February 14, 2020

HAQIQIY YOZUVCHI XUDO KO’NGLIGA SOLGANINI YOZADI O’tkir Hoshimov bilan suhbat

Hαƒтα A∂ιвι
Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ

Bundan salkam 50 yil avval so‘z san’atkori Abdulla Qahhor O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning “Cho‘l havosi” qissasini o‘qib: “Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijod­ning kelajagi porloq bo‘ladi. …Shu alanga hech qachon pasaymasin, ijodingiz hech qachon tutamasin!” deb tilak bildirgan edi. Oradan yillar o‘tdi. Buyuk Abdulla Qahhorning duolari ijobat bo‘ldi. O‘zbek adabiyotida yozuvchi O‘tkir Hoshimov qalamiga mansub go‘zal qissalar va hikoyalar paydo bo‘ldi. Bu asarlar asosida suratga olingan videofilmlar yillar davomida zangori ekrandan tushmay, xalqimizning oltin merosiga aylandi. Urush degan baloning inson hayoti va ruhiyatidagi tajovuzkorona “aksi” – “Ikki eshik orasi” romanida mohirona “chizib” berildi. O‘tgan asrda xalqimiz boshiga tushgan fojealar, adolatsizliklar va buning oqibatida toptalgan taqdirlar “Tushda kechgan umrlar” romanida aks ettirildi. Yoki…

Bir so‘z bilan aytganda, “alanga pasaymadi”. Ishonamizki, o‘zbek kitobxoni bu “alanga” taftidan hali uzoq yillar bahramand bo‘lajak.

– Adabiyot insonni bedorlikka undaydi. Tiriklik puchmoqlaridan ma’no, mohiyat axtarishga o‘rgatadi. Bu “axtarish” jarayoni esa insonga o‘zini tanitadi. Zero, o‘zni tanimoq, O‘zlikni anglamoqdir! Shu ma’noda, haqiqiy ijodkor ruhiyat muallimidir.

Chinakam badiiy asar o‘quvchi ruhiyatini yuksaltiradi. Hayajonga soladi. Asar qahramoni yig‘lasa qo‘shilib yig‘laydi, iztirob cheksa u ham iztirobga tushadi. Kitob o‘quvchining hayotiga, o‘quvchi kitob sahifalaridagi “hayot”ga aralashib ketadi. Siz yozibsizki, “Shunday asarlar yozsangki, kitobxon uni o‘qiganda hamma narsani unutsa. Asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Quvonsa, iztirob cheksa…”. Nazarimda, bu orzuga erishish yozuvchi uchun eng buyuk baxt va eng yuksak natija bo‘lsa kerak.

Bugungacha yozgan kitoblaringiz ichida ana shunday “natija”ga erishgani qaysi deb o‘ylaysiz? Umuman, so‘nggi yillarda adabiyotimizda sizni o‘quvchi sifatida hayajonga solgan, yozuvchi sifatida havas uyg‘otgan asarlar paydo bo‘ldimi?

– Savolingizning birinchi qismiga men emas, kitobxon javob qilgani ma’qul. Menga qolsa, ikkita hakam – Kitobxon va Vaqt sinovidan eson-omon o‘tgan asar – haqiqiy asar bo‘ladi. Savolning ikkinchi qismiga kelsak… Oqqan daryo oqaveradi. Adabiyot asrlar davomida yashab kelgan va bundan keyin ham yashayveradi. O‘quvchini hayajonga solayotgan asarlar bor. Birini aytsak ikkinchisi xayoldan ko‘tarilib, ukalarim va singillarimni ranjitib qo‘yishdan istihola qilaman. Yozuvchilar bog‘ida bo‘lgan yoshlar seminarida juda puxta shoirlar va yosh adiblar borligini ko‘rib, boshim osmonga yetdi…

– Sizning asarlaringizdagi qahramonlarning aksariyati xatolari uchun jazo tortishga mah­kum etilgan. Misol uchun, “Bahor qaytmaydi” qissasidagi Alimardon, “Ikki eshik orasi”dagi Ra’no yoki “Tushda kechgan umrlar”dagi Komissar. Yozuvchi qahramonlariga “jazo tayinlash”da o‘z ruhiyatidan kelib chiqadimi yoki voqealar silsilasi buni taqozo qiladimi?

