June 23, 2020

#Kun_Hikoyasi Oʻzgalar uchun yasha. Najib Mahfuz

Kechqurunlari Abdurahmon bogʻiga kirib, undan zavq olishni xush koʻrar edi. Bu uning odatiga aylangan edi. Abdurahmon aksariyat vaqtini uyida oʻtkazar, zarur kezlardagina koʻchaga chiqar edi, xolos.
U iliq sentyabr kunlarining birida boqqa kirib, tevarakka sinchkov koʻz tashlagan koʻyi, notekis yoʻlakcha boʻylab borardi. U gulzordagi gullarga ancha payt suqlanib termulgach, qoʻshni hovlini ajratib turuvchi tikanli sim toʻsigʻi oldidagi kresloga oʻtirdi. Kechki gazetani qoʻliga olib koʻz yugurtira boshladi.
Uning yurish-turishida, aft-angorida ajib bir viqor sezilib turardi. Biror kimsa uni shu lahzada koʻrib qolsa, hech ikkilanmay Abdurahmonni ulugʻ bir xonadon sohibi, deya oʻylardi. U doimo xotirjamlik va sovuqqonlik bilan ajralib turarkan, koʻzlarida donolik va mardlik nur sochib tarar edi. Xumdek boshi, qalin moʻylovi ham uning salobatiga monand. Uning koʻrinishi qirq besh yoshni bersa-da, aslida bor- yoʻgʻi oʻttiz besh yoshni qoralagan edi.
Abdurahmon kresloda yastanib oʻtirga koʻyi oʻqishga shunchalik berilib ketgan ediki, ohista bir ovozdan seskanib ketdi:
– Assalomu alaykum, amaki.
Abdurahmon gazetani qoʻyib, qoʻshnining bogʻi tomon oʻgirildi. U yoqda bir qiz turardi. Qizning yorqin, tim qora koʻzlarida ishonch, samimiyat balqirdi. Abdurahmonning yuziga yasminning muattar isini taratuvchi yoqimli shabada urildi.
– Va alaykum assalom, Samara, – javob berdi u.
Qiz iljayib qoʻydi-da, yonidagi kuchukchasi bilan oʻynay ketdi. Samara oʻn olti yoshda edi. Uning chiroyli yuzlari va kelishgan qaddi-qomati anchadan buyon Abdurahmonning halovatini oʻgʻirlagan edi.
U qizning itiga ishora qilib soʻradi:
– Ahvoli qanday buning?
– Ollohga shukur, butunlay tuzalib ketdi.
– Har holda, – taʼkidladi Abdurahmon iljayib. – Iskandariyaning havosi unga yoqmagan koʻrinadi?
– Aksincha. U tomonlar mittivoyga juda maʼqul keldi, oʻzini yaxshi his qildi.
Samaraga boqar ekan, uning quyoshdan andek qoraygan yuzlari, jozibali koʻzlari Abdurahmonni tobora rom etardi.
– Samara, rosa quyoshda qoraydingmi?
Qiz kulib qoʻydi.
Abdurahmonning maʼnoli nigohi yanada oʻtkirroq tus oldi. Bir tomonga yoʻnaltirilgan fikrlar oʻrnini fusunkorlik va orzular oshiyoni egalladi. U stulga oʻtirib, yonidagi ermagini oʻynatayotgan qizga uzoq va mamnun tikildi. Samara esa kuchukchasini erkalarkan, oppoq, uzun junlarini silab-silab qoʻyardi. Ajoyib jonzot xursand tarzda dumlarini likillatib, sohibasining qoʻlini yaladi va uning tizzasiga sakrab chiqib oldi.
Samaraning mayin, uzun sochlari uning boʻynini qoplab turardi. Abdurahmon unga qarab turib, zavqlanayotgandi. Negadir uning yuragi siqildi: Samara bolaligidan beri “amaki”, deb murojaat qilib keladi, hozir ham shunday. Oʻsha kezlarda u juda kichkina boʻlib, qoʻgʻirchoqlar oʻynab oʻtirardi. Ilgari bunday murojaat unga maʼqul edi, chunki, qizga nisbatan otalarcha mehr qoʻygan edi. Endi esa qizning bu tarzdagi muloqoti uni xijolatga solar, hatto koʻnglini choʻktirayotgan ham edi.
