#Kun_Hikoyasi Devona. Yelena Zart
Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ
Uning laqabi “Devona” edi. Hamma bilgan- tanig’anlari ham uni “Iso devona” der edilar.
Bozor haftada bir marta- payshanba kunlari bo’lardi. Lekin Xudoyberdining bo’sh do’koni oldig’a har kun ertalab bir muncha odam yig’ilardi; ular kundalik ish qilaturg’on mardikorlar.
Ular o’z asboblari bilan- ketmon, arra va boltalari bilan kelib turalar. Iso devona bo’lsa, yer haydab, urug’ sepaturg’on mardikordir. Shuning uchun uning asbobi bo’lmaydi.
U mardikorlarning hammasi eski- tuski chopon kiyib, turli rangda bo’zdan katak salla o’rag’onlar. Rosti ham, kim oq salla o’rab, yangi, yuvilg’an chopon va ko’ylaklarni kiyib qora ishga borar edi?
Mardikorlarni ishga olish ilk sahardan boshlanadi. Shovqin- suron, qiy- chuv bozorning yoni- beridagi tor va qing’ir ko’chalarga kirib, yiroqlarg’a cho’zilib ketadi. So’kishib, savdolashib, janjallashib ish bitkizadilar.
Iso doim bir chekkada turadi. U- devona. U savdolashib o’ltirmaydi, qancha bersalar, xo’b deb ketaberadi. Shuning uchun “ish tegmay qoladi”, deb aslo g’am yemaydi.
Shovqin- suronlar bosilib, Xudoyberdining do’koni oldi bo’shag’ondan keyin Isoning yonig’a gulli chopon kiyib oq salla o’rag’on birorta “o’ziga tuzuk” dehqon keladi. Salom- alik qilg’andan keyin:
— Sholipoyaga borasan….. Uch tangadan, dedi.
Iso indamasdan o’rnidan turib keta berdi.
Iso savdolashib o’ltirmaydi. Kechqurun ishdan keyin, albatta, palov qilib berishni ham talab qilmaydi. Hamma biladikim, Iso- devona, shuning uchundirkim, tush vaqtida kunning issig’i juda chidolmaslik holig’a kelganida mardikorlar hammasi ovqat qilg’ali ketsalar ham, Iso o’sha dalada qoladi. Yuz yoshqa kirib qolg’an katta tutning tagiga o’lturib oladida, hadeb shirin tut mevalarini nong’a qo’shib uradi.
Kechqurun o’z haqqini- uch tanga sini belbog’iga chigib olib uyiga ketadi, uyiga borg’ach, albatta, xotini Xovaroyga beradi.
Agarda pastak olachig’ining oldida qizi Muazzamni uchratsa, pulini, albatta, unga beradi.
— Darrov, darrov, darrov, qizim, deb qizini uyga kirgizib yuboradi.
Qizi kumush tangalarni kir hovuchiga olib, mahkam changallaydi, yalang oyoqlari bilan oqsabroq bosib ichkariga kiradi va chinqiroq tovush bilan:
— Buvi, deb yuboradi.
Ba’zida Iso o’zidan ortqan nonni uyiga olib keladi. Unday vaqtda u Muazzamni tizzasiga o’ltirg’izadi- da, nonni berib:
— YE, qizim, deydi.
Og’zini katta ochib kuladi. Qizining ko’zlariga tikiladi- da, so’raydi:
— Shirinmi-a, juda shirinmi, qizim?
May (javzo) oyining oxiri sholipoyalarda ishning juda qizig’on vaqti bo’ladi. Iso bir necha yildan beri boy dehqonlardan Najmiddinning sholipoyasida ishlab keladi.
U erta sahar qishloqdan bir qo’sh ho’kuzini haydab, dalag’a ketadi. Bechora ho’kuzlar issiqdan yorilib ketgan nam dala yo’llaridan
xohlar- xohlamas qadam bosib boradilar.
Sholipoyaga suv to’lg’on. Ko’b ham katta bo’lmag’on va xuddi ko’lga o’xshag’on “murabba” (chorsi) shakllar” to’rt tomonlaridan pol olinib- xuddi ayvon singari to Zarafshon qirg’oqlarig’a qadar chizilib, qatorlashib ketganlar.
