#Kun_Hikoyasi Navro‘z, Navro‘z… . Shukur Xolmirzaev
Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ
Sulton katta-katta odim otib borar, shundoq ham esib turgan shabada uning ko’kragiga urilar, jonsiz, uzun, sanoqli sochlarini to’zg’itar (u onda-sonda barmoqlari bilan sochini silab qo’yardi), ko’zi oldinda — huv yo’l burilishida, yuragi ham qadamiga mos holda gurs-gurs tepar, yosh olim (yosh bobida — yosh bo’lmasa ham filologiya fanlari doktori, professor) siyratiyu sirtidagi holatini izchil sezib borar va bundan quvonar edi: ha, u eng oliy, eng odamiy niyatini amalga oshirish uchun borayotir, qutlug’ ayyom arafasida (ertaga — navro’z!). U bu niyatni amalga oshirish uchun ilgari ham bir muncha xayollarga tolgan edi, biroq shu ishni amalga oshirsa — bachkanalik qilgandek tuyulgan, keyin bir xo’rsinib: «Baribir, ayb menda emas-ku!» deb qo’ya qolgan edi. Endi, navro’z arafasida…
U battar quvonib, og’zini katta ochib nafas oldi. Tepasidan uchib o’tgan qarg’alarga: «E, do’stlarim! He-ye, uchaveringlar! Sizlarning go’shtingiz hech kimga kerakmas, — deb qo’ydi. — Qiziq, shahar ko’chalarida, xiyobonlarda hech kimdan qo’rqishmaydi-yu, dalada, tog’da bir kunlik joyda qorangni ko’rsa, qorasii o’chiradi…» Uning xayoli beixtiyor olis tog’lar bag’riga, qandaydir yong’oqzorlarga og’ayotganini fahmlab qolib, o’sha yong’oqzorda kechgan ko’ngilxiralikni eslamaslik uchun… boshini chayqab, yana oldinga — burilishga qaradi: endi uni boyagi shodon, toshqin kayfiyat tark etgan edi.
Sulton ancha bo’shashib qoldi. Biroq bunga sari o’jarligi tutib, qadamni yanada kattaroq bosa boshladi. Endi u lo’killab borardi. Bora-bora plashining oldini yopdi, keyin tugmalarini o’tkazdi. Boshini silab qo’yib: «Shlyapani kiysam bo’larkan, — deb o’yladi. — Juda shoshib chiqdim-da. Ishqilib, Joniqul aka dachasida bo’lsin…»
Burilishga yetganda, ro’parasidan pasayib-g’ing’illab kelayotgan oq «Volga»ni ko’rdi: dachadan chiqqan. Birorta — deputatning mashinasi-da. Yoki kommersantning… Sultonning deputatlar bilan ham, savdogarlar bilan ham ishi yo’q — mayli, biri amallab deputat bo’pti, biri intilib biznesmen bo’pti. O’zi — olim: fol`klorist… O’ziyam ko’p intilgan, lekin olimlik darajasini egallash uchun emas, xalq og’zaki ijodini to’plashga intilib, qaerlarga bormagan edi…
Sulton kamtarona tus olib, boshini egdi. Mashina yoniga yetib kelganda ham qaramadi. «Volga» to’xtagach, yalt etib bokdi-yu, deraza oynasini tushirayotgan Ertoyni ko’rdi: yurtdoshi, hamqishlog’i, inisi. Vazirlikda ishlaydi: o’sadigan yigit. O’ssin! Mana, yosh bo’lsayam deputat bo’ldi: aqlli, tadbirkor-da.
— Assalom alaykum, Ertoyjon! — dedi Sulton boshini egib va yo’lka chetidagi to’siqchadan hatlab o’tib, unga uzun, so’laqmonday qo’lini uzatdi. Ertoy uning dastpanjasini olib:
— Salom. Sovqotibsiz. Yo’l bo’lsin? — dedi. — Muncha g’izillab ketayapsiz?
— Dachaga. Joniqul akaning dachasiga… Bormikan? Ko’zingiz tushmadimi?
Ertoy azbaroyi og’asining hurmati — eshikni ochdi: chiqmoqchi… Sulton chiyillab yubordi:
— Yo’-yo’q-yo’q! Bemalol o’tiring. — Eshikni ohista yopdi-yu, pushaymon yedi: niyatini bungayam aytsa bo’lardi. Axir, bu aqlli yigit…
Ertoy unga qarshilik qilmay qoshini chimirdi. Odatdagicha, nozik chehrasi iztirobni aks ettirib.
— Ko’rmadim-ov, — dedi. — Biz… — Keyin birdaniga sho’xgina kulimsiradi. — Munday… yarashib oldinglarmi? Nazarimda… A? — Ertoy kulib yubor-di. — Alomat odamsizlar. U kishiyam, siz ham. — So’ng bir soniya jimib, qo’shimcha qildi: — Ba’zan ko’rib qolaman. Bechora hayron bo’ladi: «Men Sultonjonga hech bir yomonlik qilgan bo’lmasam… Doktorligini yoqlaganda birinchi bo’lib ovoz berdim. Maqtadim. Hayronman!» deydi.
Sulton ham kulimsiragancha unga tikilib turarkan:
— Yo’q, ayb o’zida, — dedi. — Sezmaydi-da… Yo’q, o’ylamaydi u ablah. — Birdan tilini tiydi: «ablah» dedi. Axir, maqsadi…
— Ishqilib, boshqa urishmanglar, — dedi Ertoy kattalarga xos salmoq bilan.
— Boshqa… Mutlaqo! — deb yubordi Sulton va azbaroyi yuragi yana qattiq tepib ketganidan ichidagi gapi vujudini yorib yuboradigandek bo’ldi-yu: — E, ukajon, bir minutga chiqing, — dedi. — Kechirasiz. — U haydovchiga ham mo’ralab: — Uzr, uzr, — deb qo’ydi. Haydovchi xayrixohona tabassum qilib, mashinani sal chetga ola boshladi.
Sulton Ertoyni bilagidan ushlagancha yo’lkaga o’tkazdi. Kuzgi bug’doy tizza baravari bo’lib qolgan dalaga qaramayoq undan-da ilhom olib:
— Ertoyjon, — deb shivirladi boshini egib. — Men… men yaxshi odam bo’lmoqchiman.
— Nima?! — Ertoyning qoshlari chimirilib ketdi. Beixtiyor bo’ynini cho’zib, uni hiddagan bo’ldi.
— Ichmaganman. Mutlaqo, — dedi Sulton endi jiddiy tus olib. — Umuman, ichkilikniyam tashlayman… Tashladim hisob! Endi, sizdan ham bir kechirim…
— Xo’sh, bir nima «bo’laman» deganday bo’ldingiz? — yana beozor, sho’xgina kulimsiradi Ertoy.
— Men… men seryozni gapiryapman, — dedi Sulton hatto qovog’ini sola boshlab. — Men… ko’p o’qidim, Ertoyjon. So’fiylarning ta’limotini ham. Komil inson haqidagi yo’rig’larini… — Yuragi tepa boshla-di. — O, ana ular — odamlar! Ular — inson! Biz nima?.. Kechirasiz, men o’zimni aytayapman.
— Xo’sh, demak, — deya Ertoy tabassumini jiddiyat bilan yashirib, bilagidagi soatiga qarab oldi. — Demak, komil inson bo’lmoqchisiz? To’g’ri tushundimmi?
— Ha, — dedi Sulton teran bir ovozda. Va duduqlanib qoldi. — Komil emas-u, mundayroq…
— Yaxshi, yaxshi, — dedi Ertoy.
— Yo’q, siz kulmang-da, uka.
— Sulton aka… — Ertoy meni ranjitmang deganday boshini orqaga soldi. — Nahotki sizdan kulsam… Biz axir, aka-ukalarmiz… Him, — birdan so’rab qoldi: — Aytmoqchi, yangam yaxshimi? Jiyanlarim yuriptimi? Ish bilan bo’lib… — Sultonning hamon chimirilib turgani, «chalg’ityapsiz-a? » degan ifoda yuzida borligini ko’rib, Ertoyning hafsalasi pir bo’ldi, — Sulton aka — dedi ovozi o’zgarib. — Men sizni tushunaman… Siz aslida olijanob odamsiz. Bu kampliment emas… Hamma biladi buni. Joniqul aka bilmasa…
— Qo’ying o’shani! — Sulton shunday deb yubordi-yu, yana uyalib, qiynalib, tilini tiydi. — Uzr, uzr… Men o’zim… o’zimga hayron bo’laman, uka… U yog’ini so’rasangiz, men o’sha odamdan shaxsan…
— Nima?
— Yomonlik…
— Ko’rganingiz yo’q! Bo’ldi-da… — Ertoy mashinaga qarab oldi. — Adabiy merosga munosabat esa…
— …hali shakllanmagan. Ukajon, yo’ldan qolmang. — U deputatning bilagidan ushlab, itargudek bo’lib, yo’lka to’sig’idan o’tkazdi. Ertoy ochiq eshikka qo’li tekkanda, yana qat’iy to’xtadi.
— Lekin men sizning…
— Keyin gaplashamiz… Ke-yi-in, — dedi Sulton va uning bilagini bo’shatib, qo’lini ko’tardi. — Oq yo’l! Kelinimni so’rab qo’ying. Jiyanlarni o’ping.
— Ajoyib odamsiz-da, aka, — Ertoy ichkariga kirib o’tirdi. Sulton eshikni ohista yopdi.
— Xayr. Ishlab charchamang, Ertoyjon.
— Men oqshom telefon qilaman. Uyda bo’lasizmi?
— Bo’lmasa go’rda bo’larmidim.
