February 11, 2020

«Oxirzamon nishonalari»(Kassandra tamg’asi) romanida ostiga chizib o’qiladigan satrlar & Eng og’iri, eng mushkuli shudir, chunki o’zini ayblashdan qiyin azob yo’q.

Chingiz Aytmatovning buyuk romanlaridan biri bo’lmish, “Oxirzamon nishonalari”(Kassandra tamg’asi) asarida yozuvchining asosiy maqsadi XX-asr rivojining razilona zayli zamon oxiriligini ko’rsatish edi. Manqurtning ilmiy-zamonaviy ko’rinishi ya’ni, ikszurriyot zamonni tamomila insoniylikdan yiroq qilmoq uchun yaratilgan edi. Asarda aynan shu sun’iy va tabiiy yaralgan ikszurriyotlar basharning xotimasi edi. Insonning o’zida oxirzamon borligini Aytmatov bu romani orqali namoyon etgandi.

Quyida asardagi oxirzamonning mafhum va mavhum belgilarini hamda insonning ba’zi bir tabiatini ochib berish uchun yozilgan satrlarni havola etamiz:

* * *

Bu gal ham dastlab So’zdan boshlandi. Bir zamonlarda bo’lgani kabi. O’sha mangu Mavzudagi kabi.

Keyinchalik nimaiki ro’y beribdiki, hammasi Og’izdan chiqqan so’zlar samarasi edi.

* * *

Ha, texnika yutuqlari tufayli inson hayotga moslashishning olamshumul yangi-yangi imkoniyatlariga ega bo’ldi va Allohning qudrati bilan mengzagulik kuchga erishdi. Axir, Xudogina nozohiriy yuksaklikda dunyo uzra ko’z ilg’ag’isiz quyun kabi parvoz qilar ekan, butun Yer kurrasini birato’la ko’zdan kechira olish imkoniyatiga egadir.

* * *

Ba’zida o’ylab qolasan kishi — Har doim taqdirdan oldinroq odim tashlash, hayotning mazmun-mundarijasini fahmlab olish ilinjida mashaqqatlar chekish, ya’ni bugun ham, ertaga ham, ming yildan keyin ham hech qachon hech kimga yuz ko’rsatmaydigan o’sha abadiy muammo ketidan sarson-sargardon yelib-yugurish joningga tegib ketadi. Biroq kelajak haqidagi ana shu fikrlar to’qnashuvidan bosh tortib ko’r-chi, o’zingni o’zing kemirib yemasang, umidsizlanish kasaliga mubtalo bo’lmasang, endigina ufqda qorayib ko’ringan narsaning sir-asrorini bilib olish havasi paydo bo’lmasa, men kafil. Biz kelajakning qiyofasini aniq tasavvur qila olmasak, butun intilishlarimiz samarasiz bo’lib qolaveradi.

* * *

…hozirgi insoniyat butunlay yangi muammolarga duch keladi, bordi-yu birdan quyosh sovib qolsa, yoki aksincha, yanada qizib ketsa bormi, hamma joyda hammaning boshiga mislsiz ko’rgiliklar, intiqomlar tushgani kabi, insoniyatni ko’z ko’rib, quloq eshitmagan sinovlar kutadi. Insoniyat ana shu yangi muammolar mag’zini chaqar ekan, o’zining fojeiy halokatini anglab yetishigina kifoya qilmaydi. Balki, eng muhimi – bu tuyg’u omon qolishning yangi usullarini qidirib topish va taraqqiyotning yangi yo’llari hamda shakllarini aniqlashga turtki bo’lmog’i darkor, bu esa, o’z navbatida, yangicha hayot tarziga, yangicha tafakkur qilishga olib kelmog’i lozim.

* * *

…taqdir degani kelajak hayotning ko’zgu orti dengizida suzib yurgan ko’zgu orti suv osti kemasidir.