Quloqli va uchi cho’yan tishli xoda yerning bir chekkasida yo’l ustida turadi; u bilan yer haydaylar va uni kechasi ham dalada qoldirib ketalar.
Iso ho’kuzlarga bo’yinturuq kiygizadi. Poychasini tizzasigacha shimalaydi. Ko’ynagini yechib tashlab, sholipoyaga tushadi. U suyuq balchiqqa tizzasigacha botib ketadi. Ho’kuzlar yopishqoq va ezilgan loydan oyoqlarini zo’rg’a sug’urib olalar; ustunday- ustunday loylarni ko’tarib chiqib, bo’yinturuqni g’ichirlatib, uyoq- buyoqqa qiyshayib sholipoya chegarasi bo’ylab qadam bosadilar.
Urug’ni suvga sepalar. Sholini quruq yerga sepib, ustidan suv quyish yaramaydi, unda suv donalarni bir joyg’a to’plab qo’yadi.
Sholining hamma ishi suvda bo’ladi. Sholi och ko’k boshini suvning betiga ko’tarib chiqadi. Suvning o’zida turib o’taylar. Suvda gulini to’kib, don chiqaradi. Sholini o’rar vaqtdag’ina suvini quritalar.
Iso sholipoyada uch marta yomon o’tlarni o’taydi; sariq boshoqlari donaning og’irligidan egilgandan keyingina o’rib oladi.
Iso oyoqlari bilan balchiqni yorib, o’lchovli qadami bilan ho’kuzlari orqasidan boradi. Kun tog’lar orasidan ko’tarilib chiqib yelkalar
ni kuydiradi. Pashshalar buluti ho’kuzlar tepasida yoyilib uchadi. Kalta qanotlarini dug’og’a o’xshatib egib, suvg’a tegay- tegay deb izg’ichlardan bir to’dasi uchib yuradi va harakatsiz sassiq havoda ularning yumshoq ovozlari jaranglaydi.
So’ngg’i chaqmoqlar o’tib ketdi. Endi oyg’acha ko’kda bulut bo’lmaydi. Dim va issiq kecha qizig’on yerni salqinlatmaydi. Kunning birinchi shu’lalari bilan birga o’tli harakat tushadi- da, havoni qimirlatmay- qotirib qo’yadi; hayvonlarni ko’lanka joyg’a kirib jon saqlashg’a, qushlarni qayrag’och va tutlarning qalin bargli shoxlari orasiga kirib berkinishga majbur qiladi.
Iso devona shuning uchun ro’zani ham boshqalarg’a o’xshab bo’sh tutmaydi, qattiq tutadi; hatto ish vaqtida ham ertadan kechgacha hech narsa yemaydi, ichmaydi…
Ho’kuzlar sholipoyaning etagiga- katta ariqda tiniq suv oqib yotqon yerga yetganda, Iso suvg’a qaramayin, deb urunadi. Tomog’i qaqshab, harakatdan yonadi. Shunday egilib, sovuq oqimg’a lablarini tegizib olg’isi keladi. Ho’kuzlar burilishda uzoq to’xtamasin, deb ularni “ho’sh- ho’sh” qiladi.
Qo’lidag’i gavron bilan ko’kda ikki- uch davra chizg’andan keyin, yana balchiqni yorib, aralashdirib olding’a ketadi.
Najmiddin ro’za vaqtlarida mardikor haqqini bir tangadan oshirib qo’yib, mardikorning nonini kechqurun oshdan keyin Isoning o’z qo’lig’a beradi.
Muni Muazzam ham biladi. Shu uchun otasini u ko’chaga chiqib qarshi oladi. Otasi esa unga endi tanga bermasdan, issiq non beradi. Qiz nonlarni ikki qo’li bilan ko’kragiga bosib ichkariga chopadi.
Isoning bog’i yo’q. U yoz oylarida ham bozorning orqasidag’i tor ko’chada, o’sha o’zining olachig’ida turadi. Ko’klam kelib, o’riklar gullab, har el- xalq qishloqning narig’i yuzidagi bog’larg’a ko’chganda, u o’zi yolg’iz degunday bo’shab qolg’on ko’chada qoladi.
