March 28, 2020

#Kun_Hikoyasi Qotil kerak. Jek Ritchi

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ

E’lonlar bo‘limidagi juvon matnni o‘qib chiqib, uni ko‘chirib oldi va menga nigoh tashladi.

-Buni xuddi shunday chop etish kerakmi?..

-Ha. Javoblar uchun abonent qutisiga ham buyurtma bermoqchiman.

«Gerald Jornel» gazetasiga bermoqchi bo‘lgan e’lonim quyidagi mazmunda edi: «Siz turmush o‘rtog‘ingizdan zerikdingiz va undan qutula olmayapsizmi? Bu holatda faqatgina bitta yo‘l bor. Mijozlarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi. Xatlaringizni «Gerald Jornel»ga, e’lonlar bo‘limiga jo‘nating».

Juvon asabiylashib qalami orqasini tishladi.

Men uning yuzida qat’iyatsizlikni ko‘rdim.

-Nima? Biror xato bormi?

-Men bu yerga yaqinda ishga kelganman. Shuning uchun tahririyatdagi talablarni bilmayman.

U aftidan o‘zidan yuqoriroq lavozimda ishlaydigan janob Uilson ismli kishini chaqirdi. U e’lonimni o‘qib ko‘rdi.

-Siz advokatmisiz?

-Yo‘q.

-Ajrashish ishlari bilan shug‘ullanasizmi?

-Yo‘q.

U yo‘talib oldi.

-U holda «faqatgina bitta yo‘l» deganingizni qanday tushunish kerak?

-Bunga javob - mening e’lonimda.

Meni yuqoriga, e’lonlar bo‘limi rahbari Bingxemning xonasiga taklif qilishdi.

E’lonim mendan avvalroq uning xonasiga yetib kelgan va stol ustida turardi.

-E’loningiz matnini aniqroq yozishingizni talab qilaman, aks holda uni bosa olmaymiz.

Men uf tortdim.

-Xo‘sh, mening ismim Jeyms Parkerson, universitetda ishlayman. Psixologiya fanlari professoriman.

U e’lonim matni bitilgan qog‘ozga imladi.

-Mana buning kasbingizga taalluqli joyi bormi?

-Albatta. Hozirda men agar ruhiy shart-sharoitlar imkon bersa, er-xotinlar orasidagi munosabat hozirgiga nisbatan o‘n marta ko‘proq qotillik bilan tugashi mumkinligi haqidagi fikrimning amaliy isboti ustida ish olib boryapman.

-Qo‘lga tushib qolishdan qo‘rquv bunga yo‘l qo‘ymaydimi?

-Albatta, bu ham muhim ahamiyatga ega, lekin men boshqa omilni muhimroq deb hisoblayman. Menimcha, aksariyat odamlar zo‘rlik ishlatishdan qo‘rqishadi. Agar ular bu ishni boshqa birortasiga, masalan, professional qotilga ishonib topshirishsa, ko‘plab fuqarolarimiz suiqasd oqibatida hayotdan ko‘z yumgan bo‘lishardi.

Bingxem qovog‘ini uydi.

-Siz o‘zingizni qotil sifatida taklif qilmoqchimisiz? Demak, kimdir e’loningizga javob qaytarishiga ishonasiz.

-Albatta javob qaytarishadi. Odamlar ishonuvchan bo‘lishadi. Misol keltiraymi? Bir necha yil oldin bir yirik jurnalda quyidagicha e’lon chop etilgan: «Bu sizning oxirgi imkoniyatingiz. 107-raqamli pochta qutisiga bir dollar jo‘nating». Tamom. Hech qanaqa xizmat haqida gap yo‘q. Ammo minglab odamlar pul jo‘natishgan.

Men tanlagan yo‘l nimani anglatadi? «Faqat bittagina yo‘l». «Qotillik» so‘zi hammani qo‘rqitib yuborishi tabiiy, mening e’lonimga esa albatta javob qaytarishadi. Menimcha, javob qaytaradiganlar ikki guruhga bo‘linishadi. Birinchi guruhdagilar meni yurist deb o‘ylashadi va qonuniy jihatdan imkoniyatlari qandayligini bilishga urinishadi. Lekin bunday xatlar bilan ishim bo‘lmaydi.

Men tik turgancha gapirayotgandim. Bingxem meni o‘tirishga taklif qildi.