Agar “amaki” unga uylansa, toʻgʻri yoʻl tutgan boʻlarmikan? Koʻpchilik oʻylaydiki, turmush qurayotganlar yoshidagi tafovut aslo toʻsiq emas va bunga eʼtibor bermaydilar ham. Ammo baxt uchun kurash juda qimmatga tushmasmikan? Axir u bor-yoʻgʻi Ichki ishlar vazirligida oʻn besh funtga kun koʻrayotgan bir inspektor-ku. Uning yigʻib qoʻygan molu davlati va yoxud mansabi bor boʻlsaki, qizning yuragini zabt eta olsa. Lekin u qizni sevadi va oʻz hissiyotlari bilan kurashishi qiyin, toʻgʻrirogʻi buning iloji ham yoʻq. Sohibjamol qiz oʻn olti yil mobaynida koʻzi oʻngida oʻsib ulgʻaydi. Bu qiz uning yolgʻizlikda oʻtgan hayotida taqdirning yuborgan yagona inoyatidir. Muhabbat unga sekin-asta yaqinlashdi va uning butun vujudini qamrab oldi.
Abdurahmon qizning baxtiyor va betashvish bolaligi qanday oʻtganligining shohidi boʻldi. Bu esa uning yolgʻizligini yanada goʻzalroq qilib koʻrsatardi. U sevib qoldi va avvalgi xotirjamligini yoʻqotdi. Endi uni hamma narsa, hatto halovatini oʻgʻirlagan yosh doʻsti bilan tasodifiy uchrashuvlar va suhbatlar ham qiynayotgan edi. U qiz bilan bolalarcha muloqot qilayotgan edi. Abdurahmon qizga muhabbatga toʻlib- toshgan koʻzlari bilan nigoh tashlar, Samara esa bu bu holatni sezmay “mening aziz amakim”, deyishda davom etardi. Agar u qizning qoʻlini soʻrasa, nima deb javob berar ekan-a? Uning hissiyotlari qanday? U harqalay taajjubga tushsa kerak? Qiz otasiga nima deydi? Qanday tushuntiradi? Bundan keyin hozirgidek koʻrishib turish unga nasib etarmikan? U qizni butunlay yoʻqotib qoʻysa-chi…
Harqalay, Abdurahmon qizning otasi – oʻz doʻsti bilan bu masalani xotirjam gaplashib olishga qodir. Lekin u qanday javob berar ekan? Ha, qanchalar qiyin bu ish! U koʻzlarini yumib olib, boʻlajak muloqotni tasavvur qila boshladi:
“Doʻstim, men juda muhim masala yuzasidan tashrif buyurdim. Sen bunga koʻnasanmi yoki yoʻqmi, bilmadim… Ehtimol, men bu masala haqida soʻz yuritishga haqli emasdirman. Lekin baribir men masala qanday hal boʻlishidan qatʼiy nazar gaplashib olishim kerak…”
U xayolan muloqotni davom ettirayotgan edi, dabdurustdan yoqimli ovozdan oʻziga keldi.
– Uxlayapsanmi?
– Yoʻq.
– Uzr. Men koʻzingni yumib oʻtirganingni koʻrdim.
– Men oʻylayotgan edim.
– Nima haqida?
U yosh suhbatdoshining yuziga razm soldi: nima deyish kerak? Unga hammasini aytib berish kerakmi? Yoʻq, bunga hali ertaroq, hozir mavridi emas. Yaxshisi gap ochmay turganim maʼqul.
Bu zaifaning qarshisidagi xijolat qamchi zarbasi misoli unga taʼsir qildi. Shu onda u qimirlamay oʻtirardi. Soʻngra qizning koʻzlariga boqdi. Voajab, Samaraning yuzlari oʻzgargan, qoshlarida boʻyoq izlari, qirmizi lablari titrar edi. Qiz unga hadiksirab qarab oldi-yu, uyi tomon chopqillab ketdi. Abdurahmon orqaga oʻgirilgan ham ediki, iljayib unga yaqinlashayotgan ukasini koʻrdi. Abdurahmonning yuragi nohush bir narsani sezgandek tezroq ura boshladi. U sir boy bermay muloyimlik bilan ukasidan soʻradi.
– Shifokor, qalay ishlar?
Oʻspirin yigit kulib qoʻydi.
– Sen qanday baxtiyorsan, aka?
Abdurahmon gap nimada ekanligini fahmlagan boʻlsa ham, xuddi tushunmagandek qayta soʻradi:
– Baxtiyor?
– Ha, albatta. Samara bilan gaplashgan inson oʻzini baxtli his etmogʻi lozim.
