"Ot kishnagan oqshom" asariga taqriz
Ramazonova Nilufardan
Kitobingizni o'qidim.
Qosh qoraydi . Odam odamni tanimaydigan bo'ldi.
Tog'ay Murod adabiyotimizda o'ziga xos o'rin hamda uslubga ega bo'lgan ijodkor bo'lib hisoblanadi. Tog'ay Murod ijodkorning adabiy taxallusi bo'lib, uning asl ism-sharifi
Tog'ay Mengnorovdir.
Tog'ay Murod baxshilar yurti bo'lmish Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Xo'jasoat qishlog'ida tavallud topgan. Savodini shu yerdagi 43- maktabda chiqargan. Ko'plab dorilfunun hamda universitetlarda tahsil oldi, bir qancha nashriyotlarda faoliyat ko'rsatdi. Mohir ijodkor bo'lib yetishishida 1985-1987- yillarda Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti oliygohida tahsil olganligi ta'sir ko'rsatdi.
Adibning "Ot kishnagan oqshom" qissasi 1979- yilda yaratilgan bo'lib hisoblanadi. Bu qissada ba'zi bir insonlarning shafqatsizligi, ularning ma'naviy tubanligi, qishloq aholisining esa sofdil yuragi, ulardagi soddadillik , milliylik unsurlari juda ajoyib, faqatgina Tog'ay Murodgagina xos ravon tilda ifodalab berilgan. Eng og'ir sharoitda ham dushmaniga "birodarlar" deb murojaat qilgan Ziyodulla chavandoz, ot desa juda aqlli, inson desa jonzot ko'rinishidagi Tarlon otning egasiga vafodorligi, farzand ko'yida ado bo'lgan Jo'ra bobo kabilarning o'ylari, ularning orzu hamda armonlari bu qissada tarannum etilgan. Asardagi bosh obraz bu Tarlondir. U nuqsonsiz , shu bilan birgalikda kezi kelganda o'jar ot deb ham tasvirlangan. U eng og'ir damlarda egasini o'z holiga tashlab qo'ymadi, chavandozining hayotini asrab qoldi. Chunki Tarlon ot emas, odam edi.
Tili-zaboni bor kimsalar ( ularni inson deb atash og'ir) yirtqichlardan battar vahshiylashishdi. Nega? Haqiqatni ochgani — chavandozning yagona gunohi shu edi. Shu sababdan ming bir baloga giriftor bo'ldi. Ziyodulla chavandoz najotni insonlardan emas, bir tilsiz otdan topdi.
Asarda insonlarning nihoyatda loqaydligi, atrofda bo'layotgan voqealarga bepisandligi, jinoyatni xas-po'shlashga urinishlar, turli qog'ozbozliklar, ming yillik urf-odatlarinizni eskilik sarqiti deb atashlar va boshqa illatlarni adib qo'rqmay fosh etgan.
"Qosh qoraydi. Odam odamni tanimaydigan bo'ldi." Aslida bu yerda atrofdagi qorong'ulik emas, balki jamiyatdagi zulmat shu ko'rinishda berilmoqda deb o'ylayman . Vatanga, uning tuprog'iga bo'lgan muhabbat , in'om etilgan eng sara ne'matlarni asrab-avaylash, insonlar orasidagi mehr yo'qolmasligi uchun, qalbimizda iymon mukammalligi uchun bu asarni mutolaa qilishimiz darkor.