-Ikkinchi guruhdagilar esa ikkilanishadi va o‘zlariga kerakli narsani topganiga umid qilishadi. Ana shunda ular vaqt sarflab e’lonimga javob yozishadi.

Bingxem ikkilanib qoldi.

-Agar ular kimligingizni va asl maqsadingizni bilishsa, shu ondayoq hafsalalari pir bo‘ladi.

-Tabiiyki, men ular bilan savol-javobimni tugatmagunimcha kimligimni aytmayman. O‘zimni professional qotildek tutaman.

Bingxem o‘ylanib qoldi. Keyin boshini qashladi.

-Xo‘p, yaxshi. Umuman olganda, e’loningizni qabul qilmasligim kerak edi, ammo meni qiziqtirib qo‘ydingiz. Uni chop etishga ruxsat beraman. Qachonga chiqishi kerak?

-Iloji bo‘lsa bugun.

Xonadan chiqayotganimda Bingxem menga yana bir maslahat berdi.

-Javob xatlarini olish uchun xonamga kelganingiz ma’qulroq. Pochta qutisi oldida sizni biror mijoz yoki jurnalist kutib olishi mumkin.

E’lonim shu kuniyoq «Gerald Jornel»ning kechki sonida bosilib chiqdi. Ertasiga tushdan so‘ng, universitetdagi ishim tugashi bilanoq Bingxemning xonasiga yetib bordim.

Bingxem meni eshik yonida o‘tirgan kishi bilan tanishtirdi.

-Serjant Larson, firibgarlikka qarshi kurash bo‘limidan. Bu kishi shubhali e’lonlarni kuzatish bilan shug‘ullanar ekan.

-Mening e’lonimda qonunga qarshi narsa yo‘q,-dedim men. -Janob Bingxem, marhamat qilib, serjant Larsonga mening maqsadim haqida aytib bersangiz.

-Aytib berdi, -e’tiroz bildirdi serjant. -Men o‘zim bunga ishonch hosil qilishim kerak. Hujjatingizni ko‘rsam bo‘ladimi?

Men unga hujjatimni uzatdim.

-Hammasi joyida, -dedi u. -Har qalay, Parkersonning hujjati ekan. Men universitetga ham borib, buni aniqlayman.

Bingxem menga stol ustida turgan bir dasta xatni uzatdi.

-Bugun ertalab sizning nomingizga keldi. Oltita.

Larson menga diqqat bilan razm soldi.

-Shularning ichida o‘z turmush o‘rtog‘ini o‘ldirish maqsadida yozilgan xatlar ham borligiga ishonasizmi? -so‘radi u.

-Hali o‘qib ko‘rganim yo‘q, lekin bo‘lishi mumkin.

U menga qo‘lini uzatdi.

-Bularni menga bering.

Uning talabini rad etdim.

-Afsuski,-dedim men.-Shaxsan mening nomimga kelgan xatni hech kimga bermayman.

-Sizni tushunmadim, professor!-o‘shqirdi serjant. -Nahotki siz qotillikka yo‘l ochsangiz?

-Mening tadqiqotim aynan shunga qaratilgan,-javob qildim men.-Epidemiyani yo‘qotish uchun uning chegarasini aniqlab olish kerak. Menga murojaat qilganlar o‘zlari o‘ylagan ishni amalga oshiradigan odamni topganlaridagina xavfli hisoblanishadi. Ular bilan shug‘ullanayotgan chog‘imda hech qanday baxtsiz hodisa yuz bermaydi.

Serjant Larson mening dalillarimni istar-istamas qabul qildi.

-Ammo ular bilan gaplashsangiz, bizga ham kimligi haqida ma’lumot berasiz. Biz ularni fikridan qaytarishimiz shart.

Men rozi bo‘ldim.

-Mayli, roziman.

Men uyga keldim va ish xonamga kirmoqchi edim, lekin Doris, turmush o‘rtog‘im meni to‘xtatdi.

-Bu yilgi ta’tilni qaerda o‘tkazamiz, Jeyms?

-Nima? -dedim men. -Uyda o‘tkazamiz. Men yangi loyiha ustida ishlayapman. Ta’til davomida ham shu ishni davom ettiraman.