Ertoy undan yana nimanidir — aftidan, nimaga borayotganini so’ramoqchi bo’ldi-yu, Sultonning jila boshlaganini ko’rab, oldinga boqdi: shofyoriga «haydang» degani. Ammo shu onning o’zida haydovchining bilagini chap qo’lida ushlab, o’ngi bilan ro’parasidagi bardachok ustiga tarsillatib urdi. Qah-qah otib kulganicha, boshini oynadan chiqardi.
— Hoy, Navro’z muborak!
Hali qadam otishga ulgurmagan Sulton ham taqqa to’xtab, xaholab yubordi.
— O’zlarigayam! — dedi unga burilib. Keyingi gaplar beixtiyor og’zidan chiqib keta boshladi. — Voy-y, muni qarang-a, ukaboy… Navro’z! Axir, axir…
Ertoy namoyishkorona xo’rsinib yubordi.
— O’rganmaganmiz-da, aka! Esimizdan chiqarishgan… E, muni qarang. Shu masalada, axir, shoshib ketayotibman o’zim… — Birdan so’radi Sultondan: — Sizlar qaerda nishonlaysizlar? Institutdami yoki bu yerda? Bor kattalaring shu yerda…
— Uni, uni… bilmayman, Ertoyjon, — dedi Sulton. — So’raganim yo’q… Nimadir gaplar bo’layotuvdi. Lekin nishonlaymiz, albatta! E, busiz mumkinmi? — Keyin do’ng peshonasiga shap etkazib shapati tushirdi. — Qovoq kalla…
— Yana nima bo’ldi?
— Hov, sizgayam navro’z muborak bo’lsin! — deb tirjaydi Sulton shofyorga. U boshini egib, ko’ksiga qo’lini qo’ydi. Ertoy Sultonga mehr bilan tikildi-da, ko’zini qisgan bo’ldi. Sulton unga ta’zim qildi. Mashina jildi.
2
Sulton xursand, endi bemalol qadam tashlab borar, goh o’zicha kulimsirab boshini chayqatar, keyin tirjaygancha so’l tomonga — yam-yashil bug’doyzorga, keyin o’ng tomonga — qiyg’os gullagan shoxlari beton devor uzra oshib tushgan olchalarga qarab qo’yar, tepadan tag’in qarg’alarningmi, boshqa qushlarningmi uchib o’tishayotganini payqar, tag’in ko’ksi ko’tarilib-ko’tarilib nafas olar edi.
Yoniga surilib odamga yo’l beradigan yaxlit tunuka eshik qiya ochiq ekan: demak, Ertoy chiqqanidan keyin yopilgan-u, odam kirgulik joy qoldirilgan. E, bira-to’la ochib qo’ysa bo’lmaydimi! Axir, mashinalilar chiqadigan vaqt hozir. Asqar aka (dachalarning qorovuli, bu yerda qishin-yozin istiqomat qiladiganlar unga maosh tayinlashgan: xalfanaga pul yiqqanday — yig’ib berishadi) ehtiyotkor-da bechora. Joniqul aka shungayam azob bersa kerak-ov: «Nimaga kechasi eshik ochiq qolgan edi? Hozir odamlarga ishonib bo’ladimi?..»
Sulton ochiq joydan yakka kift bo’lib o’tdi-yu, chap qo’ldagi hujra eshigiga qarab:
— Asqar ako-o! — deb chaqirdi sho’xchan ovozda. — Navro’z muborak bo’lsiin!
Hamisha soqoli o’siq yuradigan, dardchil qorovul ichkaridan tez yurib chikdi.
— E, Sulton aka… Ko’rinmay ketdingiz? O’zingizgayam navro’z muborak bo’lsin! — Har ikkala qo’lini uzatib ko’rishdi. — Ko’nglimdan o’tgan edi: hayitda ko’rishamiz deb…
— E, sadag’asi ketay navro’zdi! — deb yubordi Sulton. — Odamlarning bir-biri bilan diydor ko’rishishigayam bahona bo’ladi… Ha, qalay? Bog’ tinchmi? Uchyoniylardan kimlar yashayapti dachasida? Aytmoqchi, Obid Odiljonovich uyidami?
— Ha, xo’jayin uyda, — dedi Asqar aka. — Kecha bir-ikkita mehmonlari bilan keluvdilar. «Mehmonxonani tuzatib qo’yganmiz», dedim. Yo’q, uylariga olib ketdilar.
— A-a, navro’zga kelishgandir-da ular?
— Shu-da. Bugun yana kelishsa kerak, — horg’in davom etdi qorovul. — Ertaga ziyofat bermoqchilar. Qo’y opkelishdi… Siz ham bo’larsiz, Sulton aka?
— Albatta, — dedi Sulton. Ilgari har xil ziyofat, ichkilik ichiladigan o’tirishlardan o’zini olib qochardi: ichib qo’ysa, keyin — bir-ikki kun qiynalib yuradi-da, Buning ustiga, aroq unga tez ta’sir qiladi, shunda o’zini… Sulton yana takrorladi: — Albatta kelaman, Asqar aka. Miriqib gurung qilamiz… Ichkilik bo’lmas-a?
— O’-o’, yo’-o’q, — dedi qorovul. — Machitdan domlalar ham kelarmish. Gapirishayotuvdi… Shu atapleniya masalasi chatoq bo’lyapti-da. Issiq suv kelmay qo’yadi. Tok uzildimi — tamom. Simlar zanglab ketganmi, kim bilsin.
Sulton bu gaplarni diqqat bilan tinglagan esa-da, qulog’ining yonidan o’tkazib yubordi.
— Joniqul aka shu yerdami?
Qorovul birdan qo’lini cho’zib, ushbu yo’l ellik qadamlardan keyin yonidan o’tib ketadigan oppoqqina imoratni ko’rsatdi: institut direktori Obid Odiljonovichning (ya’ni Sultonning dorilfununda birga o’qigan do’sti, hazilkash, samimiy kishi — Obidjonning) tashabbusi bilan qurilgan mehmonxona, ayni chog’da kichik to’y, ziyofatlar o’tadigan choyxona vazifasini o’taydigan joy u.
— Hoozir kirdilar. Telefonda gaplashmoqchiykanlar. Bu yerdagi apparat buzilgan edi.
— Eh! — Sultonning ko’zi ochilib ketganday bo’ldi: omadni qarang! Bo’rini yo’qlasang, qulog’i ko’rinadi, deganlari shu-da… «Yo’q, bunday ulug’ ayyom arafasida ishing o’ngidan kelishi tabiiy, — deb ko’nglidan kechirdi. — Yo’llarning ham tanobi tortilib qolar, ha… Ana, ko’chaga chiqishim bilan avtobus bo’ldi. Yomg’ir ham tindi. Kecha esa… — Bo’pti. Sizga rahmat, Asqar aka. O’sha kishiga aytadigan ikki og’iz gapim bor edi.
— Bemalol, bemalol. Hali chiqqanlari yo’q.
Sulton shitob bilan odim otdi-yu: «Ey, bu odamdan ham bir kechirim so’rab qo’ysam bo’lardi, — deb o’yladi. — Lekin oramizda hech gap o’tmagan. Mayli, qaytishda yaxshilab xayrlashaman».
U ildamlab-lo’killab, suv sepganday namchil asfal`tda bora-bora mehmonxonaga burildi. Bir on to’xtab quloq tutdi: ovoz eshitilmadi. Keyin boshini egib, ishonch bilan yurib, zinalardan ko’tarildi. Ichkariga kirdi-yu,
shundoq ro’parasidagi ochiq eshik ichkarisida, baland deraza pastida — stolga tirsaklarini tirab, naq o’ziga tikilib turgan kichkina odamni ko’rdi: derazadan tushayotgan nurda uning basharasi aniq ko’rinmas., biroq mushtdekkina odamligidan Joniqul aka ekaniga shubha yo’q edi.
Sulton shu yerdan bosh egib, salom berishni o’yladi-yu, nazdida, u ham o’zini aniq ko’rmayotgandek bo’ldi. Shahd va shijoat bilan yurib, eshikka yetdi.
— Assalom alaykum, Joniqul aka! — dedi. U sergaklanib, nimadir deb po’ng’illadi. Sulton bemalol borib, egilib, qo’l uzatdi. U kishi ham kalta barmoqli kaltagina qo’lini cho’zdi. Sulton uni kaftiga olib (do’mboq, yumshoq va kichkina ekanini endi sezdi go’yo), bir silkitdi. Joniqul aka unga qalin, armaniniki-ga o’xshash qoshlari ostidan hurkak-ehtiyotkorlik bilan qarab turardi; qo’lini tezgina tortib, endi qomatini tiklagan novcha yigitga pastdan boqib so’radi:
— Telefon kerakmi?
— Yo’q, bemalol, — dedi Sulton. — Men…
Joniqul Jondor gaplashishi zarurligini eslagandek dastakni ko’tardi. Stoldagi ko’zoynakni taqib, raqam tera boshladi. Sulton chiqib turishni ma’qul bilib, tislandi. Xiyol burildi. Shu ko’yi bir qadam bosganida, Joniqul akaning o’ziga bag’oyat tanish, ayni chog’da ko’plab marta yuragini siqqan palag’da-injiq ovozini eshitdi.
— A, elektrikmisiz, uka? Sizdan so’rayapman, — dedi u. — Uka, siz quloq soling: siz bilan… him, filologiya fanlari doktori, chlen korrespondent Joniqul Jondorov gaplashyapti! — «O’h, — deb yubordi Sulton ichida. — Shu yerdayam… elektrikkayam-a? Unga sening chlenliging nimaga kerak? Hozir — bir pul. E-e, sadqai…» Sulton eshikdan chiqdi-yu, o’ylagan o’yi o’ziga kor qilib ketdi: nima, aytsa aytar… Shungayam g’ashlanish kerakmi?
