Yana chiqib ketayapsiz, bekorchi, – dedi u men tomonga o’girilib.

– Xo’sh, nima qilishni maslahat berasiz? – javob berdim men. – Hozir xonamda ruh bilan gaplashdim. Shuning uchun ketyapman.

– Nima bo’pti? Bu haqda xuddi ovqatingizdan soch tolasi chiqqandek, norozi qiyofada so’zlayapsiz.

– Hazil o’z o’rnida ishlatilsa yaxshi. Men sizga ruh bilan suhbatlashdim, deyapman. Bilsangiz u bilan hazillashib bo’lmaydi.

– Men bir nima dedimmi? Nima bundan oldin ruhlarning borligiga ishonmasmidingiz?

– Ishonardim. Biroq ishonish yo ishonmasligim bilan nima o’zgaradi?

– Bilasizmi, hamma gap ruh oldida o’z qo’rquvingizni yenga bilishda.

– Yo’q men undan-ku cho’chimayman. Uning nima uchun kelgani azoblaydi, – asabiylashganimdan nima qilayotganimga aqlim yetmasdi. Cho’ntaklarimni titkiladim. Nimani izlayotganimni o’zim ham bilmasdim. Qo’shnim harakatlarimni kuzatib:

– Nega u holda o’zidan so’ramadingiz? – dedi.

– Aftidan, siz, umuman, ruhlar bilan muloqotda bo’lmagan ko’rinasiz? O’zingiz o’ylang, ulardan tayinli javob olish mumkinmi?

– Eshitimcha, ruhlarni mehmon qilish mumkin ekan.

– Juda yaxshi ma’lumotga ega bo’libsiz-da. Kim ham bunday bag’rikenglik qilardi?

– Agar u ayol zotidan bo’lsa, negaki mehmon qilish mumkin emas? – U shunday deya ortiga o’girilib, zinadan ko’tarila boshladi. Men nima deb javob berishni bilmay qoldim. Aqlimni yig’ishtirib olganimda esa qo’shnim yuqoriga ko’tarilib bo’lgandi. Shuning uchun egilib gapirishga to’g’ri keldi.

– Shunaqami? Hoy, ogohlantirib qo’yay, yana ruhni o’z xonangizga olib kirib ketishni xayolingizga ham keltirmang! U meniki! Agar shunday qilsangiz do’stligimizga putur yetadi-ya! Ayab o’tirmayman! – dedim baland ovozda.

– Hazillashdim, axir! – dedi u kulib

– Ha, u holda mayli, – dedim va sayr qilish uchun tash­qariga chiqdim. Biroq ko’chada bemalol yurish qo’limdan kelmadi. O’zimni shunchalar yolg’iz his qilganimdan o’sha sovuq xonamga qaytib, uxlashni lozim topdim. Odamlar buni haligacha anglab yetgani yo’q.