-Juda ko‘p ishlayapsan, azizim, -dedi Doris va xo‘rsindi. -Sayohatga chiqqim kelyapti. Bir necha kishilik kichkinagina kemada. Zo‘r bo‘lardi.

Men xatlarni o‘qish ishtiyoqida yonayotgandim.

-Doris, bu sayohatdan nima kutyapsan?

-Nima? Yangi insonlar bilan tanishuvlar...

-Odamlar hamma joyda bir xil, to‘g‘rimi?

-Ha, lekin...

-O‘zing biladigan narsaning to‘g‘riligini tekshirish uchun pul sarflab nima qilasan?

Men xonamga kirib, xatlarni o‘qishni boshladim. Xatlardan to‘rttasi birinchi guruhga tegishli edi, ammo qolgan ikkitasi meni qiziqtirib qo‘ydi. Men birinchi xatni yana bir marta o‘qib chiqdim.

«Hurmatli janob!

Sizning «Gerald Jornel»ning kechki sonidagi judayam qiziqarli e’loningizni o‘qib chiqdim va «faqat bittagina yo‘l» degan terminingizni tushunmadim. Shuni tushuntirib bera olasizmi? Agar rozi bo‘lsangiz, «Gerald Jornel»da menga shunday javob yozing: «Kolli zotli it yo‘qolib qoldi. Laqabi Regis».

Xatga imzo qo‘yilmagan edi.

Men mashinkada yozilgan xatni lupa bilan ko‘rib chiqa boshladim. «O» va «e» suvalib ketgan, boshqa harflar ham mashinkani tozalashni talab qilardi. Rangli tasma ham almashtiradigan darajada edi. «Termin» deb yozishidan muallifning unchalik savodli emasligini bilish mumkin edi.

Yoki «termin» so‘zi «e» bilan yozilarmidi? Men odatda stolim ustida turadigan lug‘atimni izladim, lekin topolmadim. O‘rnimdan turib qichqirdim:

-Doris, «termin» so‘zi qanday yoziladi?

-T-er-min.

-Lug‘at qani?

-G‘aladonda, azizim.

Men g‘aladondan lug‘atni oldim. «Termin» so‘zi «e» bilan yozilgandi.

Ikkinchi xat ham birinchisiga o‘xshardi. Unda hech qanday murojaat ham, imzo ham yo‘q edi.

«Maks bari. 21-ko‘cha va Uels ko‘chalari burchagida. Bugun kechqurun 8da. Shotland viskisiga buyurtma bering. O‘ng oyog‘ingizdagi poyabzalingiz ipini yeching va qayta bog‘lang».

«Shunday qilaman», o‘yladim men.

Men «Gerald Jornel»ga qo‘ng‘iroq qildim va kolli zotli it haqidagi e’lonni chop etish uchun buyurtma berdim. Go‘shakni qo‘ygach, yana xatlarga tikildim.

So‘ng toza qog‘oz olib mashinkaga qo‘ydim va harflarni terdim: «Terminim mushtariyni e’lonni o‘qishga majbur qiladi».

Men harflarga razm soldim. Harflar tiniq edi, «o» va «e» esa ishlov berilgandek yaraqlab turardi. Kechki ovqatdan keyin paltomni kiydim.

-Men universitetga borib kelaman. Qachon qaytishim aniq emas.

-Bo‘pti, -dedi Doris. -Yozuv mashinkangni tozalab qo‘yganimni ham sezmading. Tasmasini ham almashtirdim.

Shlyapamni ushlagancha qotib qoldim.

-Qachon?

-Bugun ertalab, azizim.

Men tashqariga chiqdim.

«Termin» so‘zini millionlab odamlar xato yozishadi,-dedim o‘zimga o‘zim, mashinani o‘t oldirar ekanman.-Har kuni millionlab odamlar yozuv mashinkalarini tozalashadi...».

Men Maks bariga bordim.

Bo‘sh joyga o‘tirib, shotland viskisiga buyurtma berdim. So‘ng engashib, poyabzalim ipini yechib, qayta bog‘ladim va atrofga alangladim. Aftidan, menga hech kim qiziqmayotgandi.

O‘n daqiqadan keyin barga o‘rta bo‘yli bir kishi kirib keldi. Men baland ovozda yana bir marta shotland viskisiga buyurtma berdim va poyabzalim bog‘ichini yechib bog‘ladim. Lekin kirgan kimsa menga e’tibor ham bermadi.