— Nima? — ichkaridan chlen korrespondentning chiyillagani eshitildi: — Axir, pulini vaqtida to’lab tursak… Bu nima? Izdevat`sya qilasizlarmi? O’zingiz yosh yigit bo’lsangiz kerak… — Sulton quloqlarini bekitgudek bo’lib, zaldagi ustun orqasiga o’tdi. Olimning ovozi bu yergayam yetib keldi: — Batareyalar muzlab yotipti. Qishning zahri ketgani yo’q. Hozir shamollash…
«O’, pishiq-puxta odam, — deb o’yladi Sulton, — Qishning zahri ketmaganiniyam biladi bu. Hozir shamollash… Shunda uning havoda sal namlik sezildimi — institutga qavat-qavat kiyinib, boshiga sariq itning terisidan tikilganday paxmoq telpagini bostirib, bo’yniga sharfni aylantirib o’rab borishini esladi: ha-ha, hamma vaqt shunday: «Chelovek v futlyare». Kim aytgan edi bu gapni?.. Sulton silkinib kuldi: Obidjon aytgan edi. Yelkasi silkinib kula-kula: «Joniqul akani ko’rsam, nima uchundir Chexovning «G’ilof bandasi»ni eslayman, do’stim», degan edi quvlik bilan. Topib aytgandi… Hozir qanaqa kiyimdaydi? Egnida nima bor edi? Kostyum shekilli… Boshida telpagi. Him, uyidan shoshilib chiqqan bo’lsa kerak…»
Ichkarida ovoz o’chdi. Sulton ustun yonidan mo’ralab qarab, Joniqul akaning o’rnidan turgani, deraza pardasini surib, bog’ tomonga qarayotganini ko’rdi. Yana ildamlab kirib bordi. Chlen korrespondent ilkis o’girildi. Sultonga sovuq-sergak tikildi-da:
— Marhamat!.. YO menda gapingiz bormi? — dedi.
— Ha, Joniqul aka. Gapim bor, — dedi Sulton sipolik va har qanday mushtga yelkasini tutib berishga tayyor bir tobelik bilan. — Marhamat qilib bir minut o’tirsangiz.
— Yo’q. Gapiravering, — dedi u tezgina va plashini (bu havorang yomg’irpo’shi stolning eshikchasi ustida ekan) olib, bilagiga soldi. Sulton shoshib qoldi: axir, u ne maqsadda yigirma kilometr joydan keldi-yu, bu odamning bir minut tinglashga toqati yo’q.
— Joniqul aka, mening sizga aytadigan muhim gapim bor, — dedi Sulton.
— Gapiring, eshitaman dedim-ku? — birdan bo’g’ilib dedi u.
— Xo’p. Bo’lmasam…
Joniqul Jondor stolning yoniga chiqdi.
— Ey, bir minut sabr qiling! — Sultonning og’zida chiqib ketdi. — Kechirasiz, men atayin… — Birdan yuzi yorishdi. — Avvalambor, Navro’z muborak bo’lsin, Joniqul aka.
Joniqul akaning ko’zlari qisinqiradi — go’yoki qoshlari tagiga yashirindi. Sultonning nazarida, uning ham chehrasi yorishib ketishi lozim edi. Yo’q — chehrasida istehzoli kulgi payo bo’ldi, xolos.
— E, shundaymi? — dedi.
Sultonning yuragi siqilib ketdi.
— Ha-da… — Uh tortib, boshini egdi. — Gap shundaki, Joniqul aka, men sizdan…
3
Joniqul akaning tumshug’i sal ko’tarildi. Sultonning esa boshi shuncha egildi.
— …men sizdan kechirim so’ragani keldim, — shunday deboq, unga qarasa aynib qoladigandek shoshilib, hatto ovozi ham o’zgarib, qaltirab ayta boshladi: — Men sizning dilingizni xiyla… marta og’ritganman, aka. To’g’ri, buning sabablari bor edi… Ammo men tezoblik qilmasligim kerak ekan. Payqab qoldim: tushundim… Shuning uchun, mana, — unining nigohiga ichdan bir nur yugurdi yana, — mana ertaga — Navro’zi olam! Ertaga -— g’animlar ham bir-biri bilan yarash-yarash bo’ladigan kun! Ertaga ayblar, gunohlar unutiladi… Qadimdan shunday. — Tek tikrayib turgan chlen korrespondentga qaradi. — Buni o’zingiz mendan yaxshiroq bilasiz! — Uning miq etmay turganini ko’rib, gapi yetmaganday — tomdan tarasha tushganday qilib aytganini tuydi. Qaytadan boshladi: — Men siz og’amizning… Siz menga ko’p yordam bergansiz. Masalan, doktorligimni yoqlashda qo’llagansiz, ovoz bergansiz. Men bu yaxshiligingizni unutmayman, albatta… — Joniqul Jondorning tomog’idan «him» degan g’uldirash chiqdi. — Rost, rost, — deb battar shoshilib davom etdi Sulton.
— Yoshingiz ulug’. Juda-a, jafokash olimsiz. Xalqimizning ma’naviy boyliklarini izlab topish uchun qanchalar mashaqqat chekkaningizga men o’zim guvohman, domla… — «Mayli, «domla» deyveray. Ba’zan shunday derdim-ku?» Shu o’y xayolidan o’tishi zamon go’yoki uning o’rnini bahaybat yovvoyi yong’oqzor egalladi, yigit xo’rsinib yubordi. — Ko’p qiynalganlaringizni ko’rganman, aka…
Joniqul aka tomoq qirdi. Sulton uning hirqirashidanoq mutlaqo nopisandlik bilan gapirishini uqdi.
— Bu gapni kim o’rgatdi sizga? — dedi u.
— O’rgatdi?.. Qaysi gapni? — Sulton u kishiga boqdi. Ammo yuzidan biron narsani anglab ololmadi.
— Kechirim so’rashni-da, uzr so’rashni, — dedi u boshini biroz orqaga solib.
— A-a, bu… — Sulton yana shoshib qoldi. — Menga birov… Nega endi. Axir, bu niyat… qalbim-da paydo bo’ldi. Ishonasizmi, ko’nglimda! — Keyin uning basharasiga qaramaslikka qasd qildi: qarasa — chalg’ib ketadi, buning ustiga, bir nimani uqolmaydi. Uqqani — hamishagi ifodasi uning: xavfsirash va gumon… Sulton beixtiyor yon tomoniga uzum rasmli qog’oz yopishtirilgan devorga qaradi. — Men bu hakda o’ylashga majbur bo’lib qoldim, Joniqul aka. Islom Shayxning «So’fizm» kitobini o’qiyotgan edim. Bangladeshlik so’fiyning… Menga juda kuchli ta’sir qildi…
— Shoshmang, mendan uzr so’ragani keldingizmi?
Sulton unga yalt etib yuz burdi.
— Ha. Meni kechiring, jon aka. Ikkinchi marta unday… gaplarni aytmayman. Sizga qarshi chiqmayman!
— Tavba, — dedi chlen korrespondent. — Qilg’ilikni qilib qo’yib, keyin uzr so’raydi-ya odamlar… Xuddi mastlarning gapi bu! — Joniqul aka baayni hujumga o’tdi: — Siz tog’dayam ichmagan edingiz. Bir gramm ham…
— Ha, endi, noilojlik, yoshlik… — deb g’o’ldiradi Sulton va domlaning juda balandlab ketayotganini dilida qayd etib, o’ziga chidashni uqtirdi.
— Yo’q, siz yosh emassiz, — dedi Joniqul Jondor pinak buzmay. — Qirq yoshga to’ldingiz, menimcha.
— Xo’p, nima bo’pti, — deb yubordi Sulton. — Oltmishga kirgan odam ham xato qilishi mumkin.
— Sizniki xato emas!
— Bir hisobda…
— Ongli harakat!.. Ilmiy ishga rahbar bo’lsam ham, hatto opponent bo’lsam ham, menga hujum qilasiz. «Merosga hurmatsizlik. Baxshilar bangi bo’lmagan…» Hayronman! Ularning g’irt savodsizligini o’zingizam yaxshi bilasiz-ku! Sizniyam maqtatish mumkin: egniga bir chopon yopilsa… Yo’q, siz, umuman, aynib qoddingiz tog’ safaridan so’ng.
— Yong’oqzor, — deb pichirladi Sulton.
— Ha.
— Tavba, — Sulton bosh chayqab jilmaydi: domladan uzr so’rash uchun kelgani yodidan chikdi. — O’shanda o’zingizdanam o’tdi-da, Joniqul aka, — dedi tabassum bilan. — Juda qaysarlik qilib turib oldingiz, vassalom. Axir, men ham issiq jonman…
Joniqul Jondor unga bir on angrayib qoldi-da:
— Siz tuzalmaydigan odamsiz, — deya chetga bir qadam bosdi. Sulton darhol u kishining yo’lini to’sdi.
— Yo’q, domlajon, munday ajrim qilib olaylik.
— Tinch qo’ying meni! Boshimni qotirmang, — deb bo’sh qo’lini (boshqa qo’lida plash) silkitdi. — Vaqtim yo’q… Darslikka bob yozayapman deb uyda o’tirib olganim yo’q… O’shangayam qo’shib yozing: «Joniqul Jondor — konservativ. Baxshilarni yomonlash orqali pozitsiyasini…» Ajab, meni «qaysar» deydi bu yigit. O’zi boltadan toymaydi…
— Domla-domla, qizishmang, — Sulton u kishiga mute’ ekanini anglatish uchun yelkasini qiyshaytirdi. — Bir minut… Axir, men shuning uchun keldim! — deb baqirib yuborayozdi. So’ng yana mung’aydi. — Joniqul aka, meni shahdimdan qaytarmang. Xudo uriblar kunpayakun qilsinki, men…
— Nima, uzringizni qabul qildirib, ko’nglimni olmoqchimisiz? Yaqinda attestatsiya, keyin saylov…
Sulton uning og’ziga urib yuborishiga oz qoldi: saylov, attestatsiya…
— Hoy, siz ovoz bermasangiz ham doktor bo’lardim. Bilasiz-ku!
