January 31, 2020

#Kun_Hikoyasi. Vijdon. Abduqayum Yo‘ldosh

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ

I

Bilaman, u begona eshiklardan cho‘chiydi. Osmonu falakda joylashgan, ayvonidan qaralganda odamning ko‘ng­li ozib ketadigan bir xonali beton katalagimning na dermatin qoplangan va na raqam bitilgan g‘aribona eshigini tanib olgan; faqat shu yerga kelgani-kelgan.

Soat mili o‘n ikkidan oshib, yo‘lak suv quyganday jimib qolgan, yoqimsiz g‘uvillashi asabimni qaqshatadigan liftning uni o‘chgan mahal, balki, undan ham kechroq, muzday ko‘rpaga o‘ranib, ko‘zlarimni katta-katta ochgan ko‘yi, saqichday quyuq zulmat bag‘rida biron nimani ilg‘ab olishga bo‘lgan urinishlarim behuda ketayotgan palla yalang oyoqlarning marmar zinalarga ohista bosilayotganini sezaman. O‘zimni chalg‘itishga qanchalik harakat qilmay – quloqlarimga paxta tiqib, boshimni yostiqqa burkab olsam-da, chalakam-chatti biladigan duolarimni pichirlab takrorlay bosh­lasam-da, qachonlardir boshimdan o‘tkazgan shavqli onlarimni tasavvurimda qayta jonlantirib huzurlanmoqchi bo‘lsam-da – bari besamar; ehtiyotkorona bosilayotgan qadam saslari yaqinlasha-yaqinlasha, nihoyat, eshigimga kelib taqalganini his qilaman, shu his barobarida seskanib ko‘z ochgan mubham vahimadan majolsizlanib, to‘xtab qolguday ahvolga tushadi yuragim. Dastlab bunday chog‘lari amallab o‘rnimdan turardim-u, shosha-pisha uydagi bor chiroqlarni yoqib chiqardim; so‘ng bunga qanoat hosil qilmay magnitofonni chinqirtib qo‘yib, charog‘on xona o‘rtasida o‘tirib olgan ko‘yi papiros tutuniga ko‘milgancha o‘zim bilan o‘zim shoshqol o‘ynashga tushib ketardim. Lekin suv ostida bosim ta’siridan qutulib bo‘lmaganiday, ko‘ngilga sirg‘alib kirib ulgurgan qutqu ilonini sitib chiqarishga ilojsiz ekanimni anglagach bu benaf ovoragarchilik o‘z-o‘zidan barham topdi.

Bilaman, u eshikka mahkam qapishib olgan, ichkarida «tiq» etgan tovush chiqsayam eshitishga qodir; shu bilan birga, u juda toqatli, hali biron marta bo‘lsin sabrsizlik ko‘rsatgan emas, mudom kutgani-kutgan; benihoya boodob ham, shaharda tungi o‘n birdan keyin tuqqan onang kelsayam eshikni ochmaslikka qonun yo‘l berishini bilsa kerakki, hali biron marta bo‘lsin qo‘ng‘iroq tugmasini bosgan emas, biron marta bo‘lsin eshikni taqillatgan emas, gohi-gohidagina jur’at qilib eshikni tirnab qo‘yadi, shunda mushuk gilamni tirnagandagiga o‘xshash shitirlash eshitilib qoladi, xolos; lekin uning bu qilig‘ida izchillik yo‘q, eshik tirnashlar oralig‘i ba’zan chorak soatga yetmasa, ba’zan bir-ikki soatdan ham oshib ketadi.

Bilaman, u nafaqat begona eshiklardan, begona odamlardan ham cho‘chiydi. Tasodifan pod’ezd eshigi ochilib-yopilib qolguday bo‘lsa yo tepadagi mallasoch xonimning xushtorlaridan birontasi o‘tib qolguday bo‘lsa, u baayni qip-yalang‘och holida nomahramlar ko‘ziga tushib qolish ehtimolidan o‘takasi yorilgan mohpora oyimqizday jon halpida o‘zini lift yonidagi axlatlar tashlanadigan bir quloch quvurning orqasiga oladi. Xudoyim-ey, shunda men endi uning muzday, badbo‘y hid anqib turgan quvurga qapishgancha titrab-qaltirab turishi, og‘ir-og‘ir nafasini zo‘r berib ichiga yutishga urinayotganini shundoq ko‘z oldimga keltiraman-u, badxohlik bilan quvonib qo‘yaman. Meni, ayniqsa, uning shu holatda yarim soat, hatto ortiqroq fursat harakatsiz qotib turishi zavqlantiradi, go‘yo ortimdan quvlab kelayotgan, yetay-etay degan raqibimni ilgaritdan maxsus tayyorlangan tuzoqqa tushirib qo‘yib, endi uning ayanchli pitirlashini gerdayib kuzatayotganday lazzatlanaman, lablarimni yalab qo‘yarkanman, unsiz pichirlayman: «O‘l-a, bu kuningdan…»