Men navbatdagi kiruvchini kuta boshladim.

Sakkizinchi qadahdan so‘ng bu ish jonimga tegdi.

Uyga qaytganimda Doris uxlashga yotgandi, chamasi. Harholda u pastda yo‘q edi. Men zo‘rg‘a yuqoriga chiqdim va o‘zimni divanga tashladim. Ertalab turganimda boshim lo‘qillab og‘rirdi. Ishtaham yo‘qligi uchun qahva ichdim, xolos.

Doris menga tashvishli nigoh tashladi:

-Kasal emasmisan?

-Bo‘lishi mumkin, -dedim men.-Grippman, shekilli.

Tushga yaqin ma’ruzam tugaganida o‘zimni yengil his qildim. Fakultet oshxonasida tushlik qilgach, universitet bog‘ida aylandim. Haykal yoniga kelganimda sigaret chekish uchun gugurt yoqdim va men tomon kelayotgan baland bo‘yli erkakka ko‘zim tushdi.

U sirli jilmaydi.

-O‘zingizni yaxshi his qilyapsizmi?

Men uni ilgari ko‘rmagandim. Men bilan nima ishi bor? U poyabzalimga qaradi.

-Ha, iplarini bog‘lashdan zerikmadingizmi?

-Siz?.. Siz meni?

U bosh irg‘adi.

-Ha. Kecha Maks barida edim.

-Nega indamadingiz?

-Men ehtiyotkor odamman,-javob qaytardi u. -Bunday ishlarda ehtiyot bo‘lish lozim.-U menga astoydil tikildi.-«Faqat bittagina yo‘l» deganda nimani tushunasiz?

Men hali ham jahldan tushmagandim.

-Uch martada toping!-dedim qo‘pollik bilan.

U jilmaydi.

-Qotillik?

-To‘g‘ri, -dedim men bir oz ikkilanishdan keyin.

U menga sinovchan nazar tashladi.

-Xotinimni o‘ldirish uchun qancha so‘raysiz? -so‘radi u nihoyat.

Men og‘zimga kelgan raqamni aytdim.

-O‘n ming dollar.

Bu narx uni aslo hayron qoldirmadi.

-Qanday o‘ldirasiz?

-Avval siz uchun alibi tayyorlaymiz, keyin xotiningizni otaman,-tushuntirdim men.

U bosh irg‘adi.

-Juda oson ekan, professor Parkerson.

-Meni qaerdan taniysiz?

-Kecha kechqurun ortingizdan uyingizgacha bordim, bugun ertalab esa ortingizdan universitetgacha kuzatib keldim. Men kim bilan ishlashimni bilmoqchi edim. Yana bir narsani aytishim kerak, professor, sizday odam qotil ekanligiga ishonmayman.

-Ser, -e’tiroz bildirdim men. -Xotiningizni o‘ldirtirmoqchimisiz?

-Yo‘q, -dedi u. -Men uylanmaganman. Xo‘sh, professor, qanaqa o‘yin o‘ynayapsiz?

-Bu mening ishim.

Uning ko‘zlarida nur chaqnadi.

-U holda men siz haqingizda politsiyaga xabar qilaman.

-Politsiya biladi.

-Unda, gazetachilarga murojaat qilaman. Mening ma’lumotimdan yaxshigina maqola tayyorlasa bo‘ladi.

Bu gap meni esankiratib qo‘ydi. Gazeta menga e’lon berib turish uchun kerak edi. Men haqimda maqola chiqishi esa barcha rejalarimni chippakka chiqarishi mumkin edi.

-Xo‘sh, gazetaga murojaat qilaymi?

Men xo‘rsindim.

-Yo‘q.

Men unga loyiham haqida aytib berdim. Gapimni tugatganimdan so‘ng u birpas yerga qaragancha o‘ylanib qoldi. So‘ng so‘radi:

-E’loningizga birortasi javob berdimi?

-Ha. Oltita xat oldim.

U yana birpas o‘ylanib turdi va keyin so‘radi:

-Ularning ismlarini menga ayta olasizmi, professor? Men ikkinchi guruhdagilarni nazarda tutyapman.

-Nima? Bu nima deganingiz?