* * *

Qon va hokimiyat — yovuzlik urug’lari asrlar osha ana shu chirindi ustida ko’karib kelgan… Yovuzlik o’rnini yovuzlik olgan, o’z urug’larini bo’lajak yovuzlik uchun qoldirgan…

* * *

Lekin insonga abadiylikning bitmas-tuganmas harakatini o’zida mujassamlashtirgan aqliy afzalliklar ato qilingan va inson omon qolishni istasa, taraqqiyotning cho’qqilari sari ko’tarilishni xohlasa, u o’zidagi Yovuzlik ustidan g’alaba qilmog’i zarur. Axir kishilarning butun umri bu yo’lda shunday tinimsiz intilishlarda o’tadiki, bizning asosiy burchimiz ham ana shundadir. Mana, bizning o’zimizda yashirinib kelgan botiniy sir yuz ko’rsatdi. Bu jonli ruhning ilgarilari noma’lum bo’lgan hadlariga chuqur kirib boriladi degan so’z emasmikin? Ichki dunyoning yangi kvantlari topildi degan so’z emasmikin? Buni kim ayta oladi?

* * *

Eng og’iri, eng mushkuli shudir, chunki o’zini ayblashdan qiyin azob yo’q.

* * *

…bizga, odam bolasiga qancha huquq berilgan bo’lsa, biz shuncha burchdormiz.

* * *

So’z bilan hammasini, hammasini qilsa bo’ladi. Ha, ha. Shuning uchun ham so’z nozil qilingan. Nimaiki xayolimizga kelsa, boshimizga tushsa, barini so’z bilan izhor qilamiz. Inson qo’li bilan nimaiki yaratilibdi, bari so’zning amalga joriy qilinishidir. Ko’prik daryo ustiga qurilmasdan oldin so’z edi. Undan ham muhimi, so’z — abadiylikning o’zimizdagi imkoniyatidir. Biz o’lamiz, lekin so’z qoladi. Shuning uchun ham u — Xudo. Biz ana shu so’zda iztirob ila yugurib yelamiz, so’zlarda — ba’zan qanot bog’lab abadiylikka uchamiz, ba’zida so’z bizni xachir kabi yetaklab olishi muqarrardir. Lekin men boshqa narsa haqida gapiryapman. Hayotning butunlay qarama-qarshi mohiyati haqida — dastlab so’z bo’lmaganligi to’g’risida gapirayotirman. Bu esa — butun boshli tabiatdir.

* * *

Axir vulqon qancha qo’rqinchli bo’lmasin, u lavani otib chiqaradi-da so’ngra tinib-so’nib qoladi. Odamlarning yovuzlik shamollari esa tinim bilmaydi. Gap mana shunda. Hayot shunday qurilganki, ezgulik har doim tanqis, yovuzlik esa mo’l-ko’l, oshib-toshib yotibdi

* * *

… tog’ ko’chkilari ro’y bersa, muzliklar harakatga kelib o’z yo’lidagi hamma narsani yakson qilib ketsa iztirob chekadi, lekin inson xulqidagi nopokliklarga, shafqatsiz va dahshatli yovuzliklarga chiday olmaydi, bilasanmi, dunyoviy aql egasi bo’lgan odamda halokatga olib keladigan ehtiroslarning junbushga kelishiga bardosh bera olmaydi.

* * *

Albatta, har bir kishi hayotda o’zi uchun yaxshi o’zgarishlar bo’lishini istaydi, istabgina qolmasdan bunga qanday erishish kerakligini, erishganda ham tezda farovonturmushga erishishni xohlaydi. Senga kulgili tuyulmasin, lekin odamlar buni bila turib, o’zlarini ishontirish va yana ishontirish kerakligini tushunmaydilar.

* * *

Hozirgi odam shunday maxluqki, sal ko’ngilsiz hodisa ro’y berdimi, avvalo o’zini emas, balki

tuzumni aybdor deb hisoblaydi.

* * *

Axir biz amerikaliklar, o’zing bilasanki, hamma sohada birinchi bo’lmog’imiz, o’zimizning mustaqil va boshqalarga o’rnak bo’ladigan fikrimiz bo’lmog’i zarur. Xudo ko’rsatmasin, bugun galaktikadan o’zga sayyoraliklar kelib qolishsa, ertaga o’shalar bilan achomlashib tushgan rasmlarimizni bosib chiqarishimiz kerak. Aks holda biz amerikalik bo’lolmaymiz.

