April 3, 2020

#Kun_Hikoyasi Qo‘rg‘on. Jo’rabek Ramazonov

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ

– Dada, qayoqqa borayapmiz?
– Qo’rg’onga.
– Qayerda u?
– Borganda ko’rasan.

Bolakay boshqa savol bermadi. Turobboy otni «chuh»larkan, dam-badam ortiga – aravada yotgan xotiniga qarab qo’yardi. Tog’ning egri yo’llari o’nqir-cho’nqir, arava har silkinganda, Turobboyning ko’ksi ham qo’zg’algudek bo’lardi. «Bechora, – deb o’yladi tag’in ortiga boqib, – ko’rgan kuni nimaga arzidi?»
– Dada, qo’rg’onga yaqin qoldimi?
– Hali ancha bor, o’g’lim.

Bolakay onasining «ruhi sog’ingan» o’sha qo’rg’onni bir ko’rish ilinjida edi. Chori tabib shunday degan. Qo’rg’onga yetishlari bilan onasi sog’ayib ketadi.Osmonning qovog’i uyulgan edi. Zum o’tmasdan yomg’ir tomchilay boshladi.
– Onangning ustini yaxshilab yop, – dedi Turobboy.

Bolakay chodirni onasining ustiga tortarkan, bir muddat uning yumuq ko’zlariga tikilib qoldi. Nimadir aytmoq bo’lib og’iz juftladi-yu, yana o’yladi: «Baribir onam qo’rg’onga yetgunimizcha gapirmaydi».
Turobboyning butun umri shu tog’ etaklarida o’tdi. Ammo umid bilan ulg’aytirgan farzandlari uning yarim ko’nglini to’ldirolmadi. Dunyo ekan. To’ng’ichi shuhrat izidan quvib ketdi. Shoir emish! Qo’sha-qo’sha kitoblar chiqarguncha kasalmand onangni davolat edi! Yana har kelganida Toshkentdagi do’xtirlarni maqtab qo’yadi. Chori tabib ularning oldida ip esholmasmish. Turobboy bir Toshkentga borib, o’g’lining uyini topolmay, besh kun ovora bo’lib qaytgan. «Hayf-ye senga!» dedi qishloqqa ham bo’yinbog’ taqib keladigan o’g’li ko’z oldidan o’tarkan.
– Bir nima dedingizmi, dada?

Turobboy o’girilib, kenjasiga qarab qo’ydi. Bor umidi shu o’g’lidan. Afsus, hali uning sunnat to’yini ham o’tkazolgani yo’q.
– Qo’rg’ondan qaytsak, seni to’y qilamiz, – dedi.

Bu orada yomg’ir shiddat bilan yog’a boshladi. Qumli, tuproqli yo’llar g’ij-g’ij loyga aylangach, otning yurishi ham qiyinlashdi.
– Olg’a, saman! – dedi Turobboy. – Bekang seni yaxshi ko’rardi.

Chindan ham Sharofat bu otga o’zgacha mehr qo’ygan, sababi, u kenja o’g’li bilan bir kunda tug’ilgandi. O’g’lini ham erkalab, «Saman» deb chaqirardi. Keyin-keyin uning ismi Samandar bo’ldi.
Dovon oldida aravaning chap g’ildiragi loyga botib, unga ortilgan tesha va belkurak yerga tushdi. Sharofat yotgan joyidan siljiganicha g’ildirakka suyalib qoldi.
– Onangni ushla, Saman! Men hozir…

Turobboy otdan sakrab tushdi. Ota-bola Sharofatni o’rniga yotqizgach, Turobboy loyga botgan g’ildirakni jon-jahdi bilan ko’tardi, bo’lmadi.
– Otga min! – buyurdi o’g’liga.
– Qo’rqaman, dada.

Bolakay otasi bilan otga minib, sayr qilishni yoqtirar, uni mening samanim, derdi. Biroq hali yolg’iz minib ko’rmagan edi.
– Qo’rqma, o’g’lim, – dedi Turobboy. – U sening samaning-ku?!
Samandar aravada arg’amchi misol cho’zilib yotgan onasiga, tizzasigacha loyga botgan otasiga bir-bir nazar tashladi-yu, vujudidagi yoshiga xos bo’lmagan g’ayrat bilan otga mindi. Arava loydan chiqib, ular yo’lda davom etishi mumkin bo’lgan paytda Turobboyning otga minishga ham majoli qolmagandi. Aravaga chiqib, xotinining yoniga cho’zilarkan, kenjasiga qaradi:
– Hayda, o’g’lim!

O’rtanchasi o’g’irlikda ayblanib, qamalib ketgach, qishloq ahli Turobboydan yuz o’girdi. Ancha bo’ldi shaharlik qarindoshlari ham qadamini uzganiga. Dunyo ekan. Bir lahzada Turobboyning xotini va kenja o’g’lidan bo’lak hech kimi qolmadi. Endi esa…

Yomg’ir hovuridan tushgan, ammo tabiat o’z qahrini namoyish etib ulgurgan edi. Jiqqa ho’l bo’lgan bolakay o’z g’ayratidan shod: u ota-onasini qo’rg’onga olib borayotgandi. Biroq otasi «qo’rg’on» deb atagan manzil haqida hech qanaqa tushunchaga ega emas edi u. Yana ham to’g’rirog’i, uning jimit qalbi bu tuyg’ularni sig’dira oladigan yoshga yetmagan edi hali.

Kutilmaganda ot munkib, Samandar loyga yiqildi. Ko’z oldi qorong’ulasharkan, aravadan sakrab tushayotgan otasini ko’rdi…

U ko’zini ochganida atrofga g’ira-shira qorong’ulik tushgan, lekin endi aravada onasimas, o’zi yotardi.
– Qo’rg’on qaerda qoldi? – deb so’radi otasidan.
– Sen uni ko’rmading. Ko’rmaganing ma’qul edi.
– Onam qani?
– Onang… Onang qo’rg’onda qoldi.

Bolakayga qo’rg’onni ko’rmagani bir alam qilsa, onasining qo’rg’onda qolgani ming karra alam qilib, yelkalari titragancha unsiz yig’lay boshladi.
– Onam qo’rg’ondan qachon qaytadilar? – dedi yig’lamsirab.

Turobboy og’ir nafas oldi:
– Endi onang qaytmaydi. Bir kun meni uning yoniga olib borasan…