-Har bir ism uchun sizga besh yuz dollardan to‘layman, faqat bitta shartim bor: ular bilan o‘zim shug‘ullanaman.

Nihoyat men uning maqsadini anglagandek bo‘ldim.

-Nima uchun aynan ularning ismlarini bilmoqchisiz?

U iljaydi.

-Mening kasbimda mijozlar bilan aloqa o‘rnatish qiyin. Men sizga o‘xshab o‘z xizmatimni reklama qilolmayman.

-Siz professional qotilmisiz?

-Balki besh yuz dollar o‘rniga sizga mukofot ajratarman,-javob qaytardi u savolimga. -Aytaylik, daromadimdan o‘n besh foizini?

Men o‘rnimdan turdim.

-Endi politsiyaga borish uchun mening navbatim keldi.

U yelkasini qisdi.

-Menga qarshi dalilingiz bormi? Men siz bilan gaplashganimni tan olmayman.

Uning ko‘zlari chaqnadi.

-Siz qanday ish qilishimiz mumkinligini tushunmayapsiz, shekilli. Siz mamlakat miqyosida shunday tadqiqot o‘tkazishingiz mumkin.

-Hech qachon! Hech qachon va yana bir marta hech qachon!

U gapida davom etdi.

-Xulosa chiqarishga shoshilmang, professor. Unutmang, mening taklifim uchun sizga o‘xshagan yuzlab hamkasblaringiz bir-birlarini g‘ajishga ham rozi bo‘lgan bo‘lishardi.

U ko‘chani kesib o‘tdi va yangi kabrioletga o‘tirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Kechki ma’ruzadan so‘ng mashinamda uyga keldim.

Doris kiyimlarni ajratayotgan ekan.

-Qariyalar uyiga bermoqchiman, azizim.

Men u ajratgan kiyimlarga qaradim.

-Jigarrang kostyumim bu yerda nima qilyapti?

-U eskirib ketgan, Jeyms.

-Shkafga solib qo‘y. Eskirmagan.

-Xo‘p, azizim. Lekin hozir bunaqa kostyumni faqat o‘liklarga kiydirishyapti.

Men unga taajjub bilan tikilib qoldim. Nimaga u bunday dedi?

Men yelkamni qisdim va xonamga kirdim. Qo‘shma Shtatlar aholisi bir yuz sakson olti million kishi. Undan kamida yuz mingtasi o‘z turmush o‘rtog‘idan qutulishni istaydi. Nimaga endi faqat er-xotinlar bilan cheklanish kerak? Xolalar, tog‘alar, jiyanlar, oshna-og‘aynilar ham bor...

Agar ulardan besh mingtasi bilan kelishsang va har biri besh ming dollardan to‘lasa, yigirma besh million dollar bo‘lardi. Yigirma besh millionning o‘n besh foizi esa...

Payshanba kuni tushdan so‘ng «Gerald Jornel»ga keldim va 1183-pochta qutisidan Regis laqabli kolli haqidagi e’lonimga javobni oldim.

Men xatjildni ochdim va xatni o‘qidim.

«Hurmatli janob!

Regis haqidagi e’loningizni o‘qidim. Siz bilan uchrashishga tayyorman.

Siz bilan 27-ko‘cha va Gerald-strit burchagidagi «Leoni» restoranida uchrashmoqchiman. Juma kuni kech soat sakkizlarda o‘sha yerda bo‘laman. Yelkamda pushti sharf bo‘ladi. Qo‘lingizda guldasta bo‘lsin. Sizga «Regis» deyman, sizdan esa «Qora marvarid» degan javobni kutaman».

Men xatni yana bir marta o‘qib chiqdim. Tushunishimcha, bu xat ayol kishidan kelgandi va bu safar harflar tiniq edi.

«Leoni»? Ha, o‘tgan yili men Doris bilan tushlik qilgan restoran.

Uyga kelgunimcha shu haqda o‘yladim. Xonaga kirishim bilan dedim:

-Anchadan beri birga hech qaerga bormadik, Doris. Juma kuni kechqurun «Leoni»ga borsak nima deysan?

U jurnaldan ko‘zini uzdi.

-Afsus, azizim, lekin juma kuni ayollar klubida uchrashuvim bor. Bormasam bo‘lmaydi.

Men shlyapamni kiydim.

-Birpas aylanib kelaman.

