May 4, 2020

#Kun_Hikoyasi “Jodugar”ning nonlari. O‘ Genri

Marta Meham xonim ko‘cha muyulishidagi kichik novvoyxona egasi edi (uchta zinapo­yadan ko‘tarilib chiqqach, eshikni ochib kirishingiz bilan kelganingizdan xabar berib qo‘ng‘iroq jaranglardi).

Qirq yoshni qoralab qolgan, ikkita yasama tishi bilan jilmaygan payti o‘zgacha bir chiroyli bo‘lib ketadigan bu mehribon dil egasi bankda ikki ming dollar miqdorida daromadga ega edi. Vaholanki, shunday qila olishi mumkin bo‘lgan boshqa oilalilarning imkoniyati Marta xonimnikiga qaraganda ancha past edi.

Haftada ikki-uch marta do‘konga kelib turadigan bir xaridor Marta xonimni juda qiziqtirib qo‘ygandi. U ko‘zoynakli, soqoli tartibli qirtishlangan o‘rta yoshlardagi kishi edi. Nemischa talaffuz bilan ingliz tilida so‘zlayotgan bu janobning kiyimlari ancha uniqib qolgan, ba’zi joylari yamalgan, yig‘irilgan va o‘ziga halpillab turgan bo‘lsa-da, xonimga u juda pokiza va juda yaxshi fe’l atvor egasi bo‘lib ko‘ringandi. U har doim ikkita qotgan non xarid qilardi. Chunki besh sentlik yangi non puliga qotgan bo‘lsa-da, ikki non sotib olish mumkin edi va janob ana shu qotgan nondan bo‘lak hech qachon hech narsa olmasdi. Bir safar Marta xonim uning qo‘llarida qizil va jigarrang rangdagi bo‘yoq dog‘larini ko‘rib qoldi va shunda bildiki, u rassom, ammo juda kambag‘al. Uning chordoqda yashashi, u yerda bebaho suratlar chizishi, qotgan non bilan bechorahol kun kechirishi va shuningdek, Marta xonim­ning do‘konidan yeydigan boshqa yaxshiroq narsalar haqida xayol surishiga shubha yo‘q edi. Marta xonim har gal qiyma, yumshoqqina bulochka yoki choy va murabboli stolda o‘tirganda tez-tez xo‘rsinib qo‘yar, yelvizak o‘tib tu­radigan chordoqda nozik tabiatli rassom bilan o‘zining totli taomlarini baham ko‘rishni xohlab yuragi achishardi. Chunki qahramonimiz boya aytganimizdek, juda mehribon va ko‘ngilchan edi-da! Bir kuni u janobning haqiqatda rassom yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rish uchun xonasidan qachonlardir arzongina narxda sotib olgan suratni olib chiqib, non rastasining orqasidagi tokchalarga qarama-qarshi qilib osib qo‘ydi. U Venetsiya manzarasi edi. Suratning old qismida, xuddi suv ustida turgan kabi, marmardan qo­yilmaqom qilib ishlangan katta uy tasvirlangan bo‘lsa, qolgan qismi suv ichida qo‘lini suvga bo­tirgan ko‘yi xayolga cho‘mgan qiz o‘tirgan qayiq, bulutlar, osmon va o‘zaro uyg‘unlashib ketgan ranglar jilosidan iborat edi.

Ikki kun o‘tgach do‘konga o‘sha xaridor kirib keldi.

– Marhamat qilib, menga ikkita qotgan non bersangiz, iltimos. Nonlarni o‘rayotganida esa suratga ko‘zi tushdi va:

– Suratingiz juda ajoyib ekan, xonim, – dedi.

– Ha, – dedi Mis Marta o‘zi­ning ayyorligidan zavqlanib, – men san’at shaydosiman va yana… suratlarning ham. (Rassomlarning ham demoqchi edi-yu, suratlarning deb to‘g‘irlab qo‘ydi).

– Siz uni yaxshi surat deb o‘ylaysizmi?

– Unda manzara yo‘q. Chizish uslubi noto‘g‘ri. Yaxshi qoling, xonim.

U nonlarni oldi-yu, shoshib chiqib ketdi. Ha, u aniq rassom. Endi Marta xonimning bunga aslo shubhasi yo‘q edi. Suratni xonasiga qayta kirgizib qo‘yar ekan, xayollari yana o‘sha sirli xaridor tomon tortdi. Ko‘zoynaklari ostida chaqnab turgan ko‘zlari qan­day mungli va mehribon! Keng peshonasi o‘ziga juda yarashgan. Bir qarashdayoq suratga baho bera olish va qotgan non bilan kun kechirish! Bu dahshat! Biroq ko‘p hollarda qobiliyatni yuzaga chiqarish uchun kurashish­ga to‘g‘ri keladi. Agar bankdagi ikki ming dollar, novvoyxona va mehribon yurak evaziga uni yuzaga chiqara olganida, bu faqat san’at va surat uchun bo‘lgan bo‘lardi.Biroq bularning bari xom­xayoldan o‘zga narsa emas edi.

Xaridor tez-tez non olish­ga kelganda biroz muddatga rasta yonida xonim bilan suhbatla­shishga odatlanib qolgandi. Go‘yoki u Mis Martaning shodlikka to‘la so‘zlariga tashnadek tuyulardi. Ammo xaridor tort, pirog yoki Marta xonim­ning shirin Salli Lunla­ridan birini emas, qotgan non sotib olaverardi. U Marta xonimga kundan kunga ozib, kuchsizlanib borayotgandek ko‘rinar, shuning uchun xaridorning odmigina xaridiga yeyish uchun yaxshiroq nimadir qo‘shib qo‘yishni juda xohlardi. Biroq jur’ati yet­masdi. Rassomlarning g‘ururini yaxshi bilgani uchun, agar shunday qilsa, bu unga nisbatan haqorat bo‘lgan bo‘lardi.

Bir kuni Marta xonim ko‘k nuqtali fartugini taqib olib, orqa xonada sariq meva urug‘lari va tozalash uchun ishlatiladigan mineraldan o‘zi­ning odamlar yuz terini tozalashda ishlatadigan g‘aroyib aralashmasini tayyorlayotgan edi. Odatdagidek o‘sha xaridor kelib qoldi. U rasta ustiga tangasini qo‘yib, qotgan non so‘radi. Marta xonim u tomonga borayotganda tashqaridan qattiq signal ovozi va motorning kuchli o‘t olgani tovushi eshitildi. Xaridor ko‘chaga otildi. Sotuvchi xonim esa imkoniyatdan foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. Rasta ortidagi pastki tokchadan o‘n daqiqa oldin sut fermasi ishchisi tashlab ketgan yangi sariyog‘ni oldi. O‘tkir pichoq bilan nonlarni chuqur qilib kesib, orasiga sariyog‘ joylab, yana zichlab yopib qo‘ydi. Xaridor do‘konga qaytib kirganida u nonlarni o‘rayotgan edi. Noodatiy qisqa, ammo yoqimli suhbatdan so‘ng, u ketgach Marta xonim o‘zicha jilmayib qo‘ydi. Biroq ko‘nglida biroz hadik bor edi: Nimalar qilib qo‘ydim o‘zi? Uni yuragiga ozor berib qo‘ymadimmikan? Shunaqa bo‘lmasin-da, ishqilib.

Shundan keyin biroz vaqt o‘tib, Marta xonim bolib o‘tgan voqea haqida yana eslab qoldi. Rassomning qotgan non ichida uning hiyla­sini bilib qolganini tasavvur qildi: U cho‘tka va bo‘yoqlarini pastga qo‘yadi. So‘ng rasmtaxta yonida turib chizayotgan suratining ko‘rinishi va manzarasini tahlil qilib bo‘lgach, qotgan non va suv bilan tushlik qilmoqchi bo‘ladi. Nonni kesadi. Oh! Mis Marta qizarib ketdi. U non ichi­ga sariyog‘ni joylab qo‘ygan shu qo‘llar haqida o‘ylarmikan? Ammo shu payt uning xayollarini tumandek tarqatib, eshik qo‘ng‘irog‘i qattiq jiringladi va shovqin solib kimdir kirib keldi. Marta xonim shoshib eshik tomon borganida u yerda ikki kishi turardi. Biri tamaki tutayotgan yosh janob, oldin uni hech ko‘rmagandi, ikkinchisi esa rassom – uning yuzlari qizargan, sochlari to‘zg‘igan, shlyapasi boshining orqasida edi. Ikkala qo‘li ham musht bo‘lib tugilgandi.

“Ahmoq!” deb qichqirdi u baland ovozda va yana nemischada “Tausendorfen!” yoki shunga o‘xshash nimadir dedi. Sherigi uni olib chiqishga harakat qildi. Ammo u ko‘nmadi.

­ Hech qayerga bormayman. Hali gapimni tugatmadim, – dedi u g‘azabli ohangda. Keyin baqirib yig‘lab yubordi. Marta xonim uning qizarib ketgan moviy ko‘zlariga qarashga toqat qila olmadi.

– Sen meni xonavayron qilding. Sen hamma narsaga burnini suqaveradigan qari jodugarsan. Marta xonim bir qo‘li ko‘k nuqtali fartugi­ning etagida, bir qo‘li polga tushganicha, tokchalarga holsizgina bo‘lib suyanib qoldi. Yosh janob sherigining yoqasidan oldi.

– Bas, yetar. Yur men bilan, – dedi va uni sudrab ko‘chaga olib chiqib ketib, qaytib kirdi va xonimga yuzlandi.

– Sizga aytilajak navbatdagi gaplar nima bo‘lishi mumkinligi haqida bir o‘ylab ko‘ring, xonim. Hozirgi kishi Blumberger, arxitektura chizmachisi. Biz birga ishlaymiz. U tanlov uchun uch oydan beri yangi shahar zalining rejasi ustida qattiq ishlayotgandi. Kecha yakunladi. Bilasizki, chizmachilar har doim chizmani birinchi qalamda chizishadi. Ishni tugatgach, qalam chiziqlarini qotgan nonning kichik bo‘lagi bilan o‘chirib chiqishadi. Chunki qotgan non hind o‘chirg‘ichidan samaraliroq. Blumberger bu yerdan non sotib olib yurgan. Ammo bugun sizning allaqanday sariyog‘ingiz uning barcha ishlarini barbod qildi.

Marta xonim orqa xonaga kirdi. Ko‘k nuqtali fartugini yechdi va eski mallarang ko‘ylagini kiy­di. Keyin sariq meva urug‘lari hamda mi­neral aralashmasini derazadan kul idishi ustiga to‘kib yubordi.

Ingliz tilidan

Oltinoy HAYITBOYEVA tarjimasi