March 13, 2020

"Begona" asariga "Bookvamp"chilar taqrizi

Nodirabegim Toshaliyevaning yozgan taqrizlari

Bizga tanish "Begona" haqida ayrim mushohadalar
13 марта 2020 от Nodira
Fransuz yozuvchisi va faylasufi Alber Kamyu (1913–1960) oʻtgan asrning 50-yillarida jahon intelligensiyasi tafakkuri va dunyoqarashiga katta taʼsir koʻrsatgan ijodkorlardan sanaladi. Zamondoshlari unga “Gʻarb vijdoni” degan sharafli nom bergandilar.
  1957 yili Shvetsiya akademiyasi Kamyuga “adabiyot rivojiga qoʻshgan ulugʻ xizmatlari, unda inson vijdonini real voqelikka aylantirgani uchun” xalqaro Nobel mukofotini beradi. Mukofot topshirish marosimida soʻzlagan nutqida, adib oʻz hayoti va ijodiga nazar tashlar ekan, jumladan, shunday xulosa qiladi: 
 “… men oʻz zamonimning galerasi (kemasi)ga mixlanganman, boshqalarga qoʻshilib eshkak eshishim, kemada baliq hidi anqib turganligi, jallodlarning bisyorligi, bu ham yetmagandek, notoʻgʻri yoʻl olinayotganiga qaramay, undan tushib qolmasligim uchun mahkam kishanlab qoʻyilganman”
  "Begona" romani 1940- yilda yozib tugatilgan, 1942- yilda dunyo yuzini ko'rgan. Qissa XX asr fransuz adabiyotining, aniqrog'i, "Kamyu avlodining eng yaxshi asari", "asr san'atidagi eng yirik falsafiy asotirlardan biri" deya baholangan. Yaratilganiga 60 yildan ko'p bo'lganiga qaramay "Begona" hanuz Fransiyada eng sevib o'qiladigan asarlardan hisoblanadi. Roman vatanidagina emas, jahonning ko'plab mamlakatlarida ham shuhrat qozongan."Begona" asari juda ham bahslarga sabab boʻlgan dunyo tan olgan roman. Negadir bu asarni oʻqisam xayolimga adabiyotdagi iyhom sheʼriy sanʼati kelaveradi (iyhom - jumladagi bir soʻzda ikki xil maʼnoni anglash). Demak, avvalo, asardan olgan yuzaki gʻoyam haqida qisqacha: asar Mersoga onasining oʻlimi haqidagi telegramma kelishi bilan boshlanadi. Merso onasi vafotidan taʼsirlanmaydi ham, u uchun qaygʻurmaydi ham. Hatto koʻrishni ham istamaydi. Toʻgʻrisi, har qanday inson degan maxluqot, gʻirt begona vafot etsa ham, qalbi ogʻriydi-ku! Koʻmish jarayonida esa u qalban emas, jismonan azob chekadi. Issiq, bir kun oldingi uyqusizlik. Dafn marosimidan soʻng, Mari bilan koʻrishib koʻngilxushlik qiladi. Asarda Salamano chol va uning iti obrazlari mavjud. Kunlardan bir kun Salamanoning iti yoʻqolib qoladi, (Salamanoning itini koʻp urardi) dastavval jahli chiqadi-yu, ammo keyin itini koʻp axtaradi, oʻrganib qolganligini aytadi, siqiladi. Bir inson iti uchun shuncha xafa boʻlsa-yu, onasi vafot etgani uchun zigʻircha siqilmagan Mersoni koʻrsatib bermoqchimidi, muallif. Sujetda davom etamiz. Asarga Merosining doʻsti Raymon qoʻshildi. Raymon ikki arab bilan yoqalashib qoladi. Bunga Merso ham aralashadi. Oradan vaqt oʻtib, Merso, Mari Raymonlar sohilga