— Ana, yana o’z bilganidan qolmaydi. Hoy, — deya bo’sh qo’lining ko’rsatkich barmog’i bilan Sultonning ko’kragini ko’rsatdi, — sizning odobsiz, betga choparligingizni hamma biladi. Sirtda yaxshisiz: muloyimxunuk…
— YO, Xudo!
— Ha, — sira bo’sh kelmasdi Joniqul Jondor. — Agar Obid Odiljonovich bo’lmaganlarida…
— Hay-hay! U odamni oraga qo’shmang, — dedi Sulton. — Biz birga o’qiganmiz, do’stmiz. Ammo… «— buning ichi kir, fitna, — deb ko’nglidan kechirdi Sulton. — Tavba, tavba!» — Agar, agar shu gapni yana bir marta eshitsam, Obidjonga ro’para qilaman sizni, — dedi birdan hurpayib. — Ana o’shanda kim haq-kim nohaqligi ma’lum bo’ladi. Men ishonaman: siz o’sal bo’lasiz.
Chlen korrespondent miyig’ida kulimsiradi.
— Ha, endi siz kelishsangiz…
— Bo’ldi, — dodlab yuborayozdi Sulton. — Gap bunda emas… Buni unutaylik. Unuting, aka. Jon domlajon. Umuman, ularni aralashtirmaslik kerak.
Domlaga bu taklif ma’qul tushdi.
— Xo’p, mayli, — dedi odamga o’xshab. — Nima qildik endi?.. Siz o’sha ekspeditsiyadagi qilig’ingizni to’g’ri deb bilasizmi?..
— E, domlajon, qiziq odamsiz-a, — deb beozorgi-na kuldi Sulton. — Albatta. Xo’sh, axir, o’zingiz ko’rdingiz-ku: men adashdim. «Nimaga adashasiz?» deb turib oldingiz. Axir, shu — gapmi? Kishi adashishini bilsa, adashadimi?
— Siz qaysarlik qildingiz, — dedi domla tap tortmay. — O’rtog’ingiz Naimjon: «Qirdan ketaylik», dedi. Siz: «Yo’q, o’rmonni oralab o’tamiz!» deb turib oldingiz.
— Agar o’tolganimizda ikki soat yutgan bo’lardik… Kim bilipti endi, yo’lni suv olib ketganini…
— Siz bir gapdan qolib, Naimjonning gapiga ko’nishingiz kerak edi.
Sulton o’sha… yarim tungi, yong’oqzordan chiqqan yerdagi qashqa yo’ng’ichqalar belga uradigan joyda… bir-birlariga qarab turgan chog’lari ko’z oldiga kelib, xuddi o’shandagi gap-so’zlar takrorlanayotganini anglab qoldi: «Nima qilish kerak? Bu fitna hamon o’sha fikrida: o’zicha haq. O’shanda qo’l chirog’imizning nurini tepadan ko’rib, bizni arnadan qirga olib chiqadigan yo’lovchi yo’q hozir…»
— Joniqul aka, — dedi birdan Sulton jilmayib. — O’sha voqeani ham unutsak-chi? U qolib ke-yetdi… O’tgan ishga salovot deydilar. Ertaga yaxshi kun…
— E, e, siz o’zingiz qiziqsiz, — dedi Joniqul Jondor. — O’zingiz ajrim qilib olaylik deysiz-u…
— Axir siz murosaga kelmayapsiz-ku?
— Vey, tavba-a… Meni, meni otmoqchi bo’lganingiz ham yolg’onmi, o’sha yerda?
Sulton dong qotdi: ha, rost. O’shanda Sulton u dedi — domla bu dedi. «Domlajon, adashibmiz», — dedi Sulton yong’oqzor ichidan chiqqach, so’qmoqda… (so’qmoqqa yong’oq barglari ko’rpa bo’lib to’kilgan, ancha vaqtlardan, balki ko’p yillardan beri bu yolg’izoyoq yo’ldan odam yurmaganga o’xshab turardi: ammo tun edi, kuz ediki, Sulton «xazonrezgi mahali»da, deya oldinga tikilgancha fonar yorug’ida eshakni haydab borardi). So’qmoqdan chiqsalar, u yokda — ro’parada sebarga o’sib yotibdi, odamning beli baravari bo’lib: so’qmoq yo’q, to’g’rirog’i, so’qmokdan ham yo’ng’ichqa o’sib ketgan; demak, yo’l yo’q… Shunday esa-da, Sulton miltiqni o’qtalib, bedazorga oraladi. Suv toshgan ekan. Bir amallab yurib, tog’olcha butalari qoshiga yetdi-yu, oldinni yoritib berayotgan fonar nuri… qaygadir tushib ketdi: oppoq ko’piklanib oqayotgan — qaynab-toshib chap tarafga o’tib ketayotgan suvni yoritdi. Suv ancha pastda: butazor ortini — sayxonlikning davomini mutlaqo yuvib-o’pirib olib ketgan edi. Tog’olchalarning sarg’ish tomirlari yuvilgan betdan osilib suvga tegib turar — qandaydir skeletga o’xshar va shu skelet so’ngaklari tepadagi olchalarni ko’tarib turgandek tuyulardi… Sulton so’qmoqning davomini o’ng tomondagi qirning bag’rida ko’rdi: oqqina poyondozdek bo’lib tepaga o’rlagan edi. Ana shundan o’rlab chiqsalar, qirlarning oxiridagi tepalikka chiqishar, undan naridagi qishloqqacha, ya’ni Sultonning otasiga eskidan oshna bo’ladigan baxshi yashaydigan qishloqqa yarim soatda yetib borardilar. Endi… Joniqul Jondorning so’qmokda, ko’zlari o’qrayib qolganini ko’rgan Sulton: — Ha, adashibmiz, Joniqul aka, — deb qaytardi gapini. — Ana, yo’lni suv olib ketipti! — Shunda chap tarafdan yong’oqzor adog’idan oqib o’tayotgan daryochaning shovqini bor shiddati bilan eshitila boshladi. — Shuning uchun endi…
— Nima endi, nima endi? — deb yubordi Joniqul aka jazavasi tutib.
— Nima bo’lardi, orqaga qaytish kerak, — yana beozorgina kulimsirab dedi Sulton. — Or-qa-ga?! — Joniqul Jondorning dodlab yuborishiga oz qoldi. — Domlajon, domlajon…
— Nima, domlajon? — chinqirdi, ha, dabdurustdan chinqirdi domla: insof bilan aytish — ha, iqror bo’lish kerakki, Joniqul Jondorning shu yergacha yetib kelishi ham ko’p qiyin bo’lgandi. Sulton oldinda, yo’lini to’sgan yong’oq shoxlarini qayirib (o’tgan yillar davomida yong’oq shoxlari pastlab ham o’sib ketgan ekan: birov kesmagandan keyin o’sadi-da): «Ehtiyot bo’ling, Joniqul aka», deb o’tar, Joniqul aka g’ingshib, bu yerlardan odam o’tmaganini taxminlar va yo’l chetlarida miltillagan (fonar o’chganda) yulduzqurtlar ham uni cho’chitar, so’ngra Naimjon, bu o’rmonlarda ayiqlar ham bo’ladi, degan ediki, shu gap Joniqul akaning tilidan tushmas, keyin esa yong’oqlarning karbonad angidrid gazini chiqarishi, shuning-chun nafasi qisilayotganini har qadamda aytar, xullas, bu sebargazorga chiqib kelgunicha ham bo’lganicha bo’lgan edi… — Domlajon emish! Xo’sh, qaerga qaytamiz? — Domla duduqlanib qoldi: — Orqaga qaytib, demak, yana qirdan yurib… Shunaqami?
— Shunday, — dedi Sulton hamon tabassumini buzmay (ammo lablari dir-dir titrardi).
— Vay-vay, — deya eshakdan og’ib yiqilishiga oz qoldi domlaning. — O’rmonga kirganimizda, soat sakkiz edi. Mana, bir bo’lyapti… Yana uch soat, yo’q… vey, besh soat yuramizmi?
— Iloj qancha? — dedi Sulton. — Xohlasangiz, shu yerda yotamiz, gulxan qilib…
— Gulxaningiz boshingizdan qolsin, — qariyb yig’lavordi domla. — Bir tupkaning tubida… Havosiz joyda… Ayiqlar ichida…
— Ayiq nima qiladi, domlajon, yozning kunida, — dedi Sulton.
— Yo’q, yo’q, yo’q! — Joniqul Jondor deyarli aynib qoldi. — Yo’lni toping! Toping hozir…»
Shundan keyin u shunday gaplarni gapira boshladiki, Sultonning o’shanda toqati qolmagan bo’lsa, endi eslashga quvvati yetmadi. Ammo u gaplar aytilgan edi: masalan, siz atay shu yo’lga boshladingiz. Meni yomon ko’rasiz: menga rashk, hasad qilasiz… Mana, doktor bo’lib oldingiz, endi bo’limga intilyapsiz. Meni ko’rarga… va hokazolar. Ana shunda Sulton turgan yerida: «Voy-voy, Naimjon, nega tirik yuribman? Bu gaplarni qara… — degach, Joniqul akaga yig’lab yolvora boshladi: — Akajon, mening ko’nglim to’g’ri. Ishimizga yaxshi bo’ladi, deb ekspeditsiyani… — E, onasini shunday ekspeditsiyani… Men chidolmayman! — Keyin birdan domlaning qarshisida tiz cho’kdi. — Meni o’ldirmang, ya’ni o’lganning ustiga chiqib tepmang… O’zim bilyapman ichimdan o’tganini! Ey Xudo! Nahotki men jo’rttaga adashtirgan bo’lsam?… O’zimgayam ziyon-ku? Men ham charchadim-ku? Buning ustiga, asablandim… Siz uchun ham azob chekdim. Chekyapman hozir…»
Joniqul aka eshakdan beixtiyor tushgan, ammo bo’ynidan ushlab turardi, birdan chekindi: «Turing, lo’lilik qilmang! Men tushunmayman, yo’q, ishonmayman sizga!» Ana shunda Sulton sekin miltiq qo’ndog’iga tiralib o’rnidan turgan, uni ochib o’qdonni ko’rgan, keyin bitta patron joylab miltiqni tiklagan, keyin turgan yerida bir aylanib, tepaga o’q bo’shatgan edi: guv-guvv! Keyin tepadan qizarib tushayotgan tiqinni tomosha qilib, qah-qah otib kulgan. Shundan so’ngra miltiqni… lol qotib turgan Joniqul Jondorga to’g’rilay boshlaganda, tepadan — heey yuqoridan bir shovqin eshitilgan, Naim titrab-qaqshab baqirib yuborgan ko’yi fonar yorug’ini u yoqqa qaratgan edi…
4
— … A, yolg’onmi otmoqchi bo’lganingiz? — takror so’radi Joniqul Jondor.
