May 18, 2020

#Kun_Hikoyasi Tosh. Ulug’bek Hamdam

Negadir yuragim siqilaveradi. Yoʻq, chamasi, nima uchun bu holga tushishimni biladigandekman. Lekin gap bunda emas, balki davomiylikda. Axir biz odamzod qalbi shabbodaga tutilgan yaproq misol aylanib – oʻzgarib turadi, deya bilamiz, modomiki shunday ekan, nega tushkun kayfiyat mening bagʻrimga tanda qoʻydi? Nega u ketmaydi, meni tinch qoʻymaydi?.. Bilmayman. Aksincha: vaqt oʻtgan sari tushkunlik yuragimning tub-tubiga inib, mustahkamlanib, allaqanday jinsga, masalan, toshga aylanib borayotgandek. Tabiiyki, men ham boshqalar singari baʼzan u yoki bu bahona sabab yuzaroqdagi bir damlik quvonchlarga chalgʻiyman, biroq keyin baribir, qaʼrda yotgan oʻsha toshga – oʻsha kayfiyatga qoqilib tushaveraman, tushaveraman… Shunda men koʻpincha va asosan oʻzimni bir yonu, qolgan barcha odamlarni ikkinchi tomon deya qabul qilaman: goʻyo ular hayqirib oqayotgan daryoning narigi tarafida boʻlsa, mening bir oʻzim bu yoqda qolib ketganman. Ustiga ustak, qosh qorayib borayotgandek. Ajablanarlisi shundaki, men yolgʻizlik vahmidan dahshatga tushsam-da, negadir odamlar bilan liq toʻla ikkinchi qirqoqqa oʻtib, xalos boʻlishni xohlamayman. Goʻyo men bir ogʻir, tuzalmas dardga chalinganmanu ular soppa-sogʻ. Va mana shu dard meni ulardan ajratib qoʻyib, uzlatga abadul-abad parchinlab tashlagan kabi, endi u huzurga borish, odamlarga qoʻshilib kulish va yigʻlash menga bir umrga manʼ etilgan singari…

Mana, qarang, necha fursatdir qanday kayfiyat sirtmogʻida talvasa qilaman men. Tovba-tovba, na jonim uziladiyu va na laʼnati sirtmoq!..

Bugun ham uning iskanjasida toqatim toq boʻlganda shartta kiyindim-da, tashqariga chiqdim-ketdim. Chunki koʻksimdagi toshning zalvori tobora tosh bosayotganini sezib, bundan taraddudga tusha boshlagandim. Koʻchada odamlarning yaxshiliklariga, muruvvatlariga roʻbaroʻ kelsamu zora tosh ham eriy qolsa. Masalan, buyrakdagi tuz misol… Axir, u ham ovqat, suv va hokazolarni notoʻgʻri isteʼmol qilishdan yillar davomida inson aʼzosida yigʻilgan toshdek tuz-da. Yoki tuzdek tosh… Nima boʻlgandayam buning ham vaqtida oldi olinmasa, sohibini alal-oqibat turli azoblarga, balolarga giriftor aylaydi. Shunga oʻxshab men ham ichimdagi tosh bilan uzoq muddat yurishni oʻzim va oʻzgalarning hayotiga xatar, deb oʻylab qoldim. U buyrakdagi toshdek erimasa ham, arimasa ham, loaqal ichda — ichkarida qolsin. Shunday dedimu oʻzimni tashqariga urdim…