Uning hovlisi kichik, tashqarisi esa keng og’ilchasig’a o’xshaydi, ichkarisi sal kengrak. Quruq yerga bo’yra yoyilg’on, bir burchakda eski, yirtiq bir shohi ko’rpa turadi.
Iso devona nima uchundir Muazzamga qimmatbaho gulli beshik olg’on, u beshik xuddi ortiq buyumday mehrobda surilib turadi.
Iso ro’zani ham boshqalarday o’tkiza olmaydi. Kechasi xohlag’oncha yeb- ichmak uchun kunduzi yemay tura olmaydi. Kechqurunlari ham unga choyxonadan bir piyolada jindak nisholda olib kirib beralar; uni ham juda maza qilib, bet- qo’llarig’a surkab….. Muazzam yeb bitiradi.
“Bozori shab” bo’lib, sevinchli nog’oralar cholinib, yaxshi yoritilg’on choyxonalarda ro’zani juda shukuh bilan o’tkizadilar. Iso devona bechora unga ham borolmaydi. Kechani butun uxlab o’tkizadi. Saharlikda ham, avji ishga jo’nar vaqtida o’sha sholg’om va sabzi- piyoz bilan qaynatilg’on sho’rvani ichib, suyuq ko’kchoy bilan chanqog’ini bosadi.
Ro’za oyida qishloqning turmushi butun osti- ustiga keladi. Odamlar ham kasalga o’xshab qoladilar. Kunduzlari ular issiqdan va ochliq- tashnalikdan entikib, uxlag’onday bo’lib yuradilar. Kechalari bo’lsa, yog’liq ovqatlar va har xil shirinliklar yeb, boshqa vaqtda bo’lmayturg’on “bozori shab” tomoshalaridan nash’a qilib….. “mast- behush” bo’lib qoladilar. Ular ichkilik ichmaylar, lekin ko’rgan kishi mast deb o’ylaydi. Nimagaki, so’zlaganda achchig’lanib, qattiq so’zlaylar. Kulganda qah- qah otib kuladilar. Kelganda uyoq- buyoqqa tentiranib, bo’shashib yuradilar.
Iso uchun ro’za- kechasigi ziyofatlarga qorinni tayyorlayturg’on “riyozat” kunduzlari emas, balki- suvsiz va nonsiz qiynalib o’taturg’on azob va mehnat kunlari…
Ro’zaning tugalishini hamma kutadi. Lekin hech kim Iso devonaday zoriqib kutmaydi.
Bu safar yana ham ko’brak zoriqib, tilmirib kutadi u…
* * *
Ro’zadan keyin Iso Samarqandga boradi. Qishloqdan chiqib shaharga bir necha kunga borib kelish Isoning butun hayotida shu bilan ikki martabagina bo’ladi.
Birinchi martaba o’zining to’yidan burun bir borib kelgan edi. Bunga rosa besh yil bo’ldi.
Endi u Xovaroy bilan Muazzamga chit ko’ylaklar olib kelgali boradi. Ularning kiyimlari shunday yomon eskib ketdiki, bechora Iso ba’zida ko’zi tushib qolg’onda uyalib teskari qaraydi va hech kimga bildirmasdan ko’zyoshini artib oladi.
O’shalarg’a chit ko’ylak olib beraman,
deb anchadan beri pul yig’ib yuradi.
Kumush tangalar belbog’ida tugilib turalar va Iso ularning hamma vaqt o’zi bilan birga bo’lg’onini sezadi. Hozir uning yonida o’n besh so’m puli bor. Samarqandda har narsa qishloqdag’idan ikki barobar arzon. Holanki, bu pulga qishloqda bitta ko’ylak ham qilib bo’lmaydi.
“Samarqandga borib kelsam, mardikorlik kunlarim ham kuymasa; shuni qanday qilar ekanman?” deb Iso bechora juda ko’b o’yladi. Oxirda Najmiddinga borib dedi:
— Sholini sepib bo’lay, undan keyin meni arava bilan bir Samarqandga yuboring. O’toqqa hali uzoq, yetib kelarman.