Vaqt esa shuvillab o‘tadi. Ko‘ngilni bir fursat yayratgan intiqom safosi o‘rnini ishtiboh, hadik safrosi qayta egallay boshlaydi; yantoqzor ichida yurilganday qo‘rqa-pisa qo‘yilgan, tortinchoq yigit ilk bor suyuklisining qo‘llarini o‘pgandagi singari jur’atsiz qadam saslarini eshitaman va amin bo‘lamanki, u yana kelib eshigimga qapishib oladi. Men qo‘rqaman. Ayni soniyalarda qaylardadir –olis-olislarda, nainki xush, hatto eng noxush manzillarda ham paydo bo‘lib qolgim kelaveradi; kimlar bilandir, nainki qadrdonlarim, hatto ag‘yorlarim bilan ham davralarda o‘tirishga hozirman, nainki yoqimli, hatto eng ahmoqona mavzularda bo‘lsa-da tinmay gaplashaversam-gaplashaversam, tonggacha og‘zim tinmasa deyman; eng iflos, eng og‘ir, chaqib tashlaydigan jismoniy yumushlarni topshirishsa deyman, ishqilib, shu la’nati qora qutidan qutulsam bas; ishqilib, gapgami-ishgami alahsib vahimali o‘ylardan chalg‘isam bas; ishqilib, ishlay-ishlay, itday charchab, tilim bir qarich osilib qolsa-yu, o‘ylashgayam madorim yetmay yotgan joyimda o‘likday qotib uxlasam bas, tush ko‘rmasam bas, bosinqiramasam bas… Lekin istak bilan faoliyat o‘rtasida ulkan jar yastanib yotibdi, ko‘zlarimni chirt yumib, qa’riga chorlovchi bu jardan sakrab o‘tish o‘rniga qimir etmay yotaveraman, loaqal yonboshimga ag‘darilib olishga yuragim dov bermaydi; uydagi yaldo zulmatiga izsiz-ovozsiz singib ketishni istayman, u mening xonada ekanligimni fahmlamasligini, falokat bosib fahmlab qolgan taqdirda ham meni mast uyquda ekan deb o‘ylashini xohlayman, shu xohish izmida ora-sira yolg‘ondakam xurrak otib qo‘yaman, ayniqsa, xurragim bilan bir soniyaga to‘g‘ri kelib qolganida eshik tiqirlashining darhol to‘xtashini ko‘rib quvonib ham qo‘yaman, o‘zimning ojizona topqirligimdan o‘zim mamnunlik tuyib, go‘yo sayyodimni yana bir bor katak qafasga qamab qo‘yganday tilimni chiqarib uni rosa mazax qilgim, uzun xivich bilan ko‘tarilib-tushayotgan och biqinlariga turtib-turtib qo‘ygim keladi…

O‘, o‘zingni avrab-ovutish o‘zgalarni avrab-ovutish singari oson va umrzoq kechsaydi!..

Men qo‘rqaman, uning ko‘zlaridan qo‘rqaman. Esimda, tungi tashriflar endi-endi boshlangan, men o‘zimni telbaga, qoraxayolga yo‘yib, ajdodlarim shajarasini tita-tita, nihoyat, qay bir bobomning ruhiy bemorlar shifoxonasida o‘zini osib qo‘yganini aniqlagach o‘z holatimni vorislikning qochib qutulib bo‘lmas, dori bilan tuzatib bo‘lmas qismatiga mengzab yurgan kezlarim ilk bor bu nigohga duch kelganmanki, o‘sha lahzani eslasam, hali-hanuz tirnoqlarim uchigacha muzlab ketadi va men iltijo ila tavallo qilishga tushaman: «Iloyo, qayta duch kelib qolish vahshatidan asragaysan…»