Odatdagidek, katta koʻchaga yondosh yoʻlakka tushib oldim, maqsadim yaqindagi parkka kirish va daraxtlarning kuzgi qoʻshigʻini birrov tinglab qaytish edi… Men juda ohista odimlab borardim. Shu payt orqadan qadam tovushi eshitildi. Zum oʻtmay yonginamdan muattar boʻy taratib, allaqanday yaltiroq libosga chulgʻangan notanish ayol oʻtib qoldi. Kayfiyatim taʼsiridami, bilmadim, unga berilibroq eʼtibor qildim. Hammasidan oldin uning xush boʻyi allaqachon dimogʻimni qitiqlab ulgurgandi, ayni chogʻda ayolning qaddi-qomatiga koʻz soldim: entiktiradigan darajada goʻzal! Odimlarim beixtiyor tezlashib, ayolga mos yura ketdim. Ancha muddat shu koʻyi yoʻl bosdik. Sekin-asta vujudimni yoqimli titroq qamray boshladi. Yurak… yurak oʻlgurning “taka-puka”si bir pasda shunchalar boʻldiki, endi qadamimni andak sekinlatishga va shu yoʻsin hayajonimning ayol qulogʻiga yetmasligiga tirishdim.

Botayotgan quyoshning alvon rangiga ayolning nimpushti libosiyu undagi qirmizi donachalar paydo qilgan manzara shunday yarashib tushgandiki, asti qoʻyavering: olam aro mutanosiblik, hamohanglik deganlari shu boʻlsa kerak deb oʻylab qolasan. Ochiq yelkalarini toʻldirib, dam u, dam bu yoniga chulgʻanib borayotgan qoʻngʻir sochlar qaragan kishining nashʼu namosini qoʻzgʻab, juvonning borligʻiga xayolgagina kelishi mumkin boʻlgan afsonaviy husn bagʻishlardi. Atrofga toʻr solgan shafaq toʻlqinida ayol goʻyo qirmizirang kemadek magʻrur suzib borar, men esa koʻzimni undan uzolmay yoʻrgʻalardim.

Oyoqlar!.. Navbat ularga yetganda nafasim chindan-da qaytib ketadi va biroz oʻzimga kelib olish uchun nigohimni, albatta, atrofga chalgʻitaman. Axir ular shunchalar bejirim va jon olgʻuchi ediki, bunaqasini hatto chizib ham uhdasidan chiqib boʻlmasdi. Yo qudratingdan!.. Men tomoman asir boʻlgandim. Oʻzimdan besh-olti odim ilgarida ketayotgan goʻzal mavjudot borligʻiga uchib borgancha singib ketish istagida yonardim. Yana bagʻrimda shunaqa qanoatni his etardimki, unga koʻra men yillardir ozurda boʻlgan jonimni shu jononga baxshida qilgim, aniqroq aytsam, uning uchun shirin jonimni Jabborga topshirgim kelardi. Nihoyat endi topgandek edim oʻsha qimmatni, jon tikishga arzigulik oʻsha borliqni! Endi uni qochirib yuborib, qismatim tomonidan hadya etilgan qulay imkonni boy bergim kelmasdi. Axir, men koʻplar qatori qarib-churib toʻshakda — yaqinlar huzurida osuda jon berishdan nafratlanardim-da…

Xullas, men hamon uning ortidan soyadek ergashib borardim, Razzoq deb borardim, “Yordam et!” deb yolborardim… Ayol oyoqlari yuragimga goʻyo koʻrinmas rishtalar bilan bogʻlangandek edi, u har qadam olganida koʻkrak qafasim oʻynoqlab ketardi. Xayolimga “xirom aylab borardi” iborasi urildi. Men qayerdadir oʻqigandim: chamamda goʻzal ayollarning chiroyli qadam olishlari shunday taʼriflanardi. Ha-ha, u yurmasdi, balki aynan xirom aylardi: navozish ila, sehr va afsun ichra… Bir muddat koʻzim tinib, boshim aylanib ketdi. Qadamimni sekinlatmoqchi, goʻzallik taratayotgan nurdan xiyol uzoqlashmoqchi va shu tariqa ichimdagi muvozanatni qayta tiklamoqchi boʻldim. Biroq oyoqlarim menga boʻysunmasdi. Oyoq ne, endi mening butun borligʻim, taqdirim ayolning izmida, undan taralayotgan allaqanday cheksiz darajadagi huzurbaxsh kuyning, ovozsiz bir qoʻshiqning yetagida bandi edi. Ha-ha, bandi edi!..