Najmiddin o’ylab turdi- da shoshilmasdan dedi:
— Xo’b, ro’zadan keyin yuboraman. Bekor arava bo’ladi. Nima qilasan Samarqandda?
— Mayda- chuyda olg’ali boraman, — deb kulib turib javob berdi Iso.
— Xay, xay, deb Najmiddin ham jilmayib qo’ydi.
Ro’za hech vaqt buncha uzoq cho’zilg’on emasdi. Hayitga qancha qoldi ekan, deb Iso har kuni hisob qilib ko’rardi. Har kun ho’kuzlarni uyga haydab kelayotib, adirdan tushaberishdagi tegirmonning yonig’a- imom domlalarnikiga qarar edikim, mobodo yangi oyni kuzatib turgan bo’lsalar, deb; faqat ro’zaning tugashidan aslo darak- marak yo’q edi.
Samarqanddan bir qori domla keldi. Mulla Pirnazar “tez bo’ladi” dedi. Kunlar esa bir- bir ketin o’talar edi. Tushda quyosh borg’on sari ko’tarilib, bosh ustiga kelardi. Hatto ko’lankada ham yer qozonday qizib, qaynardi. Qushlar issiq havoda bo’g’ilib, og’izlarini ochalar, yaproqlarning eng quyuq oralariga kirib orom olishga tirishalar edi. Tog’lardagi qorlar tugal deyarlik erib bitganlar, faqat oz- oz bo’laklari tog’ning eng baland joylaridag’ina qolg’on edilar.
Iso ho’kuzlarni haydab, Zarafshonning xuddi qirg’og’ig’a yetib qoldi, u so’ngg’i bir bo’lak yerning sholisini ekar edi.
* * *
Kun botqondan keyin, Iso har kungi odaticha, ishdan qaytib kelayotgan edi.
Qorinlarig’a qadar loyg’a botg’on ho’kuzlar, buyilarida hali ham bo’yinturiq turg’onday- bo’yinlarini yerga egib kelar edilar.
Iso ularning orqasida, osmonning yorug’ chekkasiga yangi oyning tiniq oq ko’lankasiday oq kichkina bo’yi ko’rinaturg’on joyg’a tikilib kelar edi. Yangi oy ko’rinsagina ro’za tugaydi va hayit bo’ladi.
Tegirmonning eng tepa joyig’a odamlar to’planishg’on edi. O’n kishicha bor. Bir- biriga yaqin kelib, qimirlamay turalar. Hammasidan oldindaqori eshon Shohbek. Uning yonida katta ko’kko’z oynak taqqan Pirnazar. U qo’lini uzotib ko’kning chekkasini ko’rsatardi. Shoxlari bilan osmonni biriktirib turg’on yiroqdag’i daraxtlar xaloqat (xalaqit- S.F.) bermasin, deb ko’blar yerga egilgan edilar.
Ular oy ko’rinmasmi ekan, deb qarab turg’on mullalar edi.
Iso gavron bilan ho’kuzlarni haydab, tezrak yurdi. Tepaning oldida to’xtab u ham Pirnazar ko’rsatgan yerga qaray boshladi.
Bir necha minut o’tdi, Pirnazar hali ham qo’lini tushirmasdan, eshong’a allanimalarni gapirardi.
Qori eshon ko’zlarini jimirib, dam uyoqqa- dam buyoqqa egishar, lekin indamas edi.
Birdan….. oyni bizning Iso ko’rdi!
O’chib borayotg’on osmonning betiga xuddi ko’mir bilan tortilg’on suratday ikki tub mirzaterakning uchi ko’rinadi; o’sha yerda qizil gul tusdagi g’urub rangsiz- tiniq kecha osmonig’a aylanadi, xuddi ana o’sha joyda oyning tiniq- oq o’rog’i kichkinagina bo’lib, zo’rg’a- zo’rg’a ko’rindi.