-Hozirgina kelding-ku, azizim!

-Nima bo‘pti?

Tashqariga chiqdim. Doris men bilan hazillashmoqchi bo‘ldimikin? Lekin u mening loyihamni qaerdan bildi? Men odatda biror natijaga erishmagunimcha ishim haqida og‘iz ochmayman. Bu agar ishim o‘xshamay qolsa sharmandalikdan saqlaydi.

Yoki u rostdan ham meni o‘ldirmoqchimi?

Biz turmush qurganimizga o‘n yildan oshayotgandi. Turmushimiz yaxshi edi, har qalay men shunday deb o‘ylardim. Hayotimiz osoyishta va bir maromda edi. Dorisning otasi universitetimizda roman filologiyasi bo‘yicha dars berar, onasi esa zoologiya bo‘yicha professor edi.

Doris bilan gaplashsammikin? Undan izoh talab qilish kerakmikin? Bosh chayqadim. Yo‘q. U menga ochig‘ini aytmaydi. U nima uchun meni o‘ldirmoqchi bo‘layotganini o‘zim topishim kerak. «Leoni»dagi uchrashuvimizda meni tanib qolmasligi uchun soqol, mo‘ylov yopishtirib olishim kerak. Ertaga tasviriy san’at kafedrasi mudiri, professor Tiberi bilan maslahatlashaman.

Yonimdan kabriolet asta o‘tib, mendan bir necha qadam narida to‘xtadi.

Odam o‘ldirish bo‘yicha mutaxassis mashinasidan tushdi va meni kutib turdi.

-Nimani o‘ylayapsiz, professor? Hamkorlikka tayyormisiz?

Bu kishi nima uchun qotillikni tanlagan? Odamlar nima uchun qotilga aylanishadi? Pul, ehtiros va o‘zini himoya qilish uchun.

Kutilmagan fikrdan o‘zimga keldim. Doris meni o‘ldirishiga yo‘l qo‘ymasdan, uni o‘ldirishga haqqim yo‘qmi? Buning uchun kimni yollasam bo‘ladi? Mana shu kishinimi?

Yo‘q, Dorisni o‘ldira olmayman. U mening xotinim, yaxshi-yomon kunlarimizni birga o‘tkazganmiz.

-Xo‘sh, professor,-dedi qotil.-Ishlar qalay?

-Qanaqa ish?

U boshini egdi va menga jim qarab turdi. So‘ng paltosi cho‘ntagidan tashrif varaqasi olib uzatdi.

-Men yana ikki kun «Uestland» mehmonxonasida bo‘laman. Qaroringizni kutaman. Bundan tashqari, yana bir marta eslatib qo‘ymoqchiman, bunday imkoniyatni boshqa ruhshunoslar aslo qo‘ldan boy bermagan bo‘lardilar.

-Marhamat, -dedim men. -Ixtiyoringiz!

Uning mashinasi ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, men ko‘cha burchagidagi simyog‘och tagiga bordim. Tashrif varaqasida «Charlz A. Xasker» degan yozuvdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Rostdan ham uning ismi shunaqamikin? Lekin buning farqi yo‘q. Men serjant Larsonga uni qaerdan topish mumkinligini ayta olaman. Politsiyada unga qarshi hech qanday dalil yo‘q, lekin ular uni kuzatishlari va ertami-kechmi qo‘lga olishlari mumkin.

Uyga qaytganimda uyimizda professor Konner o‘tirgan ekan. U shaxmat taxtasi oldida meni kutib o‘tirardi. U nima uchun kelganini tushunmadim. U zoolog va oramizda bizni birlashtiradigan umumiy narsa yo‘q. U bilan shaxmat o‘ynashimning boisi esa gaplashishdan ko‘ra shaxmat o‘ynash ma’qulroqligi edi.

Soat o‘n birlarda u Doris pishirgan baliqli buterbrodni yeb, keyin ketdi.

Juma kuni kechki ovqatdan keyin Doris klubga borish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Yarim soatlardan so‘ng u kiyinib chiqdi.

-Qachon qaytishimni aniq aytolmayman.

Unga g‘amgin tikildim.

-Hech narsa esingdan chiqmadimi? Masalan, pushti sharfing?

-Yo‘q, sumkamga solib oldim. Mashinangda borsam bo‘ladimi?