* * *

… odamning boshqalar orasida yashashining, inson bolasining tug’ilishdan to o’lishga qadarli umrining muqarrar suratda muammodorligi, hayotning bosh mohiyatiga yetishishga urinishi haqida yozdi — inson daf’atanoq himmat-saxovatli qilib yaratilgan emas, mutlaqo bunday emas, buning uchun hormay-tolmay ruhiy kuch-quvvat sarflash talab qilinadi va har gal, har bir bolaning

tug’ilishi bilan — yetib bo’lmaydigan idealga yetishish uchun bu ishni yana boshlamoq darkor. Odamning butun borlig’i ana shunga yo’naltirilgan bo’lmog’i lozim. Ana shundagina u — insondir.

* * *

…mutlaqo hech kimning o’lim bilan hisoblashmaslikka haqi yo’q. Bu — bema’nilik.

* * *

… odamlar butun tarix davomida, avloddan avlodga muntazam suratda bir-birlarini qiynab jonlarini olib kelishgan, oqibatda insoniyat yashab kelgan dunyo ko’p narsa yo’qotgan; o’zlarining tarixiy takomil toppish yo’lida qo’lga kiritishi mumkin bo’lgan juda ko’p yutuqlardan mahrum bo’lishgan. Umumiy tarzda aytganda, manzara ana shunday.

* * *

Hayotdan bosh tortish oxirzamon nishonasi emasmikin?

* * *

Shu narsa aniqlandiki, yovuzlik uni ijro etgan kishilar bilan birgalikda izsiz, javobsiz ketmas ekan, balki irsiyatning qaysi bir xampalarida talay vaqtgacha saqlanib turar ekan. Bundan chiqadiki, ertami-kechmi kimdir hayotidan voz kechib o’shaning kasriga qolar ekan?!

* * *

– Ha, shunday bo’lib chiqayotir, Entoni. Gap shundaki, ezgulik bilan yovuzlikni bir shodaning donalari deb hisoblasak ham, ularning nisbati to’g’risida kam o’ylaymiz. Yovuzlikning ustunlik qiladigan kuch ekani to’g’risida, yovuzlikning bizning tub mohiyatimizni, burchimizni xonavayron etib, doimo barbod qilib turishi, bizning umumbashariy qadriyatlarimizni ko’kka sovurishi haqida, odamning hozirgiga nisbatan butunlay boshqa sifat kasb etishi uchun yashashning yangi usullarini aqlning bilib olishiga yovuzlikning yo’l bermasligi to’g’risida kam o’ylaymiz.

– Mister Bork, odamlar jismoniy jihatdan bizga o’xshagani holda sifat jihatidan boshqa intellektga, zakovatga ega bo’lishi, butunlay boshqa xulqqa ega bo’lgan mavjudotlarga aylanishi mumkinmidi?

– Aylanganda qanday. Biz hammamiz o’z yog’imizga o’zimiz qovrulib keldik, biz butun Koinotda birdan-bir aqlli mavjudotlar edik. Hech qanday mahluqlar bilan raqobat qilmadik. Shunday ekan, bizda boshqa ma’naviy evolyutsiya, tamomila boshqa taraqqiyot bo’lishi mumkinmidi? Bu haqda qanchalar o’ylash, munozara qilish mumkin. Lekin shunisi haqiqatki, biz fan va texnika taraqqiyotida ham har qancha yutuqlarga erishmaylik, hammamiz, afsuski, bir-birlarimizni yamlab yutadigan yirtqichligimizcha qolayotirmiz.