Iso og’zini keng ochib kulib, oyni yo’qotib qo’ymayin, deb dam tepaga- dam oyg’a qarab baqirdi:
— Oy!… Oy!…
Tepadagilarning hammasi Isoga qarab burildi. Iso kulishini to’xtatmay, qo’lini lapanglatib yana baqirdi:
— Yuguring!… Yuguring!…
Lekin hech kim qimirlamasdi.
Oyni Iso devona hammadan burun ko’ra olarmidi? Lekin Iso shu qadar o’jarlik va xursandlik bilan “Oy! Oy! Oy!” deb baqirdiki, oxirda uning yonig’a Pirnazarning o’g’li Ahmat tushib keldi.
Iso unga qo’li bilan ikki terakning uchini ko’rsatdi. U esa indamasdan yuqoridag’ilarning yonig’a yugurdi.
Bir nafasdan keyin hammalari kulib, xursand bo’lib, tepadan tushdilar.
Ro’za tugadi.
Kechasi bir vaqtlarda bozor maydonida nog’ora chalib ramazon hayitining kelgani xabar qilindi.
Maydonning o’rtasig’a gulxan yoqdilar. Archa o’tunlar tashilib, katta idishlarda fanor yog’lari qo’yilg’on edi.
Tor-
tor ko’chalarning hammasidan bozorg’a odamlar oqib kelar edilar. Ular qoq yerga uzuk kabi halqa bo’lishib qator- qator o’lturg’onlar, orqadagilar tiqilishib tik turg’on edilar.
Choyxonada chirog’lar yonardi. Gilam soling’on so’richalarda chollar va hurmatli mehmonlar o’lturarlar edi.
Iso hayitni o’tkazmak uchun har yil bozorg’a kelar edi. U lovullab yong’on katta gulxanga va o’ynovchi “juvon”larg’a qiziqib qarardi.
Mirislom degan boy Samarqanddan uch juvon va besh mashshoq chaqirtirg’on edi.
Burung’i ro’za hayitlarining hech birida muncha ko’b odam yig’ilmag’on edi. Hamma tomlar va bolaxonalarg’acha odam zich to’lib ketdi.
Bir daraxtning shoxida Isoning sevgan joyi bor edi. Undan maydonning hamma joyi ko’rinar edi.
Gulxanni Xolboy degan samovarchi tutashtirib yubordi.
U tomir- kundalarga fanor yog’i quyib, so’ngra yonib turg’on mash’al bilan tutashtirib yubordi. Alanga ko’tarilib, ustun kabi yuqorig’a cho’zildi. Chirmandalar dirillab ketdilar.
Ko’k va qizil chopon kiygan juvonlar o’rtag’a tushdilar. Har birining yonida bir mash’alchisi birga yurib, o’yin vaqtida juvonning yuzini yoritardi.
Har yil shu kechada Iso devona o’sha daraxtga chiqib o’lturar, gulxan tegrasida bo’lg’on o’yinni hamma vaqt
shu kechadagi kabi nash’a va kayf bilan tomosha qilardi. Shu ishlar hammasi tush emasmikan, deb shuni bilmak uchun ko’zini dam ochib- dam yumardi. Xudoyo tavba, bu
joy o’sha bozor kunlari sabzi, piyoz, go’sh- yog’ sotilaturg’on va bir burchakda un- guruch, yukli eshaklar turaturg’on maydonmi?
Ana, yorug’ alanga maydonni kunduzday qilib yorutdi. Qimirlamas xalq, juvonlar, mash’alchilar, mashshoqlar, gilam soling’on so’richalar, oppoq soqolli chollar- hammasi, hammasi kunduz kungiday eng kichkina alomatlarga qadar ko’runib turalar. Lekin bir vaqt gulxanni tutun qoplab oladi. Alanga uchay- uchay deb, hamma narsa xuddi ko’lanka kabi ko’zdan yo’q bo’ladi. Qorung’u maydonda go’yo hech kim yo’q. Faqat juvonlarning o’chik yuzlarigina — upali lablar va surmali ko’zlari bilan, mash’allarning pilpillagan o’tlaridan yorishib, jonli niqoblar kabi bo’shliqda suzib boralar…
Juvonlar alishdirilalar. Yangi gulxan tutashdiriladi. Shunday qilib, haligi odam to’la maydon goh- goh tushdagi kabi butun yo’q bo’lib ketadi.