Men kerakli soʻzni – mohiyatni ochib berguvchi kalitni topib olganga oʻxshardim: ayolning shu turishi, shu ketishi, shu qiyofa-yu shu holi ajib bir qoʻshiq ediki, men jon quloqlarim bilan uni eshitardim, butun borligʻim — jismu jonim qoʻshiq izmida, unga mutanosib tebranardi. Shunda mening oʻzim ham shafaq rangida choʻmilayotgan daraxtzor (biz parkka kirib borgandik) ichra suzib borardim. Atrofni, atrof ne, olamni, botinimdagi ogʻriqli olamimni – badbin kayfiyatimni – bagʻrimda choʻkib yotgan toshni, uning zalvorli azobini unutgandim. Hayhot, dunyoda shunday saodatlar ham bor ekanu biz gʻaflat bosib qayoqlarda yurgan ekanmiz!..

Daraxtzor tugab biz yana katta yoʻl yoqasiga chiqib qoldik. Ayol chapda koʻringan bozor tomon yurdi. Men unga ergashdim. Keyin u odamlar toʻplanib turgan joyda toʻxtadi. Men ham yaqinlashib oyoq ildim, uzoqroqda emas, yoʻq-yoʻq, ayolning shundoq biqinida. Xushboʻylari arimasdan ufurib turadigan masofada toʻxtagandim. Qanday bunga jurʼat etdim — oʻzim ham bilmayman. Bilib-sezib turganim: ayol oʻz borligʻi bilan meni tobora mahv etib borar, men esa shamdek erib bitayotgandim…

Shu asno ayol yon tomonga bir-ikki odim tashlab nimagadir qiziqsinib qaray boshladi. Shunda men uning toʻlin oydek yuzini, uzun kipriklarini, kamon qoshlarini, gʻuncha lablarini koʻrdim. Hayajonimga chegara yoʻq edi. Beixtiyor ikkala qoʻlim bilan koʻkragimni changalladim: nazarimda yurak oʻlgur qafasni yorib chiqqudek talvasada qolgandi…

— Yurmaysizmi? – kimdir yelkamdan yengil turtdi. Men bexosdan oldinga munkib ketdim va shundoq roʻparamda kattakon idishda qalashib yotgan baliqlarga duch keldim. Ular tirik edi! Suvsizlikdan qiynalib, dam unisi, dam bunisi potrab osmonga sapchirdi! Negadir shoshib ayolga qaradim: yopiray, uning koʻzlarida yovvoyi bir shavq oʻynardi!.. Ayniqsa, baliqlar har sapchiganida sichqonga tashlanish oldida turgan mushukdek nimagadir shaylanardi, doʻndiq lablarini yalab, tamshanardi. Shunda mening koʻzimga uning ogʻzi qip-qizil qonga botgandek koʻrindi. Aslida labdagi boʻyoqqa tegib ketgandir mening nigohim yoki shafaqning ol rangida shunday tuyulgandir u. Yoki qirmizi libosining koʻz soqqalarimda qoldirgan soyasi boʻlishi ham mumkin-ku… Lekin men uchun ayol lablari shu tobda baribir qon edi. Ha-ha, endigina qotillik qilgan yirtqichning tumshugʻidek qon edi uning ogʻzi…

Ayol sotuvchiga nimadir dedi. Sotuvchi esa javoban ikkita kattagina baliqni olib tarozi pallasiga qoʻydi va vazn koʻrsatgichiga qaradi. Shu asno palladagi baliqlardan biri dumini “tap-tap” etib pallaga urdi. Ayolning koʻzlari yiltillab, damodam yutindi. Sotuvchi esa baliqni barmoqlari bilan bosdi, tinchlangandek boʻlgach yana koʻrsatgichga qaradi. Baliq yana potradi. Tarozi koʻrsatgichi yana oʻynadi. Sotuvchining sabri toshdi, baliqni palladan stol ustiga oldi-da, tarozi toshi bilan – xuddi pachoqroq odamning kichikroq kallasidek keladigan dumaloq, qop-qora tosh bilan naq boshiga jiqqillatib tushirdi…