— Domlajon.
— Ha! Ha!
— Axir, jahl kelganda aql qochar ekan-da…
— Sizda o’zi aql yo’q.
— Menga qarang, domla, — Sulton uning jilmoqchi ekanini ko’rib, jilishi mumkin bo’lgan tomonni to’sdi. — Menga qarang… Gapning po’stkallasi shu: kechirasizmi, yo’qmi?
Joniqul Jondor jim qoldi. Keyin:
— Nimani? — dedi parishonxotirlik bilan. So’ng miyig’ida achchiqqina kulib, boshini sarak-sarak qildi. — Odamda yuz bo’lmagandan keyin shu ekan-da.
— Vey, menda yuz bor. Menda vijdon ham bor, — dedi Sulton. — Ana shuning uchun sizday… Tavba qildim. — Keyin yana qiynalib (ammo), yalinishga tushdi: — Meni shu gal afu eting… Keyin, mayli, bir umr gaplashmay ketamiz: siz uchun men yo’qman. Men uchun — siz yo’qsiz…
Chlen korrespondent bo’sh qo’li bilan yoqasini ushladi.
— Men shuncha yoshga kirib, odam ko’rib…
— Ha, mendaqasini ko’rmagansiz.
— O’ting! Yo’limni to’smang! — baqirib yubordi Joniqul Jondor. — E, jo’jaxo’roz…
— Shundaymi domla? — Sulton birdaniga bo’shashib qoldi; undagi butun shiddat, shahd, alam endi tog’dan tushayotganda sharqirab toshdan-toshga urilib, nihoyat sayxonlikda sokin oqayotgan irmoqning holatiga tushdi; ammo o’sha kuch-qudrat suvosti oqimiga aylangan edi.
— Ha, — deb yubordi domla. — Kecha ichib chiqqanmisiz, nima balo… YO bir joydan tekkanmi…
— Tekkan, — dedi Sulton. — So’fiylardan tekkan…
— E, sadqai so’fi…
Sulton horg’in jilmaydi.
— Shu og’zingizga urib, o’ttiz ikkita tishingizni tushirsammi, a? — dedi. — Men… o’zim ahmoqman. Sizday bir ipirisqi, johil, qo’rqoq odamdan uzr so’rab o’tiribman. Shuning uchun kelibman… Nimaga? — u baqirib yubordi. — Bir poklanay deb… Yo’q, sizniyam bir xursand qilay deb kelibman. Shunday ulug’ ayyom arafasida… Odamzodning poklanadigan kuni arafasida. Hoy, bilasizmi, — deya endi bemalol gapira ketdi, — bahorda hamma narsa yangilanadi, a? Shoshmang! Yangilanadi. Go’yoki hayot qaytadan boshlanadi. Qadimda shunday fikr qilinarkan: navro’zning falsafasi bu… Eshiting, siz bilmaysiz: siz uni diniy bayram deb biladigan… bir g’alchasiz! Boylar bilan dinchilar avomni mehnatga jalb etish… alanglamang… Gapimni tugatay. Keyin — katta yo’l! Ketavering!
— Xo’sh, davom et-chi, — dedi Joniqul Jondor: aftidan, uning ham alami, qaysarligi — barisi tinib, sokin bir yo’lga tushgan edi. — Gapir, gapir, — bemalol senlay ketdi. — Men eskicha fikrlaydigan g’alchaman. Sen — Mustaqillik mevasi. Konkurentsiyani ham juda nozik tushunadigan bo’libsan…
— He, badbin odam-ye, — dedi Sulton. — Amal sizni yesin… Bo’lim mudirligi boshingizdan qolsin. Tavba. Bo’pti, quloq soling… Bu gaplar men aytadigan falsafaning oldida — uch pul… Demak, Navro’zda, o’zimizcha, Yilboshida odamlar bir-birlariga mehr izhor qilib, urushlar ham to’xtab, hatto ashaddiy yovlar… Mana sizu bizga o’xshagan betamizlar ham yarashib, ko’ngillarini soflashar ekan. Yangi yilga ochiq yuz bilan kirar ekanlar. Qarangki, tabiat ham shu alfozda bo’larkan: uyam yangilangan, go’zallik fasli… Uf! — Bu yog’ini tezgina aytib yubordi: — Ana shu kayfiyat kuch-quvvat bo’lib davom etaverarkan, etaverarkan. Keyin yoz kelarkan, kuz kelarkan, qish kelarkan… Qarabsiz-ki, odamzod yana aynigan: o’sha ahdu paymonlar sovigan, yana o’zaro urushlar boshlangan, yana mehru oqibat ko’tarilgan… Tabiat ham horigan, o’ziga xos qarigan. Yangilanmasa, o’ladi… Ana shunda yana bahor, yana Navro’z kelib qoladi gurkirab! Yana odamlar hushyor tortib, bir-birlarini endi ko’rayotgandek bo’lib bir-birlariga mehri toshib, yaqinlashadilar: Navro’z ularni og’a-ini, oshiq-ma’shuq, qadrdon qilib qo’yadi… Ana shunday kun arafasida turibmiz. — Sulton birdan qah-qah otib kuldi. — Balki men oldinroq, bir kun oldin harakat qilib qolgandirman. Balki… Ammo niyatim pok edi…
— O’zingizcha… — deb to’ng’illadi Joniqul Jondor.
— Bilmaysiz, — dedi Sulton ishshayib. — Siz musulmon ham emassiz, otashparast ham… Vabshe, insonligingizga gumonim bor. — Domla yalt etib qaragandi, Sulton battar avj oldi. — Ha, ha, ha! Inson, odam… shunday kunda o’ylab ko’rardi… To’g’ri, menda kamchiliklar ko’p: o’sha safardayam nuqson o’tgan mendan… Mayli, bo’ynimga olaman. Him, xo’sh, umuman, hayotda ko’p xatolarga yo’l qo’yib yuraman: hali rost aytdingiz, institutimizda meni xush ko’rmaydiganlar yo’q emas. Nazarimda, to’g’ri gapirib qo’yishim uchun… — U birdan xo’rsindi. — Ammo Obidjon Odiljonovichdan, haqiqatan ham, minnatdorman: g’ayirlarning gaplariga kulgi bilan qaraydi. Shunday bo’lmaganda, sizga o’xshaganlar…
Shunda Joniqul Jondor shunday chinqirib qoldiki, Sulton, nihoyat, uning nima deganini angladi: «Yo’qo-ool!» debdi ekan. Mayli, mayli… Bunday pachakilashib turish ham yaxshimas…
Demak, oralari «ochdi» bo’ldi, ammo boshqa yo’rig’da: u kechirmadi, bu niyatiga yetmadi.
Nima qilish kerak?
Sulton kulimsirab chetlandi.
— Marhamat. Katta yo’l.
— He, padaringga…
Sultonning ko’z oldi aylanib ketdi. Unga intilganini payqamay qoldi. Qo’li plashga yetgani uchunmi — plashni tortib oldi-yu, nazarida, intilishdan maqsadiga yetishgandek bo’ldi. Joniqul Jondor unga yana angrayib qolgan edi. Sulton plashni turgan yerida g’ijimladi. Keyin otib yuborishga joy izladi: xona tor. U lapanglab tashqariga chikdi. Ustunlarga tikildi-yu, chap tomonda — burchakda turgan eski shkafni ko’rib, o’shaning ustiga otvordi plashni. Keyin xo’p bir yaxshi ish qilganday kaftlarini bir-biriga ishqab, bir on serraydi-da: «Tuf-ye!» deya binodan chiqdi. Ajabo, yomg’ir sevalay boshlagan edi. Zinadan tushdi. Keyin o’z plashining yoqasini ko’tarib, bemalol yurib ketdi. Boshiga yomg’ir tomchilari tushar ekan, havoning allaqanday nozik bo’ylarga to’la ekanini tuyib, bahri-dili ochila boshladi. Darvozaga yaqinlasharkan, hujradan qorovul chikdi.
— Ha, Sultonjon… Ovozingiz balandroq chikdimi? Domla bilan…
— Ay! — dedi Sulton.
Asqar aka yuzida odatdagicha iztirob bilan:
— Juda injiq odam-da, o’sha kishi, — dedi. — Akademiklar ham munchalik emas. Obidjon aka salomlashib o’tadilar… Kecha domla aytdilar: «Xomtok qilasiz. Toklar ham soya bersin, ham uzum qilsin», dedilar. Tavba, bu gapni qarang.
Sulton maza qilib kuldi. To’xtab, tag’in biroz gaplashishni o’yladi-yu, tezroq ochiq joylarga chiqish, anavi yashil bug’doyzorni tomosha qilib, nafas olish xohishi ustun keldi. To’xtamasdan sekin yurib ko’chaga chikdi. O, yomg’ir kuchaydi… Mayli, Ko’klam yomg’iri bu. Rahmat yog’ayotir.