U….. tongotar vaqtidag’ina Iso uyiga qaytib keladi. Bu kun u bemalol uxlasa bo’ladi, chunki tong otgach, sholipoyaga shoshilish yo’q endi.
Barishka” ning do’koni tomondan birov Isoni chaqiradi.
Qarasa, qarshisida qizil yuzli “Barishka” turadi. Undan musallas hidi keladi.
— Aka, dedi u,- Samarqandga bormoqchisanmi?
— Ha,- dedi Iso xursandlik bilan.
— Qachon?
— Bozordan keyin.
— Puling bormi?
— O’n besh so’m bor.
— Bozorg’acha berib tur, aka.
Iso darrov belbog’ini yechib, xalta hamyonini oladi.
Barishka pulni olib dedi:
— Xay, bozor kuni beraman.
Iso devona, esi bor odam Barishkaga pul qarz berarmidi?
* * *
Yuklandi. Barishka pul berishni xayolig’a ham keltirgani yo’q. Iso necha marta uning do’koniga borib dedi:
— Ertaga Samarqandga aravalar jo’naydi…
Barishka kuldi:
— Iso, senga pul nima kerak? YO yana uylanmakchi bo’lasanmi?
Iso qizardi, bo’zardi, tutila- tutila anglatdikim, ertaga kechqurundan qoldirmay pulni olishi juda zarur, negakim, Najmiddin uni mayiz sotqali Samarqandga yuboradi. Shunda bu ham xotini va qizig’a ko’ylaklik chit olib keladi. Lekin Barishka uning gaplariga tishining oqini ko’rsatib kuldi, yelkasiga bir- ikki marta urdi va dedi:
-Xoting’a ko’ylak emish. Qari xoting’a Samarqanddan borib ko’ylak keltirar ekanmi kishi?
Iso hech narsa olomay boshini egib chiqib ketdi.
Kechqurun, aravalar jo’namasdan bir kun burun u Najmiddinning yonig’a bordi. Najmiddin aravalarga ot qo’shilaturg’on joyda- otxonada edi.
Iso to’nining uzun yenglarini qamchiday solintirib, tutilib va qaqshab turib dedi:
— Xo’jayin, pul yo’q, jindak pul bering! Ishlab berarman….
Najmiddin hayron bo’ldi:
— Pul yo’q! Hali Samarqandga ketayotibsanku!
— Barishka olib qo’ydi. “Bozor kuni beraman”, dedi. O’n besh so’m edi…..
Najmiddin jim bo’ldi. Mayiz qoplarini aravaga bog’lag’on arqonini qo’lida o’ynatar, qarshisida Isoning turganini unutg’on edi.
Sa
hndan Samarqandga boraturg’on aravakashlarning g’ovir- g’uvir gaplari eshitilardi. Odamlar shotini g’ichirlatar edilar. Orqag’a osib qo’yilg’on bo’sh chelak ( paqir)lar shildirardilar.
Iso yenglarini solintirg’on bo’yicha to’xtag’on, yana qaytib gap boshlashga botinolmasdi. Najmiddin uyga kirib ketmak uchun unga orqasini qilib burulg’ondag’ina, uni qo’llari bilan toxtatmoqchi bo’lg’on kishiday olding’a jildi va tezgina aytib yubordi:
— Pul bering, xo’jayin! Ishlab beraman. Bir oylig’imni oldin bering. Hali o’tog’ingiz bor, xirmoningiz bor. Necha yildan beri sizning xizmatingizni qilaman, o’zingiz bilasiz…..
Najmiddin unga yonboshi bilan burildi va dedi:
— Xay, beray, ikki tangadanga ishlaysan…
Belbog’ini yechib ko’b qog’oz pullarni oldi, o’n besh so’m hisoblab ajratdi, Isoga berdida, uning javobini ham kutmasdan uyga kirib ketdi.
Iso pulni oldi. Lekin tuni bilan xurjunini aravaga joylayotib o’z- o’ziga gapirdi.
Iso devona hech qaerda hech kim bilan savdolashib o’lturmaydi. Lekin bu safar hatto uning lablari ham g’azabdan qaltiradi…..