– Siz aytayotgan asar qahramonlari qismati anchayin murakkab. Agar muallif “dunyoda yaxshilik taqdirlanadi, yomonlik jazolanadi”, degan qadimiy aqidani shior qilib olsa, u nasihatgo‘yga aylanib qolar edi. Asar yozilayotganida qahramonlar muallif boshida o‘ylagan “ko‘cha”dan emas, butunlay boshqa tomon yurib ketishi mumkin. Menga desa Alimardon tirik qolsa ham asarning ta’sir kuchi pasayib qolmas edi. Biroq u siz bilan men o‘ylagandan ko‘ra murakkabroq shaxs. Unda xudbinlik bilan birga mardlik ham bor. U birovdan mag‘lub bo‘lib yashagandan ko‘ra hayotdan ketishni afzal ko‘radi. Uni men emas, o‘zi halok qildi. “Tushda kechgan umrlar”dagi Komissar esa yetmish yillik zulm saltanatining timsoli. Oddiy emas, o‘ta xavfli manqurt! Eng muhimi, o‘quvchi asardagi odamlar (“personajlar” emas, aynan ODAMLAR) qismatiga ishonsa, hayajonga tushsa, adibga shunisi kerak!

– XX asrni qaritgan “…izm”lar insoniyat boshiga mislsiz kulfatlar keltirdi. Inson ruhi, qalbi va ma’naviyati siyosiy mafkuraning quliga aylantirildi. G‘ayriislomiy va g‘ayriinsoniy g‘oyalar doyaligida “pioner”, “komsomol”, “kommunist” singari mavjudotlar tug‘ildi. Mavjud siyosiy mafkura bilan “oziqlanib” ulg‘aygan bu avlodlar go‘yoki odamiyatning ideal vakillariga aylandi. Tabiiyki, ana shunday vaziyatda bu “vakillar” urush maydonlaridan, mehnat lagerlaridan, cho‘lu sahrolardan badiiy kitob sahifalariga ko‘chdi. Adabiy qahramonlarga aylandi. Ayni holat o‘zbek adabiyotida ham shaklan milliy, mazmunan “…izm”lar g‘oyasini tarannum etuvchi asarlar paydo bo‘lishiga olib keldi.

Bugun bu achchiq tarixni eslab, hech kimni malomat qilmoqchi emasmiz. Zero, haqiqiy yozuvchi o‘z davrining vijdoni, millatining ovozidir! Agar bu “vijdon” og‘rimasa, agar bu “ovoz” yolg‘on ohanglar taratsa… bu endi boshqa masala. Aytmoqchi bo‘lganimiz: ne tongki, o‘zbek adabiyotida ana shu g‘oyaviy ur-surlardan omon chiqqan asarlar talaygina. (Bu – nihoyatda jiddiy va quvonlarli holat) Jumladan, sizning asarlaringiz ham bu dolg‘ali davr sinovlaridan deyarli talofatsiz chiqdi. Albatta, bu haqda adabiy tanqidchilarimiz ham ancha-muncha yozdilar. Ularning e’tiroficha, bu yozuvchining rostgo‘yligi bilan bog‘liq ekan. Ayting-chi, yozuvchining “rost yozishi” degani nima o‘zi?