O‘shanda esa qishloqdan kelib tunab qolgan jarroh do‘s­tim ertalabki choy ustida bamaylixotir: «Bu shaharning mushuklari qiziq ekan, bittasi tuni bilan eshikni tirnab chiqdi-yu, bir marta miyovlashga yaramadi-ya…» – deganida rangim quv o‘chib, qo‘limdagi sanchqi likopchaga jarang­lab tushib ketgandi. Agarki, agarki ruhimni chatnagan hisoblab yurgan mengina emas, soppa-sog‘ mehmon ham payqagan ekan, uning chindan-da moddiyligiga bundan ortiq dalil-dastak topib bo‘larmikan… Ammo, taassufki, ruhan sog‘lomligim xususidagi ishonch ruhiy sokinlikka garov bo‘lolmadi. Men yana tinchgina, mutlaq faoliyatsiz tarzda kutishda davom etdim. Men hali imkoniyatlari mavhum, balki, shunisi bilandir yanada sirli va vahimali harifimning (ezgu niyatlilar yarim kechasi bostirib kelmaslar axir!) ko‘rinmas sarhadni birinchi bo‘lib bosib o‘tishini istardim… Har nechuk, do‘stim e’tirofidan so‘ng oradan ikki-uch kunni o‘tkazib, zim-ziyo oqshomlarning birida yurak yutib oyoq uchida eshik yonigacha keldim. Ne bir unsiz qasamlaru daldalardan keyin nimagadir saraton taftida qolganday qizib ketgan eshik ko‘ksiga o‘rnatilgan qabariq «ko‘zcha»ga qaradim-u, shu soniyada dahshat ichida o‘zimni orqaga otdim – u tarafdan odam vujudining yetti qabatigacha o‘yib kirib borishga qodir, qorachig‘ida laxcha cho‘g‘ porlagan ko‘z menga qadalib turardi…

Bilaman, ehtiyotkorligiga qovushmasa-da, uning bino­yidekkina o‘jarligi borki, ba’zan bu o‘jarligi bema’ni qaysarlikka aylanib ketadi. Shunday paytlari u menga do‘ppidekkina qishloqdan endi kelib, ulkan shahar haybati, shovqin-suronidan aqli shoshgan bo‘lishiga qaramasdan, tishini tishiga bosgancha telbanoma qat’iyat ila: «Men seni zabt etaman, zabt etaman, shahar!» – deya bot-bot tak­rorlayotgan yoshlik yillarimni eslatganday bo‘ladi…