borishadi. U yerda oʻsha arablar bilan toʻqnashuv sodir boʻladi, Raymon yaralanadi. Uni shifokorga olib borishadi. Merso sohilga qaytib kelib arablardan birini uchratadi va otib qoʻyadi. Shundan soʻng  Mersoning hayotida tutqunlik davri boshlanadi, bu yerda koʻproq sigaret cheka olmaslik, icha olmaslik, Mariga oʻxshagan kim bilandir uchrashib tura olmaslikdangina azob chekadi, ammo bunga ham koʻnikadi. Oʻn bir oylik tergovdan soʻng uni oʻlimga hukm qiladilar. Eʼtibor bersangiz, bu toʻgʻriday: odam oʻldirdi va jazolandi. Endi asardan olgan ikkinchi asosiy gʻoyamga oʻtsak, Merso onasi uchun yigʻlamadi, sababi onasi u uchun avvalroq, qariyalar uyiga ketganida vafot etib boʻlgan edi. Lekin u munofiqlik qilishi, boshqalar kabi yolgʻondan iztirob chekishi mumkin edi, ammo bularni oʻziga ep koʻrmaydi. Bizning "Begona"miz kimga begona? Oʻz jamiyatiga, oʻzining muhitiga begona. Mersoga boshligʻi Parijdan ajoyib ish taklif qiladi, ammo Merso unga farqi yoʻqligini aytadi. U boshligʻiga yaltoqlanmaydi, tilyogʻlamalik qilmaydi. Ichida qanday javob boʻlsa, shundayligicha aytadi-qoʻyadi. Mari undan sevishi soʻraganda ham bunaqa narsalar unga qiziq emasligini, umuman unga farqi yoʻqligini aytadi. Mana uning begonaligi. Merso - murakkab obraz absurd jamiyatdagi absur qahramon. Merosining tergov qilinishi, sud qilinishiga eʼtibor qilsak, u bir insonni oʻldirgani uchun emas, onasining janozasida yigʻlamagani, siqilmagani uchun, butun jamiyat eʼtiqod qilib kelayotgan "odob qoidalari" ga amal qilmagani, Xudoga ishonmagani uchun sudlanib oʻlimga hukm qilinadi. Tergovchi uni onasining janozasida xafa boʻlmagani, koʻmganlaridan soʻng Mari bilan kinoga borib koʻngilxushlik qilganini dalil sifatida keltirsa, advokat yashirishga urinadi. Merso ham onasining oʻlimidan qattiq iztirobda ekanini aytishi, oʻzini yolgʻondan xafa qilib koʻrsatishi mumkin va bu bilan oʻlimdan qutulib qolishi mumkin edi, biroq u munofiqlik qilmaydi. Onasini oʻlimidan soʻng yigʻlamagani bu uning koʻngil ishi, Xudoga ishonmasligi, eʼtiqodsizligi uning kimnidir oʻldirganligi uchun dalil boʻla olmaydi.
Asarning tili ham sovuqroq tarzda, bir maromda, atrofga befarq, jamiyatdan begona uslubda. J.P. Sartr asarda hikoya qilish uslubining qurilishiga eʼtibor berarkan jumladan quyidagilarni aytgani ayni haqiqat:
“… har bir jumla – bu oʻtkinchi lahza, koʻz ochib yumguncha oʻtadigan soniya har bir jumla orolga oʻxshaydi. Biz ham jumladan jumlagacha, fanodan fanogacha sakrab-sakrab harakatlanamiz” 
  Xullas, asar yaratilgandan beri koʻplab bahslarga sabab boʻlib kelmoqda. Balki bu uning ekzistensializm yoʻnalishda yozilgani uchundir. Lekin roman har bir kitobxon mushohada qilib oʻqiydigan asarlar qatoridan joy olsa arziydigan asar.