* * *

musiqa odamlarga inson umrining o’lguday qisqaligi uchun mukofot qilib berilgan deb o’ylab qolardi. Odam musiqani eshitayotganda ruhan musiqaga sho’ng’ib ketadi, vaqtning insonga noma’lum kategoriyasiga kirishadi, u abadiylik oqimiga qo’shilib ketadi va uning umri uzayadi, abadiylik bilan to’qnashib cho’ziladi, ehtimol, bir necha o’n yilga, bir necha yuz yilga va ko’proqqa cho’ziladi, cho’zilganda ham uzunlik o’lchovlarida emas, balki tabiati hali aniqlanmagan o’lchovda cho’ziladi. Ehtimol, bu o’lchov mohiyati hech qachon aniqlanmas.

* * *

Yerdagi yovuzliklarning manbai odamlarning o’zlaridaekanligini tan olishni xohlamaganliklaridan g’alati bo’lib ketdi.

* * *

… oxirzamon tashqi dunyoning yaratilgandan buyon ro’y berishi mumkin bo’lgan halokati orqasida emas, balki borgan sari urug’lab ketayotgan shafqatsizliklar va rango-rang yovuzliklar mahsuli bo’lmish irsiyat qa’ridagi o’pirilish natijasida kelib chiqadi. Inson tabiatidagi qo’rqinch – gunohi azimlar uchun, Xudo bergan hayot oldida abadiylikka qilingan gunohlari uchun instinktiv qo’rqish ham o’z ishini qildi. Hayot har bir kishiga uzoq muddatga bir bor ato qilingan, lekin bu hayot abadiylikka berilgan emas, balki Fazo va Vaqt bilan azaldan me’yorlab va cheklab qo’yilgan.

* * *

Omma — bu poda, tabiiy ofat yoki sening so’zing bilan aytganda — uyur va shu bilan birga bu — ijtimoiy hayotning suyanchig’i ham. Qochib qutula olmaysan! U insoniy moddiyat, hayot ana shu negizga qurilgan va yana shuning ustida turipti. Turmushning tuzilishida, aytish mumkinki, hayot dialektikasida mantiqqa to’g’ri kelmaydigan bir xususiyat — abadiy fojea yashab keladi: mutafakkir jamiyat qonunlarini kashf etadi, jamiyat bo’lsa xuddi ana shu xizmatlari uchun uni murtad deb e’lon qiladi, keyinchalik esa xuddi ana shu kashfiyotlarni qurol qilib oladi. Inkor orqali ko’z ochiladi.

* * *

Afsuski, biz odamlar, aqlli maxluqlar doimo buzib aynitib turiladigan hayot uchun javobgarlikdan har qanday qilib bo’lsa ham qochib qutilish maqsadida yugurib-yelamiz. Buning uchun talay vaj topamiz, ezgulikni yovuzlikdan farq qilmaymiz, hech narsadan tap tortmaymiz, aslida esa barcha falokatlar ana shundan kelib chiqadi, buni esa ko’pchilik tushunishni ham xohlamaydi. Faqat shu yo’l bilangina yashash mumkin ekanligiga va boshqacha yashab bo’lmasligiga o’zimizni ishontirmoqchi bo’lamiz. Saylovoldi mitingi shuni ko’rsatmadimi?! Axir yerda bizlarning o’zlarimizdan, odamlardan boshqa yovuzlik sohibi yo’q. Biroq har bir kishi yovuzlik manbaini boshqa birovlarda, o’zidan tashqarida, o’z guruhidan, o’z toifasidan, millatidan, davlatidan tashqarida va undan ham narida — irqidan, dinidan, mafkurasidan yiroqda debbiladi… Hayotda yovuzliklar davom etmoqda.

* * *

… biz texnologik jihatdan qudratliroq bo’la borgan sari bizning gumrohliklarimiz va uyatsizlik hamda boshqalarga nisbatan shavqatsizliklarimiz darajasi qo’rqinchliroq tus ola boradi.

* * *

Yashashga bo’lgan xohishning so’nishi jahon sivilizatsiyasining so’nishidir. Ana shu oxirzamon demakdir. Boshqacha aytganda, oxirzamon o’zimizda voqedir.

* * *

Odatda shunday bo’ladiki, odamlar aql-hushini yig’ib olishguncha kech bo’ladi. Har gal jumbushga kirgan olomon boshlab bergan voqea-hodisalar ko’pincha tasodifiyligi va tahlikasi bilan hayratga soladi.