– Hozir men uchun eng muhim va eng qiyin jarayon – tanlangan asarlarni tanlash bo‘layotir. Ijod degani betakror bo‘lmog‘i kerak. Roman va qissalar, sahna asarlari va hikoyalar, hajviyalar va badialar orasidan eng yaxshilarini tanlash va ular bir-birini tak­rorlamasligi shart. Yaratganga shukronalar qilaman: badiiy asarlarning hammasi iloji boricha Inson haqida, uning qismati haqida yozilgan ekan! (Ularning badiiy saviyasi har xil bo‘lishi mumkin, eng yaxshilari, ya’ni bugungi kitobxonni ham o‘ylatadiganlarini tanlash kerak). Xullas, o‘sha asarlarni qayta ko‘r­ganimda butun-butun boblarni qaytadan yozish, ayrim qahramonlar qismatini “o‘zgartirish” yoki asardan umuman chiqarib tashlash zarurati bo‘lgani yo‘q. Biroq o‘sha paytdagi ayrim tushuncha va so‘zlarni to‘g‘rilash kerak bo‘ldi. Deylik bugungi kitobxonga “telefon budkasi”, “telefon trubkasi”, “avtobus to‘xtash joyi”, “student”, “ikkinchi kurs”, “rayon”, “uzel”, “uchastka”, “perashka” deganga o‘xshash so‘zlar begona. Ammo bular shunchaki, yo‘l-yo‘lakay tuzatiladigan detallar xolos.

Rostgo‘ylik masalasiga kelsak. Bu printsip bizning avlodga Qahhor domla va Ozod domlalardan yuqqan. Abdulla Qahhorning yaxshi ta’biri bor, eshitgansiz: “Adabiyot – atomdan kuchli, uning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak”. Ustozning tag‘in bir go‘zal tashbehi bor edi. “Haqiqiy yozuvchi SO‘Zni tonnalab olib, grammlab sotadi!” Bunga kim qanchalik erishgani yoki erishmaganini aytolmayman. Biroq asarda har bir so‘z, har bir jumla ma’no tashishi va jaranglab turishi kerak.

– Ijodkor degan nomga munosib bo‘lish uchun avvalo iste’dod kerak. Iste’dod degani esa pulga sotilmaydi yoki uni o‘qib o‘zlashtirib bo‘lmaydi. Bu jihatdan yozuvchilik qalb amri bilan bog‘liq jarayon. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yozuvchilikni “ko‘ngil ishi” deydilar. Harqalay, adabiyotimiz darg‘alari ana shu aqidaga binoan faoliyat yuritganlar. Ya’ni, bu zotlar boshqa kasb bilan tirikchilik qilib, bo‘sh vaqtlarida “ko‘ngil ishi” bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Darvoqe, ular “ko‘ngil ishi” uchun birovdan qalam haqi ham olmaganlar. Ammo keyinchalik yozuvchilik tom ma’noda ijtimoiy-ma’naviy masalaga aylanib qoldi…

– Ijod – chindan ko‘ngil ishi. Haqiqiy yozuvchi Xudo ko‘ngliga solganini yozadi. So‘zning ilohiyligi, badiiy ijodining qudrati ham shunda. To‘g‘ri, Alisher Navoiy hazratlaridan tortib Maxmurgacha barcha ijodkorlar biron davlat ishida faoliyat ko‘rsatgan yoki ma’lum hunar egasi bo‘lganlar. Muqimiy xattot, Gulxaniy hunarmand, Zavqiy mahsido‘z, Ogahiy mirob, Avaz O‘tar sartarosh, Maxmur sarboz bo‘lgan. Biroq haqiqiy ijod hech qachon “shaxsiy masala”, “ko‘ngil ishi” bo‘lib qolgan emas. Agar shunday bo‘lsa, shoir yozgan she’rini o‘zi sevgan mahbubasiga, adib esa romanini ulfatlariga o‘qib bersa, shu bilan kifoya qilgan bo‘lur edi. Qalamkashlar asarlarini kitob qilib chiqarib ovora bo‘lib yurmasdi.