-----

Shohjahon Hamrayev taqrizlari

"Begona" qissasiga taqriz.
Ekzistinsializm oqimining yirik namoyandasi Albert Kamyu Jazoirda tugʻilgan. "Vabo" romani, "Begona" qissasi, "Kaligula" pyesalari mashhur.
"Begona" qissasi 1940-yilda yozib tugatilgan. 1942-yilda nashr qilingan. XX asr fransuz adabiyotining, aniqrogʻi "Kamyu avlodining eng yaxshi asari", "Asr sanʼatidagi eng yirik falsafiy asotirlardan biri" deb baholangan.
Yaratilganiga 60 yildan koʻp boʻlganiga qaramay "Begona" hanuz Fransiyada sevib oʻqiladigan asarlardan hisoblanadi. Qissa vatanida emas, jahonning boshqa mamlakatlarda ham mashhur.
Asar qahramoni Merso oʻta rostgoʻy, munofiqlikni bilmaydigan oʻzgalar u haqda nima oʻylashlari bilan qiziqmaydigan shaxs. Asar voqeasi Mersoning onasioʻlimi haqidagi telegrammani olishidan boshlanadi. Merso xatning rasmiy mazmunini uncha anglamaydi, chunki onasi uning uchun ilgariroq, qariyalar uyiga joylaganda oʻlgan edi. U dafn marosimida koʻproq jismoniy noqulaylikni his qiladi: tuni bilan uxlamagan, buning ustiga kun issiq.
Mersoni mansab, obroʻ, boylik ham uncha qiziqtirmaydi. Boshligʻi Parijda yaxshi lavozimni taklif qiladi, Merso esa unga baribir ekanini aytadi. Birga ishlagan kasbdoshi Marini yoqtirardi.
Uning hayotida kutilmagan hodisa yuz berib qotilga aylanadi. Qumloqda yolgʻiz kezib yurgan yigit Raymonni taʼqib qilib yurgan arabni otib qoʻyadi. U ruhiy hissiyotlarga befarq, ammo jismoniy hodisalarga sezuvchanlik yuqori. Ramziy maʼnoda uni quyosh qotillikka undaydi.
Qissaning ikkinchi qismi Mersoning erkinlikdan mahrum qilgan va sud jarayoni tasviridan iborat. Sud jarayoni lavhasi Merso tabiati, shaxsining oʻziga xosligini, uning fojeasini yorqin namoyon qiladi.
Mersoning Mari bilan qamoqxonadagi uchrashuvi, Marining tabassumi, ularning atrofidagi holatlar, ona va jinoyatchi oʻgʻilning bir-biriga unsiz termulishi, odamlarning tasvirlari qissaning eng taʼsirli epizodlaridandir.
Prokuror uni ayblaydi. Aslida insonning qalb dunyosi daxlsizdir, uni oʻy-fikri, xayolllari, tuygʻulari uchun ayblashga boshqa insonning haqqi yoʻq.
Uni sudda xudoga ishonmagani uchun ham ayblaydilar. Jamiyat Mersoni qotilligi uchun emas, barchaga oʻxshamagani uchun kechirmaydi va oʻlimga mahkum etadi. Oxirida u tavba-tazarrudan emas, oʻzligiga, koʻngil haqiqatiga sodiq qolib bu dunyodan ketayotganidan koʻngli taskin topadi. (Mersoning onasi ham "Odamzod butkul bebaxt boʻlmaydi" derdi).
Asarda Mari, Raymond, Mason, Toma Perez, Salamanko chol, Emmaniul, Selest kabi obrazlar orqali voqealarni bir-biriga ulaydi.
Albert Kamyu yaratgan bu qahramon ustida bahslar hali uzoq davom etadi. Asar kitobxonni hayot va inson haqida oʻylashga, mushohadA yuritishga chorlayveradi.