…Birdan koʻnglim aynidi, ich-ichimdan nimadir otilib keldi. Men oʻzimni chetga olishga ulgurolmadim, ayolning shundoq oyoqlari ostiga qayt qildim. Baliqqa navbatda turganlar xuddi vabodan qochgandek oʻzlarini chetga oldilar, jumladan ayol ham. Biroq hech kim baliq xarid qilmasdan ketib qolmadi. Hatto ayol ham… Qusuq uning oyoqlariga, oppoq tuflisiga sachragan ekan, gʻudrangancha (har holda meni soʻkdi) sumkachasidan salfetka chiqarib artti-da, sotuvchi uzatgan xaltaga mamnun qoʻl choʻzdi…

Kimdir “Nima boʻldi sizga?” deya menga hamdardlik bildirdi, koʻpchilik esa urishdi. Sotuvchi boʻlsa haydashga urindi: “Boring, keting bu yerdan, savdoniyam oʻldirdingiz!.. – Keyin sansiradi: — Obket anavi magʻzavangni!..”

Lekin bu vaqtda keksa bir kishi qusqi ustiga tuproq sepayotgandi… Tuzukroq razm solsam, moʻysafid judayam oʻzimga oʻxshardi. Faqat yoshimizda katta farq bor edi, xolos… Boshqa hech nimani eslay olmayman: u yerda yana qancha muddat qoldim, ayol qayoqqa ketdi, qanday ketdi – bilmayman. Chunki men bagʻrimning tub-tubida choʻkib yotgan oʻsha azim Toshga yana boshim bilan urilgandim: dunyo unga, yaʼni boshimga qoʻshilib aylanardi. Endi borligʻimda chalinayotgan kuy-qoʻshiq gʻoyib boʻlgandi, uning oʻrnida yana avvalgi badbin kayfiyat hukmron edi va men uning mustahkam toʻrlari changalida oʻzimni benihoya nochor va gʻarib sezardim…

Oʻsha kuni kechasi mijja qoqmay toʻlgʻonib chiqdim. Tongga yaqin esa koʻzim ilinibdi. Keyin tush… Unda men qoʻlimda tosh bilan koʻchalarni kezar, duch kelgan odamning boshiga u bilan urar, qonatar ekanman. “Axir bu… axir bu tosh mening ichimda edi-ku, qachon, qanday qilib qoʻlimga tushib qoldi? Nega u chiqib ketdi? Nima uchun?..”, deya oʻylab siqilarkanmanu negadir dahshatli yumushdan oʻzimni toʻxtatmas, toʻgʻrirogʻi, toʻxtatolmasmishman. Yoʻlimda uchragan erkagu ayol, kattayu kichik — bari-barining yuz-koʻzini shafaq yangligʻ qonga boʻyab boʻlgach, hov uzoqda koʻrinib turgan toqqa shiddat bilan yoʻnalibman. Koʻnglimga quloq tutsam, togʻning eng baland choʻqqisiga chiqib, hayot debochasi — quyoshni toshboʻron qilishdek yovuz niyatda yonayotgan ekanman. Xayolimda esa faqat bir manzara — sotuvchining baliq boshini urib majagʻlagani va ayolning qip-qizil ogʻzi aylanar, aylanar va yana aylanarmish…

1997

Hᴀʏᴏᴛɪᴍɪᴢ Cʜᴀʀᴏɢ‘ʙᴏɴɪ
H | Cʜ - Kᴜɴ Hɪᴋᴏʏᴀsɪ