Endi savolingizning ikkinchi qismi – ijod ahli mehnatini rag‘batlantirish masalasiga kelsak. Hazrat Navoiy bilan shoh Boburga til tekkizmay qo‘ya qolaylik. Navoiy hazratlari ulkan saltanatning bosh vaziri bo‘lganlar. Vaqti kelsa, sulton Husayn Boyqaroning o‘zi ham Mavlonodan qarz olib turgani haqida gap-so‘zlar yuradi. Bobur esa o‘z nomi bilan shoh bo‘lgan. Binobarin, ular qalam haqiga ehtiyoj sezmaganlar. Bundan tashqari, ushbu allomalarning asarlarini xattotlar nari borsa, yuz nusxa, ming nusxada ko‘chirganlar. Siz aytgan boshqa shoirlar ham qalam haqi nimaligini bilmaganlar. Ammo ayting-chi, ko‘zi tirikligida Gulxaniyning nechta kitobi chop etilgan? Muqimiyning-chi? Ogahiy, Zavqiy, Avaz O‘tar, Maxmurning nechta kitobi necha ming nusxada chiqqan va necha yuz mingga sotilgan?

Bugungi kunda kitoblar (haqiqiy badiiy asarlarni nazarda tutayapman) o‘n minglab nusxada chop etilib, millionlarga sotilyapti. Ya’ni, kitob – tovarga, tovar esa – pulga aylanyapti. Bu – tabiiy hol. Adib asar yozmasa, nashriyotga olib bormas edi. Nash­riyot uni kitob qilib chiqarishdan moddiy manfaat ko‘rishga ko‘zi yetmasa, tahrir qilmasdi. Matbaa korxonasi foyda ko‘rmasa o‘n minglab, yuz minglab nusxada chop etmasdi. Kitob savdosi foyda ko‘rmasa, “erkin narxda” sotmasdi. Demak, yozuvchining “ko‘ngil ishi” faqat ma’naviy emas, moddiy boylikka ham aylandimi? Uning mehnatidan boshqalar ham ozmi-ko‘pmi naf ko‘ryaptimi? Shunday ekan, kitobdan boshqalar qatori muallif ham moddiy manfaatdor bo‘lishga haqli. Negaki asarni yo‘q joydan bor qilgan muallifdir.

Jahon qonunchiligida, jumladan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunda muallifga kitob nominal bahosining o‘n foizigacha haq berish mumkin, degan mezon bor.

Bugun hamma yerda bo‘lgani kabi bizning mamlakatda ham kitob nashr etish butun bir industriyaga aylangan. Bu esa yozuvchilik qandaydir “shaxsiy yumush” emas, jiddiy, ma’naviy, ijtimoiy hodisaga aylandi, degani. Negaki, kitob o‘n minglab xonadonlarga kirib boradi va kitobxonlar ongini shakllantiradi.

– O‘tkir aka, rostini aytsam, yuqoridagi mulohazalarni endi berilajak savolga zamin hozirlash uchun aytgan edim. Haqiqatdan ham yozuvchilik “shaxsiy yumush” emas. Chunki bu “yumush” o‘n minglab xonadonlarga kirib borar ekan, endi u ijtimoiy-ma’naviy ahamiyat kasb etadi. Agar mana shu talab nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, keyingi paytlarda paydo bo‘layotgan ayrim “asar”lar kishini tashvishga soladi. Deylik, hamyoni baquvvatroq bir o‘rtoq “ko‘ngil ishi”da – “roman” yozadi. Xarobgina “roman”ni nashriyot muharriri “uh” torta-torta tahrir qilib chiqadi. Matbaa korxonasi chop etadi. Kitob savdosi “roman”ni sotadi. Qarabsizki, “asar” kitobxonga yetib boradi va… endi, natijani siz ayting.