U yo’l yoqasida bir muddat turib qoldi. Uzoqdan bir necha qarg’alar quvq-quvq etib suzib (ha, uchibmas…) o’tishdi. Ular endi Sultonning dilida na bir his, tasavvurida na bir o’y uyg’otdi. U qo’llarini cho’ntakka tiqib — qattiq tirab, xiyobon bo’ylab yurib ketdi. Ketarkan, burilishga yetganda, ittifoqo Ertoy bilan uchrashganini eslab qoldi. Joniqul Jondordan (ismini eslashniyam istamasdi) uzr so’ramoq uchun kelayotganini aytmaganiga mamnun bo’ldi: keyin so’rasa, nima deb javob berardi?
U yo’lida davom etdi. Qay bir joyda o’zining bu yoqqa kelayotganini, o’shanda qadamlari ildam, ko’kragi ochiqligi, g’oyatda xursand-shod ekanini esladi va o’sha onlarni boshidan kechirgan-chun yanada mamnun bo’lib, umuman, bugungi bir-ikki soatlik vaqti yaxshi, bo’larini aytganda, ma’noli o’tganini qayd etdi.
Ammo asl niyati amalga oshmagani, buning ustiga, Joniqul aka bilan endi chinakamiga ayri tushganiga iqror bo’ldi-yu, miyasining qay bir joyida: «U nima qilarkan endi?» degan savol g’ivirladi. Nazarida, bu gumonli…
5
Sulton ittifoqo shoshib qoldi: negaligini o’zi ham bilmas edi. Tezroq uyiga borishi kerak. Ivib ketmasdan burun. Ishqilib, avtobus bo’la qolsin. Bekatga yetdi. Ayvonchada bir necha yo’lovchi qunishib turishar, avtobus keladigan tarafga qarashar edi. Sulton ham sekin ular yoniga bordi-yu, ulardan biriga aylanganini ichki bir tuyg’u bilan his etdi: hali-boya bu tomonga kelayotganida, ko’ziga hech narsa, jumladan, yo’lovchilar ham ko’rinmas edi; u yeru zamindan balaqdda — xayolda, ajib olijanob niyatlar qanotida edi, u yaxshi odam bo’lmoqchi edi. Komil inson emas… O, komillar — superodamlardir. Unday bo’lish kamdan-kam kishiga nasib etadi. Ammo ular aqidalariga, yo’llariga intilishning o’zi kishining ko’nglini ne bir cho’g’dek yashnab turguvchi tuyg’ularga to’ldirar ekan: axir, odam bo’lsang, kamida o’shalarga intilguvchi yaxshi odam bo’lgin-da; buning lazzati cheksiz ekan… Hozir Sulton bekatda qunishib turgan yo’lovchilardan birigina ekanini his etaroq ruhi tushdi: ha, shunday bo’lib qoldi. Ha-ha, shuning uchun bo’lsa kerak — uyiga shoshilayotir: to’g’ri-da, sang’ib, charchab-horib, tag’in yomg’irda ivib yurishning nima ma’nosi bor.
Avtobus keldi. Sulton yo’lovchilar qatori chikdi. Iliqqina ekan. Bir chetga borib, tepadagi halqadan emas — halqa ilingan tutqichdan ushlab turdi.
Shaharga yetildi.
6
Sulton liftdan chiqib, eshigigacha bo’lgan besh-olti qadamlik masofani uch qadamda bosib, tutqichdan tortdi. Xayriyat, qulflanmagan ekan: o’zi bo’lmaganda, eshikni ichkaridan zanjirlab qo’yish odati bor xotinining. Ichkariga — tanish, qadrdon go’shaga kirib, tuflisini yecharkan, qandaydir yaltiroq uchli tufliga ko’zi tushdi: kim kelibdi? Zalga qaraboq, tanish ovozni eshitdi.
— Ho’v, pari, kim keldi? — deya plashini yechdi. Zaldan chiqqan xotini eriga istehzoli kulimsirab turaverdi. Sulton ichdan zil ketdi: u o’z niyatini, ya’ni, kimga qachon bir ozor yetkazgan bo’lsa, kimni sal-pal ranjitgan bo’lsa… undan uzr so’ramoqqa ahd qilganini tongdayoq gazga choy qo’yayotgan xotiniga hovliqib aytgan, uning kinoyaomuz jilmayishlariga javoban bir muddat va’zxonlik ham qilgan, pirovardi, uning yelkasidan quchib: «Ering komil odam bo’ladi endi! Xursand bo’lmaysanmi, xotinjon?» degan, keyin xotinining «Shunisiyam yetardi» deganiga javob bermay kabinetga qaytgandi.
— Ha, kim u? — dedi Sulton, zalda — stol yonida kimdir o’tirganini payqab.
— Kiring, ko’rasiz, — dedi xotini. — Qanchalik komil odam bo’lganingizni bilasiz…
— Oh! — Sulton yuragi gup-gup urgancha zalga engashib kirdi-yu, deraza pardasi yonida qo’llarini stolga behol tashlab, o’ziga xo’mrayib qarab turgan Ertoyni ko’rdi. — E! — deb yubordi beixtiyor ishshayib va xursand bo’lib ketib. — Ertoyjon? Bu qanaqasi… — U lo’killab borib, qo’lini uzatdi.
Ertoy qo’lining uchini beraroq:
— O’tiring, aka, — dedi qarshisidagi kresloga ishora qilib. Sulton qobilgina bo’lib o’tirdi: kreslo past, o’zining ham yarim belidan yuqorisi kaltaroq (bu yog’i uzun) ediki, Ertoy taxtda o’tirgandek bo’lib qoldi. Sulton unga mo’ltirab boqdi. Tilida «Tinchlikmi?» degan savol. Ertoy jahl bilan dedi: — Nima qilib qo’ydingiz dachaga borib? Ey, juda alomat odamsiz-da!.. — Sulton: «N-nima qipman?» demoqchi bo’ldi-yu, bolalarcha boshini egdi. — Axir, kap-katta odamsiz. Yoshingiz bir joyga borib qoldi. Bu nima qiliq? — Shunda uy bekasi ham kelib, stol yonidan joy oldi. Ertoy battar xuruj qildi: — Joniqul Jondordan uzr so’ragani borgan odam shunaqa qiladimi? Axir, u yig’lamoqdan beri bo’lib… Xudoya tavba qildim. Melisa chaqirsa, nima qilardingiz? Haliyam u tinch qo’ymaydi sizni…
— He-ye, — Sulton karaxt tortib qolib, birinchi marta (bugun hisobida) sigareta tutatdi. Deraza rafidagi chig’anoq kuldonni olib, oldiga qo’ydi. Keyin birdan so’radi: — A, nima? Siz qaydan…
— Hm, menga telefon qildi, — dedi Ertoy jahldan jilla tushmay. — Sizlar yurtdoshsizlar, bu bezori akangizni yig’ishtirib olsalaring bo’lmaydimi, dedi… Nimalar qildingiz o’zi? Uning plashi qani?
Sulton unga angrayib qaradi.
— Qanaqa?.. A-a? — Birdan qizarib ketib stolga egildi. — O’sha yerda. — So’ng birdan g’azabi qo’zib ketdi. — O’sha zalda. Shkafning ustiga otvorgandim.
— Nega otvorasiz? — battar fig’oni chikdi Er-toyning. — E, u odamga o’tkazib qo’ygan joyingiz bormi? YO akangizmi, tog’angizmi u odam? Axir normal kishi…
— Ha, men ninarmalni ekanman, — dedi Sulton. — Shu, uka. Endi sizdan iltimos…
— Iltimos, iltimos… — Ertoy birdan xo’rsinib, Sultonning xotiniga murojaat qildi: — Yanga, bu odam o’zi, to’g’risini aytsam, yaxshi odam. Yaxshi odam… Men ham o’sha bog’da turaman-da. Boshim og’ib yer olgandim, bir boshpana qurganman… O’sha yerda olimlar bilan ham gaplashib turaman. Ayniqsa, Obidjon aka bu odamni hurmat qiladi… Boshqalar ham. Ammo bu kishining ba’zan qilib qo’yadigan ishlarini yosh bolayam qilmaydi. Xo’p, so’fiylikka qiziqibdilar…
— O, tilidan tushmay qolgan, — dedi yangasi. — Yaqinda namoz o’qimoqchilar.
Sulton xotiniga og’ir qarab qo’ydi.
— Shart emas.
— Shart. Men sizga aytsam, — dedi Ertoy, — men ham unda-munda o’qib turaman. O’sha so’fiylar ham shariat talablarini bajarishgan… Xo’sh, nima qilamiz endi? — Sulton unga chaqchayib qaradi. Tilida: «Ni-ma?» Ertoyning ensasi qotdi. — He, odam bo’lmay… Uzr, aka. Odamni xafa qilasiz-da. — U yana yangasiga qaradi. — Obidjon akaning aytishicha, eringiz majlislarda Joniqul akaning nuqul g’ashiga tegarkan. «Fikri buzuq», deb burilib ketaverar ekan…
— Uf, — deb yubordi Sulton, — axir, shunga barham beray deb bordim-ku, musulmonlar. — So’ng yana birdan boshini xam qildi. — Bo’lmadi. Chiqmadi.
Ertoy xaholab kulib yubordi.
— Chiqmadi… Axir, yotig’i bilan, vazminlik bilan tushuntirsangiz, chiqar edi… — U yana kulib qo’ydi.
— Siz bo’lsa hujum qilgansiz…
— Yo’q-yo’q, — Sulton o’rnidan qo’zg’alib o’tir-di… — Yo’q… Faqat u tushunishni istamadi… Umuman, ilmdayam shunday. Masalan, boy — yomon, faqir — yaxshi. Vassalom! Hozirgi biznesmenlarniyam yomonlagani-yomonlagan. Sezaman, hasad bor unda… Keyin jaholat… fikrini qitmirlik bilan o’tkazmoqchi bo’ladi.