Ehtiyotkorlik… ehtiyotkorlik va boshqa shu taxlit hislar keyinroq paydo bo‘lmadimi? Qaysidir bir eskirib qolgan nazariy tushunchani kitobda yozilgan tarzda emas, o‘zim tushunganimcha, o‘z so‘zlarim bilan ifodalashga uringanimda institut auditoriyasidan uchib ketishimga bir bahya qolganda paydo bo‘lmadimi bu ehtiyotkorlik? O‘z sohalarida «alif»ni «kaltak» deyolmaganlari holda doimo qo‘sh qo‘li ko‘ksida, qaddini kamalakday egib yuradigan bir-ikki hamkurs padarqusurlar «imtiyozli diplom» olganlarida paydo bo‘lmadimi bu alam? Endi mustaqil ish boshlagan kezlarim texnologik jarayonda sarf bo‘ladigan spirtni aniq hisob-kitoblar orqali chiqarib, burni qip-qizil boshlig‘im talab qilganidan ko‘ra to‘rt barobar kam yozganligim uchun ariza yozishga majbur etishmoqchi bo‘lganlarida («o‘z ixtiyorim bilan…» albatta), demak, mana shu olishim kerak bo‘lgan oshyondan mahrum etishib, yana umumyotoqlarda, ijara xonalarda sarson-sargardon etishmoqchi bo‘lganlarida uyg‘onmadimi bu mutelik? Ishga vaqtida, iloji bo‘lsa ertaroq borib, kutilmagan dahmazalar ko‘rsatmasdangina el qatori tinchgina ishlab yoki o‘zingni ishlayotganday ko‘rsatib vaqtida, iloji bo‘lsa kechroq qaytish amal pillapoyasidan sekin-asta, biroq uzluksiz ko‘tarila borishning garovi ekanligini, o‘lchamlari oldindan ma’lum qoliplarga sig‘magan har qanday «chiqish»lar boshliqlar ko‘nglida noxush taassurot qoldirishi mumkinligini ang­laganimda paydo bo‘lmadimi har bir qadam oldidan chor tarafni sinchiklab kuzatib olishdek ajabtovur aqidam? Ko‘ngil qo‘yganim, uchrashuvlar chog‘i tirnog‘imni tekkizishgayam jur’at qilolmaganim, pok holimda bir yostiqqa bosh qo‘ymoqchi bo‘lganim qizning oppoq bo‘ynida ko‘karib qolgan, qontalash tish izlarini ko‘rganimda, ijikilay-­ijikilay so‘rab-so‘rab oxiri behayolarcha aytilgan: «Boshqa joylardayam bor, ko‘rsataymi?» – degan mash’um jumlani eshitganimda paydo bo‘lmadimi bu ishonchsizlikka omixta qo‘rquv? Bir namozshom vokzalda etagimga yopishib olgancha ikki gapning birida Xudoni o‘rtaga qo‘yib qasamlar ichgan, bor-budini shilib ketgan o‘g‘rilarni go‘rdan olib go‘rga solgan og‘zi to‘la kumush tish mo‘ysafid yarim tundami, tong sahardami bor pullarimga qo‘shib jami hujjatlarimni ham supurib ketganida paydo bo‘lmadimi bu hadik? Qahraton qishning kuppa-kunduzi bekat yonida toyib yiqilib chakkamni temirga urib olgan, qora qonimga bo‘yalib yotgan chog‘im u yoqdan-bu yoqqa tinmay o‘tib turgan yo‘lovchilardan birontasi kelib qo‘ltig‘imdan olishga yaramaganida paydo bo‘lmadimi bu nafrat? Olamjahon pulga mashina kira qilib qorni gumbazday shishib ketgan tog‘amni yangi ToshMIga olib borganimda bitko‘z ablah vrach: «Joy yo‘q!» – deb yo‘llanmani qo‘limga qaytarib bergan, keyin esa xodimasini ortimdan elchilikka yo‘llab, bir o‘rin falon pul turishini ma’lum qilganida paydo bo‘lmadimi odamlardan jirkanish hissi? Men uchun dahshatli darajada ko‘p bo‘lgan bu sarmoyani amallab topib bergach, ba’zan bittagina qora buxanka sotib olishgayam chaqa topolmasdan ikki kunlab och yurganimda kassada puli achib yotgan bir tanishim: «Soqqa yo‘q edi-da, uzr endi», – deb eshikni yuzimga yopganida ko‘zlarimda shashqator oqqan alam, ojizlik yoshlari inson qavmiga ishonch, muhabbatning so‘nggi chechaklarini yuvib, manfur xudbinlikning yovvoyi o‘tlarini sug‘orib ketmadimi? Tiqilinch avtobusda qishloqdan kelgani ko‘rinib turgan juvonning sumkasiga qo‘l solayotgan o‘g‘rining qo‘lini shappa ushlaganimda uning sheriklari shovqin-suron ko‘tarishib mening o‘zimni o‘g‘riga chiqarishgach, oqibat bir yilga ozodlikdan shartli mahrum etilganimda boshlanmadimi qatiqniyam puflab ichishdek odatim? Nihoyat, shilliqqurtday o‘z qobig‘imga o‘ralib olib, barcha aloqalarni uzgan holda o‘tkazgan oxirgi uch yilim hayotimning eng sokin, eng tashvishsiz, eng osoyishta, moddiy muhtojliklarsiz o‘tkazgan yillarim bo‘lmadimi axir?!. Ha, shunday edi, shunday edi, shunday bo‘lib qolardiyam, menga berilgan ozgina umrning qolganiniyam shunday farog‘at og‘ushida o‘tkazgan bo‘lardim, agar yo‘q joydan manavi balo lop etib chiqib qolmaganida…

Darvoqe, uning o‘jarligi haqida.