– Adabiyotimiz ravnaqi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan bosqich, bu – qalamkash va nashriyotning aloqasi masalasidir. Bugungi kunda Respublikamizda o‘nlab nashriyotlar, yuzlab bosmaxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Qonunga binoan layoqatli har bir yuridik yoki jismoniy shaxs noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli. Ommaviy axborot vositalari singari nashriyotlar ham ko‘p bo‘lgani yaxshi. “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekiston”, “Yangi asr avlodi”, G‘afur G‘ulom nomidagi va boshqa nashriyotlar bilan bir qatorda bir qancha nodavlat va xususiy nashriyotlar ham bor. Insof bilan aytganda, ularda ham yaxshi-yaxshi kitoblar nashr etilmoqda. Masalan, “Mumtoz so‘z” nashriyotida…

Afsuski, noshirlar orasida bozor boshida o‘tirib olgan chayqovchilarni eslatadiganlari ham yo‘q emas. Yuqorida aytilgan, yozuvchilikning ko‘chasiga kirmagan “adib”larning bozorini chaqqon qilayotganlar shunday noshirlardir. Ular eshikdan kirib kelgan muallifning iste’dodi, yozgan asarining badiiy quvvatiga emas, cho‘ntagiga qarab baholaydilar. Bir tanishim shunday nashriyot direktorining xonasiga kirib, tasodifan guvohi bo‘lgan hangomani aytib bergan edi.

Shunday qilib, bashang kiyingan bir odam xonaga kiradi va direktorga “zo‘r roman” yozib tashlaganini, shuni tezroq va chiroyliroq kitob qilish kerakligini, taxminan besh ming nusxada chop etishning “xarajati” qancha bo‘lishini so‘raydi. Nashriyot rahbari kitob o‘rtacharoq hajmda bo‘lsa, shuncha tirajdagi nashr bahosi taxminan falon so‘mlarga tushishini, shuning uchun o‘n besh-yigirma foizini oldindan “predoplata” qilish lozimligini aytadi. Boyagi “klassik adib” diplomatidan bir salapan xalta pul chiqarib, “mana, o‘sha “predoplata”, uch oyda kitobimni chiqarsangiz, qolganini olasiz”, deydi.

Bilmadim, balki bu anchayin oshiribroq aytilgan gapdir. Qolaversa, bozor iqtisodi sharoitida noshirlarga ham oson emas. Jamoaga maosh berishi, qog‘oz sotib olishi kerak, yana allaqancha xarajatlar bor. Lekin u “roman” qo‘ltiqlab kelgan o‘sha “janob”dan “baraka topgur, o‘zingiz kimsiz, avval biron satr yozganmisiz, qo‘lyozmangizni kim o‘qidi, kim tavsiya qildi?” deb so‘rashi kerak-ku! Yo buyog‘i “taka bo‘lsin, sut bersin”mi? O‘sha romannavis muallifda Xudo yuqtirgan iste’dod bo‘lsa-ku, haloli bo‘lsin! Iste’dod bo‘lmasa-chi? Roman yozish g‘isht quyish emas-ku! Lev Tolstoydek daho adib yetmish yil faol ijod qilganiga qaramay nima uchun bor-yo‘g‘i uchta roman yozgan? Xohlasa, yetmishta romanni qoyil qilib tashlashi mumkin edi-ku! O‘zimizning ustozlar – Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Shuhrat domla, Hamid G‘ulom, Mirzakalon Ismoiliy, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O‘lmas Umarbekovlar ham xohlasa besh-o‘ntadan roman qoldirishi mumkin edi-ku! Nega bunday qilishmagan? Gap shundaki, roman yozish uchun roman tafakkuri, roman qamrovi kerak. Qolaversa, uch yuz yoki besh yuz sahifaning hammasini bab-baravar yoritib turadigan qalb alangasi kerak! Kitobxonni larzaga soladigan insonlar qismati, xalq va jamiyat hayotining katta qatlamini tasvirlash zarur. Oxir-oqibat o‘sha asar kitobxonning ma’naviy mulkiga aylanishi kerak. Badiiy adabiyot degani shunchaki “shaxsiy kuzatuvlar” yoki oldi-qochdi “voqeanavislik” emas!