Abdurahmon oʻyladi: “Mening ukam oʻtaketgan qallob, yo ahmoq. Aslida Samara bilan suhbatlashgan odam emas, balki hozirgina yuz berganidek, uning yonginasida qizarib ketib, xijolatdan juftakni rostlab yuboradigan inson baxtlidir. Ehtimol, bu oʻspirin haqiqatan ham baxtlidir. Nahotki, u buni tushunib yetmasa. Balki, u mening ustimdan kulayotgandir?”
Abdurahmon oʻz ukasining oldida hayajonlanayotganini sezdirmaslik maqsadida gapni boshqa tomonga burib yubordi-yu undan soʻradi:
– Kechagi oqshomni qanday oʻtkazding?
Anvar uning yoniga kelib oʻtirdi.
– Kecha “Qasr al-Ayni”da juda koʻp hayajonli voqealar boʻlib oʻtdi, oqshomning aksariyat qismini oʻsha joyda oʻtkazdim.
Abdurahmon jimgina ukasiga boqar ekan, butunlay boshqa narsa haqida oʻyga toldi. U Anvarni yaxshi koʻrar edi, xuddi boshqa ukalaridek uni ardoqlab, mehribonlik koʻrsatib kelmoqda. Lekin ayrim kezlarda yuragini tashvishlar qamrab olardi. Ayniqsa, Samara haqida soʻzlaganida ukasini juda yomon koʻrib ketardi. Ukasi qizning ismini tilga olganida Abdurahmon qiynoq va iztirobda qolar edi. Aka Anvarning porloq kelajagi uchun koʻp mehnat qildi. Lekin, uka katta akaning yuragida yuz berayotgan tugʻyonlarni ilgʻay olarmikan? U goʻzal qizni boshqa inson sevishini xayoliga ham keltira olmas, oʻzining tashvishlari bilan nihoyatda band edi.
– Men bir muhim masala borasida maslahat olgani kelgan edim, – dedi Anvar.
Abdurahmon oʻz hissiyotlarini sir boy bermay xotirjam taklif qildi:
– Oʻtir.
– Oldin sen meni eshit , – gapira ketdi Anvar oʻtirmasdan. – Hozir fikrlarim aralash-quralash boʻlib ketdi. Bir oydan soʻng shifoxonadagi amaliyotim tugaydi. Oʻqituvchim doktor Braun tibbiyot fakultetida shifokor boʻlib qolishga tavsiya etyapti.
Abdurahmon ancha yengil tortdi va xursand ohangda qichqirib yubordi:
– Tabriklayman! Tabriklayman! Shak-shubhasiz, sen bunga loyiqsan, ofarin!
Anvar aniq bir toʻxtamga kela olmay turardi, u hozir aytgan soʻzlariga yana qoʻshimcha qilmoqchi shekilli. Nihoyat u xijolatomuz holda sekingina qoʻshib qoʻydi.
– Yoʻq… demak… Men aytmoqchimanki… Agar ketsam, bir oʻzim ketmayman.
– Xech narsani tushunmayapman – hayron boʻldi Abdurahmon, lekin yuragi notinch, qandaydir tashvish bor ekanligini sezib turardi.
Anvar oʻz hayajonini yengib, davom etdi:
– Men uylanib, xotinimni ham olib ketaman.
– Nega bunday toʻsatdan? Ilgari bu haqida gap boʻlmagandi-ku, toʻgʻrimi?
– Boʻlmagan.
– Unda nima boʻldi?
– Men joʻnab ketish bilan bogʻliq ishlarimni hal qilmagunimcha bu haqida gapirmoqchi emasdim.
Abdurahmon sukutda edi. U baribir oʻz hayajonini chetga surib soʻradi:
– Sen uzil-kesil shu qarorga keldingmi? Kimga uylanmoqchisan oʻzi?
– Samaraga, – dedi Anvar qoʻshni uy tomonga ishora qilib.
Abdurahmon bu yangilikni sukut saqlagan holda eshitdi.
– Sening fikring qanday? – soʻradi Anvar shosha-pisha. – U senga yoqadimi?
– Yaxshi tanlov, diding chakki emas, – deb gʻoʻldiradi Abdurahmon.
– Sendan minnatdorman, aka. Oʻtinib soʻrayman, menga yordam ber, ertaga uning otasiga uchrashamiz, umid qilamanki, u bizga yoʻq demaydi.
– Boʻpti, sen aytgancha qilamiz.