Eshikka ikki marta dermatin qoplatdim, biri ko‘kish, biri qizil; uch-to���rt marta do‘kondan qo‘limga ilingan raqamlarni olib kelib qoqib qo‘ydim; bir gal esa yotoqxonadan ham kar, ham gung tanishimni yarim kechasi boshlab keldim-da, atay ovozimni qattiqroq chiqarib aytdimki, xo‘p, jo‘ra, mana, uy almashishgayam kelishib oldik, men ertan kunduzi yuklarimni olib ketaman, sen endi bu yerda maza qilib yashayver… Shundan keyin besh-olti kun bir kechaga falon pul to‘lanadigan irkit katalaklarda yotib yurdim. Nazarimda, endi undan qutulganday edim.

Qayoqda deysiz…

II

Bosaversang, qurbaqayam vaqillab yuboradi. Ne-ne mashaqqatlar, ne-ne qurbonlar evaziga kelgan tinch turmushimni iloji boricha himoya qilmaslik og‘zimdagi oshni indamasdan oldirib qo‘yaverish bilan barobar tuyuldi. O‘ylay-o‘ylay oxiri bir «Oq musallas» shishasini sindirib, hovonchada tuydim-da, yotar oldidan yo‘lakka sepib chiqdim…

Oqshom eshik odatdagidan ko‘ra ko‘proq qitirladiyov; agar yanglish eshitmagan bo‘lsam, bu ojizona qitir-qitirga oyoq ostida shisha siniqlarining g‘ichirlashi ham jo‘r bo‘lib turdi. Tong saharda shisha kukunini supurib olayo­tib shundoqqina eshik yonida bo‘g‘otdan uzilayotgan tomchi yanglig‘ yoinki tanbur shaklidagi bir tomchi qonni ko‘rdim va raqibimning axilles tovonini topganimdan quvonib ketib shisha sepishni kanda qilmaydigan bo‘ldim. Endi, uning nozik joyini topib olganimdan so‘ng, o‘zimga o‘zimning ishonchim ortishi bilan birga, to‘g‘risi, «qarshi yurish»imning oqibat natijasi qanday bo‘lishi hatto meni qiziqtirib qoldi. Shunda men shisha to‘poniga kuchli kislota aralashtirdim… O‘, oqshom uning oyog‘i kuygan tovuqday pitirlashi, yalang oyoqlar ostida shisha siniqlarining g‘ijirlashini eshitish kerak edi, eshitish!.. Tong-sahar esa odatdagi bir tomchi qon atrofidagi bir-ikki qarich joyning qorayibroq qolganini ko‘rdim-u, so‘nggi uch oy ichida birinchi marotaba ko‘nglimda o‘zimdan o‘zim faxr tuydim, yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. «Bilib qo‘y, biz ham unchalik yerda qolganlardan emasmiz, o‘zimizga yarasha aqlimiz bor, bozor ko‘rganlardanmiz, senga o‘xshaganlar oldida qo‘l qovushtirib turish davridan allaqachonlar o‘tganmiz; deylik, bundan uch-to‘rt yil burun kelsang boshqa gap edi…»

Endi aniq ishonchim komil, u qarshilik ko‘rsatish nima ekanini bilmasdi, barisiga indamay chidagani-chidagan, shu qilig‘i bilan u sabiy bolalik chog‘larimni yo bo‘lmasa hamqishlog‘im Sangi devonani eslatardi. Beshikdagi chaqaloqdan tortib munkillab qolgan chol-kampirlargacha, hamma-hammaga bamisoli hazrati Xizrni ko‘rayotganday beadad bir hayrat bilan termiladigan o‘zbekovullik sho‘rlik devona o‘ziga tosh otib qochgan bolalarniyam «bor bo‘ling­lar-e!» deb alqardi. Aytishlaricha, uning eng so‘nggi so‘zlari ham shu alqashi bo‘lgan ekan…

Xullas, raqibim sirlilik va mavhumlikning jimjimador liboslaridan ayrilib, qoshimda yalang‘och holida namoyon bo‘la boshladi, namoyon bo‘lganda ham bahaybat Gerkuleslar oldida botiq ko‘kragi, ingichka bilaklari, pachoqqina gavdasidan nomuslarda o‘layotgan uyatchan o‘spirinday. Nazarimda, u kundan-kunga jisman yanada maydalashib borayotganday edi. Men buni qon tomchisining ham, qorayib qoladigan oyoq o‘rnining ham tobora kichrayib borayotganidan taxmin qilardim.