Ustoz Abdulla Qahhorning bir gapi bor edi. “Uchuvchilikni bilmagan odamni samolyot shturvaliga yaqin yo‘latmaydilar. Ammo yozuvchilikning ko‘chasiga kirmagan odam “asar” yozib tashlasa, hech kimning ishi yo‘q!” Iste’dodi mundayroq bo‘lsa ham “qo‘li uzun yozuvchi”ning “shedevr” kitobini qanday qismat kutadi? Bu holat ikki xil bo‘lishi mumkin: kitob chiqqach, yillab do‘konlarda chang bosib yotadi yoki aksincha, muallifning “ta’siri” bilan sotilib ketadi. Ammo har ikki holatda ham bunday “ijod namunasi”ning foydadan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘ladi. Sababi, u kitobxonni haqiqiy adabiyotdan chalg‘itadi. Xalqqa ma’naviy zarar keltiradi. Shu kitob o‘rniga bosilishi mumkin bo‘lgan boshqa iste’dodli asarlarning yo‘lini to‘sadi. Bunisi ham ma’naviy zarardan bo‘lak narsa emas.

“Samizdat” degan tushuncha boshqa mamlakatlarda ham bor. Mayli, kimdir “nom qoldirish” uchun kitob chiqarmoqchi ekan, bunga yo‘l berish kerakdir. Biroq bunaqa kitoblar iste’dodli qalamkashlar, ayniqsa yosh ijodkorlarning asari o‘rniga chiqmasligi kerak.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda nashriyotlarga to‘la erkinlik berilgan, ularning faoliyatiga hech kim chetdan turib aralasha olmaydi. Lekin ana shu erkinlikni to‘g‘ri tushunish, masalaga mas’uliyat bilan yondoshish darkor. Ya’ni, faqat iqtisodiy manfaat ortidan quvib, badiiy jihatdan zaif, milliy ma’naviyatimiz, qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan, adabiyotning obro‘sini tushiradigan kitoblar nashr etilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak!”

Ko‘pchilik qalamkashlarni tashvishga solayotgan bu masalaga davlatimiz rahbarining o‘zi bu qadar oydinlik kiritgani jiddiy gap!

Albatta, so‘z erkinligi, hurfikrlik ulug‘ tushuncha. Bu o‘rinda gap taqiqlash, “tsenzura qilish” haqida ketayotgani yo‘q. Biroq iste’dodi bormi-yo‘qmi, xohlagan odam xohlagan “asarini” yozaversa, xohlagan noshir xohlagan kitobini bosaversa, xohlagan “savdo xodimi” xohlagan kitobini xohlagan joyida “erkin narx”da sotaversa, bular ma’naviyatga qanday ta’sir qilarkin?

– Modomiki, o‘quvchiga asar taqdim qilish, kitob nashr etish jarayoni shu qadar mas’uliyatli ekan, endi tayyor kitobni sotish muammosi ham chakana masala emas. Zero, millat ma’naviyatiga, ma’rifatiga daxldor masalalarga shunchaki qarab bo‘lmaydi.

– Kitob savdosi – adabiyot taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydigan masala. Tan olishimiz kerak, kitob savdosi sohasida ham muammolar yetarli. Albatta, kitob savdosini to‘g‘ri va oqilona yo‘lga qo‘ygan tashkilotlar yo‘q emas. Masalan, “Sharq ziyokori” kitoblar markazi faoliyati ko‘p tomonlama o‘rnak bo‘larlidir. Bu yerda “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan chop etilgan kitoblargina emas, boshqa nashriyotlarning mahsulotlari ham sotiladi. Markazning hamma viloyatlarda bo‘limlari bor. Hozir Toshkentdagi bir necha oliy o‘quv yurtlarida kitob savdosi tashkil etilmoqda. Muhimi, markaz tasarrufidagi tarmoqlarda kitoblar qat’iy belgilangan narx bilan sotiladi. Bu masalaga alohida to‘xtalishga to‘g‘ri keladi.

