#Kun_Hikoyasi Bayram intyervyusi. Anvar Obidjon
Jamoatchi hajvchimiz bayram arafasida ulfatchilik fanlari doktori Maishat Maishatovich bilan suhbatda bo‘ldi. Ko‘pchilikka otning qashqasidek tanilib qolgan Maishat Maishatovich yangi yilni kutib olish tartibi haqida o‘z toifasidagi shaxslarga qarata gapirib, shunday dedi:
– Qadrli shishadoshlar, aziz hamtovoqlarim! Mana, yangi yil hali probkasi ochilmagan «Portveyn»dek qarshimizda mahtal turibdi. Naqadar g‘aroyib bayram bu. Uning o‘ziga xoslik tomoni shundaki, bu kuni erkak zoti yoppasiga ichadi. Ichishni o‘rgangan ayollar esa, oraga suqilishib, davramizni yanada kengaytiradilar. «Yaratganning oldida shohu gado barobar», deganlaridek, ichilgandan so‘ng yoshi, jinsi, kasbi, amalidan qat’i nazar, hamma bir xilda aljiray boshlaydi. Sipolik, royishlilik, rasmiy gap-so‘zlarga barham berilib, suhbat chapani tus oladi. Natijada, davradagilar o‘rtasida mazmuni uncha chuqur bo‘lmagan bahslar boshlanib, kollektiv ravishda janjallashish tuyg‘ulari kamol topadi. Menimcha, birgalashib ichishning nafosati, olamning gulistonligi ana shunda.
Lekin, bunday ajoyib davralarda qatnashish, bazmi jamshidning boshdan-oyoq ishtirokchisi bo‘lish siz o‘ylaganchalik oson ish emas, birodari azizlar. Kishi bunga jiddiy ravishda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishi kerak. O‘zimning ko‘p yillik boy tajribamga tayanib, xuddi shu masalada sizlarga ayrim maslahatlar berib o‘tmoqchiman.
Xullas, ichishni o‘ttiz birinchi dekabrning ilk tongidan, ya’ni kallai sahardan boshlagan ma’qul. Ertalabki bu mashg‘ulot unchalar achimagan pivo yordamida o‘tkaziladi. Xo‘rak uchun qalampirlangan qurut, kapchyonka yoki sho‘rdanak hozirlab qo‘yishni unutmang. Pivoga tuz sepib ichish qit’iyan man qilinadi.
Uch-to‘rt shisha pivo otib olingandan keyin, kishining ko‘z tomirlarida ultra qizg‘imtir rang alomatlari paydo bo‘lib, miya to‘qimalarida yengil sarxushlik seziladi. Demak, olam guliston! Endi tamaki mahsulotlarini tutun holida ermak qilib, picha dam olishimiz mumkin.
Soat o‘n birlarga borib, mashg‘ulotning ikkinchi bosqichiga o‘tamiz. Bu paytda pivolarni chetga uloqtirib, shampandan bahra olish fursati yetgan bo‘ladi. Qopqoqni raketa qilib uchirganimizdan so‘ng, noyob ichimlikni kattaroq idishga to‘ldiramiz-da, uni bir ko‘tarishda urib qo‘yamiz. Qarabsizki, olam yanayam guliston!
Mashg‘ulotning uchinchi qismi odatda tushlikdan keyin boshlanadi. Mazkur bosqichda biz u yoki bu nomdagi o‘zimizbop vino bilan muloqotda bo‘lamiz. Vinoni har yarim soatda yuz ellik grammdan oshirmagan holda ag‘darma qilish tavsiya etiladi. Uchinchi bosqichning oxirlariga borib, mashg‘ulot o‘tkazuvchining qorin qismida burama og‘riq paydo bo‘lishi tabiiy, chunki vino, pivo va shampan oshqozonda uchrashib, ayovsiz reaktsiyaga kirishadi. Ayrim tajribasiz ichuvchilar bundan zarracha sarosimaga tushmasliklari kerak.
Zahmatli va huzurbaxsh mashg‘ulotimizning to‘rtinchi bosqichi kechki ovqat arafasida boshlanib, kishi o‘zini idora qilolmay qolgunga qadar davom ettiriladi. Endilikda navbat araqqa kelganini o‘zingiz ham sezib turgandirsiz, aziz shishadoshlarim. Bu bosqichda kishi o‘zini butunlay erkin his qiladi. Davrada ham vaziyat boshqacha: birov-birovni mensimay qo‘ygan, hamma gapirishni istaydi, ammo uni eshitadigan odam yo‘q, birov o‘lib ketgan momosini eslab yig‘lasa, boshqasi gerdayganicha ashulani vajang qiladi. Qisqacha aytganda, olam nihoyatda guliston!
Mana endi chinakam bayram boshlandi, desak ham bo‘laveradi. Siz bilan biz esa uni maroqli o‘tkazishga allaqachon tayyormiz. Chunki, erta sahardan boshlangan tinimsiz mashqlar natijasida tanamizni obdon chiniqtirib, o‘zimizni qadahbozlik jangiga puxta shaylab olganmiz. Endi bizni yengish ancha mushkul. Hatto «Konyak» atalmish markai oliylari ham bizni osonlikcha yiqitolmaydi.
Bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishim lozim: mashg‘ulotning dastlabki uch bosqichi uydan chiqilmagan holda olib boriladi. Binobarin, ko‘cha-ko‘yda zaruratsiz sang‘ish hushyorxonaga tushish xavfini keskin oshiradi. Bu ko‘ngilsiz tadbir esa siz bilan bizning bayram dasturimizga kiritilmagan. To‘rtinchi – hal qiluvchi bosqich shishadoshlar davrasida qiyomiga yetkaziladi.
So‘zimni yakunlar ekanman, siz qadrdonlarga murojaat qilib aytamanki, bazm mashg‘ulotlarini uyushqoqlik bilan olib borib, ulfatchilikni kaminadek ustomonning qimmatli yo‘l-yo‘riqlariga qat’iy rioya qilgan holda yuqori saviyada o‘tkazaylik…
Bunday vaqtda bor ovozda baralla qichqirging keladi: «Bugun dillarda g‘alayon! Bo‘ldi! Yetar! Shishayu probkalar zo‘ravonligiga endi chek qo‘yaylik! Ichimliklarga ozodlik! Olam butunlay guliston bo‘lsin!»
1982 yil.