– Menda bor-yoʻgʻi bir necha oy bor. Bu vaqt mobaynida men uylanishim va Angliyaga joʻnab ketishim uchun tayyorgarlik koʻrishim joiz. Bilasanmi, men asal oyimizni barcha aslzodalar singari xorijda oʻtkazmoqchiman.
Anvar xayrlashdiyu joʻnab ketdi. Abdurahmon ukasiga eshikni yopib, koʻzdan yoʻqolgunicha qarab turdi. U mayus oʻtirar, koʻzlari hech narsani koʻrmasdi. Tuman quyuqlashdi va hammayoq sukutga choʻmdi. U axiri turdiyu kichik bogʻni aylanib, yana oʻtirdi. Abdurahmon yigirma yil avvalgi oʻtmishini eslay boshladi. U damlar sururga toʻla va saodatli edi. U oʻsha davrda nihoyatda xushchaqchaq oʻspirin boʻlib, kelgusi hayotdan talaygina umidlari bor edi. U vaqtlar hozirgi kunlar singari shafqatsiz emas edi. Abdurahmon oʻz oilasida toʻngʻichi edi. Ota-ona uni iloji boricha hayotdan zavqlanishini istab yashar edilar. Maktabda u oʻz tengdoshlari orasida isteʼdodi va tirishqoqligi bilan ajralib turardi. Atrofdagilar haqiqatan uning peshonasida porloq istiqbolni koʻrishar edi. Balki shunday boʻlishi mumkin edi, lekin uning otasi toʻsatdan olamdan oʻtib qoldi. Ota baxtsiz bevani toʻrt farzandi bilan qoldirib boqiy dunyoga ravona boʻldi. Oila bor-yoʻgʻi toʻrt funt nafaqaga arang kun koʻrar edi. Abdurahmon shafqatsiz hayot bilan ilk bor toʻqnashdi. Uning barcha orzu-umidlari chilparchin boʻldi. Ilgari ota oilaning boquvchisi boʻlgan boʻlsa, endilikda bu tashvish Abdurahmonga yuklandi. Boshqa yoʻl yoʻq edi, lekin u bu haqiqatni darrov anglab yetmadi. Shu tariqa oila tayanchining barcha umidlari puchga chiqdi.
Yurakni oʻrtab yuboruvchi ogʻir kunlar boshlandi. Lekin u barchasiga chidadi. Uning zimmasida ukalari haqida qaygʻurish yuki bor edi. Endi u faqat oʻzi haqida oʻylamayotgan edi. U butun borligʻini onasi va ukalariga bagʻishladi. U yangi bir baxtga , yaʼni – oʻzgalar baxti uchun kurashmoq baxtiga sazovor boʻldi.
U hatto uylanish haqida oʻylab ham koʻrmadi, bularning barchasi oila tayanchining yaqin insonlariga nasib etdi. Bu inson sabr-toqat qilishga qaror qildi, lekin ukalarining sabrlari chidamadi. Ulardan biri politsiya maktabini bitirib, zobit boʻldi va darrov uylandi. Uning ortidan muhandislik diplomini olgan ikkinchi uka ham uylanib oldi. Abdurahmon esa boʻydoq boʻlib qolaverdi.
Endigina uning hayotiga baxtu saodat olib kirishi mumkin boʻlgan koʻhlikkina qiz yoqib qolganda…
Onaning ovozi uning xayolini boʻldi.
– Abdu, nega qorongʻida oʻtiribsan?
Abdurahmon kun botganini ham sezmay qolibdi. U ogʻir qadamlar tashlab uyga kirdi.
– Anvar sen bilan gaplashdimi? – soʻradi ona.
– Ha.
– Xoʻsh, uning qaroriga nima deysan?
– Uning tanlagan qizi yaxshi. Ertaga men qoʻshnimiz bilan gaplashib, Anvar uchun uning qoʻlini soʻrayman.
– Mana endi hamma qushchalarim har tomonga qanot qoqib uchib ketdilar. Sendan tashqari hammasi, – dedi ona xomush ohangda.
U jim edi.
Kim biladi, ehtimol unga roʻbaroʻ kelgan baxtsizlik unchalar qoʻrqinchli emasdir. Bu birinchi marta emas. Hayot uni bir narsaga, sabr-toqatga oʻrgatdi. U shuni tushunib yetdiki, hayotni oʻzgalarga bagʻishlagandagina baxt-saodatli boʻlish mumkin ekan.

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