“Bahosi erkin narxda” degan, bosh-ketining tayini yo‘q tushuncha mavjud ekan, odamlarga ma’qul kitoblar savdosida mantiqqa zid vaziyatlar paydo bo‘laveradi. Noqulay bo‘lsa ham bir misol aytishim mumkin. “Sharq” kompaniyasida chop etilgan bir kitobimning “nominal bahosi” ikki yarim ming so‘m deb belgilangan edi. “Sharq ziyokori”dan o‘zim ham shu bahoda sotib oldim. Oradan ko‘p o‘tmay, shahar markazidan taxminan besh chaqirim naridagi bir joyda shu kitobning o‘zi yetti ming so‘mdan sotilayotganini ko‘rib hayron qoldim. Tasavvur qiling, kitobni bir do‘kondan sotib olib, nariroqqa borib sotayotgan “ishbilarmon” har bir kitobdan uch hissa “daromad qilsa” va bu bir necha yil ijod qilib, asar yozgan muallif olgan qalam haqidan anchagina ko‘p bo‘lsa, g‘alati tuyular ekan. Yana talay el sevgan adib va shoirlarning kitobi ham turli joylarda ikki-uch hissa qimmatiga pullanayotganini ko‘rdim. Albatta, kimdir sening mehnating mevasidan ozmi-ko‘pmi manfaatdor bo‘lsa, Xudoga shukr qilmoq kerak. Biroq insof sari baraka, degan gap ham bor.

Menga qolsa (boshqa hamkasblar ham bu fikrga qo‘shiladi, deb o‘ylayman) kitobim qancha arzonroq sotilib, qancha ko‘proq o‘quvchiga yetib borsa, shuncha yaxshi. Demoqchimanki, kitob savdosi masalasida ham to‘planib qolgan ancha muammolar bor. Mamlakatimizning chekkaroq shahar va qishloqlarida kitob do‘konlari yo‘qligi, borlari ham yopilib, o‘rniga boshqa narsalar sotiladigan savdo “tochkalari”ga aylanib ketgani juda jiddiy muammo. Kitob narxini nazorat qilish ham allaqachon yetilgan masala. Bu o‘rinda “bozor iqtisodi”ning “erkin narx” degan tushunchasi o‘zini oqlamaydi. Jahon tajribasidan o‘rgansak bo‘ladigan misollar bor. Deylik, Germaniyada har yili aholi jon boshiga o‘rtacha yuz dollarlik kitob xarid qilinadi. (Kattalar va bolalar adabiyotini qo‘shib hisoblaganda). Eng muhimi – u yerda kitob qat’iy narx bilan sotiladi. Xuddi aptekadagi dori-darmonlarni belgilanganidan qimmat sotish mumkin bo‘lmagani kabi kitobni ham “ustama narx” qo‘yib pullagan sotuvchi qonun oldida javob beradi! Menimcha, bu tajribani ham o‘rgansak zarar qilmaydi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, qalamkashlik shunchaki havas uchun qog‘oz qoralash emas. Adabiyot – hali aytganimizdek jiddiy ma’naviy-ijtimoiy hodisa, ma’naviyat binosini tutib turgan ustunlardan biri. Ijodkor esa xuddi qadimiy yunon afsonalaridagi atlantlar kabi o‘sha ustunni yelkasida ko‘tarib turishga mahkum. Zero, ijod – vaqti-vaqti bilan sayribog‘ qilinadigan “shon-shuhrat” gulshani emas, zavqli, ayni paytda og‘ir va mas’uliyatli yumushdir.

Suhbatdosh: Alisher Nazar