* * *

Endi nima qilish kerak: ko’plarga o’xshab hammasi daf bo’lsin deb tuyaqush singari kallani qumga tiqib turavergan ma’qulmi yoki Xudoning bandalarni ogoh qilishini kutib, Yaratganning ko’ziga boqib turaverish durustmi — Tangri qullarini faqat ogoh qiladi, hammasini bari bir inson o’zi hal etadi.

* * *

Ehtimol, odam bolasi hozirgacha firibgarlik bilan yashab kelgandir, endilikda esa o’zi o’ziga — odam bo’lsang durustroq bo’l, yoki qirilib bitgan mamontlarga o’xshab paleontologik qatlamlar sari yo’l ol, — deydigan vaqt keldi.

* * *

Axir, dunyodagi voqealar, hatto har kuni matbuotda xabar berib turiladigan hodisalar ham sivilizatsiyaning tanazzulga yuz tutayotganidan guvohlik bermoqda. Ana shunday sharoitda go’dakning yorug’ dunyoga kelishi minalarga to’la maydonga yo’l olish bilan baravar. Xo’sh, o’sha minalarni saqlagan maydon qani, hayotning qaysi jabhalarida yashiringan — odamlarning fikr-xayollarida, sa’y-harakatlaridami, jahon ta’limotlaridami, kundalik amaliyotdami — buni barmoq bilan ko’rsatib bo’lmaydi.

* * *

Idealistik nuqtai nazardan kurakda turmaydigan bo’lsa ham shunday bir fikr keladi miyaga: agar insoniyat qurol ixtiro qilmasdan va urush nima ekanini bilmasdan rivojlansa nima bo’lardi? O’shanda odam hozirgiday mavjudod bo’larmidi, sivilizatsiyamiz hozirgiday ahvolda yasharmidi yoki yerda butunlay boshqa bir jamiyat hukm surarmidi va inson sifat jihatdan butunlay o’zgacha bo’larmidi? Nahotki taraqqiyotning shunday yo’li azaldan yopiq bo’lsa? Agar chindan ham yopiq bo’lsa, buning tub sababi nimada? Buning ustiga odamda aql — ilohiy xilqat bo’lsa-chi, aql — biologik hodisa emas, yuksakroq hodisa bo’lsa-chi?

* * *

Ilgarilari aqlni Koinotning oliy ne’mati deb ishonar edim, aslida aql Yovuzlikning abadiy quliga aylangan ekan. Aql qachonlardir qullikdan qutularmikin? Kassandra tamg’asi xuddi ana shu haqida jar solmayotirmikin, bizlarni shunga da’vat qilmayotirmikin?

* * *

Sivilizatsiyaning abadiyligi – bilimlar abadiyligidadir. Lekin biz o’z manfaatimiz yo’lida, ya’ni haqiqatga xilof o’laroq bilimga chap bersak, biz o’ta ardoqli abadiylikka chap bergan bo’lmasmikinmiz?

* * *

…oxirzamon o’zlarimizda yovuzlikning muttasil jamg’arilib borishidan, o’zlarimizning qilmish-qidirmishlarimizdan, niyatlarimizu maqsadlarimizdandir; bularning hammasi odamning genetik kodiga ta’sir e’tib, buhronni yaqinlashtiradi. Peshona devorga tekkandan keyin kech bo’ladi…

* * *

Koinot miqyosida inson umri pashshaning umriday gap. Biroq insonga tafakkur ato qilingan, shu narsa uning umrini uzaytiradi. Lekin aksi ham bo’ladi — keskin qisqartiradi ham.