— Xo’p. Uniyam gapida jon bor bo’lishi mumkin… Nega endi siz nuqul inkor qilasiz?
Sulton jimib qoldi.
— Uf. Basharasiyoq g’ijinimni… Ay! — Stolga qo’lini tashlavordi: urgandek tuyuldi. — Bo’lar ish bo’ldi.
— Yo’q, bo’lmadi.
— Nima qilay? — Sulton unga yana angrayib qara-di. — Balki yana uzr so’ra dersiz.
— Ha, — dedi Ertoy ishonch bilan. — Uni, yanga, siz yaxshi bilmaysiz, ko’p kekchi odam. Mnitel`niy… Xo’p, Sulton aka, endi o’zingizni bosib olib…
Shunda yo’laqda telefon jiringlab qoldi. Uy bekasi turib borib, dastakni ko’tardi. Sulton negadir qiziqib quloq solar, shu tobda nega qiziqib qolganini o’ziyam bilmasdi: holbuki, u nafaqat birovlarning, balki ayolining ham telefonda gaplashuvini tinglamas — undan qochar edi. Qiziq, Ertoy ham yo’lakka qarab turar, aftidan, yangasining tezroq qaytishini istar, balki Sultonga yana qanday tazyiq o’tkazishni o’ylar, Sulton esa ana shunday zug’umdan bir daqiqa xalos bo’lish uchun u yoqqa qarab turgandek edi.
Aksiga — beka qo’ng’iroq qilgan kishi bilan past ovozda gaplashdi. Kulimsirab bir nimalar dedi, uning gapini tasdiqladi. Keyin uning oilasi haqidayam so’radi. Nihoyat, bemalol kulib, dastakni toshoyna oldiga qo’ydi, shekilli, zalga mo’raladi.
— Sizni so’rayapti, dadasi.
— Kim ekan u?
— Gaplashing oldin, — beka unga yo’l berib, zalga kirdi. Sulton trubkani ko’tarib, tomoq qirishi bilan… g’oyat tanish, qadrdon, sho’xchan ovozni eshitdi:
— Sultonjo-on?
— E, Obidjon? — deb yubordi Sulton. — Sizmi-siz?
— Biz-da, —dedi u. —- Qani, Navro’zlar muborak bo’lsin!.. Bir tabriklab qo’yay dedim. — Sulton ham bidillab uni qutladi. — Rahmat, rahma-at, og’ayni… Xo’p dorulomon zamonlar keldi-da, o’zimizning asl bayramlarimizni nishonlayotirmiz… Aytmoqchi, ertaga dachaga o’tasiz albatta. Uyda ishlayotganingiz uchun kotibamiz yetkazmagan ekan. Qalay — darslikka yozayotgan…
— Bo’lyapti, bo’p qoldi, — dedi Sulton. — Rahmat, Obidjon! — Yigitning ko’ngli ilib, mutaassir bo’lib ketdi: qarang, azza-bazza institut direktori — naq akademik uyingga qo’ng’iroq qilib, Navro’z bayrami bilan qutlasa! U — barkamol inson!.. Aytmoqchi, uniyam so’fiylikdan xabari bor. Tasavvuf haqida «Tafakkur»da savol-javob ham qilgan edi.
— Sultonjo-on!
— Labbay-labbay, eshityapman!
— Jim qolganingizga… Xo’sh, do’stim, yana bir gap bor. Bu-u, bizning hurmatli domlamiz, ajoyib inson Joniqul Jondorovich bilan bugun uchrashibsizmi deyman? — «Ha, shu…» deb ming’irladi Sulton. — Jo-on do’stim, endi sizdan bir iltimos, — dedi u. «Xo’p-xo’p!»— Xo’sh, Joniqul akamizdan yana bitta uzr so’rab qo’yasiz… — «A? E, yo’g’-ye, uzr so’rab bo’ldim…» dedi Sulton. — Hov, jon do’stim, xo’p deng… Og’a sal ranjibdilar… — «Endi o’zlariyam…» — A, rahma-at, ulug’ ayyom kunida ruhan bi-ir poklanib olay deb ahd qilibsiz-u, bu yog’i uncha chiqmapti-da… — Sulton beixtiyor kulib yubordi: «Shunday bo’ldi, shunday…» — Endi, og’ayni, shunday ulug’ kun arafasida munday arazlashib yursak, xo’sh, bir-birimizdan shikoyat qilsak, menimcha, yaxshimas, a? — Sulton iljayganicha bosh irg’adi-da, Joniqul Jondorning unga shikoyat qilgani, ehtimol, yonida o’tirganini tusmolladi. — Xo’pmi? — dedi shunda Obidjon Odiljonov. — «Nima qilay?» — A-a, iloji bo’lsa, ertaga bog’da, xo’sh, maza qilib o’tirganimizda, maza qilib uzr so’rab yuborsangiz, olam guliston. — Sulton ming’irlab qoldi. Obidjon esa: — Rahma-at, — dedi. — Juda xursand qildingiz, do’stim. — Keyin yana o’sha ovozda so’radi: — Bu, domlaning plashini opketibsiz? — shunday dedi-yu, hiringlab kuldi. — Sizga kalta keladi-ku baribir… — Sulton voh-vohlab kula ketdi va ichi og’riy boshladi: «Voy, Obidjon, topilmay keting, siz…» — Shundaymi? — dedi Obidjon Odiljonov. — Demak, plashniyam oborasiz? — «E, plash o’sha yerda-ye, shkafning ustida!» — dedi Sulton. — A-a, shunday-mi? Men xato eshitibman, — dedi Obidjon. — Ha, mayli. Ertaga ko’rishguncha… A-a, Ertoy ukamizniyam tabriklab qo’ying, jiyanlarni o’ping…
— O’zingiz ham, o’zingiz… — Sulton u yokdan ovoz o’rniga «ting-ting» tovushlarni eshitib, dastakni apparatga qo’ydi. Xo’rsinib, qomatini rostlab, sigaretni izladi. Zalga tez kirib, chig’anokda tutab turgan qoldiqni oldi. Labiga tegizgandi, barmog’i kuydi. Uni kuldonga tiqib yuborib, boshini sarak-sarak qildi.
— Direktormi? — so’radi Ertoy.
— Ha, shu kishi, — Sulton shunday deb yana bemalol kulib yubordi. — Juda sho’xda… He-he… U fitna «plashimni o’g’irlab ketdi», degan bo’lsa kerak. «Plash sizga baribir kalta keladi-ku», dedi. — Ertoy ham, kelin ham baralla kulib yuborishdi. Sulton hatto o’rnidan turib, turgan joyida bir aylandi. — Ajo-yib inson-a!.. — Keyin birdan xo’rsindi… — Men unday bo’lolmayman. Hech qachon! — So’ng barmog’i-la shiftni turtgan bo’ldi. — Shuning uchun u — direktor. — Ertoyga tikilib qoldi. — Siz ham juda zukko odamsiz, uka. Yo’q demang. Shunday… Uf. — U birdan joyiga o’tirdi. — Men uzr so’rayman sizlardan, — dedi. — Sendan, xotin. Sizdan, Ertoyjon. Ovora qildim. Meni deb zaril ishlaringizni tashlab kelibsiz…
— Obidjon akayam uzr so’rang dedilarmi? — nihoyat, qo’zg’alishga shaylanib so’radi Ertoy.
— Ha, endi… — Sulton boshini egdi. Ertoy fotiha qilib, yo’lakka chiqqanda, uning orqasidan yugurdi. Shu borishda uni quchib, chakkasidan o’pdi.
— Uzr. Siz yaxshi insonsiz-ku! Akangizni qo’yavering… Aytmoqchi, uyga borganda, kelinimni Navro’z bilan tabriklang…
— Xayr, yanga. Yaqinda o’zimiz nishonlaymiz Navro’zni… Borasizlar, albatta. Akam aytadilar vaqtini. — U birdan qo’lini Sultonga uzatdi. — Xayr. Chiqmang!
Sulton uning hukmiga bo’ysunib qoldi. Keyin deraza yoniga borib, yangi sigaret tutatarkan, oynadan ko’rdi: Ertoy uzun, oppoq «Volga»ga kirib o’tirdi. Mashina qayrilib ketdi. «Hali ko’rmagan ekanman, — deb o’yladi. — Ko’rsam ham…»
Xotini unga tepadan qarab turdi-turdi-da, yayrab kulib yubordi. Sulton siniq jilmaydi.
Ertasi choshgohlarda Sulton bir navi kiyingan holda, bo’ynidan tortib sudralayotganday egilib, mashina yurgudek yo’lkadan oppoqqina imorat tomonga bir-bir bosib bormokda, orqada — darvoza yonida Asqar aka hayratlanib turar, oldinda esa — imorat qoshidagi maydonchada stollar tuzalgan, har stolda — bozordan xarid qilingan atirgullar, ushbu bog’da yashovchi olimu arboblar, ya’ni qo’shnilar to’p-to’p bo’lib gaplashib-kulishib turishar, zinapoya ustida ilonteri kostyum kiyib olgan Obidjon Odiljonov uch-to’rtta mehmonlar va bizneschilarga tevarak-atrofni ko’rsatib, aftidan, bog’ni yalpi harakat-la obod qilish rejalarini so’zlar edi.