-----

Sanobarxon Jamolovaning yozgan taqrizlari

Alber Kamyu…

Ovrupo vijdoni… Aqllar hukmdori…

Nobel mukofoti sohibi…

«Vabo», «Baxtli o’lim» kabi romanlar, «Begona», «Inqiroz» kabi qissalar, «Kaligula», «Qamal holati», «Anglashilmovchilik» kabi p`esalar, «Sizif haqida asotir», «Astar va qiyofa», «Nikoh», «Nemis do’stga maktub», «Isyon qilayotgan odam», «Quvg’inlik va saltanat», «Yoz», «Ijod va zrkinlik», «Iona yoki Ijodkor ish ustida» kabi badia, hikoya, ocherk, tarixiy-falsafiy asarlar muallifi…
Uning Begona qissasi
(L 'Etranger) 1940 -yilning mayida yakunlangan. Asarni o'zbek tiliga Ahmad A'zam tarjima qilgan.
Bugun onam o'ldi. Yo kechamikan, bilmayman. G'aribxonadan onangiz vafot qildi. Ko'mishi ertaga. Chuqur hamdardlik bildiramiz, degan telegramma oldim. Tushunmaysan balki kecha o'lgandir.''
Asar boshlanishidagi ushbu jumlalarni o'qir ekanman. Bu gaplar kimga tegishli? Nega onasining qachon o'lganini o'lganini bilmaydi? Nega bu gaplarni shunchalik xotirjamlik bilan aytyapti. Nega onasi g'aribxonada edi, degan savollar paydo bo'ldi.
Asar Mersoning onasi vafot etishi bilan boshlanadi. Lekin buni Merso oddiy hol deb qabul qiladi. U onasini ko'mish uchun Marendoga boradi. G'aribxonada unga onangizni so'ngi marta ko'rasizmi deyishsa, yo'q deb javob beradi. Hatto orasini necha yoshda ekanligini bilmaydi. Ertasi kuni esa u ishxonadagi tanishi Marini ko'rib qoladi. U bilan aysh- ishrat qiladi. Xuddi hech narsa bo'lmagandek. Bir kuni U bilan do'sti Raymonnikiga boradi. Xuddi shu kuni Raymonni dushmanlari uni yo'q qilish uchun keladi. Raymon va Merso birga ular bilan olishmoqchi bo'lib borishadi. Merso Bir arabga ketma- ket 5 marta o'q uzadi. Shu bilan birinchi bob tugaydi. Ikkinchi bobda esa sud jarayoni bo'lib otadi. Va unga qamoq jazosi tayinlanadi.
Muallif ''Begona'' syujeti rasmiyatchilik uchun qabul qilingan odob - axloqqa ishonmaslik tashkil etadi , deb hisoblagan.
Asarda Merso va jamiyat o'rtasidagi tafavvut ko'rsatilgan. Odamlar uni jamiyat yaratgan qoidalarga amal qilishini xohlaydi. Qat'iy qoidalardan, rasmiy qabul qilingan qarashlardan uzoqlashmasligi kerak deb hisoblaydi. Ammo Merso ushbu qonunlarga bo'ysunmaydi. O'zida ushbu qoidalarni inkor qilishda kuch topa oladi. Lekin jamiyat o'ziga o'xshamagan hamma rioya qilib kelgan axloq normalariga uyg'un harakat qilmagani uchun Mersoni begona deb biladi. U sudda marvni o'ldirgani uchun emas, balki onasining o'limi kuni yig'lamagani uchun, ertasiga tanishi Mari bilan birga bo'lgani uchun sud qilinayotgandek tuyiladi. Sudda uning qalbi jinoyatchi deb topiladi. Va unga o'lim jazosi beriladi.
Yozuvchi Ulug'bek Hamdam asar haqida ''Mersoning ziddiyatli qalbini tushunish uchun unga barcha liboslarni yechib, inson o'laroq yaqinlashish kerak. Savol tug'iladi:madaniy axloqiy va diniy qadriyatlarsiz inson insonmi? Insonga yaqinlashar ekanmiz, qadriyatlarni bosh mezon qilib olamiz, ularga suyanamiz. Mana shu ma'noda Merso hech qanday qadriyatlarga orqa qilmaydi. Libos kiymaydi. ''degan edi.
Yozuvchi bir qarashda bemehr,
loqayd, odam o'ldirgan jinoyatchi yigit Mersoni qoralash yo'lini tutmaydi. Aksincha uni, inson sifatida kashf etish, tushunish va anglab yetishga harakat qiladi.
Merso haqiqatdan qochib ikkiyuzlamachilik asosida yashashga asoslangan insonlar jamiyati uchun begona. Kamyu o'zi aytganidek ''uni atrofdagilar o'yiniga qo'shilmagani uchun jazolashadi. U yolg'on gapirishdan bosh tortadi. Jamiyat esa bundan o'zini xavf ostida qolgandek sezadi. ''
Asardan olgan xulosam shuki: jamiyat o'zi yaratgan qonun qoidalarga amal qilmaydiganlarni o'zidan uzoqlashtiradi. Bunday holatlarni insonlar qabul qilmaydi.