-Seni Bronson xonim olib ketardi-ku, doim?

-Hadeb uning mashinasida borish jonimga tegdi.

Doris chiqib ketishi bilan bugun tushda professor Tiberi bergan buyumlarni oldim va ko‘zgu oldida o‘tirgancha grim qilishga kirishdim.

Doris nega meni o‘ldirmoqchi? U bundan nima naf ko‘radi? Pulmi? Kulgili. Bizning jamg‘armamiz juda oz edi. Uning hayotida boshqa erkak paydo bo‘ldimi? Bo‘lishi mumkinmas.

Bir necha daqiqadan keyin ko‘zim ochilgandek bo‘ldi.

Nima uchun professor Konner biznikiga tez-tez kelib turadi? Faqat shaxmat o‘ynaganimi? Nimaga Doris la’nati baliqli buterbrod pishiraveradi? Men baliqli buterbrodni yomon ko‘rishimni biladi-ku.

Bir ozdan so‘ng soqolli aksimga tikildim va yashil ko‘zoynak taqdim.

«Leoni»ga soat sakkizlarda keldim va qo‘limdagi guldasta ko‘rinib turadigan joyga turib oldim. Zalga ko‘z yugurtirib chiqdim, ammo pushti sharfli ayolni ko‘rmadim.

Besh daqiqacha turganimdan so‘ng yigirma besh yoshlardagi bir juvon oldimga keldi.

-Regis? -dedi u menga shubhali nazar tashlagancha.

Men qotib qoldim.

-Sharfingiz pushti emas-ku!

-Nahotki!

Boshimga birov gurzi bilan tushirgandek bo‘ldi. Albatta! Yashil ko‘zoynak! Ko‘zoynagimni yechdim. Uning yelkasidagi sharf pushti edi.

-Qora marvarid,-dedim men. Biz stolga o‘tirdik va ayol menga maqsadini aytdi. U erini o‘ldirmoqchi ekan, ammo nima uchunligini aytmadi.

Biz o‘n ming dollarga va ikkinchi uchrashuvda batafsil gaplashib olishga kelishdik. Lekin men endi bu ayol bilan uchrashmoqchi emasdim. Bu ayol bilan endi serjant Larson shug‘ullanishi mumkin.

Men esa loyiham muvaffaqiyatli yakunlanayotganidan xursand edim.

Men boshqa barga kirdim va viskiga buyurtma berdim. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek edi. Xavotirim behuda bo‘lib chiqdi - xotinim meni o‘ldirmoqchi emas ekan.

Men bardan chiqqanimda soat o‘n yarim edi. Bardan uyimgacha uch mil edi. Men piyoda keta boshladim.

Uyimga yetishimga ikki kvartal qolganida yonimdan mashina o‘tib ketdi.

Bu mening mashinam edi. Doris klubdan qaytayotgandi. Mashina ko‘cha boshida to‘xtadi. Ha, u meni ko‘rib qoldi, «O‘zi bilan olib ketmoqchi», o‘yladim men. Keyin esa yopishtirgan soqolim hali ham turganligi yodimga tushdi. Qiziq. U meni qanday tanidi?

Men kalovlangancha mashinamga yaqinlashdim. Mashina ichidagi ulkan gavda ikkiga ajraldi. Doris yolg‘iz emasdi. Men egilib mashina ichiga qaradim. Doris va... professor Konner! Ular menga g‘azab bilan tikilishdi. Xotinimning ovozi qulog‘imni teshib yuborguday jarangladi.

-Nimangizni yo‘qotdingiz, janob? Yo‘qoling bu yerdan!

Men indamay ketdim. Ko‘cha burchagidagi butalar orasiga kirib ularni kuzata boshladim. Ular yana bir-birlarining pinjiga suqilishdi.

Men soatga qaradim. O‘n daqiqa... o‘n besh... ular bir-birlaridan ajralay demasdi. Nihoyat butalar orasidan chiqdim va nariroqdagi telefon-avtomat tomon yo‘l oldim.

Xasker Dorisdan qutulishim uchun nima talab qilarkin? Professor Konnerni ham o‘ldirish uchun-chi? Katta pul so‘rasa kerak.

Ammo u bilan hamkorlik haqida kelishib olsam, balki u men uchun tekinga ishlab berar...

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi