March 1, 2020

"Mungli ko‘zlar" asariga taqriz

Firdavs Shakarovdan

Xudoyberdi To'xtaboyevning "Mungli ko'zlar" romaniga taqriz
Sevimli bolalar yozuvchisi Xudoyberdi To'xtaboyevning "Mungli ko'zlar" romani 1988-yili adibning Toshkent oynomalarida faoliyat yuritib yurgan kezlari yozilgan. Asar uch qismdan iborat:
1. Jinoyat
2. Jazo
3. Oqibat
Barcha qismlar Zafar ismli bola tilidan hikoya qilinib beriladi. Birinchi qismda adib qahramonlarni kitobxonlarga tanishtiradi. Shu qismda poraxo'r ota - Said hamda chayqovchi ona - Yoqutxonlar jinoyatlari sabab hibsga olinadi. Otani qutqarish niyatida poraxo'rlik qilmoqchi bo'lgan tog'asi Solih va kapitan Jo'ra Usmonovlar ham ularni bir necha kundan beri kuzatib kelayotgan davlat nozirlarining qo'liga tushib qoladi. Eng achinarlisi, ota-ona qilgan jinoyati uchun bu yoqda qolgan 4 farzand ham aziyat chekishadi. Ular, ya'ni - Akbar, Zafar, Zufar va Nigoralar o‘zlariga yaqin bo‘lgan Barno va Lutfi xolasi hamda qishlog‘idagi ammasi ko‘magida yashaydi. Ikkinchi qism syujetida poraxo‘rlik qilgani uchun otasi, tog‘asi hamda kapitanning qamalishi, onasi bo‘lsa hibsning o‘zidayoq "bizni sotmasin" degan niyatda zargarlar tomonidan zaxarlanib o‘ldirilishi aks etadi. Oilaga kelgan qiron bolalarni ham chetlab o‘tmaydi. Oilaning erkatoy qizalog‘i vitamin yetishmasligi bois kasalga chalinadi. Kenja o‘g‘il avtohalokatga uchrab vafot etsa, to‘ng‘ich va nogiron o‘g‘il bo‘lgan Akbar vijdon azobida qiynalib o‘zini uyiga qo‘shib yoqib yuboradi va ukasiga yo‘llagan xatida barcha ko‘ngilsizliklar sababchisi o‘zi ekanligini tan oladi. Uchinchi qismda esa xarob bo‘lgan oilaning keyingi taqdiri haqida gapiriladi. Unda butun boshli oiladan yakka o‘zi qolgan Zafar bir necha marotaba ruhiy kasallar shifoxonasiga tushib qoladi. Oilasiga yetkazgan zarar uchun Sudya Muhammedov va Sadir Badalovichlardan o‘ch oladi. Biroq, nohaq ayb va dushmanlarining tuhmatlari sabab besh yilga axloq tuzatish koloniyasiga tushib qoladi. U yerning ham havosini olgan yigit dunyoda haqiqat yo‘qligiga ishonib, bu yerdan chiqqach, akasining nomida, Akbar bo‘lib, adolatparvar inson ko‘rinishida chiqajaki aytiladi.
Asar mohiyatida farzand oilaning gultoji va bu dunyodagi yagona birdan-bir boylik degan fikrlar tarannum etilgan. Har bir farzand oilada o‘zining o‘rni va erkin fikriga egaligi asar davomida otaning uyga mast bo‘lib kelganda nogiron o‘g‘li bilan bo‘lgan suhbatdan va uyidagi barcha qimmatbaho tilla tangalarni davlat organlari olib ketishganida farzandining to‘g‘riso‘zligi uchun jazolagan ona obrazida ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Asardagi birdan-bir umumbashariy g‘oya - boylik insonning nafs yo‘lida hakalak otayotgan ko‘zlarini ko‘r qilib, ajal sirtmog‘iga olib boradi. Ilm- ma'rifat bo‘lsa hech qachon, hech qayerda, hech qanday yo‘l bilan tortib olib bo‘linmaydi. U insonni yuksaklikka ko‘taradi, komillikka da'vat etadi. Buni biz Ilhom va Zafarning hayotidan ham bilib olsak bo‘ladi. Zafar boy oila farzandi. Ilhom esa oddiy avtobus haydovchisining o‘g‘li, xolos. Biroq, kitobga qalbi bo‘lakcha, u bilan o‘rtoq tutingan, o‘qimishli, zehnli bola. Zafarning oilasini boylik barbod qildi. Ilhom esa har doimgidek, ota-onasining bag‘rida quvnab o‘smoqda. Hatto do‘stiga ham yordam qo‘lini cho‘zdi, qiyin kunda uning yonida bo‘ldi. Bu inson hech qachon kitobdan, ma‘rifat ziyosidan zavol ko‘rmaganidandir.
Darhaqiqat, asarni yozishda maqsad yonimizda shunday farzandlari uchun boylik to‘playotgan, lekin ularga e‘tibor bera olmayotgan ota-onalar, xuddi ota- onalaridek boylikka o‘ch farzandlar, Akbar singari boy oilaning nogiron farzandi, o‘zganing mehnatidan suvtekin foydalanib, huzrlanayotgan Sadir Badalovichlar, birovning taqdiriga chin dildan kuyinayotgan Ataullo muallimlar tez-tez uchrab turishi

deb o‘ylayman. Biz ularga umid chirog‘ini tutqazmasdan beparvo oldilaridan o‘tib ketamiz. Ularning ko‘nglida kechayotgan dardlarni anglamaymiz ham. Akbar xatida shunday deb yozadi: "Men chiday olmayapman. Hammasiga o‘zim sababchi bo‘ldim. Yozmaganimda hech birlari nazoratga tushmasdi, yopig‘liq qozon yopig‘liq edi, bunaqalar shaharda ozmi? Hammasi yallo qilib yuribdi-ku! Nega endi men borib-borib o‘z ota-onamning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab berdim. Mehribonim edi ular. Ularni o‘z qo‘lim bilan qamadim, o‘z qo‘lim bilan o‘ldirdim!..."
Yo‘q, Akbar yanglishmagandi, u faqat ota-onasini tartibga chaqirtirib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin u jinoyat jazosiz qolmasligini unutib qo‘ygandi. Bu dunyoda jinoyat qildingmi, tamom, jazosini ham o‘zing tortasan.

http://t.me/hayotimiz_charogboni