-----

Nilufar Oripovaning yozgan taqrizlari

#taqriz

Alber Kamyuning " Begona " qissasi

Buyuk fransuz yozuvchisi Alber Kamyu qalamiga mansub " Begona " qissasi uning nomini dunyoga tanitdi. Ushbu mo'jazgina qissa orqali adib birgina qahramon timsolida butun fransuz jamiyati hayoti, nafaqat fransuz jamiyati balki, butun insoniyatga taalluqli bo'lgan ma'naviy axloqiy qarashlar haqida g'oyat dolzarb muammolarni yoritib berdi.

Asar 1940 - yilda yozilgan bo'lib , asar haqidagi g'oya yozuvchida 1937 - yildayoq paydo bo'lgan . Asar yozilishiga Alberning bir do'sti bilan bo'lgan suhbati sabab bo'ladi. Asar o'zbek tiliga mahoratli yozuvchi va tarjimon Ahmad A'zam tomonidan tarjima qilingan.

Asar 1942 - yilda nashrdan chiqqach, ko'pgina adabiyotshunoslar va tanqidchilar tomonidan yuksak baholanadi. Alber Kamyu " G'arbning vijdoni " nomini olgan ekzentializm yo'nalishining ulkan namoyondasidir.

Asarda bosh qahramon Merso ismli shaxs bo'lib , u jamiyatdan , jamiyatda o'rnatilgan odob axloq qoidalaridan begonalashib ketgan . U hayotda nima uchun yashayotgani bilmaydi, hech qanday maqsadsiz yashaydi. Unga hech kimning keragi yo'q, hatto onaning ham!!! Merso xuddi manqurtga o'xshaydi. Uning hayoti o'ta beg'am va betashvish . Unga hech qanday insoniy tuyg'ularning, kechinmalarning ham zarracha ta'siri yo'q. Merso nima uchun arabni o'ldirib qo'yganini ham tushuntirib berolmaydi. ( quyoshni to'sdi degan bahona bilan o'zini oqlaydi) Asar o'lim bilan boshlanib o'lim bilan yakunlanadi.
Adibning o'zi ushbu asarga " Jamiyatda shunchaki rasmiyatchilik uchun o'rnatilgan odob axloq qoidalariga bo'ysunmaslik!" - deya baho bergan edi.
Asardagi bosh g'oya - insonlarning bir biriga mehrsizligi, jamiyatda odob axloq qoidalarining qadrsizlanayotgani, e'tiqodning yo'qligi, Xudoga ishonmaslik , odamlar orasida kelajakka ishonchsizlik, faqat bugungi kuni bilan yashash kabilardir.

Alber Kamyu " Begona" qissasi orqali o'sha davr jamiyatidagi shaxslar qiyofasini to'la ochib berolgan . Mersoga o'xshagan shaxslar jamiyatda bor ekani , insoniyat ma'naviy axloqiy qiyofasini yo'qotsa qanday tubanliklarga borishi haqidagi qarashlar bayon qilingan...

Bugungi kun kitobxoni ushbu asarni o'qish orqali o'ziga chetdan nazar soladi, qanday yashayotgani, yaqinlariga bo'lgan munosabatini tahlil qiladi. Eng muhimi, kitobxon o'zligini anglashga intiladi...

Asardan parcha:
" Derazani yopib qaytayotganimda, ko'zguda stolning bir burchagi , uning ustidagi manqaldon, burda nonlarni ko'rdim. Va o'yladim- mana, yakshanba ham o'tdi, onamni ko'mdik, ertaga yana ishga boraman va mohiyatan olganda hech narsa o'zgargani yo'q "