Men endi aniq bilardim, raqibimni tamomila mag‘lub etish uchun ma’lum fursat kerak, xolos. Biroq menda bu jarayonni tezlatish istagi uyg‘onib ulgurgandi. Kechalari o‘rinda g‘ujanak bo‘lib olib xo‘b azoblarda o‘tkazgan uch oylik umrim uchun munosib, hatto orttiribroq intiqom olish ­vasvasasi meni qutquga sola boshladi. Ehhe, bu qutqu yetagida ne-ne karomatlar ko‘rsatmadim… Poylab turardim-turardim-da, to‘satdan eshikni zarb bilan ocha sola darhol qaytib yopib olardim, shu orada har nechuk tobora yengillashib, vaznini yo‘qotib borayotgani eshik zarbidanoq sezilib qolayotgan gavda zinapoyaning temir panjarasiga koptokdek borib urilganini-yu, jon achchig‘ida ingrab yuborganini eshitib qolardim; shisha to‘poniga igna, olmosdan tortib so‘ndirilmagan ohakkacha – suvga aralashtirib, albatta – sola boshladim; bir oqshom esa buralib-chirmalib yotgan uch-to‘rt quloch simni yo‘lakka tashlab qo‘ydim-da, u eshikka qapishganini sezgan zahotim simni tokka ulab yubordim. O‘, shunda u sho‘rlikning «gup» etib yerga o‘tirib qolgani, so‘ng o‘rnidan otilib tura sola, har qanday ehtiyotkorlikni yig‘ishtirib qo‘yib, jon halpida zinalarni tapillatib bosgancha tashqariga otilib chiqib ketganini eshitib qotib-qotib kuldim; atay kech qolib kelgan kunlarim chekib turgan papirosimni bilmagan kishi bo‘lib quvur ortiga otardim, keyin labimga yangi papirosni qistirib birdaniga uch-to‘rt gugurt cho‘pini yoqardim-da, bularniyam yonib turgan holida quvur ortiga otardim; bir tun gugurt cho‘plariga qo‘shib hali g‘o‘r o‘smirlik chog‘larim yozib yurgan ahmoqona, bachkana shig‘irlarga to‘la uchta daftarimni ham yoqib otib yuborgan edim, yo‘lakni kuygan go‘sht hidi tutib ketdi; keyingi oqshom esa uch yildan beri yig‘ilib qolgan, o‘qib-o‘qilmagan qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlarning xatlarini yoqib otgan edim, kuygan go‘sht isi xonaga ham sizib kirdi; undan keyingi tun ko‘zimni chirt yumdim-da, uch litrlik idishda olib kelgan kuchli kislotani sepib yubordim quvur ortiga…

Bilaman, men uni sindirdim, men uni yengdim. Sangtarosh qulochga sig‘mas xarsangni yo‘na-yo‘na mittigina atirgul yasagani singari, men uni mushtdaygina itoatkor jismga aylantirmoqchi, keyin uni hamyonimga joylab, cho‘ntagimda olib yurmoqchi, kerak bo‘lib qolganda esa do‘st-dushmanlar o‘rtasida hamyonimdan chiqara sola ko‘zko‘zlamoqchi bo‘lib turgandim. O‘zimcha «maqsadimga yetdimov» deb o‘ylagan oqshomlarning birida uyga atay kechikib keldim. Eshik yonida go‘yoki kalitni izlagan bo‘lib bir oz taraddudlanib turib qoldim, o‘zim bo‘lsa sezdirmasdan qo‘ynimdagi qopqonni olyapman. Kislota uning ko‘zlarini ko‘r qilgani ravshan, endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ustiga bostirib boraversam ham bo‘lar deb o‘ylayotgan ham edimki, birdan chiqindi quvurning tunuka qopqog‘i daranglab ochilgani va kimdir bir nima tashlab yuborganini eshitdim. Narsa zalvorligina, shekilli, quvur devorlariga urila-urila quyiga gumburlab enib ketdi.

Men o‘girildim. Quvur yonida ham, ortida ham hech kim yo‘q edi.

Nahotki, undan qutulganim rost bo‘lsa?..

Ammo… ammo u nimaga o‘zini sassiq quvurga tashladi? Nimaga?..

Endi bilaman, u o‘ylarimning barini o‘qib turarkan, xuddi o‘ziniki singari…

Bu hodisa payshanba oqshomi ro‘y berdi.

Juma oqshomi esa…

1989