Sulton shu ko’yi — g’amgin, parishon yurib borarkan, qulog’iga asta-sekin anavilarning g’ovur-g’uvuri kira boshladi, ammo so’zlar ma’nosini anglamasdi. Chap tomondagi hamisha bahor butalar ortidan musiqachilarning asboblarini sozlayotgani ham eshitilarkan, Sulton: «Ashulachilarniyam aytishibdi-da», deb ko’nglidan kechirdi; shu alfozda bu ziyofat institut hisobidanmi, anavi kommersantlar uyushtirganmi, balki halfana qabilida pul jamg’arilgan bo’lsa, o’zining tekin taomga sherik bo’lajagini o’ylab, qizarib ketdi: tekin oshga. Uning ittifoqo jahli chiqib, bakovulga pul tashlab ketish ahdi bilan ro’parasiga ilkis qaradi-yu, oftob nuri tushganday ko’zi qamashib ketdi: muncha odam. Hammasi qarab turibdimi o’ziga? Yo’g’-ye, kim bo’pti bu — Sulton ularning oldi-da?
— Ana, bizning do’stimiz Sultonboy ham keldilar!
Sulton shoshib qarab tanho uni — Obidjonni ko’rdi: kostyumining g’alatiligini ham dilida qayd etdi. Shunda uni yana-da suyib ketdi-da, birdan jilmayib ildamladi. Shu yurishda zinapoyaga ko’tarilib, unga qo’l uzatdi. Obidjon uning qo’lini ushlab, o’ziga tortinqiradi. Sulton unga qarab-qaramay yoniga o’tdi. Keyin beixtiyor uyalib ketayotganidan o’zini yomon ko’rib ketdi: «Voy, nimaga, nimaga boshimni ko’tarolmayman? — deb so’radi o’zidan. — Bularni xafa qil… Yo’g’-ye!»
— Birodarlar, — dedi shunda Obidjon nari-beriga qarab. (Sulton sezdi: u jindek otib olgan — hidi kelayotir). — Bugun shunday bir kunki, Oy bilan Quyosh ham yarashadi! — Sulton o’sha afsonani esladi: ular ikkovi opa-singil bo’lishgan, keyin janjallashib qolib, Oy Quyoshning yuziga bir hovuch ignani sochib yuborgan, Quyosh esa Oyning aftiga bir hovuch kul sepib yuborgan. — Bu matalning mazmunini bilarsizlar, deb o’ylayman, — deya davom egdi Obidjon Odiljonov. — Endi, gapning bo’larini aytsam, oramizda ikki zo’r-zo’r olimimizning oralaridan qora mushuk o’tgan ekan. Buni, payqadimki, bu yerdagi ko’pchilik o’rtoqlar bilisharkan… Shu denglar, hozir shular bir-birlariga qo’l berishadi. Navro’zning eng muborak udumi shularning apoq-chapoq bo’luvidan boshlanadi hozir. Keyin biz buni bir piyoladan choy ko’tarib nishonlaymiz… — U birdan ovozini ko’tardi: — Yana birov-yarimlaringni oranglardan ham qora sharpa o’tgan bo’lsa, tayyorlanib turinglar… Qani, Joniqul aka, bu yoqqa chiqing! — Sulton unga qaramoqchi bo’ldi-yu, qarolmadi. Ammo butun vujudi bilan «ko’rib turardi»: tim qora kostyum kiygan, kostyumining ichida qalin jun jemperi ham bo’lsa kerak, juda miqti bo’lib qolgan chlen korrespondent ildam yurib, zinalardan ko’tarildi va institut direktorining yonida turib oldi. — Sultonjon, qani, qo’lni bering, — Sulton qo’lini asta uzatdi. — Endi Joniqul aka, siz ham qo’lni berasiz!
— Sizga beraman-u, lekin unga… — deya chaynaldi-da, shiddat bilan tomoq qirdi Joniqul Jondor. Obidjon odatdagi sho’xlik bilan:
— Xo’p, xo’p. Yoshi ulug’ allomalarning aytgani vojib, — deya «yoshi ulug’»ga urg’u berdi. So’ng Sultonga boqdi. — Qani, do’stim, ko’nglingizga tugib qo’ygan gapingiz bo’lsa, bir eshitaylik. Birodarlar, diqqat!
Sulton Obidjonning barmoqlari zo’rg’a tutib turgan qo’liga tikilib, birdan yelkasi silkinib ketdi.
— Yo’-o’q, yo’q, — deb oldin aytdimi, yig’lab yuborganidan keyin aytdimi — alhol, o’ziyam bilmay qoldi.
— Iltimos, iltimos… — deya atrofga alangladi keyin. — Hammangizdan uzr so’rayman! Hammadan… Anavi qorovul akamizdan ham! — So’ng negadir osmonga qaradi.
— Hamma narsadan! — dedi keyin. — Lekin… — U qo’lini Obidjonning changalidan tortib oldi-da, Joniqul aka tomonga allaqanday siltab, shartta qayrildi. Zinapoyadan sakrab tushdi. Hali g’unchalari ham qizarmagan gulzor yonidan o’tib, yo’lkaga chikdi. Yelkasi yana silkindi-da, baralla ho’ngrab yubordi. Shu onning o’zida ko’nglining tub-tubida yer yorilsa, kirib ketajagini his qildi: shunchalar uyat bo’ldi!.. U ushbu hisdan qochib, ya’ni qadamini tezlatib ketarkan, dod degisi kelayotganini tuydi: o, bu endi jinnilikka o’tadi… U tezroq qorasini o’chirish uchun binoning orqasiga burildi. Kimsasiz… Entikib nafas oldi-da, umuman, ovloq — tanholikka bop joyni izlab, yo’rtib ketdi. Imorat burchagidan o’tib, boshqa yo’lkaga tushdi-yu, ro’parasidagi anchayin simto’r darvoza ochiqligini, ya’ni tabaqalar ikki yonga jag’ kabi ajralib yotganini ko’rdi. Ichkarida odam yo’qligini his etib, olg’a bosdi. Ha, bu — endi epaqaga kelayotgan dalahovli edi. Sulton chala yotgan bino qoshiga yetdi. Undan ham burilib o’tgandi, shundoq ro’parada pastak beton devor ko’rindi. U yugurishda borib, devor qirrasidan ushladi va bir intilib, undan
yarim beligacha oshdi. Keyin qiyshayib, u yoqqa tushdi. Shundoq yonginasida devori makkajo’xori poyalaridan tiklangan chayla turardi. Sulton ittifoqo xursand bo’lib, unga kirish uchun jildi-yu, oyog’i ostidan qochib qolgan kalamushni ko’rib, tek qoldi. Keyin qo’llarini beliga tirab, atroflarga qaradi: bu uyam kimningdir bog’chasi edi: turli ko’chatlar ekilgan, yiriklari hali ship-shiydam, chetan o’rniga ekilgan olchalar qiyg’os gullagan, jiblajibonning g’ujur-g’ujuri eshitilardi. Sulton «vo-o» deya so’rib-so’rib nafas oldi. Keyin xazonga to’lgan ariqdan hatlab, so’qmoqligi bilinib turgan joyga tushdi. Jila-jila keksa bir o’rik ostiga yetganda, shundoq oldida chaman bo’lib ochilib yotgan sap-sariq nargislarni ko’rdi. «Voy, aylanib ketay», deya cho’nqaydi. Uzmoq uchun qo’l uzatdi-yu, darhol tortdi. Shunda yonginasida xayrigulning uzun poyalari yonboshlab yotgan to’nkani ko’rib qoldi. Unga astagina o’tirdi. Shu payt… tepadan — allaqaylardan yurakni o’rtaguvchi mungli sadolar eshitilayotganini fahmlab qoldi. «E, turnalar-ku!» U o’rnidan turib, xoliroq joyga chikdi. Osmonga tikila-tikila ko’rdi: qora nuqtalardek bo’lib o’tishyapti: ha, bolaligida ham shunaqa qilib o’tgan paytlarini ko’rgan…
— Turnalar, — deb beixtiyor shivirladi. Va hushyor tortib ketdi: nega bu yerda u? Birovning bog’ida… Ha, u qochib keldi. Anavi ablahdan, yo’q, ajal kabi sovuqdan qochib keldi… Ular Sultonning ustidan kulishyapti hozir: he, u odamlar buning — Sultonning ichidan o’tganini qaydan bilsin! Kechagi niyatini…
Ularda ayb yo’q.
Sulton yana to’nkaga o’tirdi. Yana sigaret chiqarib tutatdi va anchagina o’ziga kelib oldi. «Shunaqa, — deb o’yladi. — Ulardan uzr so’rashim kerak. O’shalardan. Shakkokligim uchun… — So’ng xo’rsinib yubordi. — Ey, Navro’z. G’alati bayram ekansan-da! Xudoga shukr… Sendan ulug’ bayram yo’q. Sen odamni o’zgartirishgayam qodir ekansan… Axir, men yaqin-yaqingachayam tinchgina yurgan edim-ku…
Endi nima bo’ladi? Mening g’iybatim. Tabiiy… Balki haligi qiliqlarim uchun jinnivoyga chiqarishar… Ha, ular haqli. U — ablah esa taltayib ketadi.
Men, men — baribir yomon odammasman: shunday deyishadi-ku… Lekin o’ylaganimdek, ha, ahd qilganimdek komil odam bo’l… — Keyin birdan kulib yubordi. — Bu olamda komil odam bo’lish ham qiyin ekan. He, — xuddi bir kashfiyot yaratgandek bo’ldi. — Nachora, tirik jon ekanmiz, — dedi nihoyat. — Ideal yaxshi. Unga intilmoq kerak… Ammo o’ylaganingdek bo’lolmas ekansan…
Boringcha qolding, shekilli…»
Sulton o’rnidan turib, to’g’riga yurdi. Toshloq bir ko’chaga chiqdi. U avtobus yuradigan katta yo’lni taxminlab, so’l tomonga burildi. Bir necha burilishlardan keyin naq haligi — bog’ darvozasi biqinidan chiqdi-yu, birdan lo’killay qoldi: ketdi, ketdi… Burilishdan (Ertoy bilan uchrashgan joyidan) o’tdi. Keyin biroz sekinlab, bekatga yetib bordi.
U yo’lovchilardan biri edi, xolos.
1997