* * *

Har safar kosmosdan bulutlar pardasi orqali yerga boqar ekanman, tahsinlar o’qiyman: yo Rabbim, qanday buyuk bir samoviy xilqat Yer o’zi. Quyosh ham insoniyat maskani bo’lmish Yer uchun yaratilgan bo’lsa ajab emas, yo’qsa bularning hammasi na kerak? Dunyo inson uchun kerak —odam uning asl mohiyatini tushunib olish uchun yaratilgan, shu bois ham dunyo turibdi. Bo’lmasa butun boshli galaktikasi nimaga kerak, aks holda na mazmuni bor, na mundarijasi bor dunyosining? Xudo haqida ham shunday deyish mumkin! U odam uchun zarur, shuning uchun ham u Xudo, shuning uchun ham u barhaq! Lekin inson shu koinotga, dunyoviy qonunlarga munosibmikin? Ana shu ulkan ochunga arzirmikin? Olamning jumbog’i ana shunda!

* * *

…insoniyat uchun la’nati jumoq bo’lmish intilish – shuhratparastlik va amrifarmonlik balosi…

* * *

…hokimiyatga, hukmronlikka bo’lgan zo’r chanqoqlik chindan ham insoniyatning aql bovar qilmaydigan jumboqlaridan biridir.

* * *

…mafkura – yelkanga urilgan kuchli shamol, yelkanning emas, balki harakatning shamolidir…

***

Sen unga bog’liq xotiralarni orqaga surish, kechiktirish uchun o’zingni qiynaysan, bahona

qidirasan. Xo’sh, oqibat nima bo’ldi? O’zlikdan qochishga urinishning bema’niligiga,

xomxayolligiga har gal ishonch hosil qilmaysanmi? O’lish mumkin, lekin o’zlikdan qayoqqa

qochasan? Shu ma’noda odam o’limga mahkum bo’lsa ham umrboqiydir.

YO tavba, nega sen tushuntirish mushkul bo’lgan narsalarni tushuntirishga urinasan, so’z

bilan, yo’q deganda sening so’zing bilan ifodalab bo’lmaydigan narsalar haqida hikoya qilib

berish uchun qalbingning qa’riga nazar tashlaysan.

* * *

…eng avvalo, ichki mustaqillikni talab qiladi, aks holda uni eski-tuski narsalar kabi bozorda sotish va sotib olish mumkin bo’lardi. Sirasini aytganda dunyoda vijdon tushunchasidan ham ko’ra siyqasi chiqqan narsa bo’lmasa kerak.

* * *

Axir hamma vaqt shunday bo’lib kelgan, kishi qaerga bormasin o’z vijdonini pesh qiladi, nima bo’lmasin, nima ro’y bermasin – unga bu vijdondan yoki vijdondan emas deb javob ber. Har bir kishi qo’ltig’ida o’zi bilganday vijdonini ko’tarib yuradi. Odam bolasi borki, o’z vijdoni bilan maqtanadi. Odam bolasi borki, vijdonni tilga olganda Xudo nomidan gapiradi… Lekin birgina vijdon bilan uzoqqa borib bo’lmaydi.

* * *

Quyosh tagida tobora ko’proq joy olish uchun orzumand bo’lgan insonning vahshiyona nafsini qondirib, o’zgartirib bo’lmaydi, agar odamlarning ishtahasi shunday bo’laversa bormi, ko’p o’tmasdan odamlarga quyosh ham ozlik qiladi, lekin yana ham xavflisi shuki, u, ya’ni inson boshqa kishilar ustidan tag’in-da ko’proq va tag’in-da kuchliroq hukmronlik qilish kasaliga mubtalo bo’ladi.

* * *

…fan har qanday yuksaklikka ko’tarilmasin, uning yutuqlari o’tkinchi, fan cheksiz taraqqiy qilishi mumkin, lekin fan taraqqiyoti vijdon oldida hech nima emas. Mangulikning mazmuni va rivojini o’zida mujassamlashtirgan Ruh oldidan hamma narsa o’taversin.

* * *

Nahotki, u kosmosda ham o’zining chaqaloqligida bolalar uyining eshigi tomon olib ketayotgan onasining qor ustida bosgan oyoq tovushining g’ichirlashlarini eshitayotgan bo’lsa? Nahotki u kosmosda ham o’zini oxirgi marta ko’kragiga bosib ko’tarib borayotgan onasi yuragining dukillab urayotganini eshitayotgan bo’lsa?..

Erkinjonov Samandar tayyorlagan