— Ikki tanga emish….. Hech kim sholipoyada kunda ikki tangaga ishlab beradimi?
* * *
Erta bilan, kun chiqqandan keyin “Qarobdol” qishlog’ig’a(?) yetib keldilar.
Bir saroy oldida zich tevaraklanib o’zbeklar o’lturg’on edilar. Sukunatda eshitilayotg’on shovqinlar, ko’pkan qorinlar bilan cho’zilg’on bo’yinlar, allaqanday seskantiruvchi kulish, mastlarniki kabi yong’on ko’zlar, bularning hammasi u yerda “bedana urishtirish” bo’layotg’onlig’ini bildiralar edi.
Saroyga yetib kelgan aravakashlar otlarni tashlab, bedana urishni ko’rish uchun orqa va yelkalarning zich halqasi orasig’a tiqilishar edilar.
* * *
Iso devona bedana urishtirishni o’lguday yaxshi ko’rardi. O’sha saroyning egasi Sharif aka degan qotma chol ham, tomoshachilar orasida edi. Iso uni yerga tiqilg’unday turtib bo’lsa ham, oldig’a o’tib oldi.
“Urish” juda qizig’on edi. Erkak bedanalar, qanotlarini ingichka bo’yinlari ustiga yoyib, ko’kraklari bilan bir- birlarini usalar edi. Changalchalari bilan yulishib, tumshuqlari bilan cho’qishib, kichkina va qaltirab turg’on gavdalari bilan yerlarda yumalanalar edi.
“Bedana urishtirish” ko’blarni xonavayron qilaturg’on bir havasdir.
Pul, kiyim, ot va hatto yer- suvni boy beralar. Urushqoq bedanalar juda qimmat baho narx bilan sotiladi. Donglari chiqadi. Eslarda qoladi. Ular to’g’risida hikoyalar to’qiladi.
Indamas Xoliqul chol, oqish kelgan va uzun tumshuqli bedanasiga jim o’lturib olib, “ha” deb pul qo’yar va to’p- to’p pul yutqizar edi. Choqish degan yoshqina bir o’zbek yigitning bedanasi uni maydondan haydar edi.
Bu urishga hamma baravar qiziqqan edi. Xoliqulning betlari va bo’yinlari biroz qoraya tushgan, lekin qimirlashlari boyag’iday tinch edi. Ko’lanka oradan ko’tarilib, quyoshning shu’lalari alvon sallalarga tushib qolsa ham, hech kim joyidan qo’zg’almadi. Xoliqulning o’jarligi hammani o’ltirg’on joyig’a mixlab qo’yg’on edi. Hamma qiziqib oqibatni kutar edi.
Urushqoq “botir”larni yana joy- joyig’a qo’ydilar. Choqish bedanasining g’ashini keltirmak uchun tumshug’ig’a chertardi. Shunda birdan Xoliqul o’rnidan turdi va baland ovoz bilan:
— Bas!- dedi.
Bu so’z hammani uyqudan uyg’otg’onday bo’ldi. Davra bo’shashdi. O’ltirg’anlar birin- birin qo’zg’ala boshladilar. Xuddi shu vaqtda allakimning qaqag’on shovqini eshitildi:
— Boshla! Boshla!… Qo’yaman!
Bu Iso edi.
Kulishdilar- da, yana davra olishdilar. Allakim tojikchalab dedi:
— Hay, barakalla, Iso devona!
Shu bilan ho’l, parlari to’zg’on “botirlar” egalarining qo’llaridan chiqib bir- birlariga tashlandilar.
Iso xuddi Xoliqulning o’jarligini yuqtirib olg’onday, haligi oqish kelgan bedanaga tikdi.
— Iso devona pulini suvg’a tashlamoqchi bo’libdir! Choqishning qarshisig’a bitta tanga ham qo’yib bo’lmaydi!- dedilar.
Lekin oradan bir minut ham o’tmasdan umumning hayrat shovqini, qah- qah urib kulishi va “balli, balli”si Isoning yengishini qutladi. Choqishning bedanasi orqamchasig’a yiqildi, zabun bo’lib qanotlarini qoqdi, so’ngra zo’rg’a changalchasi bilan tiklanib, tumchuqchasini yerga surkab tevarakdan chiqdi va ko’katlikka qarab yugu
rdi.
Iso qo’llarini qarsillatib, qah- qah urib kulib, boshini quyi solib tevarak- atrofdag’ilarg’a qarar edi. Choqish uyalib turib kular va peshanasining terini artardi.
Bedanasini yana tutib tag’in maydong’a qo’ydi.
Yana “urish” boshlandi.
Lekin Xoliqulning oqish bedanasi bir yenggandan keyin go’yo hamma kuch- quvvatini birdan yo’qotg’onday bo’ldi. Choqishning qoramtil bedanasi unga tashlanar- tashlanmas, u bo’yini pastga egib yig’ildi va tevarakdan qochdi.
Iso engashib Choqishning qulog’ig’a bir narsa dedi. U boshini chayqab dedi:
— Xay, xay…..
Yana “botir”larni bir- biriga qarshi qo’ydilar. Aravakashlar bir- bir ketin otlarini qo’shg’ali keta boshladilar. Jo’nash vaqti bo’lg’on edi. Iso bo’lsa hali ham urish maydonida edi. Hadeb engashib Choqishning qulog’iga allanarsalar pichirlardi.
Kun tush bo’lib, aravalar yo’lda g’ijirlag’on vaqtida, aravakashlar orasida Iso yo’q edi. U boyning mayizini ham Choqishga boy bergan edi.
Aravaning o’rtasig’a do’m tushib yotib olib, otining boshini kelgan tomong’a burg’on edi.
Gavdasi og’irlashg’on. Qo’llari va oyoqlarig’a qo’rg’oshin quyg’onday bo’lg’on edi. Boshi juda zo’rayib ketganday bo’lib, ingichka bo’ynida boshi emas, o’zi turg’onday tuyular edi….. O’chib- sarg’ayg’on yuzlarida ter paydo bo’ldi.
Sharif aka uning yonig’a kelib o’zbekcha gapirdi:
— Bezgak bo’libsan.
Isoning quloqlarida allakim xuddi “bozori shab” kechasi juvonlar o’ynag’onda chaling’on childirmalarday childirma chalardi…
Kechasi yarim kechada Iso Najmiddinning hovlisiga qaytib keldi. Xuddi ko’chada qattiq sovuq borday tishlari shaqirlar va butun a’zoyi- badani dir- dir qaltirardi.
Necha yil sholipoyada ishlab bir marta bezgak bo’lmag’on kishi edi! Endi boshig’a shunday falokat tushganda u ham og’rib qoldi.
Yo’l bo’yi Najmiddin uni bo’g’ib yotqonday, Samarqanddan olg’on chitlarini tortib olayotg’onday, yong’inasida Muazzam turib, xuddi qulog’ig’a:
Ota!….. Ota!…..- deb yig’lab yotqonday bo’ldi.
Yo’l bo’yi javlab, isitmaning xayolati bilan tortishib keldi.
Najmiddin tashqarida turib indamasdan Isoning gaplarini tinglardi. Iso gapirardi:
— Mayizingiz uchun hozirg’a o’lturg’on uyimni oling. Yaxshi uy. Yangi, kichkinarak, lekin yaxshi uy. Xizmatingizni qilaman. Iso ish qilishni biladi. Pulingiz kuymaydi, xo’jayin….. Iso necha yildan beri xizmatingizni qiladi, xo’jayin…
Najmiddin eshitdi. Yoni- beriga qaradi. Bir narsani o’yladi….. So’ngra bemalol burung’iday tekis ovoz
bilan dedi:
— Uying kerak emas, bir yil qarolliq qilsang, uzilib ketasan….. Tegirmonga bitta odam kerak.
Iso “Xovaroy bilan Muazzamchi? Ular nima bo’ladi? Ularni kim boqadi? Chit ko’ylak nima bo’ladi?- deb so’ramoqchi bo’ldi. Lekin Iso- devona, shu uchun indamay qo’ya qoldi…..
Tamom